Otashkesim kuchga kirishi arafasida Isroil 73 g‘azolikni o‘ldirdi - video

Surat manbasi, EPA
15 yanvar tunida Isroil bilan Hamas o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganlari haqidagi xabar g‘azoliklar hamda yaqinlari ozod etilishiga umid qilgan isroilliklarni quvontirdi.
G‘azoda odamlar shodu-xurramlik, raqslar bilan bu xabarni bayram qilayotganlari videolari tarqaldi.
G‘azoliklar sulhni o‘z g‘alabalari sifatida qarshi olmoqdalar.
16 yanvar tongida G‘azodagi Hamas boshqaruvidagi tibbiyot mulozimlari otashkesim sulhi e’lon qilinganidan keyin Isroil uyushtirgan zarbalar 73 insonni o‘ldirgani xabarini tarqatdilar.
G‘azo shahri janubida vaqtinchalik boshpana bo‘lib xizmat qilgan sobiq maktab binosiga hujum oqibatida 20 bola, 25 ayol halok bo‘lgan.
G‘azo: Sulhga nima bo‘ladi - video
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Shuningdek, payshanba tongida Hamas bilan sulhni ma’qullashi kutilgan Isroil hukumati majlisi qoldirilgani xabari tarqaldi.
Xabarlarga ko‘ra, Bosh vazir Benyamin Netanyahu Hamasni eng so‘nggi daqiqalardagi yon bosishlarni talab qilayotganlikda ayblagan.
Bi-bi-si muxbirlariga gapirgan Qatar poytaxti Dohadagi Hamas vakillari sulhdan chekinmayotganlari, kelishuvda o‘rtaga qo‘yilgan shartlardan voz kechmaganlarini aytdilar.
Isroil bilan Hamas o‘rtasidagi sulhning bor tafsiloti hali to‘la e’lon qilingani yo‘q.
Biroq asosiy nuqtalari - o‘t ochishni to‘xtatish, G‘azo bo‘lgasidan Isroil armiyasini olib chiqib ketish va Hamas garovga olgan isroilliklarni ozod etishni o‘z ichiga olgan.
Sulh uch bosqichdan iborat ekani xabarlari tarqaldi.
Birinchi bosqich 42 kundan iborat bo‘lishi, ana shu fursat ichida Hamas garovda ushlab turgan isroilliklarni ozod qilish ko‘zda tutilgani xabar qilinmoqda.
Bi-bi-siga gapirgan Hamas rahbarlaridan biri boshida uch isroillik ayol askarni qo‘yib yuborish rejalanayotganini aytdi.
Ilk bor Isroil bilan Hamas o‘t ochishni to‘rt kunga, 2023 yil 22 noyabrida keldishdilar.
O‘shanda garovdagi 50 isroillik Isroil qamoqxonalarida ushlab turilgan 150 falastinlik ozod etilishi evaziga qo‘yib yuborilgan edi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden ushbu sulh o‘zi 2024 yil mayida ilgari surgan loyiha asosida bo‘layotganini aytdi.
Sulh bo‘yicha muzokaralar uzoq cho‘zildi, ham Isroil va ham Hamas bir-birini sulhga erishishni ortga surib kelayotganlikda yoki qabul qilib bo‘lmas shartlarni ilgari surishda aybladilar.
Bi-bi-si tahlilchisi Jeremi Bouen bu sulh fursati o‘tib ketganiga ancha bo‘lgan sulh deydi.
Ayrim diplomatlar sulhning 42 kunlik ilk bosqichi tugaganidan keyin janglar yana boshlanib ketishi mumkinligidan xavotir ham bildirmoqdalar.
"G‘azo urushi butun Yaqin Sharqqa bemiqyos oqibatlar keltiradi", deya mulohaza yuritadi Bi-bi-si siyosiy tahlilchisi Bouen.

Surat manbasi, .
Ko‘plab qo‘rqqanidek G‘azo urushi butun mintaqa bo‘ylab yoyilgan urushga aylanib ketmadi, bu Bayden ma’muriyatining xizmatidir, lekin u geosiyosiy silkinishlarga yetakladi.
Hamas bugun ham jang qilishga qodir, lekin hozir avvalgi Hamasning soyasi qoldi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa vaziri Xalqaro Jinoyat sudi tomonidan urush jinoyatlarini sodir etishda ayblandilar.
Xalqaro Adolat sudi esa Janubiy Afrika respublikasi ilgari surgan Isroilning genotsid sodir etgani ishini tergov qilmoqda.
Livandagi Hizbulloh guruhi urushga qo‘shilganidan keyin oxir-oqibat Isroil hujumlari oqibatida yakson etildi.
Ushbu omil Suriyadagi Asad rejimi qulashiga sabab bo‘ldi.
Eron bilan Isroil bir-birlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qildilar, bu Eron kuchsizlanishiga yetakladi.
Tehron "Qarshilik O‘qi" deb atagan ittifoqchilari majruh qilindi.
Yamandagi Husiylar Yevropa bilan Osiyo o‘rtasida qatnaydigan kemalarning aksarini Qizil dengizdan o‘tmaydigan qildi.
Mana endi tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, Husiylar ham o‘zlarining otashkesimlarini e’lon qilganlar.
Urush boshlanganida kemalarga ham hujum qilishni boshlagan Husiylar faqat G‘azodagi otashkesim o‘zlarini to‘xtatishini aytgandilar.
Shubhasiz buzilishi bo‘lishiga qaramasdan, agar omad, siyosiy iroda va qattiq diplomatik harakatlar bilan otashkesim saqlanib qolishi mumkin.
Omad bilangina u qotilliklarni to‘xtatishi, Isroillik garovdagilar va falastinlik tutqunlarni oilalari bag‘riga qaytarishi mumkin.
Ammo bir asrdan ortiq davom etayotgan mojaro G‘azodagi 15 oylik urushdan keyin har qachongidan ham achchiq va bo‘ysunmas bo‘ldi.
Otashkesim mojaroga yakun yasamaydi. Bu qadar vayronagarchilik va o‘limlarning oqibatini kamida bir necha avlod his qiladi, deydi Bi-bi-si siyosiy tahlilchisi Jeremi Bouen.












