Isroil kiritayotgan taqiq falastinliklar uchun haqiqiy halokatni anglatadimi?

BMTning Falastin Qochqinlari ko‘mak agentligi insonparvarlik yordamlari qutilari oldida plastik qopchadan suv ichib o‘tirgan g‘azolik qizaloq. central Gaza City on 27 August, 2024

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Ziad G‘andur
    • Role, BBC News Arab xizmati
    • Author, Fernando Duarte
    • Role, BBC World Service
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Isroilning BMTning Falastin qochqinlari agentligiga (FQA) qo‘ygan taqiqi shu oy oxirida kuchga kiradi. Bu taqiq agentlikning G‘azo va Isroil bosib olgan G‘arbiy Sohildagi faoliyatini jiddiy cheklaydi.

Yordam tashkilotlari va Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Yaponiya kabi bir qator mamlakatlar bu qarordan jiddiy tashvishda ekanliklarini bildirdilar. Ularning aytishicha, bu harakat falastinliklar, ayniqsa, G‘azo aholisi uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi, chunki ularning deyarli barchasi agentlik yordami va xizmatlariga muhtoj.

Xo‘sh, FQAning taqiqlanishi falastinliklar uchun qanday ma’no kasb etadi va nima uchun Isroil bu tashkilotga uzoq vaqt qarshi chiqib kelgan?

G‘azoda urush boshlanganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, ikki farzandning onasi Jumana Emadni eng ko‘p tashvishga solayotgan narsa qurolli to‘qnashuv emas, balki oziq-ovqat, suv va boshqa asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun davom etayotgan kurashdir.

Aloqador mavzular

G‘azo janubidagi Xon Yunus shahrida yashovchi 26 yoshli jurnalist Emad xonimning aytishicha, hozirgi vaziyatda urush boshidan beri eng og‘ir ahvolga tushib qolgan.

"Na ovqat bor, na ichimlik. Qizimga juda ko‘p narsa kerak, ammo bularning birortasi topilmayapti."

Emad xonim, G‘azodagi deyarli barcha aholi singari, urush paytida ham, undan oldin ham falastinliklar uchun muhim FQA yordami va xizmatlariga tayanib kelgan.

Yashil ro‘moldagi jilmayib qarab turgan Jumana.

Surat manbasi, Jumana Emad

Surat tagso‘zi, Urush boshlanganidan qizi dunyoga kelgan Jumana Emad aytishicha, G‘azodagi falastinliklar oziq-ovqat va suv taqchilligidan qiynalayaptilar

1949 yilda Isroil davlati tashkil etilgandan so‘ng o‘z uylaridan majburan ko‘chirilgan yoki qochgan 750 ming falastinlikka g‘amxo‘rlik qilish uchun tashkil etilgan FQA G‘azodagi eng yirik yordam tashkilotiga aylandi. U hududda 13 ming, Yaqin Sharq bo‘ylab esa jami 30 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaydi.

Hozirda FQA butun mintaqa bo‘ylab, jumladan, Iordaniya, Livan va Suriyada ro‘yxatdan o‘tgan 5,9 million falastinlik qochqinga g‘amxo‘rlik qilmoqda.

Oziq-ovqat va boshqa asosiy ehtiyoj mollari yetkazib berishdan tashqari, u odatda hukumat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘l qurilishi va hatto falastinlik tadbirkorlarga kredit berish kabi xizmatlarni ham amalga oshiradi.

Doaa az-Zarbadan iqtibos

Surat manbasi, .

Biroq FQAning ogohlantirishicha, Isroil parlamenti oktyabrь oyida ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullagan taqiq 28 yanvarda rejalashtirilgandek amalga oshsa, G‘azo va G‘arbiy Sohil, shu jumladan, Sharqiy Quddusdagi faoliyati tez orada to‘xtaydi.

