O‘zbekiston TIV Afg‘on harbiy vertolyotlari borasida izoh berdi

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishga rozi bo‘lgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov "Daryo" nashriga xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qildi.
Burxanov "harbiy uchoqlar Afg‘onistonga qaytarilishi to‘g‘risidagi xabarlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va holatga O‘zbekiston pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolganini" bildirgan.
Oldinroq BBC manbalari Kobuldagi Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Tolibon tashqi ishlar vaziri Muttaqiy O‘zbekistondan vertolyotlarni Kobulga qaytarishni so‘raganini aytgandi.
11 sentyabr: O‘zbekiston - Afg‘on vertolyotlari, tashqi siyosat, Rossiyaga endi ayollar ham yollanmoqdami va ... xitoy tili ikkinchi til bo‘ladimi?

Surat manbasi, EPA
BBC manbalariga ko‘ra, Kobuldagi Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Tolibon tashqi ishlar vaziri Muttaqiy O‘zbekistondan vertolyotlarni Kobulga qaytarishni so‘ragan.
Bu vertolyotlar Kunar zilzilasi kabi hodisalarda muhim ahamiyat kasb etishini aytgan.
Pasmiy Toshkent bu borada hozircha ochiq izoh bermadi.
Bu xabar, Afg‘onistonda yuz bergan dahshatli zilzila ortidan tarqalgani bilan ahamiyatlidir. Manbalarga ko‘ra, jami 57 ta vertolyot, jumladan, Mi-17 va UH-60 rusumli mashinalar qaytariladi.
2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda hukumat qulagach, harbiy uchuvchilar o‘z samolyot va vertolyotlarini O‘zbekiston va Tojikistonga olib chiqib ketishgan edi. AQSh Mudofaa vazirligi o‘sha paytda O‘zbekistonga 46 ta, Tojikistonga esa 18 ta samolyot uchib kelganini tasdiqlagan.
Oldinroq Tolibon harakati ushbu texnikani qaytarishni bir necha bor talab qilgan. Shunga qaramay, AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi ilgari bu samolyotlarning O‘zbekiston nazoratida qolishini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, sobiq prezident Ashraf G‘ani ham mamlakatdan uchta harbiy vertolyotda chiqib ketgan. AQSh Tolibon hokimiyatni egallashidan oldin Afg‘oniston havo kuchlarini 229 ta vertolyot bilan ta’minlagan edi.
O‘zbekiston muvozanatli tashqi siyosat yuritishda davom etadi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi shu hafta ichida uchinchi bor mamlakatning tashqi siyosat strategiyasini bayon etdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi siyosatda Sharq va G‘arbdagi barcha xalqaro sheriklar bilan muvozanatli va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlikni ustuvor vazifa deb biladi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxonovning "Gazeta.uz" ga bergan intervyusiga ko‘ra, mamlakat global muammolarga qarshi turishga qaratilgan har qanday yondashuvni rad etadi. O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasdan, mustaqil va pragmatik tashqi siyosatni olib boradi. Bu siyosatning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashdan iborat.
ShHT sammiti haqida gapirar ekan, Burxonov ShHTning harbiy-siyosiy ittifoq emasligi va boshqa davlatlarga qarshi qaratilmaganligini ta’kidladi. U ShHTni Yevrosiyoda ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va inklyuziv muloqot platformasi deb atadi.
Xitoy Prezidentining global boshqaruv tizimi haqidagi chaqirig‘iga javoban, O‘zbekiston bunday tizimning BMT Ustaviga asoslanishi, adolatli va inklyuziv bo‘lishi kerakligiga ishonch bildirdi. Burxonov O‘zbekistonni mintaqalar o‘rtasida ishonchli "ko‘prik" sifatida ko‘rishini va barqaror rivojlanish kabi sohalarda global yechimlarga hissa qo‘shishga tayyorligini aytdi.
O‘zbekiston, shuningdek, Global Janub mamlakatlari bilan savdo, investitsiya va ta’lim kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishga intiladi. Bu harakat tashqi siyosat ustuvorliklarining o‘zgarishi emas, balki "ShHT plyus" platformasidan barcha manfaatdor davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun kengroq foydalanishga intilishdir. O‘zbekiston ShHTning a’zo davlatlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lishi tarafdori.
Navoiyda ayol Rossiya armiyasiga odam yollashga uringani uchun uch yilga qamaldi
Navoiy viloyatida ayol Ukrainadagi "maxsus harbiy operatsiya" (SVO) uchun Rossiya armiyasiga yollashga uringani uchun uch yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. Navoiy viloyat sudining apellyatsiya instantsiyasi 2025 yil 11-sentabrda bu hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Kun.uz internet nashri xabar beradi.
1981 yilda tug‘ilgan N.U. ismli ayol 2024 yilda o‘zbekistonliklarni Rossiya Qurolli Kuchlariga yollash orqali pul topishni taklif qilgan shaxs bilan tanishgan. U Rossiyaning Samara shahriga borib, yanvarь oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan.
O‘zbekistonga qaytgach, N.U. bir fuqaroga SVOda ishtirok etgani uchun oyiga 4000-7000 dollar to‘lanishini va bir yilda 40 000 dollargacha topish mumkinligini va’da qilgan. U bu odamning pasport ma’lumotlarini Rossiyadagi sherigiga yuborgan. Ayol uni chegara orqali olib o‘tmoqchi bo‘lganida, Toshkent viloyatidagi "Navoiy" bojxona postida DXX xodimlari tomonidan ushlangan.
Sudda aybiga iqror bo‘lgan N.U. Jinoyat kodeksining 154-moddasi ("Yollanmachilik") bo‘yicha aybdor deb topilgan. Garchi ushbu jinoyat uchun 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa-da, sud unga yengilroq jazo tayinlagan.
O‘zbekistonda xitoy tili maktab va universitetlarda o‘qitiladi

