Iqlim, havo sifati: Bolam yo‘talganida vahimaga tushadigan bo‘lib qoldim

Dehli shifoxonalariga nafas olishda qiynalayotgan bolalarning tushishi ko‘paydi(2023 yili Nyu-Dehli shahridagi shifoxonada olingan foto surat)

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Dehli shifoxonalariga nafas olishda qiynalayotgan bolalarning tushishi ko‘paydi
    • Author, Nikita Yadav
    • Author, Vikas Pandey
    • Author, Nihil Inamdar
    • Reporting from, in Delhi
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Hindiston poytaxti Dehlini qoplagan zaharli tutun bugun hech kimni ayamaydi, ammo shahar havosining yomonlashib borayotgani va takrorlanayotgan havo ifloslanishi muammosidan eng ko‘p jabr chekayotganlar bolalar bo‘layaptilar.

Ushbu holatning yaqqol misoli hech joyda bolalar shifoxonalaridek ko‘zga tashlanmaydi. Bi-bi-si bir necha kun oldin Dehli yaqinidagi Noydada shunday muassasalardan biriga tashrif buyurdi.

Shifokor qabuli yo‘lagi aksirayotgan, yo‘talayotgan yoki nafas olishda qiynalayotgan bolalarining ahvolidan xavotirga tushib navbatda turgan ota-onalarga to‘lgan.

Ko‘pchilik bolalarning oktyabr oyida mazasi qochgan, o‘shanda poytaxt havosining sifati xavfli darajaga chiqib ketgan va shifokor ko‘rigiga yozilish uchun kutish vaqti odatdagidan uzoqqa cho‘zilgan edi.

Aloqador mavzular

Zaharli havo Dehlida va Hindistonning shimoliy hududlarida har yili qishda takrorlanadigan muammo hisoblanadi.

Buning yagona sababi yo‘q, ammo shamol tezligining pasayishi, sanoat chiqindilari, avtomashina gazlari, havo haroratining sovishi va Dehli atrofidagi shtatlardagi dehqonchilik dalalarida qurigan poyalarni yoqish kabi omillar jamlanib na shunday vaziyatni yuzaga keltiradi.

O‘tgan oydan beri Dehlida havo sifati indeksi (AQI) – turli ifloslantiruvchi moddalarni, jumladan o‘pkani to‘sib qo‘yadigan PM2.5 zarrachalarini o‘lchovchi ko‘rsatkich – 300-400 oralig‘ida bo‘lib turibdi. Bu Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti inson salomatligi uchun maqbul deb tavsiya qilgan me’yordan 20 barobar yuqori.

400 dan yuqori ko‘rsatkich sog‘lom odamlarga ham ta’sir qiladi, allaqachon xastaligi bor insonlar salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, ammo PM2.5 zarrachalarining ko‘pligi hammadan ham ko‘ra bolalar va qariyalarga katta zarar yetkazadi.

Poytaxt bo‘ylab ko‘plab shifoxonalar nafas olishga yaroqsiz havo tufayli betob bo‘lgan bolalar oqimiga duch kelmoqda.

«Bu zarrachalar bolaning immunitetiga ta’sir qiladi. Chunki ularning organizmi hali rivojlanish jarayonida va hujayralar immunitet javobini berishni o‘rganishning dastlabki yillarida», dedi Noyda klinikasi pediatri doktor Shishir Bhatnagar Bi-bi-siga.

«So‘nggi yillarda bunday holatlar o‘n barobar ko‘paydi. Odatda menga shunday shikoyatlar bilan keladigan bemorlarning ulushi 20-30% bo‘lsa, havo ifloslangan mavsumda bu raqam 50-70% gacha chiqib ketadi».

Har yili hukumat kuzda havo ifloslanishini kamaytirishning favqulodda choralarini ko‘radi – qurilishni to‘xtatish, ifloslantiruvchi mashinalarni taqiqlash – tutunni kamaytirish uchun. Bu yil hatto sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun bulutlarga ta’sir qilishga harakat ham qilindi, ammo besamar.

Biroq bu choralar Dehli shahrining 20 million aholisi orasida xavotir uyg‘otgan ifloslanish inqirozini yengillashtira olmadi – ayniqsa yosh bolalarning ota-onalari orasida.

Havo harorati pasaygan paytda qattiq tutun atrofni qoplagan temir yo‘l stantsiyasida turgan bola. Lucknow, India, 23 January, 2024.

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images

Surat tagso‘zi, PM2.5 zarrachalarining ko‘payishidan eng ko‘p jabr ko‘radiganlar bolalar bo‘ladi

Xushbu Bharti, 31 yoshda, 13 noyabr tunini eslaganda hali ham titraydi – o‘shanda u bir yoshli qizalog‘i Samayrani shoshilinch yordamga olib borishiga to‘g‘ri kelgan.

"Esimda, u kuchli yo‘tal bilan uyg‘ondi va bir necha marta qusdi", deydi Bharti xonim.

U uy sharoitidagi odatiy davo choralarini qo‘llab ko‘rgan, biroq hech narsa yordam bermagan. Oxiri tun yarmida bolani shifoxonaga olib borishga majbur bo‘lgan.

