O‘g‘il, o‘g‘il, o‘g‘il... Qiz farzand kerak emasmi?

Surat manbasi, BBC Uzbek
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Jurnalist
- O'qilish vaqti: 4 daq
Men bir yil avval ona bo‘ldim – qizim tug‘ildi. Bundan men ham turmush o‘rtog‘im ham xursandmiz.
Lekin atrofimdagilar meni hayron qoldirmoqda.
Qarindoshlarim, dugonalaru yaqinlarim orasida “endi bitta o‘g‘il tug‘ib olsang bo‘ldi”, “birinchisi muhim emas, jinsi keyingisi o‘g‘il bo‘lsinda, ilohim”, “polvondek o‘g‘il tug‘ishing kerak”, deydiganlari ham uchrab turgandi.
Avvaliga e’tibor bermadim, biroq vaqt o‘tishi bilan bunday savollarni yana takror eshitganimdan so‘ng bu masala meni e’tiborimni tortdi: jamiyat ayollardan faqat o‘g‘il kutadimi?
Ancha yillar avval o‘g‘il qizdan yaxshiroq degan yanglish tushuncha bor edi odamlar orasida.
Ayniqsa, ilk farzandi qiz yoki ketma-ket ikki marta qiz tuqqanlarga aksariyat kishilar rahm ko‘zi bilan boqardi.
Hattoki, kelini dastlab qiz farzandini dunyoga keltirgan ayoldan “xafa bo‘lmadingizmi”, deya so‘rashlari ham yodimda.
“Opodadam [bobom]lar salobatlari bor, sobiq sovet qahramoni edilar. Bir o‘g‘il bir qizlari bor edi. Katta hovli. Men o‘g‘ilning bosh qiziman. Uch nafar qiz edik. Katta hovlida yashaymiz. Avlodni davomchisi bo‘lsin deyishganmi juda o‘g‘il kutishgan. Duo qilishsa ham ehson qilishsa ham o‘g‘il tilashardi. Kelgan odamlar ham opodadamlarga o‘g‘il nabira tilardi. Ayniqsa, ular buni juda xohlaganlar. Holat shu darajaga yetganki, bizga ham o‘g‘il uka tilab duo qildirishardi. Men kichkina bo‘lsam ham kattalarni tushunar, his qilar edim. Shunaqangi iltijo qilib, bizga o‘g‘il uka bergin derdim. Juda ko‘p so‘raganimdan. O‘zim bilmagan holda o‘g‘il bolachalarni yaxshi ko‘radigan bo‘lganman. O‘g‘il ukam tug‘ilganda biznikidagi xursandchilikni ko‘rsangiz. Bayram bo‘lib ketgan”.
“Vaqtlar o‘tib turmush qurdim. Homilador paytim skriningga borguncha qancha duolar qilganman o‘g‘il tug‘ay deb. Birinchisi o‘g‘ilmi-qizmi — nima farqi bor ekana aslida. Yunusobodda skriningda o‘g‘il desa xursand bo‘lganimni ko‘rsangiz edi. Xo‘jayinim ham o‘g‘il kutganmikin bilmayman. Juda xursand bo‘lganmiz. Shu darajada miyamga o‘g‘il singib ketganmikin. Olti nafar o‘g‘lim bor. Dadam ham juda faxrlanadi mening o‘g‘illarim bilan. Aslida qizmi- o‘g‘ilmi Allohning ne’mati. Sog‘lom bo‘lsin farzandlarimiz”, deya xotiralari bilan bo‘lishdi Mahbuba ismli suhbatdoshim.
Qiz kerak emasmi?
Qoʻshnim 3-farzandi ham qiz tugʻilgani uchun tugʻruqxonaga bormadi. 5 tanqiz tuqqan tanishim oʻgʻil tuqquncha halovat topmadi. Oʻgʻil dunyoga kelib oilasida tinchlik boʻldi.
E’tibor bilan kuzatarkanman “o‘g‘il qizdan yaxshiroq” degan tushuncha hamon mavjudligining guvohi bo‘ldim.
Xususan, qo‘shnim uchinchi farzandi ham qiz tug‘ilgani uchun tug‘ruqxonadan xotini va chaqaloqni olib kelishga bormadi.
Besh marotaba ketma-ket qiz tug‘gan tanishim ham o‘g‘il tuqquncha halovat topmadi. Axiyri, o‘g‘il dunyoga kelib oilasida tinchlik bo‘ldi.
