Amerika, Yevropa, BMT: Netanyahuga bosim o‘tqaza oladimi?

Benyamin Netanyahu
O'qilish vaqti: 6 daq

Isroil G‘azodagi harbiy kampaniyasi va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi cheklovlar tufayli xalqaro bosim ostida qolmoqda. Mojaroni tugatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar kuchaygan bir paytda, bir qator muhim voqealar yuz bermoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuning G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish rejasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. BMT Bosh Assambleyasida Netanyahuning nutqidan oldin Tramp jurnalistlarga: "Bu sodir bo‘lmaydi," dedi.

Bu bayonot G‘azodagi harbiy harakatlar tufayli yuzaga kelgan xalqaro norozilik fonida yangradi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7-oktabrdan beri 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Urush Hamas tomonidan janubiy Isroilga uyushtirilgan hujumdan so‘ng boshlangan edi. Hujumda 1 200 kishi halok bo‘lgan, 251 kishi garovga olingan.

Buyuk Britaniya Isroil bilan savdo muzokaralarini to‘xtatdi va G‘arbiy Sohildagi radikal yahudiy ko‘chmanchilarga sanksiyalar joriy qildi. Tashqi ishlar vaziri Devid Lammi Isroilning harbiy harakatlarini "axloqan oqlab bo‘lmaydigan" deb atadi. Bosh vazir Keir Starmer esa vaziyatni "chidab bo‘lmas" deb ta’rifladi.

Isroil 11 haftalik blokadani yumshatib, G‘azoga 93 ta yordam yuk mashinasini kiritgan bo‘lsa-da, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy ruxsat kechikayotgani sababli yordam aholiga yetib bormayapti. G‘azo aholisi oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘i tanqisligidan shikoyat qilmoqda. Ko‘pchilik og‘ir sharoitlarda chodirlarda yashamoqda.

Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Olmert Bi-bi-siga bergan intervyusida Netanyahuning strategiyasini o‘zgartirishga faqat ichki va xalqaro bosim sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi. U Trampni bu borada hal qiluvchi shaxs sifatida ko‘rishini bildirdi.

Toni Bler G‘azo boshqaruvida ishtirok etishi mumkin

Toni Bler

Surat manbasi, EPA

Urushdan keyingi G‘azo boshqaruvi bo‘yicha rejalarda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Ser Toni Bler muhim rol o‘ynashi mumkin. Bi-bi-si manbalariga ko‘ra, Oq Uy tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan taklifga muvofiq, Bler BMT va Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan vaqtinchalik ma’muriyatga rahbarlik qilishi mumkin.

Blerning ofisi u G‘azo aholisini ko‘chirishni nazarda tutadigan hech qanday rejani qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.

Avgust oyida Bler Oq Uyda Tramp bilan uchrashib, G‘azo bo‘yicha rejalarni muhokama qilgan. AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff bu uchrashuvni "juda keng qamrovli" deb ta’rifladi, ammo batafsil ma’lumot berilmadi.

2007 yilda lavozimdan ketganidan so‘ng Bler AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va BMTdan iborat Kvartetning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili sifatida faoliyat yuritgan. U Falastinda iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va ikki davlatli yechim uchun sharoit yaratishga e’tibor qaratgan.

Biroq, Blerning merosi 2003 yilda Iroq urushiga Britaniya qo‘shinlarini jalb qilgani sababli bahsli bo‘lib qolgan. Rasmiy tergov natijalariga ko‘ra, bu qaror noto‘g‘ri razvedka ma’lumotlariga asoslangan.

Blerning ishtiroki haqidagi taklif ikki davlatli tinchlik rejasi bo‘yicha yangi harakatlar fonida paydo bo‘ldi. Falastin prezidenti Mahmud Abbos Tramp va boshqa xalqaro yetakchilar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. U Hamasning G‘azo boshqaruvidagi kelajakdagi rolini rad etdi va harakatni qurolsizlantirishga chaqirdi.

Bu hafta Buyuk Britaniya, Frantsiya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlar Falastin davlatini rasman tan oldi. Isroil va AQSh bu qarorni "Hamasni mukofotlash" deb tanqid qildi.

G‘arbiy Sohilning yagona xalqaro o‘tish joyi yopildi

Yo'l ko'rsatgan lavhalar

Surat manbasi, Reuters

Isroil G‘arbiy Sohil va Iordaniya o‘rtasidagi yagona xalqaro o‘tish joyi — Allenbi ko‘prigini noma’lum muddatga yopdi. Bu qaror ikki milliondan ortiq falastinlikni tashqi dunyodan uzib qo‘ydi.

Isroil aeroportlar boshqarmasi ko‘prik "siyosiy rahbariyat ko‘rsatmasi bilan" yopilganini bildirdi, ammo sabab ko‘rsatilmadi.