"Yo‘lda Samayra hech kimga va hech narsaga reaktsiya qilmadi. Bu uning uchun odatiy holat emas edi, chunki odatda u juda sho‘x bola. Hatto boshini ko‘tarmadi. Bu hayotimdagi eng yomon lahza edi".

Shifoxonada chaqaloqqa kuchli steroidli ingalyatsiya qilindi va ikki kun davomida kislorod apparatiga ulab qo‘yldi. Keyin unga zotiljam tashxisi qo‘yildi.

Shundan beri Bharti xonim doim xavotirda.

"Bir-ikkita yo‘talsa ham, men darrov qo‘rqib ketaman».

Iqtbios

Surat manbasi, .

Samayra hozir sog‘aygan, ammo Gopal* kabi boshqa ota-onalar ham bor – u o‘tgan hafta ikki yoshli qizalog‘i Renuni* ko‘krakidagi siqilish sababli davlat shifoxonasiga olib borishga majbur bo‘ldi. Ular o‘ta xavfli havo farzandlarining sog‘lig‘iga davolab bo‘lmas darajada zarar yetkazganidan qo‘rqishadi.

"Shifokorlar menga uni bir muddat ingalyatorda ushlash kerak bo‘lishi mumkinligini aytishdi", dedi Gopal Bi-bi-siga.

Yillar davomidagi tadqiqotlar havo ifloslanishi butun dunyoda yosh bolalarga qanday halokatli ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatdi – rivojlanishning sekinlashishi, immunitetning susayishi va kognitiv qobiliyatning pasayishiga olib keladi.

Kembrij Universitetining yaqindagi tadqiqoti ham qariyb 30 million odam ma’lumotlariga asoslanib, ayrim ifloslantiruvchi moddalarga ta’sir qilish turli xil dementsiya, jumladan Altsgeymer kasalligi xavfini oshirishi bilan bog‘liqligini aniqladi.

Ortib borayotgan bunday tahdidlar Bharti xonim kabi ko‘plab ota-onalarni Dehlini tark etish haqida o‘ylashga majbur qilmoqda.

"Qizim xavfsiz nafas ola olmaydigan shaharda yashashning ma’nosi nima?", deydi u. "Erimning biznesi Dehlida, shuning uchun hamma narsani tashlab ketolmaymiz. Ammo imkoniyat paydo bo‘lishi bilan ko‘chib ketamiz".

Ayollar va bolalar Dehli havosi ifloslanishiga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirdilar. New Delhi, India, on November 9, 2025. (Photo by Bilal Kuchay/NurPhoto via Getty Images)

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ayollar va bolalar Dehli havosi ifloslanishiga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirdilar

Hozircha Hindiston hukumati Dehli shahrida xavfli havoning bolalar salomatligiga ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rdi – ochiq havoda sport mashg‘ulotlarini kechiktirish va boshlang‘ich sinflarda gibrid o‘qish tizimiga o‘tish.

Ushbu choralar moliyaviy imkoniyati bor oilalarga yordam beradi, ammo yo‘llar chetlarida yoki qashshoq mahallalarda yashaydigan ishchi tabaqa oilalarida tug‘ilgan yuz minglab kam ta’minlangan bolalarning "o‘pkalariga bo‘lgan hujum ulkan», dedi Keraladagi pulmonolog doktor A. Fathahuddin Bi-bi-siga.

Tor uylarda yashash ularni oshxona ko‘mir yoki o‘tini, avtomobillar gazlari va yaxshi shamollatilmaganidan kelib chiqadigan ifloslanishlarga ham ko‘proq yuzma-yuz qiladi. Tashqaridagi zaharli havo esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

«Bu bolalar doim yuqori darajadagi ifloslanish ta’siri ostida qoladilar, shuning uchun ularning o‘pka himoya tizimi susayadi. Agar bolalikda qolgan bu infektsiyalarni davolamasangiz, o‘pkada doimiy zarar qolishi mumkin», deydi doktor Fathahuddin.

Uning aytishicha, bir necha tadqiqotlar "etilmagan o‘pkalar"ning havo ifloslanishiga ta’siri sababli bolalikdagi infektsiyalar kattalikda tamaki chekishga o‘xshash surunkali o‘pka kasalliklariga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Doktor Fathahuddin aytadiki, imkoniyati borlar bolalarini qat’iy uy ichkarisda ushlab turishlari, ularga yetarli suv ichirishlari va tashqarida bo‘lganlarida 95% ifloslantiruvchi zarrachalarni to‘sadigan yuz niqoblarini taqdirishlari kerak.

Lekin ota-onalar bolalarni qancha vaqt uyda ushlab turish mumkin deb so‘rashadi.

"Ular o‘sayaptilar, o‘ynash uchun joy kerak. Tabiat qo‘ynida qisqa dam olish lahzalarini topishlari kerak bo‘lgan vaqtda biz ularni to‘xtatishga majbur bo‘layapmiz», deydi ona Sima*.

«Ba’zan ular norozi bo‘lishadi, ammo bizda tanlov yo‘q. Jismoniy mashq bolalarga qanchalik muhimligini bilamiz, ammo bu zaharli havodan nafas olish hisobiga bo‘lmasligi kerak", deydi u.

*Ismlar o‘zgartirilgan