Knessetdagi ovoz berish – 92 deputat taqiq uchun ovoz berdi, atigi 10 nafari qarshi chiqdi – Isroil hukumati FQA xodimlarini 7 oktyabrdagi Isroilga qilingan hujumlarda HAMAS bilan hamkorlikda ayblaganidan keyin sodir bo‘ldi. Isroil ta’kidlashicha, FQA xodimlarining ba’zilari o‘sha kungi hujumlarda ishtirok etgan, ko‘plari esa terrorchilik tashkilotlari a’zolari bo‘lgan. FQA esa HAMASga doir har qanday aloqasi faqatgina agentlikning o‘z vazifasini bajarishi uchun bo‘lganini ta’kidlaydi. Shuningdek, FQA o‘z xodimlarining aksariyati terrorchilik tashkilotlariga a’zo ekanligi haqidagi da’vosini Isroil hech qachon dalillamaganini aytadi.

HAMAS 2007 yil iyunь oyida mintaqani raqib Fatah partiyasidan tortib olganidan beri G‘azo bo‘lgasini boshqarib kelmoqda.

Sim to‘r devor bo‘ylab qo‘llarida savatlari bilan navbatda kutib turgan aksari falastinlik ayollarning oq qora foto surati. Navbat kutib turganlarning ayrimlari tik holatda, ayrimlari o‘tiripti. Harbiy kiyimdagi erkaklar ularga qarab turipti.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 1956 yili G‘azoda FQA tashkiloti tarqatayotgan oziq-ovqat uchun navbatda turgan falastinliklar

Yangi qonun FQAning Sharqiy Quddus va Isroilda ishlashini taqiqlash bilan birga, agentlik xodimlariga Isroil rasmiy shaxslari bilan ishlashni ham qat’iyan man etadi.

Amalda esa, FQAning aytishicha, bu G‘azo va Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda faoliyat yuritishni deyarli imkonsiz qilib qo‘yadi. Chunki agentlik o‘z ishini yuritish uchun Isroil bilan kelishuvlarga, jumladan, Isroil va G‘azo o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali yordam yuklarini o‘tkazishga tayanadi.

Falastin Qizil Yarim Oyi bilan birgalikda, FQA G‘azodagi deyarli barcha yordamni hududdagi 11 ta markaz orqali taqsimlaydi.

G‘azodagi urush boshlanganidan beri FQA deyarli 1,9 million kishiga oziq-ovqat paketlarini tarqatganini ma’lum qildi. Un kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshgani sababli bu yordam ahamiyati yanada ortdi.

"Agar taqiq amalga oshirilsa, bu FQAning G‘arbiy Sohil, shu jumladan, bosib olingan Sharqiy Quddus va G‘azo sektoridagi faoliyati to‘xtashini anglatadi," deydi FQAning G‘arbiy Sohildagi ishlar bo‘yicha direktori Roland Fridrix.

"Faqat G‘arbiy Sohilning o‘zida bu 47 mingdan ortiq falastinlik bolaning maktabga bora olmasligini bildiradi. Yarim milliondan ortiq falastinlik qochqin esa tibbiy xizmatdan foydalana olmay qoladi."

Ta’lim xavf ostida

BMT ko‘mak agentligi yozuvi yozilgan un qopi yonida turgan g‘azolik o‘g‘il bola.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Urush boshlanganidan buyon FQA, G‘azo bo‘lgasidagi qariyb 1,9 million odamga oziq-ovqat tarqatdik, deydi

FQA 1950 yildan, ya’ni agentlikning birinchi maktablari tashkil etilgan paytdan beri falastinliklarga ta’lim berib kelmoqda.

Hozirda u G‘azo, G‘arbiy Sohil, Iordaniya, Livan va Suriyada yuzlab maktablarni boshqaradi.

Ammo endi Falastin hududidagi FQA maktablarining kelajagi noma’lum bo‘lib qoldi.

Urush paytida G‘azodagi ko‘plab maktablar ko‘chib kelgan falastinliklar uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini o‘tagan. BMT ma’lum qilishicha, G‘azodagi maktablarning deyarli 70 foizi mojaroda zarar ko‘rgan – ba’zilari butunlay vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan. Agentlik ta’kidlashicha, zarar ko‘rgan maktablarning 95 foizi ko‘chib kelganlar uchun boshpana sifatida foydalanilgan.

