Nega G‘arb ayollari shishirilgan ko‘krak va lablardan voz kechmoqda?

Katerina Krupkina amaliyotdan oldin va keyin

Surat manbasi, Katerina Krupkina

Surat tagso‘zi, Katerina Krupkina amaliyotdan oldin va keyin
    • Author, Ilona Xromlyuk qv Luis Barrucho
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 5 daq

32 yoshli ukrainalik bloger va dietolog Katerina Krupkina ijtimoiy tarmoqlarda ko‘krak implantlarini olirib tashlagani haqida gapirganida, so‘zlari shunchalik katta ta’sir qilishini hech kutmagan edi.

Uning Instagram'dagi videosi 7.5 million marta ko‘rilgan. Uning aytishicha, shundan keyin unga o‘z implantlarini oldirib tashlashni o‘ylayotgan ayollardan "mingdan ortiq" xabar kelgan.

"Kattaroq ko‘kraklar meni baxtliroq, sog‘lomroq yoki go‘zalroq qilmasligini tushundim," deydi u Bi-bi-sining Ukraina xizmatiga. Bu qarorga u yosh qizi "ko‘kragim onamniki kabi katta bo‘lishini xohlayman" deganidan so‘ng kelganini qo‘shimcha qildi.

"O‘sha lahzada men qizimga noto‘g‘ri namuna bo‘layotganimni angladim," deydi u.

Katerina yolg‘iz emas. Butun dunyoda ko‘krak implantlarini oldirib tashlashni istayotgan ayollar soni ortib bormoqda. Lekin nima uchun?

Sabablar ko‘p

Imlant ko‘kraklarni oldirish so‘nggi yillarda ko‘paydi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Imlant ko‘kraklarni oldirish so‘nggi yillarda ko‘paydi

Estetik plastik jarrohlarning dunyodagi yetakchi professional tashkiloti – Xalqaro estetik plastik jarrohlik jamiyati ma’lumotlari ko‘rsatishicha, ko‘krak implantlarini olib tashlash, ya’ni "ko‘krak eksplantatsiyasi" 2019 yildan beri 46.3 foizga oshgan.

Shu bilan birga, 1990-2000 yillarda kosmetik jarrohlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolgan ko‘krak bezlarini kattalashtirish shu davrda atigi 5.4 foizga o‘sgan va 2022 yildan 2023 yilgacha 13 foizga kamaygan.

Mutaxassislar fikricha, ko‘krak implantlarini olib tashlashning asosiy sababi estetik va kosmetikdir. Ularning aytishicha, "kichikroq, tabiiyroq ko‘rinadigan ko‘kraklar"ga moyillik paydo bo‘lgan.

"Ayollar 2025 yilda besh yoki o‘n yil oldingiga qaraganda boshqacha ko‘rinishni xohlashmoqda," deydi Amerika plastik jarrohlar jamiyatining Ijtimoiy media kichik qo‘mitasi raisi doktor Kristi Hamilton.

Aloqador mavzular:

"Biz 90 va 2000 yillarda qo‘ygan implantlar odatda juda katta edi. Hozirda implant qo‘yilgan ayollar yo o‘lchamlarini kichraytirmoqda, yoki agar ularda boshidanoq yetarli tabiiy ko‘krak to‘qimalari bo‘lsa, implantlarni butunlay olib tashlab, ko‘krakni ko‘tarish va hajmning bir qismini qaytarish uchun yog‘ ko‘chirtirmoqda," deya qo‘shimcha qiladi u va "umuman olganda, kichikroq ko‘kraklar urfga chiqqanini" ta’kidlaydi.

Rio-de-Janeyrodagi Braziliya plastik jarrohlar assotsiatsiyasi prezidenti doktor Bruno Herkenhoff ham bunga qo‘shiladi.

"Ba’zi bemorlar endi haddan tashqari kattalashtirilgan ko‘krakni istamayapti," deydi u va hozirda ko‘krak implantlarini kattalashtirish amaliyotidan ko‘ra ko‘proq olib tashlash amaliyotini o‘tkazayotganini qo‘shimcha qiladi.

