Ramzan Qodirov va oilasi Chechenistonni qanday boshqarayapti va bu hukmronlik qanchaga cho‘zilishi mumkin?

- Author, Muxbirlar bo‘limi
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 15 daq
Chechenistondagi hokimiyat tizimi ota Qodirov va o‘g‘il Qodirov shaxsiga sig‘inish asosiga qurilgan. Ramzan Qodirov uchun bu bir vaqtning o‘zida ham yaxshi, ham yomon: bir tomondan, hamma unga bo‘ysunadi, boshqa tomondan – u bo‘lmasa, yaqinlarining ahvoli ne kechishi dargumon. Turli manbalar xabar berishicha, respublika rahbarining sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagan bir vaziyatda u o‘z qarindoshlarini hokimiyat tuzilmalaridagi lavozimlarga tayinlashga intilmoqda. Bi-bi-si rus xizmati hisob-kitobiga ko‘ra, Qodirovning 80 dan ortiq qarindoshi Chechenistonda yuqori lavozimlarni egallab turibdi.
Adam birinchi marta uylandi
27 iyunь kuni Chechenistonning Axmat-Yurt qishlog‘ida (ilgari Sentoroy edi) to‘y bo‘ldi. Shundan bir necha kun oldin qishloqqa kirish yo‘li to‘sib qo‘yildi – faqat mehmonlar o‘tishi mumkin edi.
Kuyov o‘z to‘yiga Mercedes-Benz G-Class limited seriyasida keldi – dunyoda bunday avtomobillar soni atigi 460 ta, avtomobilning boshlang‘ich narxi esa 190 ming dollarni tashkil etadi. Sanksiyalar tufayli bunday mashinani Rossiyaga rasman olib kirish mumkin emas, ammo Qodirovlar oilasining qadrdon qishlog‘i bo‘lmish Axmat-Yurtda o‘z qonunlari amal qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qisqa videoda kuyov to‘pponcha ushlagan qo‘lini ko‘tarib, havoga bir necha marta o‘q uzadi. Shu payt uning qo‘lida Jacob & Co.ning noyob soati ko‘rinadi. Billionaire ASHOKA narxi 2 million dollardan ortiq.
2012 yildayoq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov chechen to‘ylarida o‘q otishni taqiqlagan edi: "Bizda ilgari otishardi. Bu to‘y karvonlarining harakati paytida bo‘lardi. Biz otishni qat’iyan taqiqladik, endi bu qoidani buzish juda kamdan-kam uchraydi," degan edi u o‘shanda. Ammo bu safar, aftidan, "kamdan-kam uchraydigan" holat yuz berdi – kuyov Ramzan Qodirovning o‘z o‘g‘li edi.

Surat manbasi, Instagram
"Ukam Adam uylanyapti," deb yozdi Qodirovning to‘ng‘ich qizi Ayshat Rossiyada taqiqlangan Istagram'da. So‘ng aniqlik kiritdi: "Adam birinchi marta uylanyapti!"
Bu izoh bejiz emas: "Novaya gazeta Yevropa" 2024 yil iyun oyida Checheniston rahbarining uchinchi o‘g‘li Adam Qodirov bir yil oldin, atigi 16 yoshida rafiqasi bilan shar’iy nikoh o‘qitganini da’vo qilgan edi. O‘sha kuni ikkinchi o‘g‘li, o‘sha paytda 17 yoshli Zelimxon (Eli) ham uylangan. Agar to‘y karvonidagi mashina yo‘lda boshqa mashinaga urilmaganida, ehtimol, o‘sha tantanalar haqida hech kim bilmagan bo‘lardi.
Nima uchun Adam uchun rasmiy to‘y faqat bir yil o‘tgach tashkil etilganiga hech kim aniqlik kiritmadi, ammo "Novaya gazeta. Yevropa" nashri bunga prezident Vladimir Putinning to‘y arafasida o‘smir bilan uchrashishni istamaganini sabab qilib ko‘rsatmoqda – go‘yoki Kremlda Adam juda yosh ekanligini aytishgan.
Bu yil Putin Adamni nihoyat qabul qildi, uchrashuv "iliq va samimiy o‘tdi," shundan so‘ng Chechenistonda rasmiy tantana bo‘ldi.

