Titanikning so‘nggi lahzalari: bortda nima bo‘lgandi?

 Raqamli skanerlash kamonning dengiz tubida tik turganini ko‘rsatmoqda.

Surat manbasi, Atlantic Productions/Magellan

Surat tagso‘zi, Raqamli skanerlash kamonning dengiz tubida tik turganini ko‘rsatmoqda.
O'qilish vaqti: 4 daq

"Titanik"ning to‘liq o‘lchamli raqamli skanerlangan tasvirlari batafsil tahlil qilinganda halokatga uchragan laynerning so‘nggi soatlari haqida yangi ma’lumotlar ochildi.

Kemaning shu asosda aniq ishlangan 3D nusxasi 1912 yilda aysbergga urilib, cho‘kib ketgan kema qanday qilib ikkiga bo‘linganini ko‘rsatadi – bu falokatda 1500 kishi halok bo‘lgan edi.

Qozonxonaning yangi, skanerlangan ko‘rinishi muhandislar kema chiroqlari yoniq turishi uchun oxirigacha ishlagani haqida guvohlar bergan ko‘rsatmalarni tasdiqlaydi.

Kompyuter simulyatsiyasi esa korpusdagi A4 qog‘ozi kattaligidagi teshiklar kema halokatiga sabab bo‘lganini ko‘rsatadi.

Kemaning kamonidan ajralib chiqqan orqa qismi qattiq shikastlangan.

Surat manbasi, Atlantic Productions/Magellan

Surat tagso‘zi, Kemaning kamonidan ajralib chiqqan orqa qismi qattiq shikastlangan.

"Titanik" halokatning omon qolgan so‘nggi guvohi va uning hali ham aytadigan hikoyalari bor," deydi "Titanik" tahlilchisi Parks Stivenson.

Skaner tasvirlar National Geographic va Atlantic Productions tomonidan "Titanik: raqamli tirilish" nomli yangi hujjatli film uchun o‘rganildi.

Atlantika okeanining muzli suvlarida 3800 metr chuqurlikda yotgan halokat joyi suvosti robotlari yordamida xaritaga tushirildi.

Aloqador mavzular:

Kemaning har tomondan olingan 700 mingdan ortiq tasviridan foydalanib ishlangan "Raqamli egizagi" 2023 yilda BBC News tomonidan dunyoga eksklyuziv tarzda namoyish etildi.

Halokat juda katta va dengizosti zulmatida yotganligi sababli, uni suv osti kemalari bilan o‘rganish qiziqarli lavhalarni ko‘rsatadi. Biroq, skanerlash "Titanik"ning birinchi to‘liq ko‘rinishini taqdim etdi.

Ulkan burun qismi dengiz tubida tik turibdi, go‘yo kema o‘z sayohatini davom ettirayotgandek.

Lekin 600 metr narida turgan quyruq qismi – maydalangan metall uyumidir. Bu zarar kema ikkiga bo‘linganidan so‘ng dengiz tubiga urilishi natijasida yuzaga kelgan.

Illyuminatorning oynasi

Surat manbasi, Atlantic Productions/Magellan

Surat tagso‘zi, Illyuminatorning oynasi aysbergga tegib ketganda singan bo‘lishi mumkin.

Yangi xaritalash texnologiyasi kemani yangicha usulda o‘rganishga imkon bermoqda.

"Bu xuddi jinoyat sodir bo‘lgan joyga o‘xshaydi: dalillarni qaerda joylashganini topishingiz kerak," deydi Parks Stivenson.

"Bu yerda nima bo‘lganini tushunish uchun halokat joyining butun manzarasini ko‘rish muhim."

Skanerlash yangi detallarni, jumladan, ehtimol aysbergga urilishdan qolgan darchani ham ko‘rsatadi. Bu omon qolgan guvohlarning to‘qnashuv paytida ba’zi kabinalarga muz kirgani haqidagi gaplariga mos keladi.

Kemaning ikkiga bo‘lingan joyida, old qismining orqsida qozonxona joylashgan.

Surat manbasi, Atlantic Productions/Magellan

Surat tagso‘zi, Kemaning ikkiga bo‘lingan joyida, old qismining orqsida qozonxona joylashgan.

Mutaxassislar "Titanik"ning ulkan qozonxonalaridan birini o‘rganishmoqda – uni skanerda ko‘rish oson, chunki u kema ikkiga bo‘lingan joyda burun qismining orqa tomonida joylashgan.

Guvohlar aytishicha, kema to‘lqinlar ostiga cho‘kayotganda ham chiroqlar yonib turgan.

