O‘zbekiston va dunyo. Zilzilani dahshatli qiladigan omillar haqida nimalarni bilamiz?

Eng so‘nggi kuchli zilzila shu yil mart oyida Myanmarda ro‘y berdi, silkinish kuchi 7,7 ballni tashkil etdi.
Oqibatda Myanmar, qo‘shni Tailandda 5400 dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumdi, boshqa qo‘shni mamlakatlarda ham insonlar jarohatlandi.
Zilzila binolar va yo‘llarga jiddiy shikast yetkazdi, Tailand poytaxti Bangkokda qurilishi davom etayotgan 30 qavatli bino to‘liq quladi.
2019 yili AQShning Kaliforniya shtatida 7,1 balli zilzila ro‘y bergan, biror inson o‘lmagan, infratuzilmalarga biror bir jiddiy shikast yetmagan.
Zilzilaning qurbonlar soni va vayronagarchilik darajasi bo‘yicha qanchalik shiddatli bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab omillar bor.
Quyidagilar eng muhimlari hisoblanadi:

Surat manbasi, Tibet Fire & Rescue / Reuters
Magnituda va davomiylik

Surat manbasi, .
Zilzilalar Moment magnituda shkalasi (Mw) deb ataluvchi shkalada o‘lchanadi. Bu shkala eskirgan va unchalik aniq bo‘lmagan deb hisoblangan mashhur Rixter shkalasi o‘rnini egallagan.
Zilzila magnitudasi zilzila chizig‘ining siljish masofasi va uni siljitgan kuchning uyg‘unlashgan ko‘rsatkichidir.
2,5 va undan past magnitudali titroq odatda sezilmaydi, lekin asboblar bilan aniqlanishi mumkin. 5 magnitudagacha bo‘lgan silkinishlar seziladi va kichik zarar yetkazadi. Tibet zilzilasi 7,1 magnitudada asosiy, 2023 yil fevral oyida Turkiya janubi va Suriyada sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila esa juda kuchli deb tasniflanadi.
8 dan yuqori har qanday zilzila "katta" deb tasniflanadi va u zilzila markazidagi aholi punktlarini butunlay vayron qilishi mumkin.
Zilzila magnitudasi bilan bir qatorda, uning natijasida yuzaga keladigan silkinishning davomiyligi ham vayronagarchilikka katta ta’sir etadi.
"Kichik zilzilalar silkinishi odatda bir necha soniya davom etsa, 2004 yildagi Sumatra zilzilasi kabi o‘rtacha va yirik zilzilalardagi kuchli silkinish bir necha daqiqa davom etishi mumkin," deydi Tinch okeanining shimoli-g‘arbiy seysmik tarmog‘i.
Chuqurligi
Biroq zilzilaning kattaligi yagona muhim omil emas: u Yer qa’rining qaysi qismida boshlanishi ham muhim ahamiyatga ega.
Marokash zilzilasida bu o‘choq Yer sirtidan taxminan 18 km chuqurlikda joylashgan edi. Bu Everest cho‘qqisidan taxminan ikki baravar ko‘proq bo‘lsa-da, geologik o‘lchovlarga ko‘ra chuqur hisoblanmaydi.
"Bu zilzila nisbatan sayoz bo‘lgan. Ya’ni, yuqorida energiya va zarbani tarqatish uchun kamroq qatlam mavjud. Tebranish va silkinish juda kuchli bo‘lgan," deb aytdi Portsmut universitetidan vulqonshunos va geolog doktor Karmen Solana Bi-bi-si bilan suhbatda.
Buning aksi o‘laroq, 2023 yil sentyabrь oyida Indoneziyaning chekka Shimoliy Maluku viloyatida sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali zilzila 168 km chuqurlikda yuz berdi. Bunda o‘lim holatlari qayd etilmadi.

Surat manbasi, Getty Images
Sodir bo‘lish vaqti
Marokashning markaziy qismida sodir bo‘lgan zilzila mahalliy vaqt bilan soat 23:11 da yuz berdi – ana shu zilzilaning qanchalik halokatliligi omili bo‘lishi mumkin.
"Ko‘plab binolar odamlar uyquda bo‘lgan paytda vayron bo‘lgan bo‘lardi," deydi doktor Solana.
Zilzila paytida halok bo‘lganlarning aksariyati binolarning qulashi natijasida jon beradi – darhaqiqat, seysmologlarning "zilzila emas, binolar odamlarni o‘ldiradi" degan mashhur iborasi bor.
Shu bois, kunduzi, binolar ichida odamlar kam bo‘lganda sodir bo‘ladigan zilzilalar odatda kamroq insoniy talofatlarga sabab bo‘ladi.