Surat manbasi, RAMZAN KADYROV
Ayshat Qodirovaning yozishicha, Adamning rafiqasi ismi Medni – kelinni ko‘rgan Bi-bi-si manbasi tushuntirishicha, u Qodirovlarning eng yaqin safdoshlaridan biri Adam Delimxonovning nabirasi. "Agentlik" nashri ta’kidlashicha, nikoh tuzilgan paytda qiz atigi 14 yoshda bo‘lgan – Rossiyada rasman 18 yoshdan boshlab nikohga ruxsat beriladi, ammo "uzrli sabablar mavjud bo‘lsa," mahalliy hokimiyat bunga ham ruxsat berishi mumkin.
YouTubeda yetti yil oldingi saqlanib qolgan, unda kichkina qizaloq – taxminlarga ko‘ra, Medni – bobosini tug‘ilgan kuni bilan tabriklamoqda.
Shunday qilib, Ramzan Qodirov o‘g‘lini uylantirib o‘zining eng yaqin safdoshlaridan birining oilasi bilan qarindosh bo‘ldi.
Kaltaklash uchun mukofot
Adam Ramzan Qodirovning eng janjalkash farzandidir.
Aynan u ikki yil oldin Grozniy qamoqxonasida avvaliga Qur’onni yoqish tufayli dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilgani uchun, keyinroq esa Ukraina Xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgani uchun sudlangan Nikita Juravelni kaltaklagan edi.
Respublika rahbari kaltaklash videosini o‘zi joylashtirdi va o‘g‘lining harakatlarini ma’qulladi.

Adamga nafaqat hech qanday ayblov qo‘yilmadi, balki saxiylik bilan mukofotlandi – odam kaltaklaganidan bir necha kun o‘tgach, unga Checheniston Qahramoni unvoni berildi, buni e’lon qilgan Adam Delimxanov esa kichik Qodirov "o‘ta savodli, har tomonlama bilimli va intiluvchan yigitning yorqin namunasi" deb atadi.
Ko‘p o‘tmay, Adam Qodirov Checheniston rahbarining xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, buni Delimxonov Ramzan Qodirovning sevimli o‘g‘li uchun "sha’n va qadr-qimmat tushunchalari birinchi o‘rinda turishini" hisobga olsa, shunday bo‘lishi "mutlaqo qonuniy" deb atadi. Adam hatto "Rossiya rekordlari kitobi"ga mintaqa rahbari xavfsizlik xizmatining eng yosh rahbari sifatida kiritildi – bu lavozimga u 15 yoshida tayinlangan, bu esa umuman Rossiyaning mehnat qonunchiligiga ziddir.
2025 yil 31 mart kuni Ramzan Qodirov Adamni IIV mintaqaviy boshqarmasi kuratori etib tayinladi.
Bu shtatli lavozim emas, balki maqom bo‘lsa-da, o‘smirga IIV tezkor yig‘ilishlarida qatnashish va asosiy lavozimlarga nomzodlarni tasdiqlash imkonini beradi.

Surat manbasi, .
Bir oy o‘tar-o‘tmas Adam yana ko‘tarilib, Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egalladi.
Adamning karera yo‘li Ramzan Qodirovning o‘zinikiga o‘xshaydi: avval shaxsiy gvardiya, keyin IIV kuratorligi, so‘ng Xavfsizlik Kengashidagi (Adam kabi) yoki hukumatdagi (Ramzan kabi) lavozim.
Kuch tuzilmalarini nazorat qilish – Chechenistonda oliy hokimiyatga erishishning asosiy yo‘li, shuning uchun ekspertlar aynan Adamni Ramzan Qodirov o‘ziga voris sifatida tayyorlayotganini taxmin qiladilar.
Hashamatli to‘y marosimi esa chechen jamiyati va Kreml nazarida vorisning voyaga yetganini anglatishi kerak.
Vaqtincha mehnatga layoqatsiz
Checheniston siyosiy maydonidagi o‘zgarishlar, jumladan, respublika rahbari farzandlarining karerasidagi tez o‘sishlar Ramzan Qodirov uchun burilish yili bo‘lgan 2019 yildan keyin boshlandi – o‘shanda u "vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik" tufayli ta’tilga chiqqan edi.
Qodirov buni "ozgina holsizlik, isitma va gripp" bilan izohladi.
Bir yil o‘tib, 2020 yil yanvarda Qodirov yana ta’tilga chiqdi – yana "vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik" tufayli.
2023 yilda esa uch marta "ta’tilda" bo‘ldi va Vladimir Putinning Moskvadagi federal murojaatnomasida qatnashmadi.
2024 yilda ham murojaatnomani o‘tkazib yubordi – Qodirov translyatsiya skrinshotlarini joylashtirdi, shundan ma’lum bo‘ldiki, u buni Chechenistondan kuzatgan, zalda esa shaxsan faqat Adam Delimxonov bo‘lgan.