Yana bir omil shundaki, "ba’zi ayollar kelajakda implantlarni almashtirish zaruratini istashmaydi," chunki implantlar odatda 10-20 yil davom etadi va keyin jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanishi va almashtirilishi kerak bo‘ladi.

Doktor Herkenhoff, shuningdek, ko‘krak implantlari kasalligi va avtoimmun reaktsiyalar kabi asoratlar haqida xabardorlik ortgan. Shu bois ba’zi ayollar implantlarini olib tashlashga yoki umuman qo‘ydirmaslikka qaror qilmoqda.

"Hozirda silikon kasalligi va avtoimmun reaktsiyalar haqida ko‘proq ma’lumotlar bor. Organizm silikonga reaktsiya ko‘rsatib, bo‘g‘imlarda og‘riq, soch to‘kilishi va vazn ortishi kabi alomatlar paydo bo‘lishi mumkin."

Uning aytishicha, implantlar bilan bog‘liq ba’zi saratonlar ham paydo bo‘lishi mumkin.

"U implant atrofidagi kapsulada shakllanishi mumkin. Tashxis qo‘yilganda, odatda kapsulani olib tashlash muammoni hal qiladi."

"Bu juda kam uchraydigan, ammo real holat," deya qo‘shimcha qiladi u.

Katerinada o‘sha implantlardan biri bor edi va uning aytishicha, implantlarini olib tashlash qarori "o‘n baravar kuchaygan," vaholanki, hech qanday tibbiy tekshiruvlar uning saraton kasalligiga chalinganini aniqlamagan edi.

Getty Images
Yuzni go‘zal qilish uni badbashara qilishga aylandi. Ko‘pchilikning yuzi bir xil bo‘lib qoldi. Endi bemorlar mubolag‘asiz, tabiiy ko‘rinishni xohlashmoqda.
doktor Kristi Hamilton
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

"Biroq, menimcha, bu ayollarning implantlarini oldirib tashlashining asosiy sababi emas. Menimcha, bu ko‘proq estetik diddagi o‘zgarish," deydi doktor Hamilton.

Uning ta’kidlashicha, ko‘krak implantlari texnikasidagi o‘zgarishlar ham ko‘krak implantlarini olib tashlash tendentsiyasini keltirib chiqarishi mumkin.

Uning aytishicha, eski usullarda implantlar mushak ostiga joylashtirilgan, bu esa odatiy harakatlar paytida notabiiy ko‘rinishga olib kelgan.

"Eski implantlari bo‘lgan ayollarni ko‘rganingizda, bu ko‘pchilik uchun katta muammo edi – ular mashq qilayotganda, kimnidir quchoqlayotganda yoki hatto yoga bilan shug‘ullanayotganda implantlari yon tomonga siljib ketardi."

Uning aytishicha, yangi usullar implantlarni mushak oldiga joylashtiradi, bu esa shaklni tabiiylashtiradi.

Kengroq trend

amaliyot

Surat manbasi, Getty Images

Ikkala mutaxassis ham tabiiy ko‘rinishga intilish kengroq tus olganini ta’kidlaydi.

"Bu yuz, burun, ko‘krak va butun tana," deydi doktor Hamilton.

Ularning aytishicha, ilgari to‘ldiruvchilar va botoks kabi ba’zi kosmetik muolajalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish notabiiy natijalarga olib kelgan, bu esa bemorlarning qarashlarini o‘zgartirishga majbur qilgan.

"Hammamiz juda ko‘p to‘ldiruvchi ishlatilganda notabiiy ko‘rinadigan misollarni ko‘rganmiz," deydi doktor Hamilton.

"Yuzni go‘zal qilish uni badbashara qilishga aylandi. Ko‘pchilikning yuzi bir xil bo‘lib qoldi. Endi bemorlar mubolag‘asiz, tabiiy ko‘rinishni xohlashmoqda," deya qo‘shimcha qiladi doktor Herkenhoff.

Aloqador mavzular:

Doktor Hamiltonning ta’kidlashicha, uning ko‘plab bemorlari to‘ldiruvchilardan butunlay voz kechmoqda, ayniqsa, yangilar.

