Go‘sht, shakar, sut-qatiq – hammasi laboratoriyada yetishtiriladi. Siz yeysizmi?

steyk

Surat manbasi, BBC News

Surat tagso‘zi, Bu vagyu steyk iste’molga tayyor, ammo hali tasdiqdan o‘tmagani sabab uni Britaniyada sotish mumkin emas.
    • Author, Pallab Gosh
    • Role, Ilm-fan bo‘yicha muxbir
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Laboratoriyada yetishtiriladigan go‘sht, sut va shakar Buyuk Britaniyada ikki yil ichida - kutilganidan tezroq iste’mol uchun sotuvga chiqarilishi mumkin.

Oziq-ovqat standartlari agentligi (FSA) laboratoriyada yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini tasdiqlashni tezlashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.

Bunday mahsulotlar kichik kimyoviy zavodlarda hujayralardan o‘stiriladi.

Buyuk Britaniya kompaniyalari bu sohada ilmiy jihatdan yetakchi, ammo rasmiyatchiliklar ularning ishlarini sekinlatayotganini aytishmoqda.

O‘tgan oyda Buyuk Britaniyada itlar uchun zavodda yetishtirilgan go‘shtdan tayyorlangan ozuqa sotuvga chiqarildi.

2020 yilda Singapur hujayralardan yetishtirilgan go‘shtni inson iste’moli uchun sotishga ruxsat bergan birinchi davlat bo‘ldi, uch yildan so‘ng Qo‘shma Shtatlar, o‘tgan yili esa Isroil unga ergashdi.

Biroq Italiya hamda AQShning Alabama va Florida shtatlari bu mahsulotlarga taqiq joriy qilgan.

FSA yuqori texnologiyali oziq-ovqat shirkatlari mutaxassislari va akademik tadqiqotchilar bilan hamkorlikda yangi qoidalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Ular ikki yil davomida laboratoriyada yetishtirilgan ikkita oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini to‘la baholashni yakunlashmoqchi.

Ammo tanqidchilar yangi qoidalarni ishlab chiqishda shirkatlar ishtiroki manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishini ta’kidlashmoqda.

Aloqador mavzular:

Bu tashabbus Buyuk Britaniya shirkatlarining xorijiy raqobatchilarga yutqazib qo‘yish xavotirlariga javoban amalga oshirilmoqda, chunki boshqa joylarda tasdiqlash jarayonlari ikki baravar tezroq kechadi.

FSAning bosh ilmiy xodimi, professor Robin Mey BBC Newsʼga iste’molchilar xavfsizligi masalasida murosa qilinmasligini aytdi.

"Biz jalb qilingan kompaniyalar va ilmiy guruhlar bilan ular uchun foydali, ayni paytda mahsulotlar xavfsizligini iloji boricha yuqori darajada ta’minlaydigan me’yoriy-huquqiy tizimni ishlab chiqish uchun yaqin hamkorlik qilmoqdamiz," dedi u.

bochka

Surat manbasi, BBC News

Surat tagso‘zi, Hujayralar fermentatsiya bochkalarida o‘stiriladi, keyinroq ko‘zimizga tanish oziq-ovqat ko‘rinishiga keltiriladi.

Ammo Beyond GM tashkiloti direktori Pet Tomas kabi tanqidchilar bu yondashuvga ishonmaydi.

"FSAga ushbu qoidalarni ishlab chiqishda yordam berayotgan shirkatlar tartibga solish bekor qilinishidan manfaatdor. Agar bu boshqa turdagi oziq-ovqat mahsuloti bo‘lganida, bundan g‘azablangan bo‘lardik," dedi u.

Ilm-fan vaziri lord Vallans bu jarayonni "tartibga solishni bekor qilish" deb ta’riflashga e’tiroz bildirdi.

"Bu tartibga solishni bekor qilish emas, balki innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi tartibga solishdir," dedi u BBC Newsʼga.

"Bu muhim farq, chunki biz tartibga solishni innovatsiyalar ehtiyojlariga moslashtirish va byurokratiya hamda takrorlanishlarni kamaytirishga harakat qilyapmiz."

