Xitoylik investorlar O‘zbekistonga xavf solayotgani yo‘q – hukumat

xitoy

Surat manbasi, Uzbek Embassy in China

O'qilish vaqti: 8 daq

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mamlakatda Xitoyning iqtisodiy ta’siri kengayishiga oid xavotirlar ortayotgan bir paytda, odamlarga tushuntirish bilan chiqqan. Vazirlik bu mavzu borasida "afsonalar o‘rniga faktlar"ni taqdim etayotganini tilga olgan.

16 mart kuni Facebookʼdagi rasmiy sahifada e’lon qilingan postda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi so‘nggi vaqtlarda Xitoy bizneslari O‘zbekistonni egallab olmoqda qabilidagi "asossiz da’volar" tarqalayotganini ma’lum qilgan.

Vazirlik o‘quvchida xitoylik investorlar O‘zbekistonda yuritayotgan faoliyat bo‘yicha tasavvur hosil bo‘lishi yo‘lida o‘z postida olti xil punkt bo‘yicha tushuntirish bergan.

Postda O‘zbekiston faqat Xitoy investitsiyalariga qaram emasligi, barcha investorlar, kelib chiqqan mamlakatidan qat’iy nazar, mamlakatda teng sharoitlarda va qonun talablariga muvofiq faoliyat yuritishi ta’kidlangan.

Bildirilishicha, oxirgi uch yilda Xitoy investitsiyalari asosan sanoat sohasi (62 foiz) kirib kelmoqda.

Vazirlik bu orqali ma’lumot orqali so‘nggi kunlarda tarqalayotgan xitoy biznesmenlari ekin maydonlari va tabiiy boyliklar zaxiralarini egallab olayotganiga oid gap-so‘zlardan xavotirga tushmaslik kerakligini bildirgan.

tushuntirish

Surat manbasi, Screenshot/Facebook

Surat tagso‘zi, Rasmiy tushuntirishda Xitoy investitsiyalari bo‘yicha "afsonalar o‘rniga faktlar" keltirilayotgani haqida so‘z boradi.

"Ko‘p tarqalgan noto‘g‘ri fikrlarga qaramay, xitoy investitsiyalarining atigi 4% qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda chet el investorlariga yer sotilishi taqiqlangan – uni faqat 25 yilga ijaraga olish mumkin va bu faqat ochiq auktsion orqali amalga oshiriladi", ta’kidlagan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.

Shuningdek, rasmiy tushuntirishda tekstil sohasida ham vaziyat xavotirli emasligini tilga olgan.

"Bugungi kunda O‘zbekistonda 7600 dan ortiq tekstil korxonasi mavjud bo‘lib, ular yiliga 123,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradi. Ulardan atigi 57 tasi xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan, ya’ni xitoy kompaniyalari ulushi sezilarli emas".

Vazirlik Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonga innovatsiyalar ham olib kelayotganini urg‘ulagan.

"Xitoy investitsiyalari O‘zbekistonning texnologik rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun Jizzax viloyatidagi BYD avtomobil zavodini keltirish mumkin. Bu yerda 1500 ish o‘rni yaratilgan, ularning aksariyatini o‘zbek mutaxassislari egallagan. 2024 yilda 200 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Xitoyda BYD zavodlarida malaka oshirdi".

"Yuqoridagi faktlar asosida quyidagi xulosalar chiqarish mumkin: Xitoy investitsiyalarining asosiy qismi sanoat, texnologiya va energetikaga yo‘naltirilgan. Chet ellik investorlar O‘zbekistonda yer sotib ololmaydi. Loyihalarda ish o‘rinlarining aksariyatini o‘zbekistonliklar egallaydi. Hamkorlik faqat investitsiyalarni jalb qilish emas, balki yangi texnologiyalar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi", xulosa qilinadi rasmiy tushuntirishda.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori va qarz beruvchisi hisoblanadi.

Ikki o‘rtadagi savdo aylanmasida esa keskin tafovut mavjud. Masalan, o‘tgan yili jami aylanma qariyb 14 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan Xitoyga eksport qilingan o‘zbek tovarlarining umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan.

Fevral oyidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda Xitoy bizneslarining ta’siri kengayib, xitoy diasporasi oshib borayotgani tilga olingan xavotirli xabarlar bot-bot kuzatilmoqda.

Quyida voqealar silsilasidan xabardor bo‘lishingiz mumkin.