“Beshinchisini ham qiz deganda rosa yig‘laganman. Oldirib tashlamoqchi bo‘lgandim, erimga nima qilay desam “bilganingni qil” deb ishga ketib qolgandi. Taqdir taqozosi bilan oldirmadim. Alloh oltinchisini o‘g‘il berdi. Hozir o‘shandagi holatlarni eslasam, sabr qilsa hammasi yaxshi bo‘larkan deyman”, deydi u.
Yaqin dugonamning ham ilk farzandi qiz bo‘ldi, u bundan xafa ham, xursand ham emasdi.
“Meni onamga qanday foydam tegdiyu endi qizimni menga foydasi tegsa. Qiynalib ulg‘aytiraman, keyin boshqaga uzatib yuboraman, shu bilan unga egalik boshqalarga o‘tadi. Hatto menga choy damlab berish ham o‘zganing ruxsati bilan amalga oshadi”, degan edi u suhbatlashib qolganimizda.
Ayniqsa, “Sardor gangster” taxallusi ostida videolar chiqarib kelgan tiktoker Sardor Safarboevning xotini qiz farzand tug‘sa, chiqindiga tashlashini aytgan videosi mavzu hamon dolzarbligini ko‘rsatib berdi.
“Men qiz farzand ko‘rmayman. Agar qiz farzand ko‘rsam, oldirib tashlayman. Qiz kerakmas. Xotinim tuqqanida shunday boraman, qizmi, chiqindi idishga otib yubor, deyman. Kerakmas. Men do‘zaxga kirsam ham o‘g‘il farzand tug‘diraman. Meni zurriyotim o‘g‘il bo‘lishi kerak”, degandi u videosida.
Nega o‘g‘il farzand xohlashadi?

Surat manbasi, BBC Uzbek
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilning yanvarь may oylarida FHDYo organlarida 347,4 ming nafar bola tug‘ilgan.
Shundan, 180,4 ming nafari o‘g‘il 167 ming nafari esa qizlarni tashkil qiladi.
2024 yilning 5 oyida O‘zbekistonda qiz bolalarga nisbatan 13,4 ming nafar o‘g‘il bolalar ko‘p tug‘ilgan.
Facebookʼda odamlar nega ko‘proq o‘g‘il farzand xohlashadi degan so‘rovnoma o‘tkazdim.
Ularning aytishicha, naslim davomchisi, mol-dunyom egasi bo‘ladi, merosxo‘rim, o‘lsam tobutimni ko‘taradi degan qarashlar sabab ham o‘g‘il kerak ekan.
Ayrimlar keksayib qolganimizda kunimizga yaraydi, deb fikrlashadi.
“Qizlar palaxmon toshi. Har tomonga otilib ketamiz turmush, ro‘zg‘or deb. Ota onamiz qarib kuchdan qolganda ko‘proq o‘g‘illar ularning koriga yaraydi. Hammasi ham emas, lekin 80% shunday”, deydi Gulasal Samatova.
O‘g‘li yo‘q, deb kamsitishardi
Quyida N. ismli suhbatdoshimning hikoyasini to‘liq keltirmoqchiman:
“Meni yoshim 40 da. Qarindoshimga turmushga chiqqanman.
Erim uch nafar qizimga ham juda mehribon. Unaqa o‘g‘il tug‘mading yo boshqa narsa demas, edi.
Lekin o‘g‘il ko‘rganimizda ich-ichidan dardi bo‘lganini sezdim.
Katta qizim TashMIda 2-kurs talabasi. 37 yoshimda homilador bo‘ldim, 38 yoshimda tug‘dim. Homilam juda qiyin o‘tdi. Uch qizimni ham o‘zim tabiiy yo‘l bilan tuqqanman, ammo, o‘g‘limga kelib matkamda varikoz, yurakda taxikardiya berdi.
Homilador bo‘lganimda xo‘jayinim ham, men ham yosh emasdim, yana qiz bo‘lsachi degan qo‘rquv bo‘ldi.
Biz ota-ona, qaynona-qaynotadan yiroqda bo‘lganimiz, qizlarimni ham o‘zim katta qilganim uchun ham menda bola qarashga doir qo‘rquv yo‘q edi, ammo yana qiz tug‘sam hamma gapirishsa degan hadik bo‘ldi.
Ushbu maqolada mustaqil muallifning ko‘z-qarashlari keltirilgan. Ular tahririyat nuqtai nazarini o‘zida ifoda etmasligi mumkin.















