"Mafiyacha tahdid usuli": AQSh BMT rasmiysiga sanksiya qo‘lladi, Francheska Albaneze Isroilning G‘azodagi hujumlarini qoralagandi. Video

Surat manbasi, Reuters
- Author, Tom Betmen
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 4 daq
Tramp ma’muriyati Isroilning G‘azodagi harbiy jinoyatlari ochiq tanqidchisi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanezega sanksiya joriy qildi. Albaneze xonim ushbu sanksiyalarni "mafiyacha tahdid usuli" dedi va yo‘lidan qaytmasligini ta’kidladi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio ushbu qadamni Albanezening Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlovi bilan bog‘ladi. AQSh avvalroq ushbu sudning bir necha hakamlariga ham sanksiya qo‘llagan edi.
Rubioning aytishicha, Albaneze amerikalik va isroillik fuqarolarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish harakatlarida XJS bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘lgan. U BMT maxsus ma’ruzachisi bu harakatlari bilan vazifasini bajarishga noloyiqligini ko‘rsatdi, degan.
Sanksiyalar Albanezening AQShga sayohat qilishini cheklab qo‘yadi va mamlakatdagi mulklarini muzlatishi mumkin.
X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Albaneze sanksiyalarni tilga olmagan holda shunday yozdi: "Bugun men har qachongidan ham ko‘proq qat’iyat va ishonch bilan adolat tarafida turaman, har doim shunday qilganman".
Italiyada tug‘ilgan Albaneze XJSni qo‘llab-quvvatlagan postini qayta ulashdi. Unda u sudni tashkil etgan davlatdan ekanini, u yerda advokat va sudyalar adolatni katta baho evaziga, kerak bo‘lsa jonlarini fido qilgan holda himoya qilganini ta’kidlagan.
"Men shu an’anani sharaf bilan davom ettirish niyatidaman", – deya qo‘shimcha qildi u.
Albaneze BBC'ga izoh berishdan bosh tortdi, biroq Al Jazeera nashriga bergan munosabatida, u sanksiyalarni "mafiyacha tahdid usuli" deb atagan.
Bu Tramp ma’muriyati XJSga qarshi olib borayotgan kampaniyasining navbatdagi qadamidir. Avvalroq AQSh sudning to‘rt hakamiga sanksiya joriy qilgan edi.
AQSh bu harakatlarni XJS o‘tgan yili Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Yoav Gallantga G‘azoda jinoyat sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderi berganidan so‘ng amalga oshirdi. Isroil bu ayblovlarni rad etmoqda.
Rubio, shuningdek, Albanezeni " antisemitizmni yoyishda or qilmaslik, terrorizmni qo‘llab-quvvatlaganlik va AQSh, Isroil hamda G‘arbga nisbatan ochiqcha nafrat" bildirganlikda aybladi.
Sanksiyaga oid bu qaror Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotidan jabrlangan tinch aholi uchun javobgarlik talab qiluvchi faollar orasida kuchli tanqidlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Maxsus ma’ruzachi anchadan beri G‘arb davlatlari ishg‘ol qilingan Falastin hududlarida falastinliklarning huquqlarini himoya qilishda yetarli harakat qilmayotganini ta’kidlab keladi.
Bu sanksiyalar mafiyacha tahdid usuli. Bugun men har qachongidan ham ko‘proq qat’iyat va ishonch bilan adolat tarafida turaman, har doim shunday qilganman.
Uning ochiq bayonotlari Isroil va AQSh rahbarlarini o‘z siyosatlarini tanqid qilganlarga qarshi antisemitizm ayblovlarini "qurol" sifatida qo‘llayotganlikda ayblayotganlar orasida keng qo‘llab-quvvatlovga sazovor bo‘ldi.
Tanqidchilar esa Albanezening avvalgi bayonotlarini eslab o‘tishdi. Jumladan, u 2014 yilda "yahudiy lobbisi" AQSh hukumati qarorlariga ta’sir qilmoqda, degandi. Keyinchalik u bu gapidan afsuslanganini bildirgan, biroq bu gap antisemitizm emasligini aytgan.
Amnesty International rahbari va BMTning sobiq maxsus ma’ruzachisi Agnes Kallamar Albanezega qarshi sanksiya qaroridan qattiq tashvishlanganini bildirdi.
"Butun dunyo hukumatlari va qonun ustuvorligi hamda xalqaro huquqqa ishonuvchi barcha tomonlar Francheska Albanezega qarshi sanksiyalarning ta’sirini yumshatish va ularni to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishi kerak", – dedi u.
Rubioning aytishicha, Albaneze bir nechta amerikalik kompaniyalarga "tahdid mazmunidagi xatlar" yuborib, asossiz ayblovlar bildirgan va ularga qarshi XJS jinoiy ish qo‘zg‘atishi kerakligini tavsiya qilgan.
"Biz milliy manfaatlarimiz va suverenitetimizni tahdid ostiga qo‘yadigan siyosiy va iqtisodiy urushlar kampaniyasiga toqat qilmaymiz", – dedi u.
Shu oy boshida Albaneze o‘nlab transmilliy kompaniyalarni Isroil bilan ishlamaslikaa chaqirdi. Ularni G‘azo va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohildagi urush jinoyatlariga sherik bo‘lib qolishdan ogohlantirdi.
Uning aytishicha, bu shirkatlar "Isroilning noqonuniy ishg‘ol, aparteid va hozirgi paytda genotsid iqtisodi orqali boyishga erishgan". Isroil uning hisobotini "asossiz" deb baholadi va "tarixning chiqindi qutisiga tashlanadi", dedi.
Francheska Albaneze fevral oyida Donald Tramp G‘azo sektori ustidan nazoratni qo‘lga olib, u yerdagi aholini boshqa joylarga ko‘chirish rejasini e’lon qilganida ham tanqid qilgan edi.
"Bu – noqonuniy, ma’naviy jihatdan qabul qilib bo‘lmas va... mutlaqo mas’uliyatsiz qaror, chunki u mintaqaviy inqirozni yanada kuchaytiradi", – degan edi u fevral oyida.
Sanksiyalar haqidagi e’lon aynan shu kunlarda, ya’ni Benyamin Netanyahu Vashingtonda bo‘lib turgan bir paytda e’lon qilinganiga e’tibor qaratilmoqda. Chorshanba kuni u Pentagonda tantanali marosim bilan kutib olingan.
Albaneze bunga o‘xshash ayblovlarni avval ham rad etgan va BBC'ga oktyabr oyida shunday degandi:
"Men bunday bayonotlar va ulardagi tuhmatga jiddiy qarayman, biroq shu bilan birga, bu men haqimda emasligini bilaman. Mendan oldingi hamkasblarim ham bu ular haqida emasligini bilishgan. Shuningdek, (antisemitizm ayblovlarini qo‘ygan) davlatlar xalqaro huquqqa rioya qilish borasida hech narsa qilmaganini ham yaxshi bilaman".
Uning idorasidan bu borada izoh so‘raldi.
Xalqaro Jinoyat Sudiga asos solgan Rim statutiga 125 davlat a’zo hisoblanadi. Ular sud qarorlarini amalga oshirishga mas’ul va uning himoyasi ostida.
AQSh hamda Isroil esa ushbu sud a’zosi emas.
AQSh G‘azo urushi davomida Isroilga harbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda va BMT orderiga qaramasdan, Isroil tomonini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, ko‘plab Yevropa davlatlari sud mustaqilligini hurmat qilishlarini bildirishgan.