Surat manbasi, Vyacheslav Prokofyev/KREMLIN
Bi-bi-sining Checheniston hukumati vakili bilan aloqada bo‘lgan suhbatdoshi (xavfsizlik masalasi sababli bu odamning lavozimini ochiqlay olmaymiz) o‘shanda Qodirov jiddiy kasallikka chalinganini aytgan edi.
"Novaya gazeta Yevropa" ma’lumotlariga ko‘ra, bu oshqozon osti bezi nekrozi. 2023 yilda ushbu nashr jurnalistlari uning ahvoli yomonlashgani, shu sababli Checheniston rahbari kasalxonaga yotqizilgani va nashr manbasi ta’kidlashicha, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangani haqida xabar bergan – uning ta’tillari shu bilan izohlangan. O‘shanda xorijdan efirga chiqayotgan ba’zi chechen blogerlari Qodirov tez orada vafot etishini bashorat qilgan edi.
Katta Qodirovning jamoat joylaridan muntazam g‘oyib bo‘lishi fonida 2023 yil mart oyida Vladimir Putin to‘satdan Ramzanning 17 yoshli to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmad Qodirov bilan uchrashdi. O‘shanda blogerlar bu uchrashuvda o‘ziga xos ramziylikni ko‘rishdi – bu otasi o‘ldirilgandan keyin 2004 yilda Kremlga kelgan Ramzanni eslatardi.

Surat manbasi, RAMZAN KADYROV
O‘shanda hech kim o‘smirning Checheniston rahbari lavozimiga da’vogar ekaniga jiddiy ishonmagan, ammo o‘sha paytda Ramzan Qodirovning farzandlari haqiqatan ham rasmiy xabarlarda tez-tez tilga olina boshlagan edi.
Sport vaziri hech qachon yutqazmaydi
Ramzan Qodirov "agar o‘ziga biror narsa bo‘lsa va yaqinlarining mavqeini oshirish uchun barcha qarindoshlarini respublikadagi turli lavozimlarga joylashtirmoqchi", deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan anonimlikni so‘ragan Checheniston siyosati bo‘yicha ekspert.
Masalan, Ramzan va Medni Qodirovlar nikohidan tug‘ilgan birinchi o‘g‘li Ahmad 2022 yildan boshlab karera pillapoyasida faol ko‘tarilmoqda: 16 yoshida u viloyatda yoshlar siyosati bilan shug‘ullangan, 2024 yilda esa jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimini egallab, tez orada "Ahmat" futbol klubini ham boshqara boshlagan. Ehtimol, Ramzan Qodirovning nazarida bu mantiqiy tayinlovdir: 10 yoshidayoq Ahmad MMA bo‘yicha xalqaro turnirda debyut qilgan va sport faoliyati davomida raqibi oyoqda mustahkam turgan bo‘lsa ham, yutqazmaganligi bilan tanilgan.
Ramzan Qodirov vorislikka aynan to‘ng‘ich o‘g‘lini tayyorlashi mantiqan to‘g‘ridek ko‘rinadi, ammo chechen modelida to‘ng‘ichlik emas, balki insonning ma’lum vazifalarni bajarishga qanchalik qodirligi Qodirovning nazarida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ahmadning "fuqarolik" jamoatchilik qiyofasi bor, bu qiyofa dastlab uning janglardagi ishtirokiga asoslangan va 2022 yildan keyin Ahmad ommaviy axborot vositalarida asosan yoshlar ijtimoiy va sport yo‘nalishlari vakili sifatida ko‘rina boshladi. Ahmad zo‘ravonlik bilan bog‘liq ommaviy janjallarga aralashmagan, huquq-tartibot idoralari bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Uning vazir sifatida omma oldidagi qiyofasi ko‘proq tinchliksevar bo‘lib, bu Checheniston siyosatida mintaqa rahbari uchun nomunosib yumshoqlik hisoblanadi.

