O‘zbekiston ham keyingi yil suv taqchilligiga hozirdan tayyorlanishi kerakmi?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Shu kunlarda Qozog‘iston hukumati rasmiylari, vazirlar mamlakatning janubiy viloyatlariga safar qilmoqdalar, mahalliy rasmiylar, dehqonlar bilan uchrashib, keyingi yil sug‘orish mavsumida suv taqchilligi ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirayaptilar, shu munosabat bilan zarur choralarni ko‘rishga chaqirayaptilar. Ayni shu kunlarda Samarqand viloyatidagi suv ombori qurib qoldi.
9 dekabr kuni Qozog‘iston Bosh vaziri O‘ljas Bektenov belgilangan suv cheklovidan ortiq sug‘ormaslik hamda suvni ko‘p iste’mol qiladigan ekin turlarini kamaytirish farmonini chiqardi.
Qozog‘iston 2026 yilda suv taqchilligi xavfiga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozayapti matbuot.
Rasmiylar daryo suvi oqimining kamayishi, samarasiz sug‘orish tizimi va boshqa omillar qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirmoqdalar.
Bosh vazir O‘ljas Bektenov rahbarliigida o‘tgan hukumat majlisida har bir tomchi suvni tejash zarurligi ta’kidlandi, deb yozdi Qozog‘istondagi xususiy Orda.kz sayti.
Bosh vazir Bektenov belgilangan me’yordan ortiqcha suv sarflanishiga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaliklariga suv uzib qo‘yilishidan ogohlantirdi.
"Agar biz bir xo‘jalikda 100 gektar bo‘lishi kerak desak, ertaga hatto bundan bir gektar ortiq yerga ekilsa, biz bir tomchi ham ortiqcha suv bermaymiz. Agar ertaga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasdiqlagan ko‘rsatkichlar buzilsa, byudjetdan bir tiyin ham qoplanmaydi", dedi Bektenov hukumat yig‘ilishida.
Shu yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari Kanat Bozumboev aytishicha, 2026 yili suv kirimi 1–1,5 milliard kub metr atrofida bo‘lishi kutilayapti, bu esa 1 milliard kub metrgacha tanqislik xavfini yaratadi.
"Ayrim hududlarda 2025 yilda suvni ko‘p talab qiladigan ekinlarni kamaytirish rejalari bajarilmadi", deb qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.
Qozog‘iston hukumati majlisida mamlakat janubidagi Sirdaryoda barpo etilgan Chordara suv omboriga suv kirimi 43% kamaygani, Norin-Sirdaryo kaskadida suv zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 3,8 milliard kub metrga kamaygani qayd etildi.
Iqlim va infratuzilma bosimi
Ulysmedia.kz sayti xabar qilishicha, Jahon Banki baholashiga ko‘ra, Qozog‘istonda daryo suvi oqimi 27% ga kamaygan. Asosiy sabablar — iqlim o‘zgarishi va qo‘shni davlatlardan suv kirimining kamayishi.
"Qo‘shnilarning xasisligi Qozog‘istonga suv inqirozini yaqinlashtirayapti" deya sarlavha qo‘ydi veb-sayt o‘z maqolasiga.
"Qozog‘istondagi suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasi eskirgan, chunki ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Infratuzilmaga investitsiyalar orqada qolmoqda va bu ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda", deyiladi hisobotda.
Hisobotga ko‘ra, suv va sanitariya tizimi yetarli emasligi sababli yillik iqtisodiy yo‘qotishlar 750 million dollarga yetmoqda. Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar hozir zarur choralar ko‘rilmasa, suv tanqisligi havo haroratining ko‘tarilib borayotgani va yog‘ingarchilikning notekisligi tufayli davom etishi, hatto kuchayishi ham mumkin.
Spik.kz veb-sayti xabar qilishicha, Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari Kanat Bozumboev ikki vazir va bir necha vazirlar o‘rinbosarlari bilan mamlakatning janubiy uch viloyatiga tashrif buyurib, mahalliy rasmiylarni ogohlantirganlar, fermerlarni suvni kam talab qiladigan ekinlarga o‘tishga chorlaganlar.
Ular Qizil O‘rda, Turkiston va Jambil viloyatlarida bo‘lganlar.
"Norin-Sirdaryo kaskadiga suv kirimi keskin kamaydi. Bu kelasi yil sug‘orish mavsumida suv yetishmovchiligi xavfini yaratadi", deyishdi rasmiylar.
"To‘qtog‘ul suv ombori sathi rekord darajada pasayishi xavfi bor", deb qo‘shimcha qilishdi rasmiylar.
Ular "barcha suv iste’molchilarini yetarli suv bilan ta’minlash va favqulodda holatlarni oldini olish uchun … Qizil O‘rda viloyatida 2026 yilda sholi ekiladigan maydon 70 ming gektardan oshmasligi kerak", deb buyruq berishdi.
O‘zbekistonda suv ombori quridi

