Ukraina maxfiy raketa zavodida biz nimalarni ko‘rdik? Video

Ikki zavod ishchisi Ukrainaning yangi, Rossiyaning ichkarisidagi 3000 km masofa uzoqlikdagi nishonni urishga qodir "Flamingo" deb nomlangan qanotli raketasini yasashayapti.

Surat manbasi, Moose Campbell/BBC

Surat tagso‘zi, "Flamingo" Ukrainaning yangi, Rossiyaning ichkarisidagi 3000 km masofa uzoqlikdagi nishonni urishga qodir qanotli raketasi
    • Author, Jonatan Bil
    • Role, Bi-bi-sining Mudofaa muxbiri, Kiev
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Ukraina o‘zining eng so‘nggi qurollaridan birini ishlab chiqarayotgan maxfiy joyga ko‘zlarimizni bog‘liq holda olib borishdi.

Telefonlarimizni o‘chirishimizni so‘radilar – Ukrainaning "Flamingo" qanotli raketasini ishlab chiqarish shunchalik sir tutiladi.

Ukraina uchun bunday qurollarni ishlab chiqarishni tarmoqlash va har birini yashirin tutish omon qolish kalitidir. Raketani ishlab chiqarayotgan Fire Point kompaniyasiga tegishli ikkita zavod allaqachon zarar ko‘rgan.

Aloqador mavzular

Biz borgan binoning ichida ustunlar, derazalar yoki shiftlarni suratga olmaslikni so‘rashdi. Shuningdek, "Flamingo" raketalarining turli bosqichlarda yig‘ilayotgan konveeridagi ishchilarning yuzlarini ko‘rsatmaslikni ham.

Hujumlarga uchrashiga qaramay, Ukraina qurol-yarog‘ sanoatini kuchaytirmoqda. Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, hozirda mamlakat front chizig‘ida ishlatiladigan qurollarning 50 foizdan ortig‘ini o‘zi ishlab chiqarmoqda. Uzoq masofaga otuvchi qurollarning deyarli barcha zaxirasi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan.

Urush boshida Ukraina asosan sovet davridagi eski arsenaliga tayanar edi. G‘arbning harbiy yordami mamlakat qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishga yordam berdi, ammo hozir u robotlar va dronlar kabi uchuvchisiz tizimlar ishlab chiqishda dunyoda yetakchilardan biri.

Endilikda mamlakatda ishlab chiqarilgan qanotli raketalar Ukrainaning uzoq masofaga urish qobiliyatini oshirmoqda.

Hali yasab tugatilmagan "Flamingo" raketasi Ukraina maxfiy zavodi ichida

Surat manbasi, Moose Campbell/BBC

Surat tagso‘zi, Ukraina raketalarini o‘zining maxfiy zavodlarida ishlab chiqarayapti. Bu zavodlardan biriga Bi-bi-si jamoasi a’zolari ko‘zlari bog‘langan holda kiritildilar

Irina Terex – Ukrainaning eng yirik dron va raketa ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Fire Point kompaniyasi bosh texnik direktori.

33 yoshli ayol bir vaqtlar arxitektura bo‘yicha o‘qigan, ammo hozir u Rossiya harbiy mashinasi qulashiga yordam berishga harakat qilayapti.

"Flamingo" raketalari Ikkinchi Jahon urushidagi nemis V1 raketasiga o‘xshaydi. U London avtobusining uzunligidagi quvur ustiga joylashtirilgan katta reaktiv dvigateldan iborat.

Ular allaqachon janglarda qo‘llangan, ammo kompaniya aniq nishonlarni tasdiqlayotgani yo‘q.

"Flamingo" G‘arb davlatlari yetkazib berishni istamagan uzoq masofaga chuqur zarba beradigan quroldir.

Fire Point zavodi rahbarlaridan biri Irina Terex

Surat manbasi, Moose Campbell/BBC

Surat tagso‘zi, Fire Point zavodi rahbarlaridan biri Irina Terex, "Flamingo" raketasi qora, chunki u Rossiya neft zavodlari bilan oziqlanadi", deydi.

Qanotli raketaning parvoz masofasi 3000 km ekani aytilmoqda. Bu AQShda ishlab chiqarilgan, Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga berishdan bosh tortgan yanada murakkab va qimmat qurol –"Tomahawk"ka o‘xshaydi.

Biroq chuqur zarbalar urushning muhim qismi sifatida qaraladi, buning uchun Ukraina asosan uzoq masofali dronlardan foydalanadi.

U hali ham ming kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan front chizig‘ida Rossiyaga yer boy berayapti.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Shu sababli, Ukraina tobora ko‘proq Rossiyaning harbiy iqtisodiyotini nishonga olishga, uning yutuqlarni sekinlashtirishga harakat qilmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari rahbari, general Oleksandr Sirskiyning aytishicha, Ukrainaning uzoq masofali zarbalari Rossiya iqtisodiyotiga bu yil allaqachon 21,5 milliard dollardan ko‘proq zarar yetkazgan.

Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari ofitseri Ruslan, strategiya oddiy deydi: "Dushmanning harbiy imkoniyatlari va iqtisodiy salohiyatini pasaytirish."