"Ilgari ushbu muolajani o‘tkazmagan ko‘plab bemorlar ularni sinab ko‘rishga umuman qiziqmayapti, chunki ular bu vosita oqibatlarini ko‘rishgan."

Uning qo‘shimcha qilishicha, ilgari tez-tez to‘ldiruvchi in’ektsiyalari zarurligi aytilardi, bu esa salbiy natija bergan.

"Bizga: "O, har uch-olti oyda to‘ldiruvchi qilish kerak", deyishganda, menimcha, bu estetika sohasi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato edi... Bu odamlar borgan sari g‘alati ko‘rina boshlagani uchun salbiy natija berdi."

Natijada bemorlar endi nozikroq muolajalarga e’tibor qaratmoqda, deydi u.

Ommalashayotgan yangi muolajalar orasida ortiqcha hajmsiz teri sifatini yaxshilaydigan kollagen stimulyatsiyasi bor, deydi doktor Herkenhoff.

Kollagen organizmda eng ko‘p uchraydigan oqsil bo‘lib, suyaklar, teri, mushaklar va paylarda uchraydi. Biroq yosh ulg‘aygan sari uning miqdori kamayib boradi.

"Tabiiy" ko‘rinish realligi

Muttaxassislarning aytishicha, so‘nggi yillarda lab shishirish kabi kosmetik protseduralar ommalashganidan so‘ng, bemorlar endi ancha yumshoq va nozik usullarni tanlamoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Muttaxassislarning aytishicha, so‘nggi yillarda lab shishirish kabi kosmetik protseduralar ommalashganidan so‘ng, bemorlar endi ancha yumshoq va nozik usullarni tanlamoqda

Katerina ko‘krak implantlarini oldirgandan so‘ng, lablarini ham tabiiy o‘lchamga keltirdi va ajinlarni yashirish uchun botoksdan foydalanishni to‘xtatdi.

"Men harakatlarim trendga aylanishini va ayollar o‘z tashqi ko‘rinishiga ortiqcha e’tibor bermasligini orzu qilaman," deydi u.

Dunyoning yetakchi kosmetika kompaniyasining yuqori lavozimli vakili Bi-bi-siga sanoat "tabiiy go‘zallik tendentsiyasi"ga umid bog‘layotganini tasdiqladi.

Biroq, "bu go‘zallik mahsulotlariga kamroq pul sarflash yoki kosmetik muolajalardan voz kechish degani emas, aksincha, qiyofani shunday sayqallash kerakki, u tabiiy ko‘rinsin hamda tabiiy xususiyatlarni kuchaytirsin," deydi ular.

2023 yilda global go‘zallik bozorida chakana savdo 446 milliard dollargacha o‘sdi, bu 2022 yilga nisbatan 10 foizga ko‘p, deyiladi McKinsey hisobotida Euromonitor bozor tadqiqotlari kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha: "Ayollar hali ham pardoz qilishmoqda, ammo "tabiiy ko‘rinish" degani kamroq pardoz degani emas – bu silliq ko‘rinishni saqlab qolgan holda toza teri illyuziyasini yaratadigan mahsulotlardan foydalanishdir."

Tibbiyot mutaxassislari ta’kidlashicha, tabiiy ko‘rinishga o‘tish odamlar jarrohlik va nojarrohlik kosmetik muolajalardan voz kechishini anglatmaydi.

"Biz shunchaki yuzga hajm qo‘shish o‘rniga, endi taranglashtiradigan va qayta shakllantiruvchi muolajalarga e’tibor qaratmoqdamiz," deydi doktor Hamilton.

Xalqaro estetik plastik jarrohlik jamiyati statistik ma’lumotlariga ko‘ra, plastik jarrohlar tomonidan 2023 yilda dunyo bo‘ylab 15.8 million jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, bu 2022 yilga nisbatan 5.5 foizga ko‘pdir. Jarrohlik bo‘lmagan amaliyotlar ham shu davrda qariyb 2 foizga oshgan.