Qur’onda keltirilgan joyda yirik sayyohlik markazi qurishmoqchi

6-asrdagi Avliyo Ketrin dunyodagi eng qadimgi doimiy ravishda foydalaniladigan xristian monastiridir.

Surat manbasi, Universal Images Group via Getty Images

Surat tagso‘zi, 6-asrdagi Avliyo Ketrin dunyodagi eng qadimgi doimiy ravishda foydalaniladigan xristian monastiridir.
    • Author, Yolande Knell
    • Role, BBC News, Jerusalem
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Bir necha yillar davomida sayyohlar badaviy yo‘lboshchilari hamrohligida Sinay tog‘iga chiqib, tong otishini tomosha qilar yoki boshqa badaviylar boshchiligidagi sayohatlarda qatnashar edi.

Yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas hisoblanadigan Misrning eng aziz joylaridan birini yangi yirik turizm mega-loyihasiga aylantirish rejasi bahs-munozaralar markaziga aylandi.

Mahalliy aholi Jabal Muso deb ataydigan Sinay tog‘ida Musoga o‘n ilohiy buyruq berilgani aytiladi. Shuningdek, ko‘pchilik Injil va Qur’onga ko‘ra, Xudo payg‘ambar bilan aynan shu yerda «yonayotgan buta» orqali so‘zlashganiga ishonadi.

Bu yerda VI asrda qurilgan va Yunon pravoslav cherkovi boshqaradigan Avliyo Katerina monastiri ham joylashgan. Gretsiya bosimi ostida Misr rasmiylari uni yopish niyati yo‘qligini ma’lum qilgach, monaxlar hozircha bu yerda qolishi kutilmoqda.

Biroq uzoq yillar davomida izolyatsiyada bo‘lgan sahro hududi – UNESCOning butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan monastir, shaharcha va tog‘dan iborat bu majmua qanday o‘zgartirilayotgani borasida chuqur xavotir mavjud. Bu yerda hashamatli mehmonxonalar, villalar va bozorlar qurilmoqda.

Sinay tog‘ining osmondan ko‘rinishi transformatsiyadan oldin uzoq vaqtdan beri izolyatsiya qilingan cho‘l joyi sifatida tasvirlangan va qurilayotgan mehmonxonalar, villalar va boshqalar bilan o‘rtadagi o‘zgarishlar tasvirlangan.

Shuningdek, bu hudud an’anaviy badaviy jamoasi – Jabaliya qabilasining vatani hisoblanadi. «Avliy Katerina muhofizlari» deb ataluvchi bu qabilaning uylari va turistik eko-lagerlari yetarli bo‘lmagan yoki umuman kompensatsiyasiz buzib tashlangan. Ular mahalliy qabristondagi jasadlarni ham yangi avtoturargoh uchun ko‘chirishga majbur bo‘lgan.

Britaniyalik sayoh muallif Ben Hoflerning ta’kidlashicha, loyiha «turizmni rivojlantirish uchun zarur barqaror taraqqiyot» sifatida taqdim etilsa-da, badaviylar bilan hisoblashilmayapti.

«Bu Jabaliya ko‘z o‘ngidagi taraqqiyot emas, ular so‘ragan yo‘l ham emas. Bu – mahalliy aholi manfaatidan ko‘ra, chet elliklar manfaatiga xizmat qiladigan yuqoridan tiqishtirilgan islohotlar», dedi u Bi-bi-siga.

«Bir badaviy qabilasi atrofida yangi shahar dunyosi qurilmoqda. Ular tarixan shahardan chetda qolishni tanlab kelgan. Ular bunyod etilayotgan bu tuzilmalarga rozilik bermagan va bu loyiha o‘z vatanlaridagi mavqelarini abadiy o‘zgartirib yuboradi», deb qo‘shimcha qildi Hofler.

Mahalliy aholi (taxminan 4 ming kishi) bu o‘zgarishlar haqida ochiq gapirishga tayyor emas.

Hozircha Misr rejalariga eng qattiq e’tiroz bildirgan xorijiy davlat – Gretsiya. Buning sababi uning monastir bilan bog‘liqligidir.

2024 yilda Ar-Roha tekisligida qurilish

Surat manbasi, Ben Hoffler

Surat tagso‘zi, 2024 yilda Ar-Roha tekisligida qurilish

Afina va Qohira o‘rtasidagi taranglik may oyida misrlik sudьyalar Avliyo Katerina – dunyoda eng qadimdan uzluksiz ishlab kelayotgan nasroniy monastir davlat yerlarida joylashgan, deb qaror chiqarganidan keyin kuchaydi.

