O‘zbekiston: Chorvoq hammaga imkonli hordiq maskani bo‘lib qoladimi?

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov jurnalistlar bilan suhbatda

Surat manbasi, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

O'qilish vaqti: 5 daq

Bugunning o‘zida Toshkentdek yirik shahar yashovchilarining yoz jaziramasida salqinlab dam olishi uchun yetarlicha sharoit yo‘qligi ayon bo‘lib qoldi. Shunday bir sharoitda poytaxtning toza ichimlik suvi manbasi ham bo‘lgan Chorvoq agar faqat boyroq qatlam dam oladigan maskanga aylansa, ahvol yanada og‘irlashib, muammolar yanada ko‘paymaydimi? Mavzudan xabardor o‘zbekistonliklar, ayniqsa faollar orasida ana shu savollar bot- bot takrorlanmoqda. Ozari biznesmen va O‘zbekiston Ekologiya vazirligi shu va shunga o‘xshash savollarga javob beroldimi? Xavotirlarni aritoldilarmi?

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning sobiq kuyovi Emin Agalarov Toshkent viloyati hududidagi Chorvoq suv ombori atrofida 10 milliard AQSh dollariga baholanayotgan dam olish maskaninini barpo etishga qaror qildi.

Sea Breeze deb nomlangan loyiha Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududida, taxminan 500-700 gektar maydonda quriladi.

Ozarbayjon-Rossiya biznesmeni va qo‘shiqchi Emin Agalarov Sea Breeze loyihasini 2024 yil dekabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdi.

Loyiha o‘z ichiga hordiq hududlari, sohillar, sport maydonlari, mehmonxonalar, turar-joy majumualari va boshqalarni oladi.

Kurort Chorvoq suv omborining janubiy va shimoliy qirg‘oqlarida joylashadi va suv havzasi ustidan o‘tkazilgan bir kilometrlik ko‘prik bilan bog‘lanadi. Kurortning o‘z maktablari va suv va hordiq zonalari, sport majmualari, do‘konlari, restoranlari va boshqa inshootlari bo‘ladi.

Qo‘shiqchilikda Emin taxallusi bilan tanilgan Agalarov Agalarov Development shirkati rahbari va Ozarbayjon-Rossiya Biznes Kengashi direktorlar kengashining raisi hisoblanadi.

Shu yil aprelida Emin Egalarov loyihani yana Prezident Mirziyoyev bilan muhokama qildi va xabarlarga ko‘ra, faol qurilish ishlarini yozdayoq boshlashga va’da berdi.

Iyun oyidagi 5-Toshkent Xalqaro Investitsiya forumi payti tadbirkor O‘zbekiston Investitsiya vazirligi bilan yana 5 milliard dollarlik sarmoyani jalb qilishi va’da etilgan kurort qurilishiga oid shartnomani imzoladi.

Muxbirlarga ko‘ra, Chorvoq sohilidagi loyiha O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘rtasida norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi.

Atrof-muhit faollari yirik miqyosli loyiha Toshkent shahri va viloyatining toza ichimlik suvi manbai bo‘lgan Chorvoqning tabiiy muvozanati buzadi degan xavotirni bildirdilar, loyihani mustaqil komissiya tomonidan tekshirib chiqilishini talab qildilar.

Loyihaning atrof-muhitga salbiy ta’siri bo‘lmasligiga keng jamoatchilikni ishontirish maqsadida Emin Agalarov O‘zbek rasmiylari va jurnalistlar uchun safar tashkil qildi, 8-9 iyul kunlari Ozarbayjonning Kaspiy dengizi sohilida barpo etgan Sea Breeze loyihasi qanday ishlayotgani bilan tanishtirdi.

Emin Agalarovning so‘zlariga ko‘ra, bu loyihani 2006 yili hayotga tatbiq etganlaridan keyin Kaspiy dengizining 22 kilometrga cho‘zilgan sohilida suv sifati yaxshilangan.

"Biz suv sifatini 20 yildan buyon tekshirib kelamiz va uning sifati yaxshilanganini bilamiz. Bizning qirg‘oqlarimiz mamlakatdagi eng toza qirg‘oqdir", dedi u.

"Oxirgi 20 yilda bu yerda 20 metrlik daraxtlar unib-ulg‘aydi. Oxirgi uch yilda jami qiymati 35 million dollardan ziyodlik 10 million nihol o‘tqazildi. Bugun biz Boku yashovchilari Sea Breezega ko‘chib o‘tishni xohlayotganlarini ko‘rayapmiz, chunki o‘shanda sen yil davomida kurortda yashaysan", dedi Agalarov.

Uning aytishicha, o‘zining O‘zbekistondagi loyihasida 15000 ish o‘rini yaratiladi va u sohillarni mahalliy yashovchilar uchun tekin qilib qo‘yishga va’da berdi.

"Bugun Chorvoq xavf ostida. Suv sifati yomonlashib borayapti. Birinchisi, chiqindi suv yig‘ilmaydi. Ikkinchidan, har bir benazorat qurilish qazilgan chuqurdan chiqindixona sifatida foydalanayapti. Men sizning ekologiya vaziringiz bilan gaplashdim: biror narsani nazorat, ma’qullab bo‘lmaydi", dedi tadbirkor.

Emin Agalarov aytishicha, kurort soliqlaridan O‘zbekiston hukumati millionlab dollar daromad topadi va ularni hududni rivojlantirishga yo‘naltirishga qodir bo‘ladi.

