Rossiya yanada keskin ketdi, endi o‘zbekistonliklarga qiyin bo‘ladimi?

Putin va aksariyat postsovet davlatlari liderlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Rus tilining mavqei va maqomi rasmiy Moskvaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarida ham diqqat-markazda turgan, o‘zaro tashriflar manzarasida xosan tilga olinuvchi, ta’bir joiz, e’tirof va e’tirozlariga molik mavzulardan biri bo‘ladi.
O'qilish vaqti: 6 daq

So‘nggi xabar O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan aloqalarini yanada kuchaytirish, yangi sifat va bosqichga olib chiqish, yirik iqtisodiy bitimlarga kirishish sa’y-harakatlari manzarasida olindi. Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga safaridan qisqa vaqt o‘tmay Putinning Toshkentga sim qoqqani ham xabar qilingandi.

Shu kunlarda Moskvaga amalga oshirgan davlat tashrifi arafasida Kreml Qozog‘iston prezidentining Donald Tramp bilan telefon suhbati tafsilotlariga ham qiziqish bildirgan.

Shu oy boshida Vashington mezbonlik qilgan "Markaziy Osiyo+AQSh" formatining navbatdagi sammiti ham Kreml tarafdori bo‘lgan sharhlovchilarning e’tiboridan chetda qolmagan, ular buni mintaqani Rossiyadan uzoqlashtirishga qaratilgan keng qamrovli harakatning bir qismi sifatida baholashgan.

Markaziy Osiyoning Tramp ma’muriyati boshchiligidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikning yangi bosqichiga intilayotgani postsovet makonida ham o‘ziga e’tibor tortgani, "Rossiya endi o‘tmishi bilan faxrlana olmasligi, mintaqaga Boeing taklif eta olmasligi, Markaziy Osiyo buyog‘iga Sharq bilan G‘arbdan birini tanlamasligi, balki ularning manfaatlarini uyg‘unlashtirib, geosiyosiy raqobatni o‘z taraqqiyoti uchun "yoqilg‘i"ga aylantirishi"ga oid xabarlarga ham zamin yaratgani ko‘rilgandi.

Aynan Rossiya hozir ham aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari aholisi uchun eng yirik tashqi mehnat bozori bo‘ladi.

Yuz minglab fuqarolari Rossiyadan ortga yuborib kelayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar bu mamlakatlar hukumatlari uchun har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib, ta’bir joiz, himoya kamari vazifasini bajarib keladi.

Boshqa tomondan, xuddi shu narsa, yillarki, O‘zbekiston va qolgan Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining siyosiy, geosiyosiy va geoiqtisodiy bosimini o‘tkazishda rasmiy Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri bo‘ladi.

Yana nima bo‘ldi?

Rossiya ko‘chalaridagi ikki migrant

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiyada haydovchilik qilish shartlari bilan bog‘liq har qanday xabar va yangilik O‘zbekiston nashrlarining diqqat-e’tiboridagi mavzulardan biri ekani ko‘riladi.

Xabarlarda aytilishicha, Rossiya endi xorijiy haydovchilik guvohnomalarini olish shartlarini qat’iylashtirgan.

Bundan buyog‘iga faqat rus tili rasmiy maqomga ega davlatlarning haydovchilik guvohnomalarini tan olishlarini aytgan.

Qolgan mamlakatlar fuqarolarining imtihon topshirishlari taqozo etilishi va shundan keyingina ularning haydovchilik guvohnomasi olishlari mumkinligini bildirgan.

Вячеслав Володин
druzhinin aleksei/tass
Rossiya Federatsiyasida xorijiy haydovchilik guvohnomalarini tan olishda rus tilini bilish fundamental masala...
Vyacheslav Volodin
Rossiya Davlat Dumasi spikeri (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Ma’lum bo‘lishicha, xorijliklarni ko‘zda tutuvchi yangi cheklovlar haqida Rossiya Davlat Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qilgan.

Kecha, payshanba kuni Rossiyadan olingan ayni mazmundagi xabarlar O‘zbekistonda ham e’tibordan chetda qolmagan, yangilik endi Rossiyada O‘zbekiston haydovchilik guvohnomalari o‘tmaydi, degan talqinda eng ko‘p sarlavhalarga chiqqan.

Agar, Rossiya tomonining yaqinda taqdim qilgan ma’lumotlariga tayanilsa, hozir Rossiya iqtisodiyotining turli tarmoqlarida 1.1 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qiladi.

Haydovchilik ham ular Rossiyada eng ko‘p band sohalardan biri bo‘ladi.

