Tramp - Si uchrashuvi: Rossiyaga yaxshi, Ukrainaga yomon bo‘ladimi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 4 daq
AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Janubiy Koreyaning Pusan shahrida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu Trampning ikkinchi muddatga saylanganidan beri Si bilan birinchi uchrashuvi. Uchrashuvdan keyingi dastlabki izohlarida AQSh prezidenti uni "ajoyib" deb atadi. Biroq, iqtisodiy sharhlovchimiz yozganidek, Trampning g‘alabali bayonotlari uning haqiqatan ham katta muvaffaqiyatga erishganini anglatmaydi.
Uchrashuv 1 soat 40 daqiqa davom etdi, bu AQSh prezidentining jadvalida belgilangan vaqtdan ko‘proq. Natijalar haqida Tramp jurnalistlarga samolyotda aytib berdi. Si Szinpin hozircha izoh bermadi.
Tramp Janubiy Koreyani tark etdi va Vashingtonga qaytmoqda. Si esa APEC sammitida ishtirok etadi.
"Bu ajoyib uchrashuv bo‘ldi. U buyuk yetakchi", — dedi Tramp. 10 ballik shkalada (10 — eng yuqori baho) u uchrashuvga 12 ball berdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh barcha Xitoy mahsulotlariga qo‘yilgan tariflarni darhol kamaytiradi, buning evaziga Xitoy AQShga fentanil narkotigi tarkibiy qismlarini eksport qilishni to‘xtatish choralarini ko‘radi. Prezident yangi boj stavkalari haqida ma’lumot bermadi.
Shuningdek, uning aytishicha, Xitoy AQShdan soya dukkaklarini import qilishni qayta boshlaydi va nodir metallar eksportiga to‘siqlar qo‘yishni to‘xtatadi.
"Nodir metallar masalasi hal bo‘ldi, bu butun dunyo uchun muhim… Bu global vaziyat, faqat AQShga tegishli emas, — dedi Tramp. — Endi Xitoy tomonidan to‘siqlar yo‘q."
Ukraina masalasi ham muhokama qilindi. Tramp shunday dedi: "Ukraina bo‘yicha biz birgalikda ishlaymiz. Tomonlar jiddiy to‘qnashib qolganini tan oldik, ba’zan ularga kurashishga imkon berish kerak bo‘ladi. Ammo biz Ukraina bo‘yicha hamkorlik qilamiz."
Iqtisodiy sharhlovchi nimalar deydi?

Surat manbasi, EPA
Tramp g‘alabalarni baralla e’lon qilishni yaxshi ko‘radi, ammo faktlar shuni ko‘rsatadiki, uning Si bilan uchrashuvi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi.
Tramp aprel oyida Xitoy bilan savdo urushini kuchli pozitsiyadan boshlagan va taslim bo‘lishni talab qilgan edi. Oradan 9 oy o‘tdi, endi u mo‘rt sulh uchun o‘zi yon berishga majbur bo‘ldi.
Aniq nimaga kelishilganini biz faqat Trampning so‘zlaridan bilamiz, hujjatlar keyin imzolanadi va e’lon qilinadi. Ammo hozirning o‘zida ma’lumki, AQSh ortga chekinmoqda. Tramp Xitoydan yon berishlarni olish uchun qo‘llagan jazolovchi choralarni bekor qilishga rozi bo‘ldi, Si esa faqat javob tahdidlarini olib tashlaydi - u ham vaqtincha, bir yilga.
Yana olti oy oldin Tramp bojlar savdo disbalansini bartaraf etadi, ilg‘or chiplar yetkazib berishga cheklovlar esa AQShning asosiy iqtisodiy va harbiy raqibi bo‘lgan Xitoyning texnologik rivojlanishini sekinlashtiradi, deb o‘ylagan edi.
Bugungi uchrashuvda Tramp savdo urushini boshlashiga sabab bo‘lgan birorta fundamental masala hal etilmadi. Xitoy esa uchrashuvdan oldin stavkalarni oshirdi - nodir metallar va magnitlar eksportini chekladi, ularsiz G‘arbning avtomobil zavodlari va mudofaa sanoati to‘xtab qoladi. Shu bilan birga, AQShdan soya dukkaklarini sotib olishni to‘xtatib, fermerlarni bankrotlik yoqasiga olib keldi.