Surat manbasi, Telegram/Cosmo Monitoring
O‘zbekistondagi Podrobno.uz sayti 7 dekabr kuni Samarqand viloyatidagi Qorasuv suv ombori butunlay qurib qolgani haqida xabar qildi.
"Samarqand viloyatida vaziyat tanqidiy. Payariq tumanidagi Qorasuv suv ombori butunlay qurib qoldi, deb yozdi Cosmo Monitoring Telegram kanali. Kanal muallifi Fozilbek Rahimovning aytishicha, 26,9 million kub metr suv saqlash uchun mo‘ljallangan va taxminan 8100 gektar yerni sug‘orishga xizmat qiladigan suv ombori hozirda butunlay bo‘sh", deyiladi xabarda.
Ombor 2019 yili 42,1 million kub metr suv saqlagan va 8100 gektar yerni sug‘orishga xizmat qilgan. Fermerlar uning yo‘qolishi "hudud qishloq xo‘jaligi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin", deb ogohlantirishdi.
Ekspertlar uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyo umumiy suv inqirozi ostonasida ekanini ogohlantirib keladilar.
The Times of Central Asia saytining yozishicha, 2028 yilga kelib, iqlim o‘zgarishi, aholi o‘sishi va eskirgan suv infratuzilmasi sababli mintaqada "xronik suv tanqisligi" yuzaga kelishi mumkin.
Qurg‘oqchilik tahdidiga qarshi birgalikda kurash

Surat manbasi, O'zbekiston Energetika vazirligi
22 noyabr kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida suv va elektrga bag‘ishlangan uch tomonlama kelishuv imzolandi.
Chunki bu yil Qirg‘iziston energetika inqiroziga duch keldi, elektr ishlab chiqarish uchun suv omborlarida bu yil shundoq ham kam yig‘ilgan suvni oqizishi talab etiladi, biroq Toqtog‘ul GESida to‘plangan suv kelgusi yil bahori va yozida nafaqat Qirg‘izistonning o‘zi, balki Sovet zamonida aynan O‘zbekiston va Qozog‘iston dalalarini sug‘orish uchun Toqtog‘ul barpo etilgan quyi oqimdagi qo‘shnilari uchun zarur.
Shuning uchun ham O‘zbekiston va Qozog‘iston bu yilgi kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonni elektr bilan ta’minlash, Qirg‘iziston esa bu vaqt davomida GESidagi suvni oqizmay g‘amlashiga kelishildi.
Mintaqa duch kelayotgan suv taqchilligi bundan keyin muammoga qo‘shni mamlakatlarning birlashib qarshi turishlarini talab qilayotganini rahbarlar ham yuqori minbarlardan takror-takror aytmoqdalar.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kelishuvini O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘zining Feysbukdagi sahifasida shunday baholadi:
"Bu faqat qishda Bishkekni elektr energiyasi bilan ta’minlash haqida emas. Bu kelasi yozda O‘zbekiston va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi uchun suv kafolati haqida.
Qirg‘iziston hozirda To‘qtog‘ul suv omborida suv sathining keskin pasayishiga duch kelmoqda — o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2 milliard kub metrga kam.

Surat manbasi, .
Agar mamlakat qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ko‘proq suv qo‘yib yuborishga majbur bo‘lsa, oqibatlar quyidagicha bo‘ladi:
• Qirg‘iziston: yanada chuqur energetik tanqislik, o‘chirishlar, iqtisodiy yo‘qotishlar
• O‘zbekiston va Qozog‘iston: 2026 yil yozida sug‘orish uchun jiddiy suv tanqisligi
• Qishloq xo‘jaligi: paxta, g‘alla va bog‘dorchilikka katta xavflar
Uch tomonlama kelishuv bu domino-effektning oldini oladi, barcha uchun iqtisodiy va ijtimoiy yo‘qotishlarga olib keladigan jiddiy inqirozdan saqlaydi.
Bu kelishuv Markaziy Osiyoning eng murakkab muammolari faqat birdamlik orqali yechilishini isbotladi.
Bu diplomatiya uchun yutuq va umumiy resurslar boshqaruvining namunasidir.
Barqaror suv–energiya modeli:
Kelishuv "qishda energiya — yozda suv" tamoyilini qayta jonlantiradi. O‘zbekiston va Qozog‘istonning qishda Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishi, To‘qtog‘ulda suv to‘planishiga imkoniyat yaratadi. Yozda esa bu suv ularning qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun qo‘yib yuboriladi — o‘zaro manfaatli va barqaror sikl shakllanadi.
Mintaqaviy inqirozning oldini olish:
To‘qtog‘ulda suv sathi xavfli darajada past. Agar chora ko‘rilmaganida, oqibat ravshan edi: qishda Qirg‘izistonda energetik inqiroz, yozda esa O‘zbekiston va Qozog‘istonda sug‘orish uchun qattiq suv tanqisligi. Bu kelishuv preventiv diplomatiyaning yorqin namunasidir.
Ishonch va institutlar barpo etish:
Tomonlar tasodifiy muzokaralardan uzoq muddatli, institutsional rejalashtirishga o‘tishdi va 2026 yil uchun protokol imzolashdi. Bu ishonchni mustahkamlaydi va kelgusi siyosiy qarama-qarshilik ehtimolini kamaytiradi.
Mintaqaviy energetika xavfsizligini kuchaytirish:
Kelishuv iste’molni qisqartirish, samaradorlikni oshirish va mintaqaviy elektr tarmoqlarini muvozanatlash majburiyatlarini o‘z ichiga oladi. Bu yangilanuvchi energiya manbalarini kelgusida integratsiya qilish uchun zarur bo‘lgan muvofiqlashgan energetik tizim sari muhim qadamdir.
Yana chuqurroq integratsiya poydevori:
Bu kelishuv yaxshi qo‘shnichilik va asosiy haqiqatga sodiqlikni ko‘rsatadi: Markaziy Osiyo barqarorligi raqobatda emas, balki birdamlikda.
Bu shunchaki energetika kelishuvi emas — bu yanada o‘zaro bog‘liq, barqaror va hamkor Markaziy Osiyo sari tashlangan asosiy qadamdir".