Ikkinchi katta o‘g‘li Zelimxan (Eli) – "Axmat" jang klubi bosh direktori, shuningdek, Checheniston boks federatsiyasi prezidenti. Ahmat singari, Eli ham yoshligidan janglar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan, ammo keyinchalik kichik Adam kabi lavozimlarni olmagan, Checheniston rahbari vafotidan keyin mintaqa va Qodirovlar urug‘i taqdirini hal qiladiganlarning nazarida ahamiyatsizroq sport sohasida qolgan. Eli oilasiga boshqa yo‘l bilan – nikoh orqali yordam berdi. Uni senator Sulaymon Geremeevning qiziga uylantirishdi*, shu tariqa Qodirov yana bir nufuzli chechen oilasi bilan quda-anda bo‘ldi.
Muammo shundaki, federal qonun mintaqa rahbari faqat 30 yoshdan oshgan Rossiya fuqarosi bo‘lishi mumkinligini belgilaydi. Ahmad atigi 19 yoshda, Eli 18 yoshda, Adam esa 17 yoshda. Amaldagi qonunga ko‘ra, agar Adam otasining o‘rnini egallashni istasa, 2038 yilgacha kutishi kerak bo‘ladi.
Shu sababli, uzoq vaqt davomida bu mintaqa uchun kutilmaganda, garchi vaqtinchalik bo‘lsa-da, ayol merosxo‘r bo‘lishi mumkin, degan fikr mavjud edi.
Parij podiumidan – Bosh vazir o‘rinbosari kursisiga
2020 yil fevrali. Ramzan Qodirov Qrim anneksiyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun olti yildan beri Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida turgan edi. O‘shanda uning qizi, Firdaws moda uyi rahbari, 21 yoshli Ayshat Qodirova Parijda ko‘rsatuv oldidan Bi-bi-si jurnalistiga shunday degan edi: "To‘plamning asosini tog‘lar, osmon va edelveys tashkil etadi. Bu gul sevgi va sadoqat ramzidir. Sakkiz yil oldin otam onamga bir dasta edelveys sovg‘a qilayotganini ko‘rganman. Bu gullarni topish uchun otam uch kun tog‘da qolishiga to‘g‘ri kelgan! O‘shanda men bu voqeani moda tili orqali ifodalashni xohladim."
Checheniston rahbarining qizi Firdaws'ga atigi 17 yoshida rahbarlik va musulmon kiyimlari brendini targ‘ib qilib, ommaviy axborot vositalarida faol ko‘rina boshlagan. Bungacha Ayshat o‘zining yagona yutug‘i – 14 yoshida Qur’onni yod olgani bilan tanilgan edi.
Ayshat jurnalistlar bilan muloqot qilishdan tortinardi, yonida unga javoblarni aytib turadigan odamlar bor edi, o‘zi esa noqulay jilmayib: "Men shunchaki o‘zimni qo‘lga ololmayapman", derdi.

Surat manbasi, LUCAS BARIOULET/AFP via Getty Images
Ayshatga Parijdan uch yil oldin, 2017 yilda, respublikada bu tabu bo‘lishiga qaramay, Grozniyda erotik ayollar ichki kiyimlari va intim aksessuarlar do‘konini ochishga to‘sqinlik qilmadi. Chechenistonda rasman bunday ish bo‘lmaganini aytishdi, Ayshatni esa "Iymonli va oilaviy qadriyatlarga hurmat hukmron bo‘lgan" jamiyatda qiz, singil yoki turmush o‘rtoq qanday bo‘lishi namunasi deb atashdi.
Ayshat 21 yoshida siyosatga jalb qilina boshladi. U dastlab madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, bir yildan so‘ng esa vazir lavozimini egalladi.
"Shunchaki qarindoshim bo‘lgani uchun hech kimni tayinlamayman. [...] Uddalay olmagan har qanday vaqtda uni ishdan bo‘shataman. U bu lavozimni tark etadi, uning uchun bir umrga dog‘ qoladi, shuning uchun bu uning uchun katta mas’uliyat," deya uning tayinlanishini izohlagandi otasi.
Ramzan Qodirovning fikricha, qizi o‘zini yaxshi ko‘rsatdi: so‘nggi bir necha yil ichida u Chechenistonda ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi, jumladan, "Inson huquqlarini himoya qilgani uchun" medali (tushuntirishda mukofot "fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qo‘shgan katta hissasi uchun" berilgani aytiladi, ammo Ayshat bu huquqlarni qanday himoya qilgani noma’lum), II darajali "Vatan oldidagi xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR esa unga "Do‘stlik ordeni"ni topshirdi.