Surat manbasi, .
Binolar qurilishi
Eng kuchli zilzilalardan tashqari barcha zilzilalarga bardosh bera oladigan uylar qurish mumkin. Buning uchun binolar iloji boricha ko‘proq seysmik energiyani yutishi kerak.
AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng ko‘p zilzila sodir bo‘ladigan mamlakat Yaponiya mustahkam binolar qurish borasida ilg‘or.
"Agar inshoot [zilziladan] hosil bo‘lgan barcha energiyani yuta olsa, u qulamaydi," deydi Tokio universiteti muhandis-konstruktori va dotsenti Jun Sato.
Bu asosan seysmik izolyatsiya deb ataladigan jarayonda amalga oshiriladi. Binolar yoki inshootlar zilzila harakatlariga qarshilik ko‘rsatish uchun tayanch yoki amortizator ustiga o‘rnatiladi – ba’zan bu qalinligi taxminan 30-50 sm bo‘lgan oddiy rezina bloklaridan iborat bo‘ladi.
Biroq bunday asosiy izolyatsiya qimmatga tushadi va qurilish xarajatlari hamda materiallar dunyo bo‘ylab anchagina farq qiladi.
Marokashning eng katta talafot ko‘rgan chekka hududlarida ko‘plab binolar kuchli zilzilaga bardosh bera olmaydigan xom g‘isht yoki paxsadan qurilgan edi.
Balandroq va ko‘proq odam yashaydigan binolar zilzila paytida qulab tushsa, ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ko‘plab turkiyaliklar 2023 yil fevral oyidagi zilzila talafotlari uchun qurilish sifati pastligi, ayniqsa qurilish qoidalariga rioya qilinmaganligini tanqid qilishdi.
Garchi zilzilalar kuchli bo‘lgan bo‘lsa-da, mutaxassislar fikricha, to‘g‘ri qurilgan binolar tura olishi kerak edi.
"Ushbu zilzilaning maksimal kuchi juda shiddatli bo‘lgan, ammo yaxshi qurilgan binolarni qulatish uchun yetarli bo‘lmagan," deydi London universiteti kollejining favqulodda vaziyatlarda rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha mutaxassis professor Devid Aleksandr.
"Ko‘p joylarda silkinish darajasi maksimal darajadan past bo‘lgan, shuning uchun biz qulagan minglab binolardan xulosa qilishimiz mumkinki, ularning deyarli barchasi zilzilaga chidamlilik bo‘yicha qurilish me’yorlariga javob bermaydi."
Aholi zichligi
2021 yil iyul oyida Alyaska yarim oroli yaqinida 8,2 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi, buni eslamasangiz ham kerak.
Chignikdagi zilzila AQSh tarixidagi yettinchi yirik zilzila bo‘lgani taxmin qilinmoqda, biroq u hech kimni o‘ldirmagan yoki jarohatlamagan. Buning sababi mazkur zilzila nisbatan chuqurroqda va yirik aholi punktlaridan ancha olisda sodir bo‘lganidir.
Bunga qarama-qarshi o‘laroq, 2010 yil yanvarь oyida Gaitidagi 7,0 magnitudali zilzila katta halokat va vayronagarchilikka olib keldi – 250 000 dan ortiq odam halok bo‘lgani, 300 000 ga yaqin odam jarohatlangani va 1,5 milliondan ortiq odam boshpanasiz qolgani taxmin qilinadi.
Poytaxt Port-o-Prens zilzilaning butun kuchini o‘ziga oldi va juda yuqori aholi zichligi – har kvadrat kilometrda 27 mingdan ortiq odam yashagani qisman bunday katta yo‘qotish sababidir.
Tuproq turi
Zilziladan omon qolish imkoniyatimiz oyog‘imiz ostidagi yerning qanchalik mustahkamligiga ham bog‘liq.
AQSh Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, agar tuproq yer sathida yoki unga yaqin joyda suv bosgan cho‘kindi bilan to‘la bo‘lsa, yuza kuchli yer silkinishiga kamroq bardosh beradi, bu esa suyuqlanish deb ataladigan hodisani keltirib chiqaradi.
Bu holda odatda qattiq bo‘lgan material suyuqlik kabi harakat qila boshlaydi va 1964 yilda Yaponiyadagi Niigata zilzilasidagi kabi vayronagarchilik sezilarli darajada ortadi.
Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Turkiyada 2023 yilda sodir bo‘lgan zilzila 50 mingdan ortiq odam hayotiga zomin bo‘ldi, ammo epitsentrdan atigi 80 km uzoqlikdagi Erzin shahri deyarli zarar ko‘rmadi.
Shaharda hech kim o‘lmadi va birorta ham bino qulamadi, atrofdagi shaharlar esa vayron bo‘ldi.
Geologlar ta’kidlashicha, Erzinni tub tog‘ jinslarining himoya qatlami va zarba to‘lqinlarini yutishga qodir bo‘lgan qattiq grunt saqlab qolgan.
Favqulodda vaziyatlarga tayyorlik