Laboratoriyada mayda hujayralardan o‘simlik yoki hayvon to‘qimalari o‘stirish orqali oziq-ovqat yetishtiriladi. Bunda ba’zan oziq-ovqat xususiyatlarini o‘zgartirish uchun genlar tahrirlanishi mumkin. Ularning foydasi shundaki, ular atrof-muhit uchun yaxshiroq va potentsial jihatdan sog‘lomroq hisoblanadi.

Hukumat laboratoriya oziq-ovqatlari ishlab chiqaruvchi shirkatlar rivojlanishidan manfaatdor, chunki ular yangi ish o‘rinlari yaratadi, iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.

Buyuk Britaniya ilm-fanda kuchli, ammo hozirgi rasmiyatchiliklar boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha sekin. Xususan, Singapur, AQSh va Isroilda tezroq ishlashadi.

Oksforddagi Ivy Farm Technologies kompaniyasi Uagyu va Aberdin Angus zotli sigirlaridan olingan hujayralardan tayyorlangan laboratoriya steyklarini bozorga chiqarishga tayyor.

Firma o‘tgan yil boshida o‘z steyklarini restoranlarga sotish uchun ruxsat olishga ariza topshirgan. Kompaniya bosh direktori doktor Harsh Amin ikki yil kutish juda uzoq muddat deydi.

"Agar biz Britaniyaning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yuqori standartlarini saqlagan holda, bu muddatni bir yildan kamroqqa qisqartira olsak, bu bizga o‘xshagan yangi kompaniyalarga ancha yordam bo‘lardi."

kristal

Surat manbasi, BBC News

Surat tagso‘zi, Laboratoriyada o‘stirilgan bu kristal ko‘rinishdan shakarga o‘xshab ketadi, lekin ancha shirinroq.

Doktor Alisiya Gremning ham shunga o‘xshash hikoyasi bor. U Londondagi Imperial kollejining Bezos markazida ishlab, shakarga muqobil mahsulot yetishtirish yo‘lini topdi. Bu usulda rezavor mevadagi gen achitqiga kiritiladi. Bu jarayon unga shirin ta’m qo‘shadigan kristallarni ishlab chiqarishga imkon beradi.

Uning aytishicha, bu mahsulot odamni semirtirmaydi va gazli ichimliklar uchun shirinlashtiruvchi sog‘lomroq vosita bo‘lishi mumkin.

Menga uni tatib ko‘rishga ruxsat berishdi. U nihoyatda shirin, biroz nordon, limon sharbatini eslatardi. Ammo doktor Gremning MadeSweetly shirkati ruxsat olmaguncha uni sota olmaydi.

"Ruxsat olish oson emas," deydi u menga.

"Bular barchasi yangi texnologiyalar bo‘lib, nazorat organlarining bularga moslashishi oson emas. Bizda mahsulotni ma’qullashning aniq bir yo‘li yo‘q, vaholanki biz aynan shuni xohlaymiz."

FSA ma’lum qilishicha, ular kelgusi ikki yilda laboratoriyada yetishtiriladigan ikkita oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini baholashni yakunlaydi hamda yangi laboratoriya oziq-ovqatlarini tasdiqlash uchun tezroq va samaraliroq tizimni yo‘lga qo‘yadi.

FSA professori Meyning aytishicha, shirkatlar mutaxassislari va olimlar bilan hamkorlikdan maqsad ilmiy jihatlarni to‘g‘ri tushunishdir.

"Bu juda murakkab bo‘lishi mumkin, shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlariga ruxsat berishdan oldin ularning xavfsizligiga amin bo‘lish uchun ilmiy tomonlarini tushunishimiz juda muhim."

Biroq Tomas xonim ta’kidlashicha, bu yuqori texnologiyali oziq-ovqatlar aytilganidek ekologik toza bo‘lmasligi ham mumkin, chunki ularni tayyorlash uchun energiya sarflanadi va ba’zi hollarda ularning sog‘liq uchun foydasi bo‘rttirib ko‘rsatilmoqda.

"Laboratoriyada yetishtiriladigan oziq-ovqatlar, aslida, o‘ta qayta ishlangan mahsulotlardir. Hozirgi kunda biz odamlarni bunday oziq-ovqatlarni kamroq iste’mol qilishga undayapmiz, chunki ular sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin," dedi u.

"Bunday mahsulotlar ilgari odamlarning ovqatlanish ratsionida bo‘lmagan."