Surat manbasi, DENIS PUSHILIN
2023 yil oktyabrь oyida 24 yoshli Ayshat Checheniston hukumati raisi o‘rinbosari bo‘ldi – bu Qodirov urug‘i uchun eng muhim tayinlovlardan biri edi. Bu lavozimning o‘zi Ramzan Qodirovning qizi respublikadagi moliyaviy oqimlarning katta qismi – federal byudjetdan ijtimoiy dasturlar, qurilish, ta’lim, ijtimoiy nafaqalar to‘lash va sog‘liqni saqlash uchun ajratiladigan mablag‘lar uchun mas’ul ekanini ko‘rsatadi.
Shunday mas’uliyatli lavozimda bo‘lishiga qaramay, Ayshat tez-tez intervyu bermasdi - – uni "Grozniy TV" lavhalarida ko‘rsatishgan, ammo aksar videolarda u gapirmaydi.
Internetda uning ayrim mavzularda, masalan, chechen to‘ylari an’analari yoki yangi madaniyat vazirini tayinlash haqidagi fikrlari aks etgan bir nechta qisqa videolarni topish mumkin.
Qashshoqlik chegarasidan pastda
Bir yildan ortiq ish faoliyati davomida Ayshat Qodirova chechen o‘qituvchilari va yozuvchilarini mukofotlar bilan rag‘batlantirishni taklif qildi, Moskvaga Bosh vazir o‘rinbosari Golikova bilan uchrashuvga bordi, Ukraina bilan urushda halok bo‘lgan chechenlarning farzandlariga Chechenistonning asosiy moliya organi – Ahmad Qodirov fondidan 10 ming rubldan pul topshirdi. Respublika rahbari jamg‘armaga pullarni chechen tadbirkorlari xayriya qilishini ta’kidladi, biroq jamg‘arma chechen byudjet xodimlari ish haqidan majburiy ajratmalar orqali "moliyalashtirilgani" haqida ko‘plab dalillar bor.
Chechenistonda ijtimoiy soha osoyishta davrini boshdan kechirmoqda, deb bo‘lmaydi. So‘nggi bir yil ichida ishsizlik biroz kamaygan bo‘lsa-da, qashshoqlik darajasi juda yuqoriligicha qolmoqda – 2023 yilda, Ayshat lavozimga kirishganida, Chechenistondagi har uchinchi oila oyiga 14 ming rubldan kamroq pulga kun ko‘rardi, ya’ni qashshoqlik chegarasidan pastda edi. Kam ta’minlanganlarning salmoqli qismini ko‘p bolali oilalar tashkil etadi: 107 mingta shunday oilaning 104 tasida uch va undan ortiq bola bor, bunday oilalarning deyarli yarmida ota-onalar rasman ishsiz hisoblanadi.

Surat manbasi, Yelena Afonina/TASS
Hatto Rossiya hududlarining ish haqi dinamikasi bo‘yicha reytingida ham ("RIA Novosti" tomonidan 2023 yilda tuzilgan) Checheniston Rossiyaning barcha hududlari orasida eng past o‘rinni egallagan (bu statistikaga anneksiya qilingan Qrim ham kiritilgan). 2024 yildagi turmush darajasi bo‘yicha esa Checheniston 85 ta hudud orasida 65-o‘rinni egallagan.
So‘nggi ikki yil ichida Checheniston sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini oshirdi (bungacha yillar davomida eng past ko‘rsatkich edi). 2025 yilda respublikada ijtimoiy sohaga viloyat umumiy byudjetining 67,2 foizi ajratilgan. Ammo mablag‘larning katta qismi ijtimoiy siyosatga yo‘naltiriladi, jumladan, xizmat paytida halok bo‘lgan harbiylar oilalarini qo‘llab-quvvatlash va "front orti mehnatkashlari" uchun kommunal xizmatlarni to‘lash kabi tadbirlar ham shular jumlasidan. Kam ta’minlanganlarni bevosita qo‘llab-quvvatlash uchun atigi 10,58 million rubl ajratilgan – bu hududning 91,22 milliard rubllik umumiy byudjetining 0,012 foizini tashkil etadi.
Ramzan Qodirov 2022 yilda Ukrainaga qarshi urushga borishdan bosh tortgan kambag‘al oilalardan chiqqan erkaklarni "tekinxo‘rlar" deb atagan edi.
"Bular ishlashni istamaydigan odamlar. Bular odam emas va umuman hech kim emas. Respublika ularga milliardlab pul sarflaydi, kommunal to‘lovlarni to‘laydi, yordam beradi, ular esa ishlashni istamay, qorin qashiydi. Ularni shanbalikka chiqarish, bepul ishlashga majburlash kerak," degan edi o‘shanda Qodirov ("Kavkaz.Realii"dan iqtibos).

