G‘azo haqidagi film Venetsiya kinofestivalida rekord olqishlandi

Video tagso‘zi, Festival ishtirokchilari 23 minut mobaynida filmni olqishlab turdilar. Video ingliz tilida.
    • Author, Pol Glin
    • Role, Madaniyat reportyori
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Venetsiya kino festivalida "Hind Rajab ovozi" badiiy filmiga 23 minut davomida tik turib qarsak chaldilar, bu rekord darajadagi uzoq olqishlov bo‘ldi.

Rejissyor Kauter Ben Haniyaning filmi olti yashar qiz Hind Rajab o‘ldirilishiga bag‘ishlangan. Hind Rajab va uning qarindoshlari o‘tirgan avtomobil va ularga yordam berish uchun borgan ikki shifokor 2024 yil yanvarida G‘azo shahrida Isroil qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgan edi.

Odatda kino festivallarda ijod mahsulining yuqori baholangani ishtirokchilarning tik turib qarsak chalishlari bilan baholanadi. Bu boradagi rekordni 2006 yili Kann festivalidagi "Pan labirinti" badiiy filmi o‘rnatgan, o‘shanda u 22 minut davomida olqishlab turilgan edi.

Aloqador mavzular

Bu yilgi eng yirik tadbirlardan biri bo‘lgan Venetsiya festivalida "Hind Rajab ovozi" olqishlanarkan, insonlar ko‘ziga yosh keldi, "Falastinga ozodlik" chaqiriqlari yangradi, aktyor Motaz Malhis Falastin bayrog‘ini ko‘tardi.

O‘tgan hafta Hollivud yulduzlari Xoakin Feniks, Runi Mara, shuningdek, Bred Pit, shuningdek, Alfonso Kuaron va Jonatan Gleyzer filmga ijrochi prodyuser sifatida qo‘shildilar.

Feniks va Mara Venetsiyadagi taqdimot va 3 sentyabrdagi film premerasida ham ishtirok etdilar, u yerda butun olqishlovlar payti marhum Hind Rajab suratlari ushlab turildi.

82-Venetsiya Xalqaro Kino festivali. Ijrochi prodyuserlar Xoakin Feniks va Runi Mara rejissyor Kauter Ben Haniya va aktyor Motaz Malhis "Hind Rajab ovozi" filmi taqdimotida qatnashdilar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ijrochi prodyuserlar Xoakin Feniks va Runi Mara rejissyor Kauter Ben Haniya va aktyor Motaz Malhis marhum Hind Rajab surati bilan taqdimotda qatnashdilar

Hind, uning qarindoshlari va shifokorlar o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay Isroil Mudofaa kuchlari, dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, harbiylarimiz avtomobilga o‘q yetadigan masofada bo‘lmaganlar, degan bayonot berdi. Undan keyin Isroil harbiylari so‘zchisi yanada ko‘proq tekshiruv amalga oshirilayapti deb aytdi, ammo qanday xulosaga kelingani e’lon qilinmadi.

Isroil harbiylari Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroil janubiga hujum qilib, 1200 ga yaqin insonni o‘ldirgani va 251 kishini garovga olib G‘azoga olib o‘tib ketgani ortidan bo‘lgada harbiy amaliyot boshladi.

O‘shandan buyon G‘azo bo‘lgasidagi Hamas rahbarligidagi sog‘likni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra kamida 64231 inson halok bo‘ldi

"Har bir qizning ovozi"

Iqtibos

Surat manbasi, .

"Hind Rajab ovozi" badiiy filmi Venetsiya va Oskar mukofotlarini qo‘lga kiritadigandek.

Rejissyor Kauter Ben Haniyaning vatani bo‘lgan Tunis filmni Oskar Akademiyasining eng yaxshi xorijiy film nominatsiyasiga ilgari surish haqida bosh qotirayapti, buni qo‘llab-quvvatlash kuchli bo‘ladi, deb kutilmoqda.

O‘tgan yili Ben Haniyaning "To‘rt qiz" filmi Oskar mukofotining eng yaxshi hujjatli filmi short listiga kiritilgan edi. 2021 yili "O‘z terisini sotgan erkak" filmi ham xorijiy film mukofotiga ilgari surilgan edi.

Venetsiyadagi yangi filmi taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida rejissyor va uning tasvirga olish jamoasiga alohida tik turib qarsaklar chalindi.

Aktrisa Saja Kilani jurnalistlarga shunday dedi: "Yetar endi ommaviy qotilliklar, ochlikka tutish, insoniy qiyofasidan mahrum qilish, vayronagarchilik va hamon davom etayotgan okktspatsiya".

U qo‘shimcha qildi: "Ushbu film nuqtai nazar yoki fantaziya emas. U haqiqatga asoslangan. Hind hodisasida butun xalq og‘irligi bor. Uning ovozi oxirgi ikki yilning o‘zida G‘azoda o‘ldirilgan o‘n minglab bolalarning ovozidir. Uning ovozi yashashga haqqi bor, orzu qilishga, o‘z taqdiriga ega bo‘lish haqqi bor har bir qizning, har bir o‘g‘ilning ovozidir. Bularning hammasi bizning mijja qoqmagan ko‘zimiz oldida mahrum etildi".

30 avgust kuni Venetsiyada falastinliklar qo‘llab-quvvatlangan, Isroilning G‘azodagi amallari qoralangan yirik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

'Yurakni o‘rtar darajada shoshilinch'

Deadline ro‘znomasida filmga yozgan taqrizida Daymon Vayz filmni "hayotiy ahamiyatga ega" deb ta’rifladi. Chunki bu film kino san’ati taqdim etadigan g‘azoliklarni qo‘llab-quvvatlaydiganlar kutib turgan mayoq bo‘lib xizmat qiladi.

Variety nashrida Gay Lodj "er bilan yakson etadigan drama"ni olqishladi, biroq shunday deb yozdi:

"Kauter Ben Haniyaning gibrid filmidagi markaziy unsur bo‘lgan haqiqiy audio yozuvdan ta’sirlanmaslik mumkin emas, biroq axloq va kontseptsiyani hayotga tatbiq etish savol ostida".

Hollywood Reporter tanqidchisi Sheri Linden shunday qayd etdi:

"Yurakni o‘rtar shoshilinch G‘azoning mash’um hodisasi yuraklarni vayron etar darajada rivojlanadigan drama".

3 sentyabrgacha meksikalik rejissyor Gilermo del Toro sharafiga eng uzoq vaqt olqishlar bo‘lgan rejissyor bo‘lib qolayotgan edi.

GQ ga o‘tgan yil bergan intervyusida keng ommaning uzoq qarsaklari ostida qolish qanday bo‘lishini tasvirlab bergan edi.

"Buncha uzoq vaqt davom etishi nima ekanini ta’riflab berish mushkul. Dastlabki uch minut, besh minutda seni ulug‘layotganlari va quvonchga cho‘milasan. 10 minut o‘tgandan keyin nima qilishingni bilmaysan. So‘ng faqat jilmayasan va boshingni irg‘itasan".

Yaqinda Venetsiyada Dueyn Jonsonga "Parchalab tashlaydigan mashina" filmi uchun 15 daqiqa qarsak chalib turdilar.