Raqamli nusxadan ko‘rinib turibdiki, qozonlarning ba’zilari botiq shaklda, bu esa ular suvga tushganda ham ishlayotganini ko‘rsatadi.

Kemaning quyruq qismida ochiq yotgan klapan ham aniqlangan bo‘lib, bu elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimiga hali ham bug‘ oqib kelayotganini anglatadi.

Bu Jozef Bell boshchiligidagi muhandislar jamoasining ishi edi, ular chiroqlarni yoqib turish uchun pechlarga ko‘mir tashlash uchun joylarida qolishgan.

Ularning barchasi falokatda halok bo‘lgan, ammo ularning qahramonona harakatlari ko‘plab odamlar hayotini saqlab qoldi, deydi Parks Stefenson.

"Ular ekipajga qutqaruv qayiqlarini mutlaq qorong‘ulikda emas, balki biroz yorug‘lik bilan xavfsiz tushirish uchun vaqt berish maqsadida chiroqlar va quvvatni oxirigacha ishlatib turishdi," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

"Ular tartibsizlikni iloji boricha uzoqroq nazoratda ushlab turishdi va bularning barchasini quyruqdagi ochiq bug‘ klapani ko‘rsatadi."

Rasmning markazida ko‘rinib turgan dumaloq klapan ochiq holatda.

Surat manbasi, Atlantic Productions/Magellan

Surat tagso‘zi, Rasmning markazida ko‘rinib turgan dumaloq klapan ochiq holatda.

Yangi simulyatsiya, shuningdek, cho‘kish haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berdi.

Simulyatsiyada "Titanik"ning chizmalaridan yaratilgan batafsil modeldan va uning tezligi, yo‘nalishi hamda joylashuvi haqidagi ma’lumotlardan aysbergga urilish natijasida yetkazilgan zararni aniqlash uchun foydalanilgan.

"Biz "Titanik"ning cho‘kishini simulyatsiya qilish uchun ilg‘or raqamli algoritmlar, hisoblash modellashtirish va superkompyuter imkoniyatlaridan foydalandik," deydi tadqiqotga rahbarlik qilgan London universiteti kolleji professori Jom-Ki Payk.

Simulyatsiya shuni ko‘rsatadiki, kema aysbergga faqat yengil urilganda, korpusning tor qismi bo‘ylab bir qator teshiklar paydo bo‘lgan.

Simulyatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, aysberg korpusda ingichka chiziqli kichik tirnalishlar qoldirgan.

Surat manbasi, Jeom Kee-Paik/ University College London

Surat tagso‘zi, Simulyatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, aysberg korpusda ingichka chiziqli kichik tirnalishlar qoldirgan.

"Titanik" cho‘kmaydigan bo‘lishi, suv o‘tkazmaydigan to‘rtta bo‘linmasi suv ostida qolsa ham suv yuzasida tura olishi kerak edi.

Ammo simulyatsiya aysbergning zarari oltita bo‘limga tarqalganini ko‘rsatdi.

"Titanik"ning cho‘kishi va cho‘kmasligi orasidagi farq bir varoq qog‘oz kattaligidagi teshiklarning nozik chegaralariga bog‘liq edi," deydi Nyukasl universitetining dengiz arxitekturasi bo‘yicha dotsenti Saymon Benson.

"Biroq, muammo shundaki, bu kichik teshiklar kemaning uzunasiga joylashgan. Shu sababli, suv barcha teshiklarga asta-sekin, ammo muqarrar kirib boradi va oxir-oqibat bo‘limlar to‘lib, "Titanik" cho‘kib ketadi."

Afsuski, skanerda shikastlanishni ko‘rish imkonsiz, chunki kemaning pastki qismi cho‘kindi ostida yashiringan.

3D skanerda olingan ma’lumotlarni to‘liq o‘rganish uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi.

Surat manbasi, Atlantic Productions/Magellan

Surat tagso‘zi, 3D skanerda olingan ma’lumotlarni to‘liq o‘rganish uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi.

"Titanik" fojiasining insoniy jihati hamon yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Kema yo‘lovchilarining shaxsiy buyumlari dengiz tubida sochilib yotibdi.

Skanerlash 1912 yildagi o‘sha sovuq tun haqida yangi ma’lumotlar bermoqda, ammo mutaxassislar 3D nusxaning har bir tafsilotini to‘liq o‘rganish uchun yillar sarflashlari kerak bo‘ladi.

"U bizga o‘z hikoyalarini oz-ozdan aytib bermoqda," deydi Parks Stefenson.

"Har safar u bizni yanada ko‘proq bilishga undaydi."