Surat manbasi, Vladimir Aleksandrov/Anadolu Agency via Getty Images
Ayshat Qodirova o‘z lavozimi doirasida ushbu muammolar bilan shug‘ullanishi kerak edi, biroq fevral oyi oxirida u kutilmaganda hukumat raisi o‘rinbosari lavozimini tark etishini e’lon qildi. Bu ish "kuchli erkakka ko‘proq mos keladi," dedi u. Oradan ikki hafta o‘tgach, "Verstka" nashri Ayshat ilgari Ahmad Qodirov nomidagi jamg‘armaga tegishli bo‘lgan "Chechen mineral suvlari" kompaniyasining yagona egasiga aylanganini aniqladi. 2023 yilda kompaniya daromadi 1,4 milliard rublga yetgan.
"Buning ikkita ehtimoliy sababi bor, – deydi Shimoliy Kavkaz bo‘yicha ekspert Garold Chembers. – Birinchidan, bu muqarrar bo‘lgan narsaga yana bir qadam bo‘lishi mumkin – Ayshat Ahmad Qodirov nomidagi jamg‘armada lavozim egallaydi. To‘ng‘ich qiz sifatida onasi va buvisi izidan borishi mantiqan to‘g‘ri. Ikkinchidan, kuchli patriarxal an’analar mavjud. Uning lavozimdan ketishi boshqalarga, ehtimol, kelajakda yuqori lavozimlarga chiqishi mumkin bo‘lgan ukalariga yo‘l ochadi."
Chechenistonda Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi hamon bo‘sh turibdi.
Boshqalar ham
Rasmiy manbalarga ko‘ra, Ramzan Qodirovning 14 nafar farzandi bor, ulardan 7 nafari voyaga yetmagan. Voyaga yetgan olti nafar farzandi allaqachon boshqaruvda.
Yoshi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi 25 yoshli Xadijat Qodirova o‘tgan yil fevralida Checheniston rahbari ma’muriyatining ijtimoiy blok bilan hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egalladi. Bungacha u 2020 yildan beri Grozniy maktabgacha ta’lim bo‘limini boshqargan, u yerga bog‘cha mudirasi lavozimidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelgan. Albatta, uning ham mukofotlari bor – "Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun" va Ahmad Qodirov ordeni.

Surat manbasi, RAMZAN KADYROV
Ramzan Qodirov qondosh bo‘lmagan oila a’zolarini ham ishga joylashtirdi. Ayshatning turmush o‘rtog‘i Visxan Matsuev – Checheniston qishloq xo‘jaligi vaziri, Xadijatning turmush o‘rtog‘i Adam Alxanov – sog‘liqni saqlash vaziri.
Ahmad Qodirov ketganidan keyin bo‘shab qolgan Yoshlar ishlari vaziri lavozimini Qodirovning to‘rtinchi qizi Tabarikning turmush o‘rtog‘i Ramzan Vismuradov egalladi.
Chechenistondagi qarindosh-urug‘chilik anchadan beri yangilik emas: Bi-bi-si 2018 yil yozida o‘tkazgan surishtiruv o‘sha paytda Ramzan Qodirovning kamida 45 nafar qarindoshi hududni boshqarishda ishtirok etganini ko‘rsatgan.
Hozir, ko‘plab farzandlari ulg‘ayib, o‘z oilalariga ega bo‘lgan bir paytda, uning 80 dan ortiq qarindoshlari Checheniston hukumati tuzilmasida faoliyat yuritmoqda.
Rossiyaning "Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunida davlat xizmatchilari manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun yaqin qarindoshlari (ular ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-uka va opa-singillar) ga bo‘ysunishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan. Ammo bu shaxslar rasman bo‘ysunish munosabatlari bilan bog‘lanmagan bo‘lsa, qonun nuqtai nazaridan muammo yo‘q. Ramzan Qodirov ham qarindoshlari va do‘stlari rasmiy lavozimlarga tayinlanganidan hech qanday g‘ayriodatiy holat ko‘rmayapti.

Surat manbasi, RAMZAN KADYROV
2020 yilda jiyanlarini respublikadagi rahbarlik lavozimlariga tayinlar ekan, u qarindoshlik darajasini hisobga olganini ochiq tan oldi – to‘g‘ri, go‘yoki o‘zi bilan emas, balki otasi Ahmat hoji bilan. Ayniqsa, hukumat yig‘ilishida Qodirovning so‘zlari kulgili jarangladi: "Mana, odamlar men o‘z qarindoshlarim va yaqinlarimni tayinlashimni aytishyapti. Aslida, shu zalga qarasangiz ham, hukumat va ma’muriyatda qarindosh-urug‘larim kamligini ko‘rasiz."
Bu kamchilikni Ramzan Qodirov 2023 va 2024 yillarda muvaffaqiyatli tuzatdi, o‘shanda vazirliklar uning farzandlari va ularning turmush o‘rtoqlari bilan to‘ldirildi.
"Ehtimol, Ramzan Ahmatovich o‘ylayotgandir, hech bo‘lmaganda, uning qarindoshlari, Xudo ko‘rsatmasin, ularning buyuk qarindoshi Yaratganning huzuriga ketsa, nima bo‘lishini aniq o‘ylashmoqda, – deydi Chechenistonda uzoq vaqt ishlagan huquq himoyachisi Igor Kalyapin. – Albatta, ular qandaydir lavozimlarni egallash orqali o‘z mavqelarini mustahkamlash imkoniyatini ko‘rishadi. Qodirovning qarindoshi bo‘lish yetarli o‘zi, hech qanday lavozim aslida kerak emas. Ammo bu Qodirov borligida. Bordi-yu, u bo‘lmay qolsa-chi?"
Bolalar boshlig‘i
2018 yilda Bi-bi-si Chechenistonda hokimiyat qanday tuzilganligi haqida batafsil tadqiqot e’lon qilganida, qaror qabul qiluvchilar orasida Qodirovlar familiyasi vakillari unchalik ko‘p emas edi.
"Qodirov degan familiyang borligi uchungina ishga joylashib ketman deb xomtama bo‘lma, do‘stim, xizmating bo‘lmasa. Bizda, Qodirovlarda ishga joylashtirish kerak bo‘lgan odamlar ko‘p. Ularni vazir, deputat, boshliq, general qilish mumkin, lekin ularning xizmati yo‘q. Kimning xizmati bo‘lsa, o‘sha ko‘tariladi," degan edi o‘shanda Qodirov.
Qodirovning eng yaqin doirasiga har doim bir nechta asosiy shaxslar kirgan – Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov(bir qator OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ramzan Qodirovning amakivachchasi, ammo Bi-bi-si buni tasdiqlay olmadi), Checheniston Bosh vazirining kuch tuzilmalari bo‘yicha o‘rinbosari Abuzayd Vismuradov (Qodirov u bilan bir maktabda o‘qigan) va Checheniston Bosh vaziri Magomed Daudov.