12 mart: O‘zbekiston hukumati Xitoyga qarshi kayfiyatni yumshatishga harakat qilmoqda
Uchrashuv

Surat manbasi, Расмий

O‘zbekiston Bosh vaziri matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Xitoyning O‘zbekistondagi iqtisodiy kengayishi va xitoylik muhojirlar sonining ko‘payishi bo‘yicha bildirilayotgan xavotirlarni rad etdi.

Platina.uz saytiga gapirgan Hidoyatov rivojlanayotgan O‘zbekiston uchun ko‘plab sarmoyalarning kirib kelayotgani normal jarayon ekanligini aytdi.

"Qolaversa, mamlakatimizga nafaqat Xitoy, balki boshqa davlatlardan, masalan, Germaniya, Frantsiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya kabilardan ham ko‘plab investorlar hamda tadbirkorlar kelib, faoliyat yuritmoqda", deydi Bekzod Hidoyatov.

Bosh vazir matbuot kotibi o‘zbekistonlik tadbirkorlar yoki migrantlar ham turli davlatlarda, xususan, Xitoyda ham faoliyat yuritishini ta’kidlagan.

"Hozir dunyoning istalgan mamlakatida o‘zbek mahallalaridan tortib, o‘zbek tilida yozilgan nomlari magazin va milliy oshxonalarigacha topish mumkin".

Xitoy masalasiga alohida to‘xtalgan rasmiy uni aholi soni bo‘yicha dunyoda yetakchisi ekanligini va hatto G‘arbiy Yevropa, Shimoliy Amerikada katta diasporalari borligini aytgan.

"Lekin hech kim ularning xavfi borligi to‘g‘risida gapirmaydi. Shunday ekan bu borada hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q", deydi u.

Hidoyatov ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan xavotirlarni markazlashgan manipulyatsion kampaniyaga o‘xshatgan.

"Bu huddiki markazlashgan holda uchinchi tomonning manfaati bilan boshqarilayotgan manipulyatsion kompaniyaga o‘xshaydi. Shuning uchun yurtdoshlarimizdan provokatorlarning turli manipulyatsiyalariga ishonmaslikni so‘raymiz", deydi u.

Bosh vazir matbuot kotibi Xitoy O‘zbekistonning strategik sherigi ekanligini eslatgan.

"U bizning hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni hurmat qiladi hamda qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto bu bo‘yicha alohida shartnoma ham imzolangan. Ya’ni, bundan vahima ko‘tarishga asos yo‘q".

Facebook
Bugungi kunda, agar adashmasam, 6 ming nafardan ziyod hindistonlik aynan O‘zbekiston OTMlarida tahsil olmoqda. Lekin bu degani O‘zbekistonni hindlar egallab oladi, degani emas-ku
Bekzod Hidoyatov
Bosh vazir matbuot kotibi (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

U O‘zbekistonla ta’lim olayotgan hindistonlik talabalarni misol sifatida keltirgan.

"Bugungi kunda, agar adashmasam, olti ming nafardan ziyod hindistonlik aynan O‘zbekiston OTMlarida tahsil olmoqda. Lekin bu degani O‘zbekistonni hindlar egallab oladi, degani emas-ku!", deydi Hidoyatov.

U O‘zbekiston yopiq davlat emasligini ta’kidlagan.

"Qaytaraman, O‘zbekiston avvalgidek yopiq davlat emas. Odamlardan biroz toqatli bo‘lishni, turli xil yolg‘on yoki provokatsion axborotlarga uchmaslikni so‘raymiz", deydi Bekzod Hidoyatov.

Bu izoh so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda Xitoyga qarshi kayfiyatlar ortib borayotgan bir paytda berildi.

Ushbu muhokamalar 15 fevral kuni Toshkentdagi Milliy bog‘da xitoylik fuqarolarning to‘planishi aks etgan videodan so‘ng kuchaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu yig‘ilishni "miting" deb hisoblaganlar ham bo‘ldi. Ammo Toshkent shahar militsiyasi bu iddaolarni rad etib, voqea Huawei kompaniyasi xodimlari tomonidan tashkil etilgan sport tadbiri ekanligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy ta’siriga oid bahslar yanada kuchaydi. Bir nechta jamoat arboblari hukumatni Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasiga yo‘l qo‘yganlikda aybladi.

O‘zbekiston bugungacha Markaziy Osiyoda Xitoyga qarshi kuchli norozilik namoyishlari kuzatilmagan davlatlardan biri edi. Ammo qo‘shni davlatlardan Qirg‘izistonda 2019 yilda Xitoy migantlariga qarshi namoyishlar o‘tkazilgan, Qozog‘istonda esa Xitoy ta’siriga doir xavotirlar ijtimoiy beqarorlikning asosiy manbalaridan biri bo‘lib kelmoqda.