Ko‘p yillik tortishuvdan so‘ng, sudьyalar monastir faqat o‘zi joylashgan yerdan va atrofdagi diniy-tarixiy inshootlardan «foydalanish huquqiga ega» degan xulosaga kelgandi.

Afina arxiepiskopi, Yunon cherkovi rahbari Ieronimos II bu qarorni keskin qoralab chiqdi.

«Monastir mulki tortib olinmoqda va musodara qilinmoqda. Bu pravoslav va ellin madaniyatining ma’naviy ramzi mavjudligiga tahdid ostida», dedi u bayonotda.

Avliyo Katerina arxiepiskopi Damianos esa grek nashriga bergan intervyusida bu qarorni «biz uchun qattiq zarba… va sharmandalik» deb atadi. Uning masalani olib borish uslubi monaxlar orasida chuqur bo‘linishlarga sabab bo‘lgach, yaqinda u lavozimidan ketishga qaror qildi.

Quddus yunon pravoslav patriarxati o‘z navbatida, uning cherkov yurisdiktsiyasida bo‘lgan mazkur muqaddas joy o‘z vaqtida Muhammad payg‘ambarning shaxsan himoya xatini olganini eslatdi.

Patriarxat ta’kidlashicha, Fotimiylar davrida qurilgan kichik masjid ham joylashgan bu Vizantiya monastiri «nasroniylar va musulmonlar o‘rtasida tinchlik ramzi hamda nizolar girdobida qolgan dunyo uchun umid maskani»dir.

Janjalli sud qarori kuchda qolsa-da, diplomatik harakatlar natijasida Gretsiya va Misr Avliyo Katerinaning grek pravoslav maqomini va madaniy merosini himoya qilish haqida qo‘shma bayonot e’lon qilishdi.

Sinay tog‘ini mahaliy aholi Jabal Muso sifatida biladi va bu yerda Musoga 10 amir berilgan

Surat manbasi, Ben Hoffler

Surat tagso‘zi, Sinay tog‘ini mahaliy aholi Jabal Muso sifatida biladi va bu yerda Musoga 10 amir berilgan

«Maxsus sovg‘a» yoki haddan tashqari aralashuv?

Misr 2021 yilda turistlar uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Katta Transfiguratsiya loyihasi»ni boshladi. Rejaga ko‘ra, mehmonxonalar, eko-mehmon uylari va yirik tashrif buyuruvchilar markazi quriladi, shuningdek, yaqindagi kichik aeroport kengaytiriladi va Muso tog‘iga chiqadigan osma lift quriladi.

Hukumat bu rivojlanishni «Misrning butun dunyo va barcha dinlarga sovg‘asi» sifatida targ‘ib qilmoqda.

«Loyiha tashrif buyuruvchilar uchun barcha turizm va dam olish xizmatlarini taqdim etadi, Avliyo Katerina shaharchasi va uning atrofidagi hududlarni rivojlantiradi, ayni paytda tabiiy muhit, manzara va meros qiyofasini asrab qoladi, shuningdek, Avliyo Katerina loyihalarida ishlaydiganlar uchun turar-joy beriladi», degan edi o‘tgan yili uy-joy vaziri Sharif ash-Sharbini.

Qurilish ishlari moliyaviy muammolar sabab hozircha, kamida vaqtincha, to‘xtab qolgandek ko‘rinsa-da, Avliyo Katerina monastiri oldidagi Ar-Raho maydoni allaqachon tubdan o‘zgardi. Bu yerda yangi yo‘llar qurilishi hamon davom etmoqda.

Rivoyatlarga ko‘ra, Muso Sinay tog‘iga chiqqan paytda uning izdoshlari – isroilliklar aynan shu yerda uni kutgan. Tanqidchilar ta’kidlashicha, hududning o‘ziga xos tabiiy qiyofasi yo‘qolib bormoqda.

UNESCO bu maskanning jahoniy ahamiyatini qayd etar ekan, «atrofni o‘rab turgan tog‘lar monastir uchun ajoyib manzara yaratadi», deydi.

Hudud o‘zining tabiiy go‘zalligi va dag‘al tog‘li landshafti bilan mashhur

Surat manbasi, Ben Hoffler

Surat tagso‘zi, Hudud o‘zining tabiiy go‘zalligi va dag‘al tog‘li landshafti bilan mashhur

2023 yilda UNESCO xavotir bildirib, Misrdan qurilishlarni to‘xtatishni, ta’sirlarni baholashni va muhofaza rejasini ishlab chiqishni talab qilgan, ammo bu amalga oshirilmadi.