Yopilishdan bir necha kun oldin Iordaniyalik qurollangan shaxs ko‘prik yaqinida ikki isroillik harbiyni otib o‘ldirgan, o‘zi esa voqea joyida o‘ldirilgan edi. Ko‘prik voqeadan so‘ng qisqa muddatga yopilgan, keyin qayta ochilgan edi.

Falastinlik siyosatchi Mustafo Barghuti Bi-bi-siga bergan intervyusida bu qarorni "xavfli qadam" deb atadi va G‘arbiy Sohil aholisini "qamalda saqlash" deb ta’rifladi.

Allenbi ko‘prigi — Iordaniya poytaxti Amman va Quddus o‘rtasida joylashgan bo‘lib, G‘arbiy Sohildan Isroil orqali o‘tmasdan chiqish mumkin bo‘lgan yagona rasmiy yo‘l hisoblanadi. Bu ko‘prik falastinliklar uchun safar, davolanish, ta’lim va oila bilan uchrashish imkonini beruvchi muhim yo‘lak bo‘lib kelgan.

Tinchlikka olib boruvchi yo‘lni qidirish

Ehut Olmert
EPA
Netanyahuning strategiyasini o‘zgartirishga faqat ichki va xalqaro bosim sabab bo‘lishi mumkin. Va menimcha, bu borada hal qiluvchi rolni aynan Tramp o‘ynashi mumkin.
Ehud Olmert
Isroil sobiq bosh vaziri

G‘azodagi gumanitar inqiroz chuqurlashar ekan, xalqaro hamjamiyat tinchlik o‘rnatish va yordam yetkazishni ta’minlashga chaqirmoqda. BMT komissiyasi Isroilni G‘azoda genotsid sodir etganlikda aybladi, Isroil bu da’volarni rad etmoqda.

Yevropa Komissiyasi Isroil bilan savdoni cheklash va hukumatdagi ekstremist vazirlarga sanksiyalar qo‘llash rejasini e’lon qildi.

Diplomatik sa’y-harakatlar davom etar ekan, Toni Blerning ishtiroki, Trampning anneksiyaga qarshi pozitsiyasi va Falastin davlatini tan olgan davlatlar sonining ortishi xalqaro bosimning kuchayganidan dalolat beradi.

Shunga qaramay, vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Netanyahu G‘azo ustidan xavfsizlik nazoratini saqlab qolishini va xalqaro tanqidlarni rad etishini bildirmoqda.

Kelgusi haftalar mintaqaning kelajagini belgilab berishi mumkin — tinchlik sari yo‘l ochiladimi yoki mojaro yanada chuqurlashadimi, hozircha noma’lum.

25 sentyabr 2025. Hamas uchun "hal qiluvchi jang", Isroil G‘arbiy sohil chegarasini yopdi, G‘azoga jurnalistlar kiritiladimi?

Janglar

Surat manbasi, Anadolu/Getty Images

Isroil qo‘shinlari G‘azo shahri markaziga yaqinlashdi, Hamas esa ko‘cha janglariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Isroildan G‘azoga jurnalistlarni kiritish so‘raldi. Isroil G‘arbiy sohilni bog‘lovchi yagona xalqaro chegara o‘tish nuqtasini yopdi.

Isroil qo‘shinlari G‘azo shahri markaziga yaqinlashdi, Hamas jangchilari esa shiddatli ko‘cha janglari boshlanishi oldidan kuch to‘plamoqda.

Mintaqadagi minglab falastinliklar o‘tgan hafta Isroil quruqlikdagi hujumni boshlaganidan beri shaharni tark etishga majbur bo‘ldi.

Isroil G‘azo shahrini Hamasning "so‘nggi tayanch nuqtasi" deb, maqsad "terrorchilarni yo‘qotish" va qolgan 48 ta garovdagilarni qutqarish ekanini aytmoqda. Ulardan 20 nafari tirik, deb taxmin qilinadi.

Aloqador mavzular:

BBC Isroil tankining Hamid chorrahasidagi videolavhasini tasdiqladi, u markazdagi "ash-Shifo" kasalxonasidan taxminan 1,5 km uzoqlikda turibdi. Isroil zirhli texnikalari G‘azo shahri janubidagi BMTning asosiy markaziga ham yaqin kelgani xabar qilindi. Bu yer shahar markazidan taxminan 700 metr uzoqda.

BBC Hamas vakili bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, guruh minglab jangarilarni shaharga jalb qilishga tayyor. Bu esa hali ham minglab tinch aholi yashab turgan zich shahar muhitida qonli to‘qnashuvlar xavfini kuchaytiradi.