Emin Agalarov omborda suv yildan-yilga kamayib ketadi degan atrof-muhit himoyachilarining xavotirini rad etdi.

"Albatta, bu yerda suv bo‘ladi. Men bu haqda prezident bilan gaplashdim. Bu yerda suv aniq bo‘ladi, faqat sohil sal uzoqroqda bo‘lishi mumkin", dedi u.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Iqlim vaziri investorni dastakladi

Bokuga safar payti O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning jurnalistlarga aytishicha, Agalarovdan farqli o‘laroq, boshqa quruvchilar o‘z binolarini imkoni boricha suv omboriga yaqin qurishga harakat qiladilar va vazirlik "bunga qarshi kurashishdan charchadi".

Ekologiya vaziri aytishicha, agar Bo‘stonliq tumanida tizimli qurilish boshlanmasa, u holda qurilish tartibsiz davom etadi, sifatli dam olishni istagan aholi xorijga chiqib ketadi. Uning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari har yili xorijda dam olishga 2 milliard dollardan ortiq pul sarflayaptilar. Agar mamlakatning ichida takliflar yetarli bo‘lganida, ushbu mablag‘ning bir qismi mamlakat ichida qolishi mumkin edi.

"Ochig‘ini aytganda, biz Sea Breeze rahbariyati barcha talablarimizni bajarishga tayyorligini ko‘ryapmiz. Ular bu jarayonga bizning ekologlarimizni ham kiritishga tayyor. Albatta, tekshiruv tizimli bo‘lishi kerak. Biz barcha takliflarni birlashtiramiz keyin nazorat qilamiz", dedi Ekologiya vaziri Abduhakimov.

Vazir Abduhakimov aytishicha, Agalarov kompaniyasi hali o‘z loyihasining bor tafsilotini taqdim etgani yo‘q, shuning uchun ham u tasdiqlanmagan.

"Biz hali hech qanday hujjatlarni qabul qilganimiz yo‘q, o‘z xulosamizni ham berganimiz yo‘q. Har qanday holatda ham, ular nima qilsa, hammasi O‘zbekiston qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi", dedi Aziz Abduhakimov.

Chorvoq loyihasiga qarshilik

Ozarbayjonga O‘zbek rasmiylari va jurnalistlari safari oldidan Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbaev Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga butkul qarshi ekanini aytdi.

26 iyunda e’lon qilingan videoda Rasul Kusherbaev shunday dedi:

"Chorvoq suv omborining atrofida har qanday qurilish qilinishiga qarshiman. Nafaqat See Breeze, balki o‘sha yerda yaqin bo‘lgan mehmonxonalar, alohida dam olish joylarini tashkil qilinishi va uning ustida har xil qayiqlarda uchish va boshqa ko‘ngilochar harakatlar amalga oshirilishiga ham to‘liq qarshiman. Chorvoqni qancha ko‘p asraymiz, shuncha ko‘proq yashaymiz. Qancha biz uni ifloslaymiz, qancha avaylab-asramaymiz, shuncha o‘zimiznikilar, kelajagimiz bu joylarni tashlab ketishiga majbur qilamiz", dedi Rasul Kusherbaev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ekologiya vazirligi endi bu masalani o‘rganib chiqadi, chunki hali loyiha hujjatlari mavjud emas.

Podrobno.uz veb-nashrining 5 iyul kuni yozishicha, taniqli jamoat faoli Islom Kaparzo Sea Breeze loyihasini tanqid qilgan.

U Boku va Toshkentdagi loyihalarni bir-biriga solishtirib bo‘lmasligini aytgan.

"Farq yaqqol: Chorvoq - avvalambor Toshkentning suv ehtiyojini qondirish uchun qurilgan sun’iy inshoot. Kaspiy esa - suvi shunga moslashgan dengiz", dedi Islom Kaparzo.

"Sun’iy damba, suv ombori Kaspiydek o‘zini o‘zi tozalay olmaydi", deya Kaparzo so‘zlarini tasdiqlagan sharhlovchilar Chorvoqda turzona tashkil qilish oxir-oqibat suv toshqini yoki qurg‘oqchilikka olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirishgan.

Islom Kaparzo fikricha, bundan keyin poytaxtda suv ta’minoti bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar bois Chorvoqni bunday qurilishlardan konservatsiya qilishni talab etadi.

Aksincha, ko‘p millionli shaharning yagona suv manbasi bo‘lgan suv omborini ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylash loyihalari zarur, degan bloger.

23 iyun kuni Gazeta.uz nashri jamoatchilik ushbu loyihaga qarshi deb yozdi.

"Chorvoq qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasi qurilishi haqidagi xabar jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ekologik xavflar muhokama qilinib, nega qaror ochiq muhokamasiz qabul qilingani so‘ralmoqda", deb yozdi gazeta.uz

Ekobloger Urikguli - Mo‘tabar Xushvaktovaning Sea Breeze loyihasi haqida ekspertlar va inflyuenserlarning fikrlarini to‘plagan videosi ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘ldi — video 16 iyulgacha Instagram'da 1 million 400 ming martadan ortiq tomosha qilindi.

Siz qanday fikrdasiz? Fikrlaringizni bizga Telegramda @bbcuzbeklondon yo‘llashingiz mumkin.