Ukraina Rossiya bombardimonchilariga qarshi "O‘rgimchak to‘ri" hujumini qanday amalga oshirdi?

Prezidenti Volodimir Zelenskiy Vasil Malyuk bilan qo‘l siqishdi.

Surat manbasi, Ukraine Presidential Press Service/EPA-EFE/Shutterstock

Surat tagso‘zi, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya harbiy aerodromlariga qarshi operatsiya haqida hisobot bergan Xavfsizlik Xizmati (UXX) rahbari Vasil Malyuk bilan qo‘l siqishdi.
O'qilish vaqti: 5 daq

Bu g‘ayrioddiy topqirlik, misli ko‘rilmagan ko‘lam va bir yarim yillik tayyorgarlik bilan amalga oshirilgan hujum edi.

1 iyun kuni 100 dan ortiq Ukraina dronlari Rossiyaning ichkarisidagi aviabazalarga zarba berib, yadroviy qurol tashishga qodir uzoq masofali bombardimonchilarni nishonga oldi.

"O‘rgimchak to‘ri" deb nomlangan operatsiyaning ko‘lami, u boshlanishi bilanoq yaqqol namoyon bo‘ldi.

Rossiyaning bir nechta vaqt zonalarida - Arktika doirasi ustidagi Murmanskdan tortib, Ukrainadan 8000 km dan uzoqroq masofadagi Amur viloyatigacha portlashlar qayd etildi.

Aloqador mavzular:

Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiyaning besh hududida – Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amurda hujumlar sodir bo‘lganini tasdiqladi.

Uchoqlarga faqat Murmansk va Irkutskda zarar yetganini, boshqa joylarda esa hujumlar qaytarilganini ma’lum qildi.

Hujumdan ko‘p o‘tmay e’lon qilingan fotosuratlarda Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Vasil Malyukning aerodromlarning sun’iy yo‘ldosh xaritasiga qarab turgani aks etgan bo‘lib, unda Rossiya tomonidan sanab o‘tilgan joylardagi bazalar aniq ko‘rinadi.

Xaritaga qaragan harbiy

Surat manbasi, .

Harbiy operatsiya

Malyukning aytishicha, dronlar Rossiyaga yuk mashinalarining orqa qismiga o‘rnatilgan yog‘och kabinalar ichida, masofadan boshqarilib ochiladigan tomlar ostida yashirincha olib kirilgan.

Keyin uzoqqa yuk tashiydigan fura mashinalari, yukidan bexabar bo‘lgan haydovchilar tomonidan aviabazalar yaqinidagi joylarga olib borilgan; so‘ngra, dronlar uchirilgan va nishonlariga yo‘naltirilgan.

Internetda tarqalayotgan videolarda bu operatsiyada o‘zi bilmay ishtirok etgan furalarning birining tomidan dronlar chiqib kelayotgani ko‘rsatilgan.

Rossiyaning "RIA Novosti" davlat nashri tomonidan intervyu olingan yuk mashinasi haydovchilaridan biri, u va boshqa haydovchilar yuk mashinasidan uchayotgan dronlarni toshlar bilan urib tushirishga harakat qilganini aytdi.

"Ular yuk mashinasining orqa qismida edi va biz ularni uchib ketmasin deb, to‘xtatib qolish uchun tosh otdik", dedi u.

Rossiyaning xavfsizlik xizmatlari bilan aloqasi borligi ma’lum bo‘lgan Telegram kanali "Baza"ning tasdiqlanmagan xabarlariga ko‘ra, dronlar uchgan yuk mashinalarining haydovchilari Rossiyaning turli joylariga yog‘och kabinalarni yetkazib berish uchun tadbirkorlar tomonidan yollanganliklari haqida bir xil gaplar aytishgan.

Dronlar va yuk mashinalarning rasmlari

Surat manbasi, .

Ba’zilari esa keyinchalik yuk mashinalarini qayerga qo‘yish bo‘yicha telefon orqali qo‘shimcha ko‘rsatmalar olganliklarini aytishdi.

Ko‘rsatmalarga amal qilishgach esa, furalarning tomidan dronlar uchib chiqayotganini ko‘rib hayratda qolishgan.

Yakshanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda g‘alaba ruhidagi xabarini ulashgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy (operatsiyani bevosita nazorat qilgan) ushbu jasoratli hujumda 117 ta dron ishlatilganini va unga "bir yil, olti oy va to‘qqiz kun" tayyorgarlik ko‘rilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nishonga olingan joylardan biri Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) ofislaridan birining yonida joylashgan.

Xarita

Surat manbasi, .

Garchi Zelenskiy operatsiyani amalga oshirishga yordam bergan shaxslar Rossiya hududidan olib chiqilganini va ularning hozir xavfsiz ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, Rossiya hujumga aloqador shaxslarni hibsga olganini ma’lum qildi.

Hozir o‘chirib tashlangan Telegram postida Irkutsk viloyati Ust-Kut shahri mahalliy hokimiyat organlari "Belaya" harbiy aerodromiga qilingan dron hujumi bilan bog‘liq holat yuzasidan Ukrainada tug‘ilgan 37 yoshli shaxsni qidirayotganliklarini ma’lum qildi.

Rossiyaning "Belaya" harbiy havo bazasi

Surat manbasi, .

Dronlar

UXX tomonidan e’lon qilingan tasvirlarda o‘nlab kichik qora dronlar ombordagi yog‘och kabinalarga saranjomlik bilan joylashtirilgani ko‘rsatilgan.

Rossiyalik harbiy bloggerlar bu joy Chelyabinskda deb belgilashmoqda.

