O‘zbekiston yana HRW hisobotida, Mubashshir Ahmad qidiruvda, endi Polsha vizasi o‘zbeklarga qiyinlashadimi? - Dayjest

O‘zbekiston qamoqxonasidan o‘ligi chiqqan Muhammadqodir Po‘latov fotosi

Surat manbasi, Courtesy

O'qilish vaqti: 4 daq

10 yil oldin O‘zbekiston xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlarida muntazam inson huquqlari qo‘pol poymol etiladigan mamlakat sifatida yomonotliq qilib kelinar, vaziyat aslida ham shunday bo‘lganini O‘zbekiston rasmiylari tan olishgan, oxirgi yillarda ahvol yaxshilangani e’tirof etib kelinayotgan edi. Xalqaro Xyuman Rayts Uotch(HRW) tashkiloti birdaniga ikki mahkum jasadi O‘zbekiston qamoqxonalaridan chiqqani, uchinchisi shifoxonada hushsiz ekani haqida hisobot tarqatdi.

HRW o‘z hisobotida ushbu hodisalarni sinchiklab tekshirishga, aybdorlarni javobgarlikkka tortishga chaqirdi.

Hisobotda shu yil 14 fevralida Toshkent viloyatidagi Olmaliq qamoqxonasidan jasadi chiqqan 21 yashar Muhammadqodir Po‘latov o‘limi haqida ma’lumot beriladi.

O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi maxkum o‘limiga gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani haqida xabar bergan.

Ammo marhumning onasi o‘g‘lining o‘limi sababi haqidagi rasmiy versiyaga shubha bildirgan, atigi ikki hafta oldin o‘g‘lini soppa-sog‘ ko‘rganini aytgan.

Prokuratura bayonotida Trshkent maxsus prokuraturasi tomonidan o‘lim hodisasi tergov qilinayotgani aytilgan.

Xyuman Rayts Uotch 16 fevral kuni YouTubeda tarqatilgan videoda mahalliy bloger Samarqand shahrida salomatligi yaxshi sartarosh yigit 13 fevral kuni ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Onasi o‘g‘lining mobil telefoniga qo‘ng‘iroq qilganida, militsiya xodimi javob bergan, o‘g‘li shifoxonada ekanini aytgan. Ona o‘g‘lini shifoxonada hushsiz topgan, militsiyachilar o‘g‘liga nima bo‘lganini aytishmagan.

Qamoq muddatini o‘tayotgan qoraqalpog‘istonlik bloger Mustafo Tursinbaev 16 fevral kuni Toshkentdagi shifoxonada vafot etgan.

Bosh Prokuratura mahkum Mustafo Tursinbaev 11 fevral kuni "bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida devor qismi qulab, bosib qolgan"i, so‘ng u zudlik bilan shifoxonaga yotqizilganini xabar qildi.

Xyuman Rayts Uotch kelajakda bunday fojealar oldini olish uchun ham ushbu hodisalarni tergov qilishga chaqiradi.

"Xalqaro inson huquqlari qonunlari hukumatlardan, taxmin qilingan sababdan qat’i nazar, qamoqdagi barcha o‘limlar bo‘yicha samarali tergov o‘tkazilishini ta’minlashni talab qiladi. Bunday tekshiruvlar o‘lim sababini aniqlash, o‘limga aybdor bo‘lgan shaxsni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish uchun, ayniqsa, barcha mahbuslarning salomatligi va xavfsizligi uchun javobgarlik hibsga olgan organlar zimmasiga yuklanganligini hisobga olsak, juda muhimdir. Bu tergovlar, shuningdek, boshqa mahbuslarning xavfsizligini ta’minlab, kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini oladi.

Muhimi, agar ushbu uch holat bo‘yicha tergov harakatlari qamoqdagi o‘limlarga yoki uchinchi shaxsning hushidan ketishiga yomon muomala yoki qiynoqlar sabab bo‘lganini aniqlasa, aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak", deyiladi HRW hisobotida.

Aloqador mavzular

IIV Azon Global asoschisi Mubashshir Ahmadni qidiruvga berdi

Mubashshir Ahmad

Surat manbasi, Azon Global

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatiga tayanib "Daryo.uz" nashri xabar tarqatishicha, o‘zbekistonlik taniqli ulamo, Azon Global portali asoschisi Mubashshir Ahmadga qidiruv e’lon qilingan.

"Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, Alisher Ahmadovich Tursunov Jinoyat kodeksining 244 prim 2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilgan", deb yozadi "Daryo.uz".

Mubashshir Ahmad 2017 yili O‘zbekistonda Azon New Media guruhini tashkil etgan, Azon.uz veb-sayti, Azon FM onlayn radiosi, Azon TV onlayn televideniesi ko‘p sondagi muxlislarni orttirgan edi.

Azon.uz, Azon FM radiosi, Azon TV 2023 yil avgustigacha faoliyat yuritdi.

"Azon.uz barcha loyihalarini to‘xtatadi. Sabablarini keyinroq, ma’qul topilsa ma’lum qilinadi", deb yozdi o‘zining Feysbukdagi sahifasida Mubashshir Ahmad.

2023 yil noyabrida o‘zbek, rus, ingliz va turk tillarida faoliyat yuritadigan Azon Global portali ish boshladi.

2023 yil 28 dekabrida Mubashshir Ahmad Turkiya ichki ishlar xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida xabar tarqaldi.

Politsiya uni deportatsiya markaziga joylashtirgan.

O‘shanda Istanbuldagi O‘zbekiston konsulligi Mubashshir Ahmadga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan, 2024 yil 21 fevralida deportatsiya markazidan chiqarilgan.

O‘ziga qidiruv e’lon qilingani xabariga Mubashshir Ahmad hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

Polsha yangi viza tartibini o‘zbekistonliklarda sinab ko‘rmoqchi

Polsha Belarus chegarasi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Polsha Belarus chegarasi

Polsha Tashqi ishlar vazirligi o‘zining elchixonalarida viza olish tartibini yengillashtirish maqsadidagi yangi IT tizimni ishga tushirishni rejalashtirayapti.

Yangi tizim sinov tariqasida Hindiston, O‘zbekiston va Filippin fuqarolariga joriy etiladi.

Polsha rasmiylariga ko‘ra, ushbu yangilikdan ko‘zlangan maqsad, viza olishni o‘zining daromadli monopoliya sohasiga aylantirib olgan "o‘rtakashlarni yo‘qotish"dir.

Sohani yaqindan biladigan kuzatuvchilar so‘zlariga ko‘ra, vositachi agentliklar viza olish vaqtlarini oldindan "band qilib qo‘yadilar" va so‘ng qimmatiga pullaydilar.

Bundan eng ko‘p jabr ko‘rayotganlar Hindiston, Filippin va O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlangan.

Polsha rasmiylari ushbu jarayonni tobora shaffof va xavfsiz qilish niyatida ekanini aytmoqdalar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating