Rossiya: Iqtisodiy forumda "rus askari oyog‘i strategiyasi" nega kerak edi? Podkast

Valadimir Putin

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, BBC muharriri
    • Reporting from, Rossiya
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Yaqinda G‘arb yetakchilari G7 va NATO sammitlariga yig‘ilgan bir paytda, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zining yillik xalqaro forumini o‘tkazdi. Peterburgdagi Xalqaro Iqtisodiy Forum rasman xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun tashkil etiladi, ammo so‘nggi yillarda G‘arb investorlarining undan chetda qolayotagni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu safargi tadbir "iqtisodiy" deb atalgan bo‘lsa-da, Stiv Rozenberg kuzatganidek, asosiy e’tibor mudofaa masalalari va Rossiyaning harbiy qudratini targ‘ib qilishga qaratildi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Tasavvur qiling, siz xorijiy investitsiyalarni jalb etish va iqtisodiyotni yuksaltirishni ko‘zlagan prezidentsiz.

Shu yo‘lda siz xalqaro forum uyushtirdingiz, o‘zingizning ta’kidingizcha, u 140 mamlakat va hududdan ishtirokchilarni jamladi.

Sahnada forum mezboni o‘laroq nima deysiz? Qanday kuchli gap aytasizki, zalni tark etayotgan mehmonlar og‘zidan tushmay qolsin? Ularga qoyil qoldiradigan, qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ladigan qanday so‘z aytish mumkin?

Peterburgdagi forumda Prezident Putin shunday dedi:

"Qayerga rus askari oyoq bossa, o‘sha yer bizniki!"

Ana shu jumladan boshlab, Rossiya matbuoti va siyosiy sharhlovchilari faqat shu gapni muhokama qilmoqda. Moskovskiy Komsomolets bu iborani "kun iborasi, hafta iborasi, hatto so‘nggi yillarning eng muhimi" deb atadi. "Bu so‘zlar bilan," deb yozadi gazeta, "Putin o‘zining siyosiy kredosi va uzoq muddatli strategiyasini aniq va lo‘nda ifoda etdi. Bu 'Rus askari oyog‘i' strategiyasi."

Peterburg Xalqaro Iqtisodiyot Forumidan

Surat manbasi, EPA

Bu iboraning iqtisodiyotga aloqasi yo‘q. U mutlaqo harbiy ambitsiyalar haqidagi bayonot edi. Aynan shunda mohiyat mujassam. 2022 yil fevralida Rossiya Ukrainga keng ko‘lamli bostirib kirganidan buyon iqtisodiy farovonlik Kreml uchun ikkinchi darajali masalaga aylangan; birinchi o‘rinda Ukrainani mag‘lub etish.

BBC
2022-yil fevralida Rossiya Ukrainga bostirib kirganidan buyon iqtisodiy farovonlik Kreml uchun ikkinchi darajali masalaga aylangan; birinchi o‘rinda Ukrainani mag‘lub etish.
Stiv Rozenberg
Batafsil maqola: bbc.com/uzbek

Peterburgdagi forum ham bu ustuvorlikni yashirmadi.

Albatta, stendlarda shirkatlar taqdimotlari, zamonaviy texnologiyalar, robotlar va sun’iy intellekt ko‘rgazmalari...

Ammo ko‘rgazma markaziga kelgan mehmonni eng avval kutib olgan narsa – tashqarida namoyish etilgan so‘nggi rus harbiy texnikalari edi. Ichkarida esa Rossiya tomonidan bosib olingan va anneksiya qilingan Ukraina hududlariga alohida stendlar ajratilib, Rossiya bayroqlari xilpirab turardi.

Forumda nafaqat Ukraina, balki Yaqin Sharqdagi urush ham ko‘pchilikning xayolida edi – bu Donald Tramp hafta oxirida Erondagi nishonlarga havo zarbasi buyrug‘ini berishidan oldin edi.

Putin asosiy nutqini boshlashidan avval asosiy zalga kirish uchun navbatda turganimda, yonimga bir rossiyalik deputat keldi:

– Ayting-chi, – dedi u, – bomba tashlamoqchimisiz?

– Qanday bomba? – deb so‘radim.

– Eron ustiga bomba tashlamoqchimisiz?

– Men hech kimga bomba tashlamoqchimasman, – dedim. – Donald Tramp haqida aytyapsizmi?

– A-ha, Tramp sizlar nima desangiz, shuni qiladi! – dedi u kulimsirab. – Britaniyaliklar uni boshqaradi. Sizlar va "teran davlat".

U kulib qo‘ydi.

Ammo Rossiya hukumati bu mavzuda mutlaqo kulib o‘tirgani yo‘q.

Eron rejimi ag‘darilishi ehtimoli Moskvada tashvish uyg‘otmoqda. So‘nggi olti oy ichida Kreml allaqachon Yaqin Sharqdagi bir muhim ittifoqchisini – Suriya prezidenti Bashar Asadni yo‘qotdi. Putin endi yana bir hamkorni boy berishni istamaydi – ayniqsa yaqinda u Eron bilan "kompleks strategik hamkorlik shartnomasi"ni imzolaganini hisobga olsak.

Biroq bu kelishuv harbiy ittifoq emas. Demak, urush chiqsa, Rossiya Eronni himoya qilishga majbur emas. Shu bois Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Kremlga tashrif buyurganida, Prezident Putinning qo‘llovi so‘zdagina edi, biroq Tehronga harbiy yordam berishga shoshilmadi.

Axir Rossiyaning o‘zi allaqachon Ukrainadagi urush botqog‘ida qolgan. Bundan tashqari, Kreml Isroil bilan ham iliq munosabatlarni saqlab qolmoqchi.

Peterburgdagi forumda qatnashgan rossiyalik deputat va televidenie boshlovchisi Yevgeniy Popov bunga shunday izoh berdi:

– Biz Isroil hukumati bilan yaxshi aloqadamiz, – dedi u. – U bizga qarshi sanksiyalar joriy etmadi va Ukrainaga qurol yetkazmadi.

Demak, Yaqin Sharqda Rossiya nozik muvozanat saqlashga urinayotgani ayon.

Nutqlari va ommaviy chiqishlarida Putin har doim o‘zini dadil va ishonchli ko‘rsatishga intilgan. Ammo bu yilgi forumda hukm surgan asosiy kayfiyat – noaniqlik edi.

Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha noaniqlik – hukumat vakillari hatto ochiqchasiga inqiroz belgilari mavjudligini tan oldi.

Ukrainadagi urush borasida noaniqlik shundaki, bu mojaro to‘rtinchi yiliga kirdi.

Yaqin Sharqdagi vaziyat ham shubhalar bilan to‘la.

Noaniqlik esa faqat Rossiyagagina xos emas. Bu haqda Peterburgdagi suhbatimizda jurnalist va jamoat arbobi Kseniya Sobchak ham gapirdi:

– Balki uch yil avval, hammasi boshlanganda, – dedi u, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini nazarda tutib, – biz "kelajagimiz qaerda?" degan savolni o‘zimizga bergandirmiz.

Ammo oradan uch yil o‘tdi, bugun ko‘ryapmizki, butun dunyo yonib turibdi. Isroil, Eron, Pokiston, Hindiston. Bugun hech kimda kelajak haqida tiniq tasavvur qolmagan.