Surat manbasi, Sergei Bulkin/TASS
So‘nggi vaqtlarda faqat Chechenistonda Lord nomi bilan tanilgan Daudovning faoliyati o‘zgardi. O‘tgan yil may oyida, qariyb to‘qqiz yil davomida Checheniston parlamenti raisi lavozimida ishlagan Daudov kutilmaganda iste’foga chiqdi.
"Unga ish qidiryapmiz," deya qisqa izoh bergandi Ramzan Qodirov.
Ish ham topildi, lekin, ehtimol, Qodirovning o‘zi umid qilganidek emas: Daudov Mixail Mishustinning yordamchisi etib tayinlangan Muslim Xuchiev o‘rniga Checheniston hukumati raisi lavozimini egalladi.
"Novaya gazeta Yevropa"ning taxminicha, dastlab Qodirovning rejasi boshqacha bo‘lgan: u Lordni ham respublikadan tashqarida ishga joylashtirmoqchi bo‘lgan. Hatto Daudov Ingushetiya rahbari lavozimiga da’vogarlik qilayotgani, bu esa Checheniston rahbariga qo‘l kelishi haqida mish-mishlar tarqaldi.
Biroq, nashrning yozishicha, Moskva Qodirovning xavfsizlik xodimlarini bunday lavozimlarga tayinlashga qarshi bo‘lgan. Shuning uchun hozirda Daudov Qodirovning ko‘plab qarindoshlariga rahbarlik qilmoqda.
Ramzan Qodirovning hamqishloqlari hamon o‘z lavozimlarini saqlab qolmoqda. Sentaroy qishlog‘i (hozir Ahmat-Yurt deb ataladi) Qodirovlar urug‘ining vatani. U yerdagi odamlarning aksariyati yo Ramzanning qarindoshlari, yo u bilan birga o‘sgan, yo Ahmad Qodirovning atrofida bo‘lgan, demak, kichik Qodirov ularga ishonsa bo‘ladi, deb hisoblaydi.
Ular orasida Chechenistondan "E" markazi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga o‘tgan Ruslan Alxanov (Alxanovning o‘g‘li Adam, Qodirovning qizi Xadijatga uylanganida Qodirov u bilan qarindosh bo‘lib ulgurgan), IIV Iqtisodiy va jamoat xavfsizligi kengashi raisi o‘rinbosari Vaxit Usmaev va IIVning Grozniy transport liniyasi bo‘limi boshlig‘i Ali Tagirov bor.
Shaxsga sig‘inish muammosi
Oilasini rossiyaliklardan yashirayotgan Vladimir Putin ularning xavfsizligi masalasiga hadiksirab qarashi bilan tanilgan. Ba’zida u boshqa odamlarga ham himoya berishga tayyor. Shunday qilib, hokimiyatni unga topshirgan Boris Yeltsinning oilasi xavfsizlik kafolatini oldi. Yeltsin iste’foga chiqqan kuniyoq Putin unga va uning oilasiga jinoiy ta’qibdan to‘liq daxlsizlik huquqini berdi.
Yeltsinning qizi Tatyana Dyachenko korruptsiyada ayblangan bo‘lsa-da, ta’qibga uchramadi, uning "Urushga yo‘q" posti ham (ko‘plab rossiyaliklardan farqli o‘laroq) jazosiz qoldi. Uning turmush o‘rtog‘i Valentin Yumashev esa 2018 yilgacha Putinning maslahatchisi bo‘lgan. Yeltsinning sobiq amaldorlari qatag‘on qilinmagan, oila esa aktivlar va immunitetni saqlab qola olgan.

