Xitoy AQSh bilan "har qanday" urushga kirishga tayyor - rasmiy Pekin

Prezident Shi AQSh bilan savdo urushi xavfiga yuz tutyapti.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Prezident Shi AQSh bilan savdo urushi xavfiga yuz tutyapti.
O'qilish vaqti: 6 daq

Xitoy AQSh bilan "har qanday" urushga kirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu bayonot Prezident Donald Trampning Xitoyga qarshi oshirayotgan savdo tariflariga javob sifatida yangradi.

Tramp barcha Xitoy mahsulotlariga yanada ko‘proq tariflar kiritishi ortidan jahonning ikkita eng yirik iqtisodi savdo urushiga kirishlariga yaqin qolgan.

Xitoy ham javob chorasi o‘laroq, AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga 10-15% lik tariflarni kiritdi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi X da post qoldirib: "Agar AQSh urushni istasa, bu tarif urushi bo‘ladimi, savdo urushimi, yoki har qanday boshqa urush, biz oxirigacha urushishga tayyormiz", deb yozdi.

Bu bayonot Tramp prezidentlikka kelganidan beri va Pekinda eng yuqori rahbariyat yillik Milliy xalq kongressiga yig‘ilishlari arafasida yangrayotgan eng keskin munosabat bo‘lmoqda.

Миллий Халқ Конгресси очилиши
Reuters
Агар АҚШ урушни истаса, бу тариф уруши бўладими, савдо урушими, ёки ҳар қандай бошқа уруш, биз охиригача урушишга тайёрмиз.
Хитойнинг Вашингтондаги элчихонаси
bbc.com/uzbek

Chorshanba kuni Xitoy Bosh vaziri Li Shiyang Xitoy bu yil o‘z mudofaa xarajatlarini 7,2% ga oshirishini aytdi va "dunyo bo‘ylab bir asrda ko‘zga tashlanmagan o‘zgarishlar tez suratlarda yuz berayotgani"dan ogohlantirdi.

Xarajatlardagi bu o‘sish o‘tgan yili e’lon qilingan raqamlarga mos.

Pekindagi liderlar xalqqa Xitoy iqtisodi, har qanday savdo urushiga qaramay, o‘sishi mumkinligiga ishontirishmoqchi.

Xitoy o‘zini, Pekin nazdida Yaqin Sharq va Ukrainadagi urushlarga aralashgan AQShdan farqli o‘laroq, tinch va barqaror mamlakat qilib ko‘rsatishni istaydi.

Xitoy, shuningdek, Trampning Kanada va Meksikaga qarshi tatbiq qilayotgan tariflaridan foydalanib qolmoqchi, va yangi potentsial sheriklarni cho‘chitib yubormaslik uchun o‘z bayonotlarini juda ham keskin qilishni xohlamaydi.

O‘tgan may oyida Xitoyning Tayvan atrofida o‘tqazgan harbiy mashg‘ulotlari Pekindagi yirik ekranlarda namoyish etildi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, O‘tgan may oyida Xitoyning Tayvan atrofida o‘tqazgan harbiy mashg‘ulotlari Pekindagi yirik ekranlarda namoyish etildi.

Bosh vazirning seshanba kuni Pekinda qilgan nutqida Xitoy dunyoga ochilishda davom etishi va ko‘proq xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga umid qilishi aytildi.

Xitoy o‘tmishda urushga kirishga tayyor ekanini aytgan. O‘tgan oktyabrda Prezident Shi o‘zini boshqaruvchi Tayvan oroli atrofida Xitoy qo‘shinlarining harbiy mashqlarini o‘tqazdi va ularni harbiy hushyorlikka chaqirdi.

Tayvan AQShning Osiyodagi ittifoqchisidir va urush bo‘lgan taqdirda AQShning dastagini olishga ishonadi.

AQSh va Xitoyning aloqalari dunyodagi eng ziddiyatli aloqalardan biridir.

Ammo, Tramp o‘z inauguratsiyasi ortidan Prezident Shini AQShga taklif qilar ekan, Pekindagi rasmiylar AQSh-Xitoy aloqalari biroz do‘stona tus olishiga umid qilgandilar.

Ikki lider o‘tgan oy telefonda suhbat qilishlari mo‘ljallangandi. Bu yuz bermadi.

Xitoyning o‘zida esa Prezident Shi iste’molning susayishi, ko‘chmas mulk inqirozi va ishsizlikka qarshi kurashmoqda.

Tariflar AQShda ham oddiy iste’molchilar karmoniga zarba berishidan ogohlantirishlar yangrayapti.