"Flamingo" Ukrainaning o‘zi ishlab chiqargan ilk qanotli raketaga berilgan nom

Surat manbasi, Moose Campbell/BBC

Surat tagso‘zi, "Flamingo" Ukrainaning o‘zi ishlab chiqargan ilk qanotli raketaga berilgan nom

Uning ta’kidlashicha, Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari dushman hududi ichkarisiga – neftni qayta ishlash zavodlari, qurol-yarog‘ zavodlari va o‘q-dori omborlariga yuzlab zarbalar bergan.

Albatta, Rossiya ham xuddi shunday qilayapti. U kuniga o‘rtacha 200 ga yaqin "Shahed" dronlarini uchirayapti; Ukrainaning javobi esa taxminan ikki baravar kam bo‘layapti.

Shuningdek, Rossiya o‘z zarbalarini harbiy nishonlar bilan cheklamayapti. Uning uzoq masofali raketa va dron hujumlari butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti keskin uzilishiga olib keldi – bu esa millionlab tinch aholi hayotini qiyinlashtirdi. "Men Rossiya qancha dron uchirsa, shuncha uchirishni xohlardim, – deydi Ruslan. – Lekin biz juda tez rivojlanyapmiz".

Iqtibos

Fire Point kompaniyasidan Terex xonimning aytishicha, Ukraina Rossiya resurslariga tenglasha olmasligi mumkin, ammo "biz aql va taktika bilan kurashishga harakat qilyapmiz."

Kompaniya bosh dizayneri va hammuassisi Denis Shtilermanning tan olishicha, "Wunderwaffe" yoki mo‘’jizaviy qurol yo‘q.

"Bizning g‘alaba qozonishga bo‘lgan irodamiz o‘yinni o‘zgartirishi mumkin", deydi u.

Fire Point Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan oldin mavjud emas edi. Ammo hozirda startap kuniga 200 ta dron ishlab chiqarmoqda.

Qorong‘i xona ichida yuzini niqob bilan yopgan, boshiga shapka kiygan Ruslan - Ukraina Maxsus amaliyotlar kuchlari zobiti

Surat manbasi, Kevin McGregor/BBC

Surat tagso‘zi, Ukraina Maxsus amaliyotlar kuchlari zobiti Ruslan, ichki harbiy ishlab chiqarishni tezlashtirayapmiz, deydi

Har biri kichik samolyot o‘lchamidagi FP1 va FP2 dronlari Ukrainaning uzoq masofali zarbalarining 60 foizini amalga oshirdi. Har bir dron taxminan 50 ming dollar turadi – bu Rossiyaning "Shahed" droniga qaraganda uch baravar arzon. Rossiya hali ham oyiga 3000 ga yaqin "Shahed" ishlab chiqarmoqda.

Ukraina hali ham tashqi yordamga muhtoj, ayniqsa razvedka, nishonga olish va moliyaviy masalalarda. Ammo u ko‘proq o‘zini o‘zi ta’minlashga harakat qilayapti.

Terex xonimning aytishicha, ular o‘z tarkibiy qismlarini imkon qadar Ukraina hududida tayyorlashga atay qaror qilganlar.

"Biz qurayotgan qurollarimizga hech kim ta’sir o‘tkaza olmasligi kerakligi tamoyiliga amal qilyapmiz," deydi u.

Ular ikkita aniq davlat – Xitoy va AQShda tayyorlangan qismlardan foydalanmaydi.

Nima uchun Amerika komponentlari bo‘lmasligi kerakligi haqida so‘ralganda, u "Ertaga kimdir uni to‘xtatib qo‘yishi mumkin va biz o‘z qurollarimizdan ham foydalana olmaymiz," deb javob berdi.

Ukrainaning o‘zida ishlab chiqarilgan kulrang dron.

Surat manbasi, Matthew Goddard/BBC

Surat tagso‘zi, Fire Point hozir kuniga 200 dron ishlab chiqarayapti

O‘tgan yil oxirigacha Prezident Bayden davrida Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qariyb 70 milliard dollarlik harbiy yordam berdi. Bu yordam Prezident Tramp davrida tez orada to‘xtatildi – buning o‘rniga u Yevropadagi NATO davlatlariga AQSh qurollarini sotib olish imkonini beradigan tizimni joriy etdi.

AQSh endi Ukrainaning eng yirik harbiy homiysi emas, Yevropa esa Amerika qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirish yoki uning avvalgi yordami darajasiga yetishishga qiynalmoqda.

AQShning kelajakdagi qo‘llab-quvvatlovi borasidagi xavotirlar hozirgi tinchlik muzokaralarining asosiy masalasi bo‘lgan kelajakda AQSh xavfsizlik kafolatlari haqidagi muhokamalar bilan bog‘lanib ketayapti.

Terex xonim davom etayotgan muzokaralarni "taslim bo‘lish muzokaralari" deb baholab, Ukrainaning o‘z qurollarini ishlab chiqarishi "haqiqiy xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashning yagona yo‘li" ekanini ta’kidlaydi.

U Yevropaning qolgan qismi bu voqealarni kuzatib, tegishli xulosalar chiqarishiga umid qilayapti.

"Biz urushga tayyorgarlik ko‘rish borasida qonli ibratmiz," deydi u.

Terex xonimning aytishicha, u boshqa davlatlarni faol harakatga undamoqchi va agar boshqa biror davlat Ukraina kabi hujumga uchraganda edi, "ular allaqachon bosib olingan bo‘lardi," deb hisoblaydi.

Maqolani tayyorlashda Volodimir Lojko va Kila Herrmannsen ko‘maklaridan foydalanilgan.