Si Tramp bilan uchrashuvda faqat taktik eskalatsiyadan oldingi pozitsiyaga qaytdi. Ammo Trampga birorta jiddiy imtiyoz bermadi. Tramp esa sulh uchun tariflarni kamaytirdi - ya’ni Xitoyga qarshi asosiy qurolini o‘zi zaiflashtirdi.
Si muzokaralarni kamida teng pozitsiyada, balki kuchliroq pozitsiyada olib bordi, chunki Xitoy AQSh va G‘arbning zaif nuqtasini topdi, Trampning tariflari esa Xitoy iqtisodiyotiga hech qanday zarar yetkazmadi.
Bu sharoitda Trampning ajratilgan bir yarim soatda nafaqat AQSh fermerlari, mudofaa sanoati va avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun, balki Tayvan, Ukraina urushi va Xitoy kompaniyalari tomonidan Rossiya neftini sotib olish masalalarini ko‘tarishga ham vaqt va kuch topganini tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, Si qiuloq soladigan dalillarni topish yanada mushkul.
Tramp uchrashuvni o‘zi so‘radi, va kadrlar shuni ko‘rsatadiki, u olti yildan beri ilk bor Si bilan birga ko‘rinishning o‘zini yutuq deb hisoblagan. Si esa navbatdagi uzoq mamlakatning vaqtinchalik prezidenti bilan odatiy uchrashuvni o‘tkazayotgandek tutdi.
Xitoy yana bir bor Tramp uchun shakl mazmundan muhimroq ekanidan foydalandi va uni aprel oyida Xitoyga tashrif buyurishga taklif qildi.
Demak, kamida keyingi 4-5 oy davomida Tramp Si bilan munosabatlarni buzmaslikka harakat qiladi, va Ukraina masalasida AQShning Xitoyga bosim o‘tkazishi yoki Rossiya neftini sotib olgan yirik Xitoy kompaniyalariga sanksiyalar qo‘llashini kutish kerak emas.
Yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar
Yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar
Tramp va Si uchrashuv boshlanishidan bir soat oldin Pusanga qo‘nishdi.
Xitoy rahbarini kutib olayotganda Tramp kameralar oldida "juda muvaffaqiyatli uchrashuv"ni kutayotganini aytdi.
Si esa o‘z navbatida, Tramp prezident bo‘lgan 9 oy ichida ular uch marta telefon orqali gaplashganini va xatlar almashganini eslatdi. "Dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti vaqti-vaqti bilan kelishmovchiliklarga duch kelishi tabiiy hol", dedi Xitoy rahbari.
Shuningdek, Si shuni ta’kidladi: "Men ko‘p marta ochiq aytganman, AQSh va Xitoy do‘st va hamkor bo‘lishi kerak. Bu biz tarixdan olgan saboqlarimiz va hozirgi voqeliklar talabi."
Shundan so‘ng Si va Tramp yopiq eshiklar ortida muzokaralarga kirishdi. AQSh tomonidan davlat kotibi Marko Rubio, savdo vakili Jeymison Grir, moliya vaziri Skott Bessent, savdo vaziri Xovard Latnik, apparat rahbari Syuzi Uaylz va AQShning Xitoydagi elchisi Devid Perdyo ishtirok etdi.
Xitoy delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Van I, uning o‘rinbosari Ma Chjaosyuy, Davlat kengashi vitse-premeri Xe Lifen, apparat rahbari Tsay Tsi, savdo vaziri Van Ventao, rivojlanish va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Chjen Shanjsze kirdi.
Uchrashuv boshlanishidan sal oldin Tramp o‘zining Truth Social saytida AQShning "darhol" yadroviy sinovlarni qayta boshlashi haqida post joyladi va Xitoyni bevosita tilga oldi.
"Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa ancha orqada - uchinchi, ammo besh yil ichida biz bilan tenglashadi", deb yozdi AQSh prezidenti.
Keyinroq, samolyotda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp sinovlarni qayta boshlash uchun qulay vaqt kelganini aytdi.
"Bu boshqalar bilan bog‘liq", dedi prezident, AQShning hali ham eng kuchli yadroviy arsenalga ega ekanini ta’kidlab.