Xitoy dunyoda hammani ortda qoldirmoqdami? (Video)

Xitoy rahbari Shi Jinping va Xitoy texnologiya shirkatlari logolari

Surat manbasi, Getty Images

Xitoyning sun’iy intellekt chatboti DeepSeek'ning yuksalishi butun dunyo uchun kutilmagan bo‘ldi, ammo xitoyliklar uchun bu yangilik emasdi.

Xitoy so‘nggi o‘n yil ichida "Made in China 2025" deb nomlangan ulkan reja doirasida yuqori texnologiyali mahsulotlar, jumladan, sun’iy intellekt bo‘yicha o‘z tajribasini asta-sekin oshirib kelayotgan edi.

Tahlilchilar uchun DeepSeek muvaffaqiyati ulkan loyihaning muvaffaqiyatli bo‘lganining yana bir tasdig‘idir.

"Made in China 2025" Xitoy hukumati tomonidan 2015 yilda katta shov-shuv bilan e’lon qilingan edi.

Aloqador mavzular
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

G‘oya millionlab kundalik buyumlar tubida muhrlangan iborani sifatsizlik belgisidan yuqori sifat, yuqori texnologiya belgisiga aylantirish edi.

2025 yilga kelib Xitoy hukmronlik qilishi kerak bo‘lgan o‘nta texnologiya sanoati asosiy yo‘nalishlar sifatida tanlandi.

Batafsil hujjatlarda sun’iy intellekt, kvant hisoblash, elektromobillar, qayta tiklanadigan energiya, akkumulyator texnologiyalari tilga olingan.

Ushbu sohalarning ko‘pchiligida Xitoy asosiy o‘yinchiga aylandi va ba’zilarida hatto eng optimistik maqsadlardan ham oshib ketdi.

"Made in China 2025," menimcha, ko‘p jihatdan juda muvaffaqiyatli bo‘ldi, – deydi Londondagi Kings kolleji rivojlanish iqtisodiyoti bo‘yicha mutaxassisi doktor Yundan Gong. – Ko‘plab sohalarda Xitoy ildam ketmoqda va ba’zi sohalarda Xitoy hatto yetakchilik qilmoqda," deydi u.

Xitoy dunyo avtomobilsozligining peshqadamlarini (Germaniya, Yaponiya, AQSh) ortda qoldirdi va BYD kabi elektromobil ishlab chiqaruvchilar tufayli boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq avtomobil sotayapti.

Elektromobillardagi muvaffaqiyatning katta qismi Xitoyning hozirda dunyodagi eng yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchisi ekanligi bilan bog‘liq.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qayta tiklanadigan energiya sohasida Xitoy global quyosh panellari ta’minoti zanjirining taxminan 80-95 foizini ishlab chiqaradi. Tadqiqotchilar 2028 yilga borib dunyodagi barcha qayta tiklanadigan energiyaning 60 foizi Xitoyda ishlab chiqarilishini bashorat qiladilar.

BYD elektromobillari savdo saloni

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, BYD singari kompaniyalar Xitoyni dunyodagi yetakchi mashina eksportchisiga aylantirdi

Dronlarda ham – osmonni Xitoy boshqaradi. BCC Research ma’lumotlariga ko‘ra, Shenchjenda joylashgan DJI dunyo bozorining 70 foiz ulushiga ega bo‘lib, dunyodagi eng yaxshi 10 ta dron ishlab chiqaruvchilarning uchtasi Xitoyda.

O‘z maqsadlariga erishish uchun Xitoy kommunistik partiyasi puxta yo‘l xaritasida 250 dan ortiq kichik maqsadlarni belgilab oldi. South China Morning Post tahlillariga ko‘ra – ularning 86 foizi bajarilgan.

"Xitoy davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kapitalizm modelidan foydalanishda muvaffaqiyatga erishdi, bu yerda hukumat haqiqatan ham tadqiqot va moliyalashtirish kun tartibini belgilaydi," deydi Germaniyaning Marshall jamg‘armasi tahlil markazi boshqaruvchi direktori va Prezident Jo Baydenning sobiq maslahatchisi Lindsi Gorman.

Gorman xonim Xitoyning xorijiy iste’dodlarni jalb qilish va xorijiy firmalarni Xitoy kompaniyalari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etishga undash qobiliyati haqida gapiradi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Juda katta mablag‘ ham sarflangan. AQSh Kongressi tadqiqotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati tadqiqotlar, ishlanmalar yoki xorijiy kompaniyalarni sotib olish uchun grantlarga 1,5 trillion dollar yig‘ishni yoki sarflashni rejalashtirgan. Hisobotga ko‘ra, 2020 yilga kelib 627 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.