Surat manbasi, Reuters
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat maktab va universitetlarida xitoy tilini o‘qitishni joriy etish rejalarini e’lon qildi, deya xabar berdi xususiy "Gazeta.uz" nashri.
U bu haqda hukumat yig‘ilishida so‘zlab, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning o‘sib borayotganini ta’kidladi.
Prezidentning aytishicha, uning Xitoyga yaqinda qilgan tashrifi chog‘ida energiya, geologiya, kimyo, transport, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi kabi sohalarda yetakchi Xitoy kompaniyalari bilan 35 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari paketi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
"Bu loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonga texnologiya va xitoy tilini yaxshi biladigan minglab mutaxassislar kerak bo‘ladi. Tilni o‘qitish uchun mamlakatimizdagi universitetlar, texnik kollejlar va maktablarga 100 dan ortiq xitoylik til egalari va ko‘ngillilar taklif etiladi", — deya prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirdi nashr.
Xabarda aytilishicha, hukumat, shuningdek, Xitoyning kasbiy ta’lim tajribasini o‘zbekistonlik talabalarga yetkazish maqsadida mamlakatning har bir viloyatida ikkitadan "O‘zbekiston-Xitoy ustaxonasi"ni tashkil etishni rejalashtirgan.
10 sentyabr 2025. O‘zbekiston: Onadan bolani kim himoya qiladi? "Isroilni la’natlasa" kimga haqorat bo‘ladi? O‘rinbosarlarning qonundan xabari yo‘qmi?