Surat manbasi, VIKTOR DRACHEV/AFP via Getty Images
Putinning siyosiy ustozi bo‘lgan Anatoliy Sobchakning oilasi bilan ham xuddi shunday bo‘lgan. Kseniya Sobchak nima demasin, unga jiddiy bosim o‘tkazilmadi. Lyudmila Narusova ham Federatsiya Kengashidagi o‘rnini saqlab qoldi.
Putinga qarshi bo‘lgan odamlarning farzandlarida muntazam muammolar bo‘lgan. Masalan, Mixail Xodorkovskiy hibsga olinganidan so‘ng, uning AQShda bo‘lgan o‘g‘li Pavel advokatlar orqali "o‘z xavfsizligi uchun Rossiyadan uzoqroq bo‘lgani" ma’qulligi haqida xabar oldi. O‘ldirilgan Boris Nemtsovning qizi Janna Nemtsova esa unga anonim tahdidlar kela boshlagach, Rossiyadan chiqib ketgan. Qotillikda ayblangan Xabarovsk o‘lkasining sobiq rahbari Sergey Furgalning o‘g‘li ham bosim haqida gapirdi (uning o‘zi aybini tan olmadi).
Ko‘plab ekspertlar fikricha, Vladimir Putin uchun Ramzan Qodirovni qo‘llab-quvvatlash Ikkinchi Checheniston urushi boshida Kreml tomoniga o‘tgan va Rossiya prezidentini "chechen xalqining xaloskori" deb atagan Ahmad Qodirov oilasiga minnatdorlik ifodasidir.
Ramzanning o‘ziga kelsak, Putin uning oilasi bilan qiziqishi ehtimoldan uzoq. Putin mintaqa rahbarining minimal yoshini cheklovchi qonundan voz kechishga tayyor bo‘lmasa kerak. Shuning uchun, agar Qodirov o‘z o‘rnini o‘g‘li Adamga bermoqchi bo‘lsa, unga yanada puxta reja kerak – "merosxo‘r" ulg‘ayib, tajriba orttirguncha kursini nomigagina ushlab turishga kim tayyor bo‘ladi va ayni paytda Kreml uchun maqbul bo‘ladi.

Surat manbasi, ARTEM GEODAKYAN/POOL/AFP via Getty Images
Chechenistonda hokimiyat Qodirovlar shaxsiga sig‘inish asosiga qurilgan va bu sig‘inishni takrorlash mutlaqo imkonsiz. Ramzanning o‘rniga kim kelsa ham (aniqrog‘i – Kreml kimni mintaqaga rahbar qilib yuborsa ham), o‘sha odam Checheniston jamiyati oldida o‘zining qonuniyligini isbotlashiga to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda, Qodirovning ko‘p sonli qarindoshlari faqat to‘siq bo‘ladi.
"Ularni [qarindoshlarni] boshqarish osonroq. Oilaviy aloqalar nazariy jihatdan sodiqlikning yuqori darajasini kafolatlaydi, bu esa Qodirovga qarshi ehtimoliy fitnalar oldini olishni osonlashtiradi. Nihoyat, bu tayinlovlar Checheniston hukumatining ikkinchi nomi Qodirovlar oilasi, degan fikrni mustahkamlaydi," deydi Shimoliy Kavkaz bo‘yicha tahlilchi va ekspert Garold Chembers.
Ramzan Qodirov Checheniston muammosini hal qildi, bu esa Kremlni to‘liq qoniqtiradi. Ammo undan keyin shaxsga sig‘inish muammosini hal qilishga to‘g‘ri keladi.
Shu munosabat bilan Ramzan Qodirovning o‘zi ham qarindoshlarini himoya qilish uchun oilaviy korporatsiya tuzish samarali qadammi yoki yo‘qligini bilmaydi, deydi ismi sir qolishini so‘ragan Checheniston bo‘yicha ekspert: "Qodirov oilasining xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda. Uning imkoniyatlaridan – ularni lavozimga tayinlash, qandaydir tarzda Putinga tanishtirish, hech bo‘lmaganda omma oldida uning qo‘llab-quvvatloviga erishish. Ammo Putin Qodirovning oilasi haqida o‘ylashi aniq emas."
* "Novaya gazeta Yevropa" nashr etgan versiya ham bor, unga ko‘ra, Adam Delimxonovning nabirasi Medni Adamning emas, Eli Qodirovning xotini. Bi-bi-si bu versiyaning tasdig‘ini topmadi.