Buyuk Britaniyalik dron mutaxassisi doktor Stiv Rayt Bi-bi-siga bergan intervyusida Rossiya samolyotlariga zarba berish uchun ishlatilgan dronlar nisbatan og‘ir yuk ko‘tara oladigan oddiy kvadrokopterlar ekanligini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu hujumni juda g‘ayrioddiy qilgan narsa ularni Rossiyaga yashirincha olib kirilishi, so‘ngra masofadan turib uchirish va boshqarish qobiliyati bo‘lib, bu sun’iy yo‘ldosh yoki internet orqali uzatilgan aloqa orqali amalga oshirilgan degan xulosaga kelgan.

Zelenskiyning aytishicha, uchirilgan 117 ta dronning har birining o‘z uchiruvchisi bo‘lgan.

UXX dronlari

Surat manbasi, SBU

Surat tagso‘zi, UXX dronlari

Doktor Rayt, shuningdek, dronlarning GPS yordamida uchib kelgan bo‘lishi mumkinligini, ammo Rossiyaning mahalliy shovqinlarga qarshi choralarini masofadan turib dronlarni qo‘lda boshqarish orqali ham yengib o‘tgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Doktor Rayt, shuningdek, dronlarning GPS yordamida uchib kelgan bo‘lishi mumkinligini, ammo Rossiyaning mahalliy radio shovqin tizimlarini masofadan turib dronlarni qo‘lda boshqarish orqali ham yengib o‘tgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Kiev dronlarning qaysi ishlab chiqaruvchiniki ekanligi haqida ma’lumot bermagan, ammo urush boshlanganidan beri Ukraina dron ishlab chiqarishda juda ilgarilab ketdi.

Bu operatsiyada ishlatilgan dronlar mamlakatda ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin.

Nishonlar

"Rossiya o‘ta sezilarli yo‘qotishlarga uchradi va bu haqli ravishda shunday bo‘ldi", dedi Zelenskiy o‘zining tungi videomurojaatida.

Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, 41 ta strategik bombardimonchi nishonga olingan va kamida 13 tasi yo‘q qilingan.

Moskva ba’zi samolyotlarga zarar yetganini aytishdan tashqari, hech qanday yo‘qotishlarni tasdiqlamadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining zarar ko‘rgan samolyotlar soni bo‘yicha ma’lumotlarini oshkor etmagan bo‘lsa-da, Bi-bi-si tomonidan tasdiqlangan videolar Murmanskdagi Olenegorsk aviabazasida va Irkutskdagi "Belaya" aviabazasida shikastlangan samolyotlarni ko‘rsatadi.

Hujumda nishonga olingan strategik raketa tashuvchi bombardimonchilar, boshqalar qatorida, Tu-95, Tu-22 va Tu-160 bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Ularni ta’mirlash qiyin bo‘ladi va ishlab chiqarishda bo‘lmaganligi sababli, yangilashning ham iloji yo‘q.

Capella Space tomonidan ulashilgan radar sun’iy yo‘ldosh tasvirlari "Belaya" aviabazasida kamida to‘rtta jiddiy shikastlangan yoki yo‘q qilingan Rossiyaning uzoq masofali bombardimonchilarini aniqladi.

Bu Ukraina dronlarining Tu-95 bombardimonchisiga qilingan hujumni ko‘rsatuvchi tasvirlariga ham mos keladi.

"Urush qonun-qoidalariga ko‘ra, biz mutlaqo qonuniy nishonlar – harbiy aerodromlar va tinch shaharlarimizni bombardimon qiladigan samolyotlarni yo‘q qilish rejasini ishlab chiqdik", dedi UXX rahbari Vasil Malyuk.

Capella Space, 1-iyu

Surat manbasi, .

Tu-95 bombardimonchilari o‘tgan hafta ham Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli Kh-101 raketa hujumini amalga oshirgani aytilmoqda. Har bir bombardimonchi sakkizta boshqariluvchi qanotli raketani va har bir raketaning o‘zi 400 kg jangovar kallakni tashiydi.

A-50 harbiy josus samolyotlari ham nishonga olingani xabar qilingan. Bu samolyotlar Rossiyaning Ukraina raketalarini to‘xtatib qolish va zarba berish qobiliyatini oshiruvchi qimmatli havo vositalaridir.

Rossiyada qancha A-50 borligi noma’lum, ammo 2024 yil fevral oyida harbiy razvedka rahbari Kirilo Budanov sakkizta deb aytgan edi, shuning uchun har qanday yo‘qotish yoki shikastlanish Moskva uchun jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

Getty
Albatta, hozirgi paytda hamma ma’lumotlarni oshkor qilib bo‘lmaydi, lekin bular shubhasiz tarix kitoblariga kiradigan Ukraina harakatlaridir.
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti (batafsil: BBC.COM/UZBEK da)

Ijtimoiy tarmoqdagi postida UXX "O‘rgimchak to‘ri" operatsiyasi Rossiyaga 7 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi.

Rossiya davlat OAVlari hujumlar haqida qat’iy sukut saqladi, yakshanba kungi asosiy teleko‘rsatuvlar shunchaki mintaqaviy hokimiyat organlarining bayonotlaridan iqtibos keltirdi.

Dushanba kuni ertalabga kelib, bu voqea yangiliklar dasturlaridan g‘oyib bo‘ldi.

Internetda va undan tashqarida ukrainaliklar bayram qilishdi, bir kishi operatsiyani "Titanik" deb atadi.

"Albatta, hozirgi paytda hamma ma’lumotlarni oshkor qilib bo‘lmaydi," deb yozdi Zelenskiy Telegramda, "lekin bular shubhasiz tarix kitoblariga kiradigan Ukraina harakatlaridir."