“Qonun ustuvorligi" O'zbekistonda deyarli ishlamaydigan kalimami?

Адлия рамзи

Сурат манбаси, Getty Images

    • Author, Yulduz Abdurashidova
    • Role, Jurnalist, Samarqand
  • Ўқилиш вақти: 6 дақ

"Qonun ustuvorligini ta'minlash" haqida O'zbekistonda ko'p gapiriladi. Televizorda deyarli har soat. Har bir kanalda. Mulozimlarning nutqiga avtomatik bir ravishda kiritiladigan kalima ham shu. Ammo ko'pchilik bilan suhbatlashsangiz, aynan shu "qonun ustuvorligi..." ishlamasligidan noliydi.

Qonunni bilmaganlar uchun bahona tayyor, bilganlar esa turfa sabablar bilan bunga ko'z yumadi.

Albatta qonun ishlab ketadigan holatlar ham oz emas. Ba'zan rostakamiga ishlaydi, ba'zan "ishlaydi", xolos.

Yaqinda O'zbekistondagi Internet ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari "Inbazar" savdo do'koni tarmog'i asoschisi Omadbek Xolmatovning o'z xodimlariga nisbatan kuch ishlatganini keng muhokama qilishdi. Jamoatchilik faollari zo'ravon tadbirkorning javobgarlikka tortilishini talab qildilar.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning ta'kidlashicha, "Inbazar" asoschisi Omadbek Xolmatovga oid voqea bu oddiy munosabatlar emas, balki mamlakatdagi ijtimoiy portlash darajasiga yetgan masalalardan biri.

"Chunki mehnat munosabatlari bo'lishi uchun mehnat shakllari bo'lishi kerak, u yerda esa hech qanday narsa yo'q. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, xodimlarning birontasi bilan mehnat shartnomalari tuzilmagan va ular davlatga soliq to'lamaydi, ya'ni ular ish beruvchi sifatida doimiy naqd pulda hisob-kitob qilib kelishgan. Bunday vaqtda ishchilarning huquqlari hech qanaqa tarzda himoya qilinmaydi va mehnat shartnomalari mavjud bo'lmasa, uning muhofazasi mehnat shartnomalarida ko'rsatilmagan bo'lsa, bu juda ham yomon", dedi huquqbon.

Davlat Soliq qo'mitasi "Inbazar" MCHJ shtatida bir nafar xodim ko'rsatilgani, endi bu MCHJ faoliyat yuritmasligi haqida yozdi. Tashanovning so'zlariga ko'ra, ularga nisbatan ma'muriy choralar ko'rishning o'zi yetarli emas, ya'ni bunday holatda jinoyat ishi qo'zg'atilishi kerak.

"Soliqlardan yashirinish bu yashirin iqtisodiyotning gullab-yashnashi uchun katta richaglardan biri va shu sababdan ham ularning javobgarligini faqat ma'muriy jazo bilan cheklash noto'g'ri bo'ladi", deb ta'kidladi u.

Inson huquqlari himoyachisi "odamlarga tan-jarohati yetkazish, ularni urish, boshqa qilish hamda shunaqangi katta norozilik to'lqinini keltirib chiqaradigan jarayonga" hukumatdan munosabat kutishini aytdi.

"Biz Bosh prokuraturadan bu masala bo'yicha javob kutib qolamiz. Bu oddiy mehnat munosabatlari emas, bu holatlar boshqa joylarda, boshqa korxonalarda ham davom etayotgan bo'lishi mumkin", dedi u.

Ammo mutasaddi idoralar hozircha jim. Bu ham odat tusiga kirgan vaziyat. Hatto zo'ravonlik urchigan bu shirkat va uning rahbarlarini "yoqlab" chiqqanlar ham bo'ldi.

Ўзбекистон Давлат Солиқ қўмитаси биноси

Сурат манбаси, O'zbekiston Soliq qo'mitasi/Gazeta.uz

Сурат тагсўзи, Soliq qo‘mitasi MChJ faoliyati to‘xtatilganini xabar qildi

Zo'ravonlik amaldorlarga xos xislatmi?