Anadolu/ Getty Images
Xalqaro jurnalistlar endi G‘azoga kirishi shart. Shunda u yerdagi falastinlik muxbirlar bilan yukni bo‘lishib, faktlarni butun dunyoga yetkazamiz.
Devid Dimblbi
BBC (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Uning aytishicha, guruhning harbiy qo‘mondoni Izaldin al-Haddad butun G‘azodagi barcha jangarilarga shaharga to‘planish va "so‘nggi, hal qiluvchi jang"ga tayyor turish buyrug‘ini bergan.

Isroil Mudofaa Kuchlari (IDF) o‘tgan hafta shaharda 3 000 gacha Hamas jangarisi borligini taxmin qildi. Hamas vakili esa ularning 5 000 jangarisi borligini aytdi va hatto xudkushlik hujumlari bilan tahdid qildi. Ammo so‘nggi to‘qnashuvlarda Hamas bu usulni keng qo‘llamagan. BBC bu raqamlarni mustaqil tekshira olmaydi va Hamas rasmiy izoh bermadi.

BBC va axborot agentliklari Isroildan xorijlik jurnalistlarni G‘azoga kiritishni so‘rab film chiqardi

Ga'zo

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

BBC va uchta xalqaro axborot agentligi Isroildan xorijlik jurnalistlarni G‘azoga kiritishni so‘rab, qisqa film chiqardi.

U BBC, Agence France-Presse (AFP), Associated Press (AP) va Reuters hamkorligida ishlab chiqilgan. Unga BBCning tajribali jurnalisti Devid Dimblbi ovoz bergan.

"Xalqaro jurnalistlar endi G‘azoga kirishi shart. Shunda u yerdagi falastinlik muxbirlar bilan yukni bo‘lishib, faktlarni butun dunyoga yetkazamiz", deydi u.

Xorijlik jurnalistlar Hamasning 2023 yil 7 oktyabr hujumidan keyin Isroil G‘azoda harbiy amaliyot boshlaganidan beri mustaqil ravishda kirishi mumkin emas. Faqat sanoqli jurnalistlar Isroil qo‘shinlari nazoratida qisqa muddatga kiritilgan.

Isroil Mudofaa Kuchlari (IDF) avvalroq "jurnalistlarning G‘azoda xavfsiz xabar berishini ta’minlash uchun" ular frontga borganda harbiylar hamrohlik qilishini aytgandi.

BBC bu masalada izoh so‘rab Isroil tashqi ishlar vazirligi va IDF bilan bog‘landi.

O‘tgan yili Isroil Oliy sudi G‘azoga kirish cheklovlarini xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘g‘ri deb topgan edi.

"7 oktyabrda Hamasning jinoyatlariga dunyo guvoh bo‘lganiga qariyb ikki yil bo‘ldi. O‘shandan beri G‘azoda urush davom etmoqda, ammo xalqaro jurnalistlar u yerga kiritilmayapti. Endi biz G‘azoga kiritilishimiz kerak. Faktlarni butun dunyoga yetkazish uchun, mahalliy jurnalistlar bilan birga ishlashimiz kerak,", deydi BBC News bosh direktori Debora Turness.

Isroil yagona chegara nuqtasini yopgani uchun G‘arbiy sohildagi falastinliklar qiyin ahvolda qoldi

G'arbiy sohil

Surat manbasi, Reuters

Isroil G‘arbiy sohil bilan qo‘shni Iordaniyani bog‘laydigan yagona chegara o‘tish nuqtasini yopdi. Bu ikki milliondan ortiq falastinliklarni tashqi dunyodan uzib qo‘ydi.

Allenbi ko‘prigini nazorat qiluvchi Isroil aeroportlar boshqarmasi chegara o‘tish nuqtasi chorshanba tongidan noma’lum muddatgacha yopilishini bildirdi. Bu qaror "siyosiy rahbariyat ko‘rsatmasiga ko‘ra" qabul qilinganini aytdi, ammo sababini oshkor etmadi.

Natijada G‘arbiy sohildagi ko‘plab falastinliklar rejalashtirilgan safarlarini amalga oshira olmayapti. Chet eldagi falastinliklar esa uylariga qayta olmayapti.

Bu voqea ko‘prik yaqinidagi otishmadan keyin sodir bo‘ldi. Iordaniyalik bir kishi ikki nafar isroillik harbiyni otib o‘ldirdi va o‘sha yerning hujumchi ham o‘ldirildi.

O‘shanda chegara qisqa vaqtga yopilgan, keyin yana ochilgan edi.

Taniqli falastinlik siyosatchi Mustafo Barg‘utiy BBCga chegarani yopish "xavfli qadam" ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu G‘arbiy sohil aholisini "qamab qo‘yish" va "ularni yagona chiqish yo‘lidan mahrum qilish" degani.