O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, 2022 yilda Toshkent hayvonot bog‘ida kichik yoshdagi qizini ayiq voleriga tashlab yuborgan ayol bu safar farzandini pichoqlab o‘ldirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 10 avgust kuni Toshkentning Sergeli tumanida yuz bergan. 1991 yilda tug‘ilgan ayol o‘zini g‘alati tutgan va oshxona pichog‘i bilan 2018 yilda tug‘ilgan qiziga bir necha marta jarohat yetkazgan. Natijada qizcha olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Mahalla vakili esa, ayol 2 avgust kuni ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasidan davolanib chiqqani va unga ambulator davolanish buyurilgani haqida aytgan.
Xabarlarda ayolning 2-son shahar ruhiy-asab kasalliklari dispanserida hisobga olingani ham tilga olingan.
Anglashilishicha, mahalla vakili ayol bilan suhbatlashganda uning holati yaxshi ekanini aytgan.
So‘nggi yangilik ijtimoiy tarmoqlarda ham e’tiborga tushgan.
Postlarda "nosog‘lom ruhiyatga ega onaga farzandi qanday qilib qaytarib berilgani"ga oid savollar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Xabarlarda aytilishicha, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.
Gumonlanuvchi ayol ushlangani va tergov harakatlari davom etayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 28 yanvarь kuni Toshkent hayvonot bog‘ida mazkur ayol qizini 5 metr balandlikdan ayiq qafasiga tashlab yuborgan edi.
O‘shanda bu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Ayolning qizdan tashqari yana bir o‘g‘li borligi aytiladi.
Mubashshir Ahmad ishi: "La’nati Isroil" so‘zi xalq yoki davlatni haqorat qiladimi?
Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmadga nisbatan sud majlisi davom etmoqda. Ikkinchi sud majlisida ekspertlar guvoh sifatida so‘roq qilinib, ularning xulosalari muhokama qilindi. Bu haqda Daryo.uz internet nashri xabar berdi.
Ular "La’nati Isroil" kabi so‘zlarda xalq yoki davlat haqorat qilingani borasida bahsli fikrlarni bildirishdi.
Toshkentdagi sudda Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha ekspertlar "La’nati Isroil" kabi so‘zlarda millat haqorat qilinganini ta’kidladi, ammo keyin bu so‘zlar davlatga qaratilganini bildirdi.
Sudda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili diniy materiallarni internetga joylashdan oldin ruxsat olish shartligini aytdi. Advokatlar bu qonunchilikka e’tiroz bildirganda, ekspertlar bu masala yuqoridan belgilanganini ta’kidladi.
Sud majlisi 15 sentyabrga qoldirildi. Mubashshir Ahmadga nisbatan milliy adovat qo‘zg‘atish va diniy materiallarni noqonuniy tarqatish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Surxondaryoda hokim o‘rinbosari paxta terimiga majburlashda ayblanmoqda
O‘zbekistonda majburiy mehnatning barcha shakllari qonunan taqiqlangan.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova mahalla faollarini paxta terimiga majburlayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Kun.uz xabar berishicha, ularga kelib tushgan audio va videoyozuvlarda hokim o‘rinbosari faollarni "vijdonsizlar" va "noinsoflar" deb atab, har biridan 5 kishidan odam olib kelishni talab qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda majburiy mehnatning barcha shakllari qonunan taqiqlangan. Dilfuza Toshmatova 2022 yildan buyon Sariosiyo tumani hokimining oila va xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab keladi.
27 avgust 2025. O‘zbekiston: Vizasiz davlatlar yana bittaga ko‘paydi, Koreyaga pul bilan yuborishni va’da qilgan Migratsiya agentligi xodimlari ushlandi, Prezident Japarov Issiqko‘ldagi chiqindilarni tergan sayyohga avtomobil sovg‘a qildi