Surat manbasi, Getty Images
Tabiiy ofatga tayyorgarlik ko‘rish insonlar hayotini saqlab qolishda katta ahamiyatga ega.
Yaponiyada maktablar yiliga ikki marta zilzila mashqlarini o‘tkazishi shart va bolalarga uyda, ochiq havoda yoki transportda bo‘lishidan qat’i nazar, qanday harakat qilish o‘rgatiladi. Tayvan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Boshqa ko‘plab mamlakatlarda, ayniqsa, bunday ofatlarni kamdan-kam boshdan kechiradigan mamlakatlarda ahvol unday emas.
Favqulodda vaziyatlarga javob berish tezligi va ko‘lami juda muhim – garchi Turkiyadagi zilziladan o‘n kundan ko‘proq vaqt o‘tgach ham odamlar vayronalar ostidan tirik chiqarib olinayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab jarohatlangan va qisilib qolgan odamlar buncha uzoq vaqt omon qolmaydi.
Shu sababli, transport infratuzilmasi va uni tiklash imkoniyati juda muhim. 2023-yilgi zilziladan jabr ko‘rgan Marokashning chekka qismidagi kam sonli yo‘llarning aksariyati ko‘chki va vayronalar bilan to‘silib qolgan, turli qishloqlar esa favqulodda yordam kam yoki umuman yo‘qligidan shikoyat qilgan.
Marokash hukumati ba’zi xalqaro yordam takliflarini sekin qabul qilganlikda ayblandi.
Ikkilamchi ta’sirlar
Binolarning qulashi zilziladan keyingi o‘limning yagona sababi emas.
Qirg‘oqbo‘yi aholisi dengiz tubida sodir bo‘ladigan va halokatli sunamini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan zilzilalarga zaif hisoblanadi.
2004-yilgi Osiyo sunamisiga Hind okeani tubida, Sumatra chekkasidagi Banda Acheh yaqinida 9,1 magnitudali ulkan zilzila sabab bo‘lgan.
Zilzila va undan keyingi kuchli to‘lqinlar o‘ndan ortiq mamlakatda 230 mingga yaqin odam hayotiga zomin bo‘ldi. To‘lqinlar shu qadar kuchli ediki, ular Hind okeanining narigi tomonida, olis Afrikada ham odamlar yostig‘ini quritdi.
Tepalik joylarda zilzilalar ko‘chkilarni keltirib chiqaradi, ular uylarni ko‘mib tashlaydi va qutqaruv ishlarini qiyinlashtiradi.
2015 yilda Nepalda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida qariyb 9000 kishi halok bo‘ldi.
Geologlar aytishicha, zilzilalar hududda 3 mingdan ortiq ko‘chkini keltirib chiqargan.
1906-yilgi San-Frantsisko zilzilasi atigi 20-25 soniya davomida kuchli yer silkinishini keltirib chiqardi, ammo to‘lqinlar shaharning gaz va suv quvurlarini vayron etish uchun yetarli bo‘ldi.
Gaz sizib chiqishi natijasida bir necha joyda yong‘in chiqqan va suv yo‘qligi yong‘inni o‘chirishni juda qiyinlashtirgan, natijada jami 3000 dan ortiq odam halok bo‘lgan.