X ijtimoiy tarmog'i foydalanuvchisi Komila Abdullayeva "Inbazar voqeasi" ortidan Bosh prokuraturada ishlagan vaqtlari bo'lim boshlig'i qo'l ostidagi xodimini ayovsiz kaltaklagani, lekin kaltaklangan xodim huquqlarini na boshqarma boshlig'i va na huquqni himoya qiluvchi inspeksiya himoya qilganini yodga oldi. Tashanov shu kabi holatlar bo'yicha o'z fikrlari bilan bo'lishdi.

"Avval amaldorlar odamlarga nisbatan jinoyat (men jinoyat deb atayman buni) sodir etgan. Masalan, bu kabi holatlar Surxondaryo hokimi To'ra Bobolov, sobiq Farg'ona hokimi, hozirda prezident maslahatchisi Shuhrat Gʻaniyev tomonidan sodir etilgan. So'nggi vaqtlarda Surxondaryo viloyatining joriydagi hokimi tomonidan maktab direktorlarining og'zaki ko'rsatmalar bilan qamalishi, bular hammasi mana shunaqanggi o'rta sinf tadbirkorlarida shunaqangi kayfiyatni uyg'otdi, ularga rag'bat berdi. Demak rahbarlar jazolanmayaptimi, tadbirkorlar ham jazolanmaydi degan xulosalarga olib keldi", deydi huquqbon.

Mahalliy nashrlar ham davlat tashkilotidagi yuqori lavozimlarda o'tirgan shaxslarning keng noroziliklarga sabab bo'lgan zo'ravon harakatlari uchun kichik jazo qo'llanilgani yoki jazosiz qolganini esladiar. Xususan, Qoraqalpog'istonda YHXB boshlig'i inspektorlarga kuch ishlatib, haqorat qilgan, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov esa ishchisini itga tenglashtirib, "latta", "iflos", "maraz", "hezalak" kabi haqoratomuz so'zlar bilan tahqirlagan.

Sobiq Farg'ona viloyatш hokimi, prezident maslahatchisi, "so'kong'ich" deya ta'riflangan Shuhrat Gʻaniyev o'z bayonotlari va hatti-harakatlari uchun muntazam tanqidlarga uchrab kelgan. Masalan, 2018-yilning boshida u Aqto'beda ro'y bergan fojia qurbonlarining (jami 52 kishi halok bo'lgan) ayrimlari yashagan Toshloq tumani aholisini Farg'ona viloyatini butun O'zbekistonga sharmanda qilishda ayblagandi.

Toshkent shahar hokimi o'rinbosari Baxtiyor Rahmonov esa Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumani Usta Normat mahalla fuqarolar yig'ini raisi Alisher Ikromovni urib, haqoratlagandi.

"Menimcha birinchi navbatda yuqoridan boshlash kerak tozalashni, ularning harakatlariga huquqiy baho berilishi kerak. Afsuski, shu vaqtgacha biz bu narsalarni ko'rmadik", deydi Abdurahmon Tashanov.

Gʻarb mamlakatlaridan birida o'qib, ishlab va keyin mamlakatni yana tark etishga qaror qilgan o'zbekistonliklardan birining aytishicha, "ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalariga chiqqan besh-oltita zo'ravonlik holati, haqoratlash aslida dengizdan tomchi, haqiqiy vaziyat misli ko'rilmagan darajada yomon".

Иқтибос

Сурат манбаси, .

Jonsiz tashkilotlar?

Inson huquqlari, xodim huquqlari, rahbar va ishchi o'rtasidagi munosabatlarga Inson huquqlari bo'yicha Ombudsman, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi kabi yirik tashkilotlar odatga ko'ra sukut saqlashadi.