10 mart: Xitoy, Shanxay tashkiloti bilan yaqinlik xavotirlimi?

Xitoy Tashqi ishlar vazirining matbuot anjumani

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Xalq vakillari umumxalq majlisi - parlament qurultoyi arafasida turli mavzularda matbuot anjumanlari tashkil etildi, ulardan biri ShHT Xitoy raisligiga bag‘ishlandi

Xitoy rasmiylari Shanxay Hamkorlik tashkiloti raisi o‘laroq qanday tadbirlarni tashkillashtirishlari haqida hisobot berayotgan bir vaqtda O‘zbekiston jamoatchiligi faollari Xitoy "yumshoq ekspansiyasi"dan xavotir izhor qilayaptilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida Xitoy fuqarolari ko‘paygani, shaharning katta qismini sotib olayotganlari, shu sababli ko‘chalarda Xitoy tilidagi banner va reklamalar paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi, ijtimioy tarmoq foydalanuvchilari Toshkent yerlari go‘yoki xitoylik biznesmenlarga berib yuborilayotganidan xavotir bildirdilar.

Ushbu xabarlarga javoban O‘zbekiston Kadastr Agentligi bayonot e’lon qildi, ularni "noto‘g‘ri xabarlar" deb atadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Kadastr agentligiga ko‘ra, chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida ega bo‘lishlari mumkin, bu O‘zbekiston Respublikasi Yer Kodeksida belgilab qo‘yilgan.

"Ijaraga berilgan yerni xususiylashtirib olishadi, deb vahimaga tushmaslik lozim. Xavotirga o‘rin yo‘q. Chet elliklarga yer xususiylashtirib berilmaydi", deb yozdi O‘zbekiston Kadastr agentligi.

Ayni paytda boshqa ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonga ham sarmoya kiritayotgan, qarzlar berayotgan Xitoyning O‘zbekiston suvereniteti va mustaqilligiga uzoq muddatli ta’siri, Xitoy "yumshoq ekspansiyasi" haqidagi bahslar davom etayapti.

Jurnalist Muhammad Shakur iqtisodiy manfaatlarni tan olgan holda mamlakat suvereniteti uchun potentsial risk mavjudligi haqida yozdi.

"Xitoy korxonalari o‘zining iqtisodiy, texnik, injenerlik va menejerlik potentsiali bilan kirib kelishi iqtisodiyotimizni jonlantirishiga hech kim shubha qilmaydi. Ammo gap bir kunlik lokal manfaat ertaga KATTA muammoga olib kelishi muqarrarligi haqida. Qanaqa muammoga? Suverenitetni yo‘qotishga", deb yozdi o‘zining Telegram kanalida.

Jurnalist bunday ta’sirlarga turli mamlakatlarning munosabati har xil bo‘lishi mumkinligini urg‘uladi, ammo O‘zbekiston vaziyati nozikligini aytdi.

"Milliy manfaatlarni himoya qilishga doir qarorlarga ko‘pchilik (jamoatchilik) ta’sir etadigan davlatlar uchun "Xitoy" deb atalmish fenomen xavf tug‘dirmaydi – milliy manfaatlarni sotib yuborish bunday vaziyatda o‘ta qiyin. Biroq qaror qabul qilish sohasi uzurpatsiya qilingan (ayniqsa nokompetent va milliy manfaatni anglay olmaydigan odamlar tomonidan uzurpatsiya qilingan) mamlakatlar uchun Xitoy – aynan suverenitetni yo‘qotish xavfi", deb yozdi Muhammad Shakur.

Iqtisodiy zaiflik xavotirlari

Jurnalist nega O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyat Xitoy oldida nimjon qilishi mumkinligi haqida mulohaza bildirdi:

"Iqtisodchi Bakirov baqirib kelayotganidek, O‘zbekiston o‘g‘ri-monopolist savdogarlarning "votchina"siga aylangan. Savdogar uchun esa biron narsani sotish bu – "nichego lichnogo, tolko biznes" masalasi", deb yozdi Muhammad Shakur.

U mamlakatdagi qaror qabul qilish vaziyati borasidagi tashvishini yozdi:

"Qaror qabul qilish sohasi savdogarlar tomonidan uzurpatsiya qilingan bo‘lishi shunisi bilan ham xatarliki, bunda birinchi shaxs aslo sotqin bo‘lmagan holatda ham milliy manfaatlar sotilib ketishi mumkin. Chunki o‘zini savdogarlar bilan o‘ragan bitta odam bunaqa vaziyatda savdogarlarning bosimiga aslo dosh berolmaydi – savdogarlar bitta odamga "haqiqatlarni" tushuntirib qo‘yadi baribir. Masalan mamlakatga zarar keltirib turgan avtochayqovchini mamlakatga foyda keltirayotganini "isbotlab" beradi".