Iyul oyida «Jahon merosini kuzatish» tashkiloti ochiq xat yo‘llab, UNESCO Jahon merosi qo‘mitasini Avliyo Katerina hududini «Xavf ostidagi jahon merosi» ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi.

Faollar, shuningdek, qadimiy nasroniy qo‘lyozmalar to‘plamini asrab qolish va o‘rganish uchun mablag‘ yig‘uvchi Avliyo Katerina fondi vasiyi – Britaniya qiroli Charlzga ham murojaat qilishdi. Qirol bu maskanni «kelajak avlodlar uchun asrab qolinishi zarur bo‘lgan buyuk ruhiy xazina» deb ta’riflagan.

Bu mega-loyiha Misrda tarixga hurmatsizlik sababli tanqidga uchragan ilk holat emas. Biroq hukumat bunday ulkan dasturlarni iqtisodiy inqirozdan chiqishning asosiy yo‘li sifatida ko‘rmoqda.

Misrning bir vaqtlar gullab-yashnagan turizm sohasi Kovid-19 pandemiyasidan so‘ng tiklanishga ulgurmay, G‘azodagi shafqatsiz urush va yangi mintaqaviy beqarorlik to‘lqini bilan yana zarbaga uchragan. Hukumat 2028 yilgacha mamlakatga 30 million sayyoh jalb qilishni ko‘zlamoqda.

Bir necha avlodlar davomida Misr hukumatlari Sinaydagi tijoriy qurilishlarni mahalliy badaviy jamoalar bilan maslahatlashmasdan amalga oshirib kelgan.

Yarimorol 1967 yildagi Yaqin Sharq urushida Isroil tomonidan bosib olingan va ikki davlat tinchlik shartnomasi imzolagandan so‘ng 1979 yilda Misrga qaytarilgan. Shu paytdan beri badaviylar o‘zlarini ikkinchi darajali fuqaro sifatida ko‘rilayotganidan shikoyat qilib kelishadi.

Misrning mashhur Qizil dengiz kurortlari, jumladan, Sharm-ash-Shayx qurilishi 1980-yillarda Janubiy Sinayda boshlangan edi. Ko‘pchilik hozir Avliyo Katerinada sodir bo‘layotgan holatlarni o‘sha paytdagilarga o‘xshatadi.

«Badaviylar bu mintaqaning egalari edi: ular yo‘lboshchi, ishchi va uy ijaraga beruvchilar edi», deydi misrlik jurnalist Muxannad Sabriy.

«So‘ng sanoat turizmi kirib keldi va ular chetga surildi – faqat biznesdan emas, balki jismonan ham dengiz yaqinidan orqaga itqitildi».

Ar-Rohadagi mehmonxona qurilishi

Surat manbasi, Ben Hoffler

Surat tagso‘zi, Ar-Rohadagi mehmonxona qurilishi

Qizil dengizdagi kurortlarda bo‘lgani kabi, Avliyo Katerinadagi yangi qurilishlarda ham mamlakatning boshqa hududlaridan ishchilar olib kelinishi kutilmoqda. Biroq hukumat badaviy hududlarini ham «yaxshilash» ishlari olib borilayotganini ta’kidlamoqda.

Avliyo Katerina monastiri bir yarim ming yil davomida ko‘plab sinov va to‘fonlarni boshidan kechirgan, ammo bu yerdagi ilk monaxlar bu maskanga ko‘chib kelgan paytda u hali ham olisdagi tinch panohgoh edi.

Qizil dengiz kurortlari kengayishi bilan minglab ziyoratchilar kunlik sayohatlar bilan bu yerga kela boshladi.

So‘nggi yillarda olomon ko‘pincha «yonayotgan buta» qoldiqlari deyilgan joy yonidan o‘tib, yoki dunyodagi eng qadimdan saqlanib qolgan, deyarli to‘liq yangi ahd qo‘lyozmasi – "Kodeks Sinaytikus"ning sahifalari namoyish etiladigan muzeyga boradi.

Hozir esa monastirning o‘zi va uning diniy ahamiyati saqlanib qolsa-da, atrofi va asrlar davomida shakllangan turmush tarzi qaytmas darajada o‘zgarib ketayotgan ko‘rinadi.