"Inson huquqlari bo'yicha Ombudsman yoki Kasaba uyushmalari federatsiyalari kabi tashkilotlarning munosabatlariga keladigan bo'lsak, ular jonsiz, o'lib bo'lgan tashkilotlar. Chunki biz keskin voqealar fonida ularning munosabatlarini ko'rmaganmiz, ular shu kabi hodisalarni bartaraf qilish, sabablarini jamiyatga ochiqlash nuqtai nazaridan bironta taklif bildirgani yo'q. Mana Soliq qo'mitasining munosabatida "Inbazar" go'yoki tugatilayotgani aytilgan, lekin ularga nisbatan qanday huquqiy choralar ko'rilayotgani, ularga nisbatan qanday ayblovlarga asosan jazo qo'llanilayotgani bo'yicha bironta ma'lumot yo'q. Ommaviy bezorilik, odamlarni "samosud" qilish bo'yicha Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura albatta munosabatlarini bildirishi lozim edi va faol ravishda jinoyat ishi oldida so'rov-surishtiruv hamda tergov harakatlarini olib borishi kerak edi. Bular mamlakatda shunday bir ijtimoiy kayfiyat uyg'otadiki, agar puling bo'lsa, poraxo'r bo'lsang, zo'r bo'lsang, tanishlaring baquvvat bo'lsa istaganingni qilishing mumkin, mamlakatda qonun yo'q degan ko'nikma berishi mumkin odamlarga", deydi huquqbon.

Chorasizlik

Журналист Инобат Аҳатова

Сурат манбаси, Facebook

Сурат тагсўзи, "Bu tashkilotlarning imiji va xalqqa yordam berishga shayligiga jamoatchilikda ishonch bo'lganda birinchi bo'lib shu tashkilotlardan himoya so'ragan bo'lardiar", deydi Inobat Ahatova.

"Biz odatda musofirlikda yurgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, Rossiyada ishlayotgan o'zbeklarni ko'pincha qiynab, so'kib ishlatayotgan videolarni ko'p ko'ramiz va junbushga kelamiz, boshqa yurtdan borib, boshqa millatda shunaqa xo'rlanish, millatdoshingni shu ahvolda ko'rish oson emas. Bu haqda uzoq yozamiz, boshqa qilamiz lekin bugun mehnat qilayotgan o'zbeklarni faqat boshqa millatda xo'rlashmayapti, hatto o'zini yurtida ham, o'zini orasidan chiqqan tadbirkorlar ham millatdoshlariga shunaqa munosabatda bo'lmoqda. "Inbazar" voqeasi ichki muhitda bu narsa odatiy holga aylanganini ko'rsatdi deb o'ylayman", deydi jurnalist va ijtimoiy faol Inobat Ahatova.

Jurnalist bugun nafaqat xususiy sektorda, balki davlat tashkilotlarida ham mehnat qonunchiligi, uning ijrosi, uning ta'minoti juda achinarli ekanini aytdi.

"Afsuski, hukumat, davlat tashkilotlari o't o'chiruvchi bo'lib qolgan. Bir vaziyat yuzaga keladi va u yonadi, boramiz va uni tezda o'chiramiz: kimnidir ishdan olamiz, bo'shatamiz va shunday-shunday qilib bu holatni o'tkazib yuboramiz. Afsuski, biz bularni tizimli o'rganmaymiz", ta'kidladi Ahatova.

Himoyasiz talabalar

Bugun O'zbekistonda aksar talabalar noqonuniy ishlaydilar. Ular bilan hech qanday mehnat shartnomasi tuzilmaydi. Inobat Ahatova ayniqsa o'qishdan keyin ishlaydigan talabalarning huquqlari himoyasiz qolgani va ular hech qanday hujjatsiz ishlashini aytdi.

"Aksariyat Toshkentdagi yigitlarimiz, talabalar o'qishdan tashqari yetkazib berish yoki sotuvchilikda ishlaydi. Afsuski, ularning mehnat huquqlari hech ham himoyalanmagan. O'zim ham talabalik vaqtim bir xususiy sektorga ishga kirmoqchi bo'lganimda deyarli hech qanday hujjat qilinmagan, passport nusxangizni olib borasiz va oddiy arizaga qo'l qo'yasiz bo'ldi. Siz bilan ikki tomonlama mehnat shartnomasi qilinmaydi yoki o'tirib huquqlaringiz tushuntirilmaydi. Qisqasi, yuridik tomondan hech qanday hujjatlashtirilmaydi. Tabiiyki, u yoshda, unaqa paytda ishini yo'qotishidan qo'rqqanligi sababli hamma ham isyon qilib, bu holatlarga qarshi chiqa olmaydi", - deydi jurnalist.