Siyosiy sharhlovchi Odiljon Yusuf O‘zbekistonning mustamlakaga aylanish tarixini eslatdi:

"Xitoyliklar O‘zbekistonga faqat tijorat maqsadida kelyapti. Bundan ortiqcha havotirga tushmaslik lozim. Bu masalada tolerantroq bo‘lish kerak. Shundagina taraqqiy etamiz" deb xitoyliklarni quchoq ochib kutib olayotganlar bir narsani yodingizdan chiqarmang, XIX asrda bosqinchi Chor O‘rusiyasining josuslari ham Turkistonga avval boshda savdogarlar niqobi ostida kelgan. O‘shanda ham bizning ishonuvchan, sodda va samimiy odamlarimiz mehmondo‘stlik qilib, ularga uyining to‘rini bo‘shatib bergan. Bundan esa dushman ustalik bilan foydalangan. Keyin nima bo‘lganligini o‘zingiz juda yaxshi bilasiz. Oqibatda butun millat qullik kishanini kiydi".

Tarixiy parallel va hushyorlik ogohlik

Sharhlovchi O‘zbekiston yana xatolarni takrorlamasligi uchun o‘tmishdan saboq chiqarishi lozimligini yozdi.

"Sovet ittifoqi parchalanib, mustaqil bo‘lganimizga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, mafkuraviy kishanlardan hali to‘lig‘icha xalos bo‘lganimiz yo‘q. Eng achinarlisi shundaki, ko‘plarda qullik zehniyati saqlanib qolgan. Hatto oramizda mustamlaka davrini qumsaydiganlar talaygina", deb yozdi Odiljon Yusuf.

U mamlakatdagi Xitoy faoliyatiga qattiqroq yondashuv kerakligi haqida yozdi:

"Xitoy masalasiga jiddiyroq yondashmasak bo‘lmaydi. Xitoyliklarga bunchalik erkinlik berib yuborish yaramaydi. Bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ularning har bir harakatini nazorat qilib turish lozim. Ular doimiy nazoratda ekanliklarini his qilishsin. Shundagina xitoyliklar har bir qadamini o‘ylab bosishga harakat qiladi", deb yozdi siyosiy sharhlovchi.

U Xitoy niyati yaxshiligiga shubha bilan qarashini bildirdi.

"Xitoyliklar bizning yurtga yaxshi niyatda kelyapti deb o‘ylamayman. Zero, Xitoydan xavfsirashga yetarlicha asoslarim bor. Masalan, Xitoy davlatining islom va musulmonlarga nisbatan qarama-qarshi pozitsiya ekanligi hech kimga sir emas. Xitoy hukumatining uyg‘ur musulmonlariga qarshi qo‘llab kelayotgan zolimona siyosati ham barchaga ma’lum".

"Endi bir yaxshilab o‘ylab ko‘ring, uyg‘ur musulmonlarini, ya’ni birodarlarimizni o‘ziga dushman deb biladigan davlat biz o‘zbek musulmonlariga do‘stlik qilishi mumkinmi?! Aslo yo‘q! Xitoy bizga hech qachon do‘stlik qilmaydi", deb yozdi Odiljon Yusuf.

Madaniy integratsiya va ko‘zga tashlanadigan hozirlik

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy bilan bog‘liq xavotirlar hukumat va biznes aloqalaridan ham oshib o‘tib madaniy integratsiyaga doir bildirilayotgani ko‘zga tashlanadi.

Telegramdagi "O‘zbekiston real yangiliklari" blogging kanali "Xitoyliklar yoppasiga kelib O‘zbek qizlariga uylanayapti" deb yozdi.

"Oxirgi yillarda bunday nikohlarning soni keskin o‘sayapti va bu tendentsiya tobora kuchayyapti", deb yozdi kanal.

Telegramdagi Uzbek Gold kanali oddiy xitoyliklar O‘zbekistonning qator hududlarida hozirligini ko‘paytirganlari haqida gapirdi.

"Xitoyliklar allaqachon "Askiya" va "Abu Sahiy" bozorlarini bosib olishdi. Ular mahallalarimizda ham yashashayapti. Befarq bo‘lmaylik", dedi kanal boshlovchisi Nilufar Hamroeva.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating