O‘zbekiston: Moturidiy yodgorligi uchun UNESCO himoyasidagi binolar buzib tashlangan, bir kitob uchun uch kunlik hurlik (dayjest)

Surat manbasi, gazeta.uz
Samarqand shahrida Islom olamida taniqli Hanafiy olim Imom Abu Mansur al-Moturidiy yodgorlik majmuasini kengaytirishga qaror qilingan, shu maqsadda shaharning tarixiy markazidagi G‘ijduvon ko‘chasida yuzlab uylar buzib tashlanayotgani xabarlari tarqalayapti.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahrining qoq markazi UNESCOning jahon merosiga rasman kiritilgan, G‘ijduvon ko‘chasidagi binolarni huquq himoyachilari tarixiy ahamiyatga ega binolar deb bilishadi va noyob mahalla vayron etilayotganidan bong urishayapti.
O‘zbekistondagi gazeta.uz veb-nashri Al-Moturidiy yodgorlik majmuasini kengaytirish maqsadida Samarqand shahrining tarixiy qismi buzilgani haqida maqola e’lon qildi.
gazeta.uz muxbiri suhbatlashgan mahalliy samarqandliklar o‘zlariga nisbatan noqonuniy harakatlar bo‘layotganidan shikoyat qildilar.
Veb-nashr 2016 yil iyulida qurilish ishlari paytida UNESCOning Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konventsiyasi talablari buzilganligi sababli, UNESCO Umumjahon merosi qo‘mitasi Shahrisabz tarixiy markazini xavf ostidagi Umumjahon merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritish haqida qaror qabul qilganini eslatadi.

Surat manbasi, gazeta.uz
Qaysi muammolar Senat e’tiboriga tushdi?

Surat manbasi, Telegram/Oliy Majlis Senati
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi 4 sentyabr kuni boshlandi.
Majlis Senatning YouTube platformasidagi kanalida jonli namoyish etildi.
Bu yil O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini qancha yosh mutaxassis bitirib diplomlarini oldi, qanchasi ish topdi?
O‘zbekiston Senati bu yilgi bitiruvchilarning ayrimlarini ish topishlarida yordamlashishga kirishgan, yalpi majlisda shu kungacha 31 mingdan ortiq yoshning ish topgani, bu yo‘lda qanday muammolar borligi, munosib daromadli ish o‘rinlarini barpo etish, bir viloyatdan boshqa viloyatga borib ishlashni istaganlar uchun davlat imtiyozlari yo‘lga qo‘yilgani aytildi.
Senat raisi Tanzila Norboeva bu yilgi tajriba keyingi yil bitiruvchilarini ishga joylashtirishda asqotishi mumkinligini eslatdi.

Surat manbasi, .
Mobil telefonim puli qayoqqa ketdi?
O‘zbekiston Senati o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklarning mobil telefonlari hisoblaridan milliardlab so‘m odamlarning o‘zlarining roziligisiz yechib olinayapti, bu narsadan ko‘pchilik norozi.
Senat majlisida bugun O‘zbekistonda mobil aloqa foydalanuvchilarining soni 36 millionni tashkil etishi xabar qilindi.
Shu kunlarda O‘zbekiston aholisining soni 38 millionga yetdi, agar bolalar va mobil telefondan foydalanmaydiganlar chiqarib tashlansa, bir kishida bir necha sim-kartasi ro‘yxatga olingan mobil telefon borligi anglashiladi.
Mamlakatda Telegram juda mashhur hisoblanadi, kimdir mobil telefoniga kelgan xabardagi ilovaga bosishi bilan qandaydir kontent xizmatiga ulanib qoladigan vaziyat yuzaga kelgan.
Senat majlisida aytilishicha, bu narsa mobil aloqa operatorlari bilan kontent provayderlar o‘rtasida kelishilgan, ko‘p hollarda noqonuniy amaliyot tufayli yuz berayapti.
Hozir O‘zbekistonda foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yo‘nalishini tartibga soladigan alohida normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi aniqlangan.
Senat majlisida tegishli mutasaddi vazirlik rahbariyatidan izoh talab qilindi, bunga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Kitobxonlik - ozodlik garovi
O‘zbekiston Senati mamlakat qamoqxonalaridagi mahkumlarga o‘qigan bitta kitobi uchun jazo muddatini uch kunga qisqartirish qonunini ma’qulladi.
Senat qaroriga ko‘ra, ushbu tartib faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Senat O‘zbekistonning Jinoyat Kodeksi, Jinoyat-protsessual Kodeksi, Jinoyat-ijroiya Kodekslariga o‘zgartirishlar kiritdi.
Xabar qilinishicha, mahkumlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda to‘g‘ri ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisalar va ushbu kitoblarni o‘qigani imtihon orqali tasdiqlansa, jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkin.
Senat, shuningdek, mamlakat yo‘llarida yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish maqsadi ko‘zlangan muhim qonunni ham ma’qulladi.
Xususan, viloyatlar o‘rtasida kirakashlik bilan shug‘ullanadigan taksichilarning talabdagidek dam olishi, so‘ng yo‘lga chiqishiga e’tibor qaratildi.
Senatda O‘zbekistonda 2024 yili 9364 yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergani, shundan 351 tasi haydovchining rulda uxlab qolishi oqibatida ro‘y bergani ta’kidlandi.
Oqibatda 189 inson halok bo‘lgan, 285 kishi yaralangan.