"Biz [taqiq haqidagi] xabarni ilk bor eshitganimizda, ota-onalar darhol bizdan farzandlariga bo‘ladigan ta’sir haqida so‘ray boshladilar," deydi Sharqiy Quddusdagi BMTning Shu’fat qizlar maktabida 20 yildan beri o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Doaa az-Zorba.

"Biz ularga faqat vaziyat nazoratimizdan tashqarida ekanini aytishimiz mumkin edi, xolos."

Har qanday vaqtda 1500 o‘quvchiga ta’lim beradigan bu maktab Quddus shahar hududidagi yagona falastin qo‘rg‘oni bo‘lgan Shu’fat qochqinlar lagerida faoliyat yuritayotgan uchta maktabdan biridir.

Sharqiy Quddusdagi Shu’fat qizlar maktabi o‘qituvchisi Doaa az-Zorba
Surat tagso‘zi, Sharqiy Quddusdagi Shu’fat qizlar maktabi o‘qituvchisi Doaa az-Zorba aytishicha, o‘quvchi qizlar va ota-onalar maktab yopilishi ehtimolidan tashvishga tushib qolganlar.

Az-Zorba xonimning aytishicha, maktab yopilishi ehtimolidan o‘quvchilar va ota-onalarning xavotiri tobora ortib bormoqda.

"Katta yoshdagi bolalarning ba’zilari vaziyatni tushunishgan, ammo kichikroq bolalar ko‘pincha onalarining maktab yopilishi ehtimoli haqida gapirayotganini eshitishmoqda. Shu sababli ular ham tashvishga tushib qolgan.

"Men bolalarga juda bog‘lanib qolganman. Biz ularga kerakmiz, chunki ularning suyanchig‘imiz."

Ota-onalardan biri ta’kidlashicha, bepul ta’lim beradigan BMT maktablarining yopilishi jamiyat uchun "halokatli" bo‘lishi mumkin.

O‘nlab yillar davom etgan tortishuv

BMT agentligiga nisbatan taqiq Isroil hukumatining agentlik xodimlari HAMAS va 7 oktyabrь hujumlari bilan bog‘liqligi haqidagi takroriy ayblovlari ortidan yuz berdi.

2024 yil yanvarь oyida Isroil BMTning 12 nafar xodimi Isroil janubida 1200 kishi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan hujumlarda ishtirok etganini da’vo qildi.

Ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya bu ayblovlar natijasida agentlikni moliyalashtirishni to‘xtatdi, ammo keyinchalik o‘z qarorlarini bekor qilishdi. BMTning 19 nafar xodimi ustidan o‘tkazilgan tergov natijasida to‘qqiz kishi hujumlarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi aniqlandi – tirik qolganlar keyinchalik ishdan bo‘shatildi.

Keyinchalik Isroil 450 dan ortiq BMT xodimlari terrorchi guruhlarga a’zo ekanini da’vo qildi, biroq avgust oyida e’lon qilingan BMT hisobotiga ko‘ra, Isroil o‘z da’volari uchun hech qanday dalil keltirmagan.

Garchi BMT agentligiga nisbatan ushbu taqiq 7 oktyabrdagi hujumlar bahonasida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, Isroil undan avval ham agentlikni tanqid qilib kelayotgan edi.

Isroilning asosiy da’volaridan biri shuki, BMT qochqin maqomini falastinliklarning keyingi avlodlariga ham meros qilib qoldirish imkonini beradi va ularning tarixiy Falastindagi uylariga qaytish umidlarini rag‘batlantiradi.

"Bu mamlakatda BMT agentligi yechimning bir qismi emas, balki muammoning bir qismi ekanligiga shubha yo‘q," deydi Isroil bosh vaziri Benjamin Netanyaxuning o‘ng qanot "Likud" partiyasi deputati va taqiqni taklif qilgan qonun loyihasining asosiy mualliflaridan biri Yuli Edelshteyn.

Avvalgi hukumatlarda bir nechta lavozimlarda ishlagan janob Edelshteynning aytishicha, agentlik "HAMAS bilan uzviy bog‘langan." BMTning ta’kidlashicha, u faqat HAMAS bilan "operativ darajada", ya’ni guruh G‘azoni de-fakto boshqargani uchun hamkorlik qiladi.