Rossiyada haydovchilik qilish shartlari bilan bog‘liq har qanday xabar va yangilik O‘zbekiston nashrlarining diqqat-e’tiboridagi mavzulardan biri ekani ko‘riladi.

So‘nggi yangilik hozircha Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikistonlik haydovchilarning Rossiyada o‘z davlatlarining haydovchilik guvohnomasi bilan harakatlana olishlari mumkinligini anglatadi.

Vyacheslav Volodin esa Rossiya Federatsiyasida xorijiy haydovchilik guvohnomalarini tan olishda rus tilini bilish fundamental masala ekanligini qo‘shimcha qilgan.

So‘nggi yangilikka O‘zbekiston tomonining rasmiy munosabati hozircha ma’lum emas.

Ammo ayni mazmundagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklarning anchayin keskin salbiy va hafsalalari pir bo‘lganini ifodalovchi mazmundagi munosabatlariga sabab bo‘lgan.

Voqealarning so‘nggi rivoji ham o‘tgan yili Moskvaning Krokus Siti Hollida yuz bergan va Markaziy osiyolik migrantlar qilganlikda ayblanayotgan qonli hujum ortidan Rossiyaning kuchayib borayotgan aksilmigratsion siyosati manzarasida kuzatilgan.

Ayni siyosat doirasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va ko‘rilayotgan choralar allaqachon O‘zbekiston ilova mintaqaning aksariyat davlatlari poytaxtlarida jiddiy xavotirlarni paydo qilmay qolmagan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Rossiya, rus tili

Lavrov

Surat manbasi, Россия ТИВ

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bir guruh faollar tomonidan mamlakatda rus tiliga milliy til maqomini berish taklifi ilgari surilgan.

Bu kabi bir tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar, jiddiy e’tirozlar va "Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning o‘zini bir qayta ko‘rib chiqib, bunaqa "mulohaza"larga o‘rin qoldirmaydigan holga keltirish kerak"ligiga qadar fikru qarashlarga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonlik mas’ullarning mamlakatda O‘zbek tilining mavqe’ini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari va til masalasi esa shundoq ham ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortib keladi.

Rus tilining mavqei va maqomi esa rasmiy Moskvaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarida ham diqqat-markazda turgan, o‘zaro tashriflar manzarasida xosan tilga olinuvchi, ta’bir joiz, e’tirof va e’tirozlariga molik mavzulardan biri bo‘ladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri shu yil aprel oyida Samarqanddagi "Motamsaro ona" majmuasidagi yozuvlar orasidan ham rus tilidagisini qidirgan, uning nega yo‘qligi bilan oshkora qiziqqan.

Sergey Lavrovning Samarqanddagi e’tirozi ham o‘shanda jamoatchilikning keskin noroziligiga olib kelgandi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri esa Samarqanddagi matbuot anjumani chog‘ida migrantlarning rus tilini bilish kerakligini eslatgan.

"Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari rus tili va Rossiya qonunlarini bilishi kerak", deb aytgan.

Agar, o‘tgan oy Rossiya tomoni e’lon qilgan raqamlarga tayanilsa, ishlash uchun ruxsatnoma yoki patent olish maqsadida bo‘lgan migrantlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i birinchi urinishda rus tili imtihonidan o‘ta olmagan.

Ma’lumotlar joriy yilning iyulidan sentyabrigacha bo‘lgan oraliqni o‘z ichiga olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, birinchi darajadagi attestatsiya Rossiyada ishlash ruxsatnomasini olish uchun talab qilinadi va faqat til bilish imtihonini o‘z ichiga oladi.

Shu yilning aprelida endi migrant bolalarning ham rus tilidan imtihonsiz maktabga qabul qilinmasliklariga oid xabarlar chiqqan.

1 apreldan boshlab esa, Rossiyada bir yil va undan ko‘proq vaqt davomida fuqarolik, yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash uchun vaqtinchalik ruxsatnomaga ega bo‘lganlar uchun xorijiy haydovchilik guvohnomalari bekor bo‘lishiga oid xabarlar mintaqadagi yetakchi nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortgan.

Mazkur xabarlarda ularning transport vositasini boshqarishni davom ettirish uchun endi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspektsiyasida (GAI) nazariy imtihon topshirishlari va Rossiya haydovchilik guvohnomasini olish kerak bo‘lishi, agar-da, haydovchi hujjatlarni almashtirmasa, uning 15 ming rublgacha jarimaga tortilishi, shuningdek, Rossiya guvohnomasini olguncha haydovchilikdan chetlatilishi aytilgan.