Ahatovaning so'z yuritishicha, zo'ravonlardan ojizlarni himoya qilish va bu vaziyatlarni faqat musht bilan hal qilinmasligi uchun qonunlar ishlab chiqiladi hamda u amalda ishlashi kerak.

"Bu holatlarga nimalar sabab bo'lgani haqida gapiradigan bo'lsak, oddiy o'zbek erkagi yo ayoli qozon qaynatish uchun, kunini ko'rish uchun mehnat qonunchiligi buzilsa ham chidaydi, balki mehnat qonunchiligi buzilayotligini bilmayotgandir ham, chunki qonunni yaxshi bilgan odamgina buni his qiladi. Ishini yo'qotishdan, o'zidan yuqori lavozimlilardan qo'rqish rahbarlar bilan nizoga borishga halaqit beradi", - deydi Inobat Ahatova.

Ishonchsiz tashkilotlar

Unga ko'ra, O'zbekistonda ish beruvchi tashkilotlar xodimlarining qo'lidan hech narsa kelmasligini, ular boradigan joy bilan kelishib olish mumkinligini biladi. Rahbarga qa'tiy va keskin chora ko'rilmasligini bilgani uchun ham xohlaganini qiladi.

"Inbazar" voqeasida faqat Ichki ishlar idorasi munosabat bildirdi. Bizning har bir oyligimizdan foizlar ushlab qolishda hech ham xato qilmaydigan Kasaba uyushmalari federatsiyasi munosabat bergani yo'q. Bilmadim, xususiy sektor ularning vakolatiga kiradimi yo'qmi? Lekin, bu tashkilot davlat xizmatchisi bilan bog'liq mehnat qonunchiligi buzilganda ham keskin va bahsli vaziyatlarda ularning munosabat bildirganini eslolmayman. Na matbuot xizmati, na rahbar jamoatchilikka chiqib munosabat bildirib, o'z ixtiyorlaridagi mablag'lar qay tarzda sarflayotgani, qay darajada ishchilarning mehnat huquqlariga amal qilinishi, qay darajada nazorat olib borayotgani yoki yordam berayotgani haqida hisobot yoki ochiq matbuot anjumani biror marta uyushtirganini bilmayman. Agar shu narsalarni qilganda, bevosita borib, o'zidan so'rab, talab qilib, ularning munosabatini olish mumkin edi. Bandlik vazirligi ham jim, hozircha. Bu vazirlik murojaat bo'lishini kutib o'tirmasdan nazorat olib borishi mumkin. Bu tashkilotlarning imiji va xalqqa yordam berishga shayligiga jamoatchilikda ishonch bo'lganda birinchi bo'lib shu tashkilotlardan himoya so'ragan bo'lardiar. Aksar odamlar biladi bu tashkilotlarga murojaat qilish vaziyatni o'zgartirmasligini", - deydi jurnalist.

O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi va bo'linmalari biron voqeani murojaat kelib chiqsagina o'rganadi. Shunda ham holat mehnat qonunchiligidan kelib chiqib ko'rilishi noma'lum.

"Omadbek Xolmatov voqeasi unutilib ketishi kerak emas, natijasini ko'rishimiz kerak. Balki shu vaziyatning o'zi mehnat qonunchiligi qo'pol buzilayotgani va u "koma" holatida ekani, ayniqsa bu xususiy sektorda ayanchli ekanini ko'rsatib berdi", deydi Inobat Ahatova.

Siz ham ishda yoki boshqa bir tashkilotda zo'ravonlik holatiga duch kelgan yoki guvoh bo'lganmisiz? Biz bilan bog'laning.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002