"BMT agentligi oldida juda katta qarzdormiz, chunki butun bir avlod yosh falastinliklar o‘zlarini tiklashga harakat qilish o‘rniga, baxtsiz qochqinlar deb his qilishmoqda."

Biroq, xalqaro huquqqa ko‘ra, uzoq muddatli yechim topilmaguncha, qochoqlarning farzandlari va ularning avlodlari ham qochoqlar hisoblanadi.

FQA ta’kidlashicha, agentlikning 75 yildan beri mavjudligi – "tashkilotning o‘z xohishi emas, balki a’zo davlatlarning siyosiy muammoni hal qilishdagi jamoaviy muvaffaqiyatsizligining oqibatidir".

G‘azo Xon Yunisidagi Tabariya maktabi binosida yerda o‘tirgan o‘quvchilar va dars o‘tayotgan o‘qituvchi ayol

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, FQA tashkilotiga ko‘ra, urush mobaynida G‘azodagi maktablarning 70 foizi jiddiy vayron bo‘ldi

Isroil hukumati uzoq vaqtdan beri agentlikning o‘qitish uslubi va darsliklarini Isroilga qarshi qarashlarni mustahkamlashda ayblab kelmoqda.

2022 yilda Isroilning IMPACT-se tashkiloti FQA maktablarida qo‘llaniladigan o‘quv materiallari o‘quvchilarga Isroil "falastinliklar o‘zligini yo‘q qilishga urinayotgani" haqida o‘rgatayotganini ma’lum qildi.

Yevropa Komissiyasi Falastin ma’muriyati (FM) darsliklarida "antisemitik materiallar", jumladan, "zo‘ravonlikka undash" mavjudligini aniqladi. Yevropa parlamenti G‘arbiy Sohilning bir qismini boshqaradigan FMga Yevropa Ittifoqi moliyalashtirishi uchun darsliklardan o‘sha mazmunni olib tashlashni shart qilib qo‘ygan.

FQA ta’kidlashicha, u o‘quvchilarga mezbon davlat o‘quv dasturini o‘rgatadi, shuningdek, o‘z maktablarida qo‘llaniladigan barcha darsliklar va o‘quv materiallarini "BMT qadriyatlari va UNESCO standartlariga muvofiqligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish hamda bag‘rikenglik va inson huquqlarini mustahkamlash" maqsadida muntazam va puxta ko‘rib chiqadi.

Isroil bayroqlari va bannerlarini ko‘tarib olgan o‘ng qanot isroilliklar 2024 yil 5 fevralida BMTning Falastin Qochqinlari uchun ko‘mak agentligi idorasi qarshisida uyushtirgan norozilik namoyishi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Siyosiy guruhlarning FQAga muxolifligiga cheklov yo‘q

G‘azo va G‘arbiy Qirg‘oqda, shu jumladan, Sharqiy Quddusda FQA o‘rnini nima egallashi noma’lum, ammo qolgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun boshqa hech qanday tashkilot tayyor emasligidan xavotirlar keng tarqalgan.

Iyul oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish agentlik o‘rnini bosadigan "muqobil yo‘q" ekanligini aytdi.

Urushdan oldin ham, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda yashovchi falastinliklarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 2007 yildan beri Isroil o‘rnatgan qamal tufayli yashash uchun faqat insonparvarlik yordamiga tayanar edi.

FQAga taqiq o‘rnatilgach, Netanyaxu "G‘azoda barqaror insonparvarlik yordami mavjud bo‘lishi kerak" va Isroil buni ta’minlash uchun xalqaro hamkorlari bilan ishlashini aytdi.

Ammo bir qator gumanitar tashkilotlar bunday rejani amalga oshirish imkoniyatini shubha ostiga oldi. Ular orasida Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi ham bor.

Shu orada, Jumana Emad kabi g‘azoliklar yordam qayerdan kelishini bilishmaydi.

"Rostini aytsam, hayotimizni FQAsiz tasavvur qilolmaymiz. Bizni kim oziq-ovqat bilan ta’minlaydi? Bolalar qaerda ta’lim oladi?

Agar bu xizmatlar to‘xtatilsa, ahvol halokatli bo‘lardi."