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekiston vizasiz bordi kelishni yo‘lga qo‘yayotgan davlatlar soni yana bittaga ko‘paydi. DXX odamlarni Janubiy Koreyaga yuboraman, deb pul olayotgan Migratsiya agentligi xodimlarini ushladi. Sadir Japarov Issiqko‘l atrofini chiqindidan tozalagan sayyohga avtomobil sovg‘a qildi.
O‘zbekiston uchun viza bekor qilingan davlatlar soni yana bittaga ortdi
O‘zbekiston va Iordaniya vizasiz rejim o‘rnatadi. 26 avgustda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi.
Ikki davlat viza talabini bekor qilishga kelishib oldi. Kelishuv ikki davlat o‘rtasida biznes aloqalar va turizmni rivojlantirishi kutilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Iordaniyaga borish uchun Iordaniya diplomatik vakolatxonasiga murojaat qilishi yoki "visa on arrival" - ya’ni Iordaniya kirib kelgach, aeroportdagi chegarada viza olishi mumkin.
Ochiq manbalarda 2018 yilda Iordaniyaga taxminan 83 000 O‘zbekiston fuqarosi kelgani aytiladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari 40 ga yaqin davlatga vizasiz, yana 42 ta mamlakatga esa soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniyatiga ega.
2023-2025 yillarda Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand, Omon, Eron kabi 10 ga yaqin davlat bilan vizasiz rejim joriy etildi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni, Qatar, Vetnam kabi bir qator mamlakatlar O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini yengillashtirdi.
Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishda pul bilan ikki Migratsiya agentligi xodimi qo‘lga tushdi

Surat manbasi, ДХХ
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Migratsiya agentligi xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Rasmiy axborotga ko‘ra, agentlikning Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan ulardan pul olgan. U 41 ming AQSh dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u bu ishni agentlikning markaziy apparatidagi bosh mutaxassis bilan birgalikda amalga oshirgani aniqlangan. DXX ma’lumoticha, ikkinchi xodim ham 15 ming dollarni qabul qilib olgan vaqtda jinoyat ustida ushlangan.
Shuningdek, tergov jarayonida ular 2024 yil davomida 80 nafardan ortiq fuqaroni Koreyaga yuborishni va’da qilib, jami 700 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘plagani, ammo fuqarolarni amaliy ishga joylashtirmagani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi ("Firibgarlik") va 28,211-moddasi ("Pora olish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.
Migratsiya agentligining munosabati
Migratsiya agentligi o‘z rasmiy bayonotida ayrim xodimlar tomonidan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi, ammo Koreyaga ishga yuborish jarayonida rasmiy tanlovlar umuman o‘tkazilmaganini ta’kidladi.
Agentlik ma’lum qilishicha, Prezidentning 2024 yil 17 oktyabrdagi farmoni bilan qayta tashkil etilgandan keyin Koreyaga E–9 vizasi uchun hech qanday rasmiy tanlov o‘tkazilmagan.
"Fuqarolarning ishonchi va haq-huquqlarini suiiste’mol qilgan shaxslarning harakatlari keskin qoralanadi", deyiladi bayonotda. Shuningdek, Koreyaga ishga jo‘natish bilan bog‘liq kadrlar, jumladan agentlikning Seuldagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar almashtirilgani qayd etildi.
Prezident Japarov Issiqko‘l atrofini chiqindilardan tozalagan sayyohga avtomobil sovg‘a qildi

Surat manbasi, president.kg
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘l atrofini ko‘ngilli ravishda chiqindilardan tozalagan rossiyalik sayyoh Andrey Panaev bilan uchrashib, unga avtomobil sovg‘a qildi.
Japarov Panaev haqida internet orqali bilganini va shaxsan minnatdorlik bildirishni muhim deb topganini aytdi. Prezidentning ta’kidlashicha, "ekologiya va tabiat chegara bilmaydi, butun dunyo bir havodan nafas oladi, shuning uchun har bir inson tabiatni asrashga o‘z hissasini qo‘shishi kerak".
Andrey Panaev 2024 yilda sayyoh sifatida Qirg‘izistonga kelgan va Issiqko‘l sohilidagi chiqindilarni mustaqil ravishda yig‘ishni boshlagan. U o‘z harakati orqali odamlarni tozalikka da’vat qilishni maqsad qilganini aytdi. Keyinchalik Panaev Qirg‘izistonni o‘zining yangi uyi deb atagan.
Prezident uning mehnatini e’tirof etib, mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobil kalitlarini topshirdi, deya xabar beradi 24.kg sayti. Japarov: "Bu sovg‘ani Qirg‘iz xalqi, ko‘ngillilar va ekofaollar nomidan taqdim etaman", – degan.












