Qashshoqlikdan qutulish uchun olmos qidirayotgan minglab hindistonliklar orzusiga etyaptimi?

Prakash Sharma 50 yildan beri olmos qazib oladi

Surat manbasi, BBC Hindi

Surat tagso‘zi, Prakash Sharma 50 yildan beri olmos qazib oladi
    • Author, Vishnukant Tivari
    • Role, Bi-bi-si Hind xizmati
  • O'qilish vaqti: 4 daq

“Olmos qidirmasam, o‘zimni kasal his qilaman. Bu xuddi giyohvand modda kabi”.

Prakash Sharma, 67 yoshda, olmos haqida shunday ishtiyoq bilan gapiradiki, bu ishtiyoq so‘nggi ellik yil davomida uning hayotini belgilab kelgan.

Hindistonning Markaziy Madhya Pradesh shtatidagi olmos qidiruvchisi sifatida u kunning ko‘p qismini Panna tumanidagi konlarda o‘tkazadi.

Panna mamlakatning eng qoloq hududlaridan hisoblanib, aholisi qashshoqlik, suv tanqisligi va ishsizlik bilan kurashib keladi. Ammo bu er Hindistonning aksariyat olmos zaxiralari joylashgan hudud sifatida olmos ovchilari uchun asosiy manzil bo‘lib qolmoqda.

Ko‘pgina konlar markaziy hukumat tomonidan boshqarilsa-da, mahalliy hukumat har yili istiqbolli konchilarga erning kichik qismlarini arzon narxlarda ijaraga beradi. Tuman mamlakatning yagona mexanizatsiyalashgan olmos koniga ega.

Biroq, ilgari katta va noyob olmos topilmalari bilan mashhur bo‘lgan Panna konlari hozirda xarobaga aylangan. Yillar davomida haddan tashqari ko‘p qazish tufayli zaxiralari kamaygan.

Ushbu pasayishga qaramay, umidvor konchilar izlanishlarni davom ettirmoqda.

Ular topgan olmoslarini hukumatning olmos idorasiga topshirishlari kerak bo‘ladi, u erda toshlar baholanadi va kimoshdi savdosida sotiladi.

Royalti va soliq ushlab qolingandan so‘ng, tushgan mablag‘lar konchilarga qaytariladi, bu ularning mashaqqatli mehnatlari uchun achchiq va shirin mukofotdir.

Janob Sharma olmos qazishni 1974 yilda, maktabni tugatganidan keyin, otasining izidan borib boshlagan. Uning otasi o‘z qishlog‘ida mashhur olmos qidiruvchisi bo‘lgan.

Uning tezda omadi chopgan va 6 karatlik olmos topgan, bu esa 50 yil avval katta boylik hisoblanardi.

Uning aytishicha, bu unda yana ko‘proq izlanish istagini uyg‘otgan.

“Men kam maoshli davlat ishiga kirishdan ko‘ra, shu ishni davom ettirishni istadim,” deydi u.

Pannada olmos qidirish avloddan avlodga o‘tib kelmoqda

Surat manbasi, BBC Hindi

Surat tagso‘zi, Pannada olmos qidirish avloddan avlodga o‘tib kelmoqda

Sharma minglab yosh va qari erkaklar qatorida bo‘lib, ular kunlarini konlarda boylik topish va qashshoqlik doirasidan chiqish umidida o‘tkazadi.

Konchilar tongni shag‘allarni qazish bilan boshlaydilar. So‘ngra ular olmos izlab, shag‘allarni yuvib, quritib, elakdan o‘tkazadilar va quyosh botgunga qadar ishlaydilar. Ularning oilalari yordam keladi.

Bu jismonan mashaqqatli ish — lekin Panna odamlari uchun bu hayotlarining ajralmas bir qismi, suhbatlarining mavzusi va yaxshi kelajak umidlaridir.

Ko‘pchilik uchun olmos ovlash bu avloddan avlodga o‘tib kelayotgan oilaviy an’anaga aylangan.

BBC
Men maoshi kam davlat ishiga kirishdan ko‘ra, shu ishni davom ettirishni istadim. Olmos qidirmasam, o‘zimni kasal his qilaman. Bu xuddi giyohvand modda kabi.
Prakash Sharma
Olmos qidiruvchi, 67 yosh (Batafsil: bbc.com/uzbek)

58 yoshli Shyamlal Jatav bunday oilalardan biridir. Uning bobosi bu ishni boshlagan va endi uning o‘g‘li ham bu ishni davom ettiradi. U o‘qishi bilan birga konlarda ham vaqtincha ishlaydi.

Jatavning aytishicha, bobosi ko‘p olmos topgan, ammo o‘sha davrda ular ko‘p pulga sotilmagan.

Ammo hozirgi vaqtda bu toshlar o‘nlab million rupiyga sotiladi.