Orada Rossiyada Rossiya haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan xorijlik haydovchilarga o‘z ixtisosligi bo‘yicha ishlashni taqiqlovchi qonunning kuchga kirganiga oid xabarlar ham olingan.

So‘nggi yillarda Rossiyaning turli mintaqalaridan migrantlarning taksichilik qilishlari taqiqlanayotganiga oid xabarlarning soni-da ortgan.

Aloqador mavzular:

Rossiya, O‘zbekiston va migratsiya

Moskvadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari
Surat tagso‘zi, Postsovet hududidagi iqtisodi eng yirik va vizasiz Rossiyaga tashqi mehnat migratsiyasi mintaqada aholisi eng kattasi bo‘lgan (rasman 37 milliondan ziyod) O‘zbekistonda bugun ham nisbatan dolzarb ekani ko‘riluvchi ishsizlik va kambag‘allik muammosining eng imkonli va eng amaliy yechimlaridan biri bo‘ladi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa, Sergey Lavrovning Samarqandga shu yil aprelida qilgan o‘sha tashrifi arafasida O‘zbekistonning YevroOsiyo Iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat sifatida hamkorligini ham olqishlashlarini aytarkan, o‘z o‘rnida, mazkur ittifoqqa to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi Toshkentga katta afzalliklar berishi, ko‘plab cheklovlarni avtomatik ravishda olib tashlashi, tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakatini sezilarli darajada soddalashtirishini ham ta’kidlab o‘tgan.

O‘shanda ham buning qatorida "rus tilining mavqeini asrash" masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Postsovet hududidagi iqtisodi eng yirik va vizasiz Rossiyaga tashqi mehnat migratsiyasi mintaqada aholisi eng kattasi bo‘lgan (rasman 37 milliondan ziyod) O‘zbekistonda bugun ham nisbatan dolzarb ekani ko‘riluvchi ishsizlik va kambag‘allik muammosining eng imkonli va eng amaliy yechimlaridan biri bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidentining o‘tgan yil Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi manzarasida yangragan raqamlarga tayanilsa, 2016 yilga qadar Rossiyada o‘rtacha to‘rt va hattoki olti million nafargacha o‘zbekistonlik mehnat muhojirligida band bo‘lgan.

Bugunga kelib esa, bu raqam bir millionga tenglashgan.

Bu rasmiy Toshkentning yangicha migratsion siyosati, o‘z fuqarolari uchun tashqi mehnat bozorlarini turfalashtirish, ular uchun mamlakatning o‘zida yangi ish o‘rinlarini yaratish sa’y-harakatlarining natijasimi yoki koronavirus pandemiyasi, Ukraina urushi yoxud Krokusdagi qonli hujum oqibatlari - prezident matbuot kotibining mahalliy televizion kanallardan biriga bergan qisqa suhbati tafsilotlaridan sababi noayon qolgan.

O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyadagi mehnat muhojirligi nazarda tutilganda, noqonuniysi ham alohida e’tiborga molik voqe’lik bo‘lib kelgan.

Rossiyadagi faollar ularning sonini rasmiysidan bir necha barobar ko‘p, deya taxmin etishgan.

Krokusdagi qonli hujum ortidan esa, Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibini joriy etishga qaratilgan chaqiriqlargacha yangragan.

Voqealarning xuddi shu kabi rivoji fonida Rossiyadan keyin o‘zbekistonliklar uchun yirik tashqi mehnat bozorlari bo‘lib kelayotgan Qozog‘iston va Turkiyada ham Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga qarshi tekshiruvlarning kuchayganiga oid xabarlar olingan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi postlaridan Turkiyadan hatto qonuniy mavqe’da bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ham ortga deportatsiya qilish hollarining ortib borayotgani anglashilgan.

Turkiya hatto fuqarolari Krokusdagi hujumning asosiy ayblanuvchilari va gumondorlari sifatida ko‘rilayotgan Tojikiston misolida aksar aholisi chetda mehnat muhojirligida band bir Markaziy Osiyo davlati bilan viza tartibini bekor qilishgacha borgan.

Bu ham o‘shanda O‘zbekiston ilova aksariyat mintaqa davlatlarida ko‘pchilikning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lmay qolmagan.

Xuddi shu manzarada Moskvaning o‘zida yangragani bo‘ladimi, Dushanbe yoki poytaxt Toshkentda - Rossiya tomoni va prezidentining migrantlar masalasidagi nekbin va’dalari ham qanchalik amaliy ekani misolida hozircha mintaqadagi barchani o‘ziga ishontira olmagan.