"Made in China 2025" shunchalik muvaffaqiyat qozondiki, bir necha yil o‘tgach, hukumat bu atamani ishlatishni to‘xtatdi, chunki u raqobatni alangalatardi.

Ammo kech bo‘lgandi va so‘nggi yillarda G‘arbning ko‘plab mamlakatlari o‘z texnologiyalari Xitoyga eksport qilinishiga tobora qat’iyroq sanksiyalar kiritdi.

Reja rivojlanishni sekinlashtirish edi va ba’zi sohalarda, masalan, mikrochip innovatsiyalari sohasida choralar ish berayotgan ko‘rinadi.

Nanjingdagi World Intelligent Manufacturing Expo 2024 ko‘rgazmasida tomoshabinlar DJI dronlari nusxalarini tomosha qilmoqalar.

Surat manbasi, CFOTO/Future Publishing via Getty Images

Surat tagso‘zi, BCC Research tadqiqotlariga ko‘ra, Shenchjen shahrida joylashgan DJI shirkati global dron bozorining 70% ini egallagan

Ammo boshqa sohalarda ba’zi tahlilchilar fikricha, cheklovlar Xitoyni rag‘batlantirgan bo‘lishi mumkin. Axir, o‘zini o‘zi ta’minlash "Made in China 2025" uchun muhim omil.

"Xitoyda "hayot har doim o‘z yo‘lini topadi, – degan qadimiy naql bor, – deydi Kardiff universiteti biznes maktabi amaliy iqtisodiyot professori Pen Chjou. – Cheklov va sanksiyalar faqat ildizni o‘zgartiradi, yo‘nalishni emas," deydi u.

Professor Chjou kabi mutaxassislar bunga ajoyib misol sifatida DeepSeek'ni ko‘rsatishadi. Shirkat AQShning eksport cheklovi tufayli o‘z modelini o‘qitish uchun eng kuchli chiplarni ololmadi.

Buning o‘rniga u eski, kuchsizroq botlar bilan kifoyalanganini va yangi usullarni ixtiro qilib, o‘zining ta’sirchan botini ancha kam mablag‘ evaziga yaratganini aytmoqda.

Bu da’volarga ba’zi raqiblar e’tiroz bildirmoqda, ammo DeepSeek haqida AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat sun’iy intellekt gigantlariga "uyg‘onish qo‘ng‘irog‘i" deb atadi.

"Alibaba" va "ByteDance" kabi Xitoyning texnologik gigantlari o‘z mahsulotlariga "Google" va "Open AI" kabi kompaniyalardan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ sarflamoqda.

Biroq, shunday bo‘lsa-da, AQSh "Made in China 2025" dasturiga qaramay, sun’iy intellekt sohasida dunyoda yetakchi o‘rnini saqlab qolmoqda.

Kvant hisoblash sohasida esa, Xitoylik olimlar har yili boshqa mamlakatlardan ko‘ra kvant bilan bog‘liq ko‘proq ilmiy maqolalar chop etishiga qaramasdan, AQSh ko‘plab yo‘nalishlarda oldinda turibdi.

AQSh, shuningdek, Xitoy bilan raqobatlashish uchun mikrochiplar ishlab chiqarish, ilm-fan va sun’iy intellekt infratuzilmasiga yuzlab milliard dollarlik xususiy va davlat mablag‘larini yo‘naltirmoqda.

Xitoy uchun yana bir to‘siq milliy xavfsizlik masalalari bo‘lishi mumkin. AQShdan tashqari birinchi global miqyosda ommalashgan ijtimoiy tarmoq sifatida TikTok'ning katta muvaffaqiyati, josuslik haqidagi milliy xavfsizlik xavotirlari tufayli AQShda taqiqlanish xavfi ostida qolmoqda. Xitoyning Temu va Shien kabi elektron tijorat ilovalarining rivojlanishi ham DeepSeek bilan birga xavf ostida bo‘lishi mumkin.

Biroq, G‘arbdan tashqarida ham hayot borligini ko‘rish uchun Xitoyning telekommunikatsiya giganti Huawei'ga qarash kifoya. Kompaniya 5G uskunalari va mobil telefonlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan eng yaxshi davrida, 2019 yildan boshlab milliy xavfsizlik muammolari tufayli sanksiyalar va taqiqlarga duch keldi.

Hozir u dunyoning boshqa qismlariga e’tiborini qaratmoqda, o‘z mikrochiplarini ishlab chiqarishni boshladi va yaqinda 100 milliard dollarlik ajoyib daromad va o‘sishni qayd etdi, go‘yo G‘arb cheklovlari zanjiridan qutulgandek.