Raja Gound omadi chopgan kam sonlilardan biridir. Kasbiga ko‘ra mehnatkash bo‘lgan Gound katta qarzga botib turgan paytida iyul oyida katta 19,22 karatlik olmos topdi.

U olmosni hukumat kimoshdi savdosida taxminan 8 million rupiyga (95 178 dollar) sotdi.

Goundning aytishicha, u olmos topish umidi bilan o‘n yildan ortiq vaqt davomida konlarni ijaraga olgan.

Konchilar Panna konlarida olmos izlab 10 soatdan ortiq vaqtini sarflaydi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Konchilar Panna konlarida olmos izlab 10 soatdan ortiq vaqtini sarflaydi

Hindiston har doim olmos sanoatida muhim rol o‘ynagan. 3000 yildan ortiq vaqt davomida u dunyoning yagona olmos manbai bo‘lgan.

XVIII asrga kelibgina Braziliya va Janubiy Afrikadagi topilmalar vaziyatni o‘zgartirgan.

Ammo Pannaning olmoslar markazi sifatidagi merosi hanuz davom etmoqda.

Tumanning Majgavan koni, davlat nazorati ostidagi Milliy Mineral Taraqqiyot Korporatsiyasi (MMTK) tomonidan boshqariladi va mamlakatning yagona tashkil etilgan olmos qazib olish manbai hisoblanadi.

MMTK 1968 yilda qazishni boshlagan va 2024 yilga kelib, 1,3 million karatdan ortiq olmos qazib olgan.

Pannada har qanday odam, ya’ni kam mablag‘ evaziga olmos qazishi mumkin, ammo ko‘pchilik topgan olmoslarini rasmiy yo‘l orqali sotishdan qochadi.

Bi-bi-si Hind xizmatiga bir nechta mahalliy aholi noqonuniy qazib olingan olmoslar uchun katta bozor borligini aytdi, ammo savdo ko‘lamining aniq raqamlari noma’lum.

O‘z ismini oshkor qilmagan qora bozor sotuvchisi, odamlar soliqlardan qochish va to‘lovlarni tezroq olish uchun topilmalarini noqonuniy ravishda sotishini aytadi.

“Agar ular rasmiy kanallar orqali borishsa, olmos kimoshdida sotilgandan keyingina pullar to‘lanadi, bu esa ba’zida yillab vaqt olishi mumkin”, deydi u.

Panna konchilik bo‘limining xodimi Ravi Patelning aytishicha, rasmiylar noqonuniy savdolarni oldini olish choralarini ko‘rgan, ammo ularni kuzatib borish qiyin, chunki qazib olingan olmoslarning aksariyati nisbatan kichik va yuqori narxga ega emas.

Rasmiylar hukumat kimoshdi savdosiga topshirilgan olmoslar soni kamayganini tan oladi.

2016 yilda ofis 1133 ta olmos qabul qilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu raqam atigi 23 tani tashkil etgan.

Panna hukumati olmos baholovchisi Anupam Singxning aytishicha, qazishga qo‘yilgan cheklovlar bu pasayishning sababi bo‘lgan.

“O‘rmon xo‘jaligi departamenti muhim hududlarni belgilab, ularni olmos ovchilari uchun yopiq hududlarga aylantirdi”, deydi janob Singx.

Pannadagi ayollar erlariga olmos qazishda yordam beradi

Surat manbasi, BBC Hindi

Surat tagso‘zi, Pannadagi ayollar erlariga olmos qazishda yordam beradi

Panna yo‘lbarslar qo‘riqxonasida 50 dan ortiq yo‘lbars yashaydi va hukumatning ularning populyatsiyasini saqlab qolishga qaratilgan so‘nggi sa’y-harakatlari konchilar uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltirdi.

Ilgari o‘rmonli hududlarda, jumladan, qo‘riqxonaning bufer zonasida faoliyat yuritgan olmos qazuvchilari endi u erda qazishdan man etilgan va ular qo‘lga tushsa, qattiq jazoga duch kelishadi.

Ammo qiyinchiliklar va to‘siqlarga qaramay, minglab erkaklar yassi konlarda ishlashda davom etmoqda va taqdirini o‘zgartirishga umid bilan yashab kelishmoqda.

Prakash Majumdar 2020 yilda Covid-19 lokdauni paytida o‘zining barcha mehnat va dehqonchilik ishlarini yo‘qotgach, olmos qazishni boshlagan.

Umidsiz va oilasini boqish uchun kurashayotgan janob Majumdar bir oy ichida 2,9 million rupiylik olmos topgan.

O‘shandan beri ko‘p narsa o‘zgardi — uning oilasi endi beton uyga ko‘chib o‘tgan va u qishloqning saylangan boshlig‘iga aylangan.

Shunga qaramay, uning yanada ko‘proq topishga bo‘lgan tinimsiz izlanishi davom etmoqda.

“Olmos ovlash hayotimning bir qismi bo‘lib qoladi va boylik topmagunimgacha shu erda qolaman”, deydi u.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002