Netanyahuni hibsga olish qarorini Yevropa qo‘llab-quvvatladi, ammo AQSh “g‘azablandi”

Surat manbasi, EPA / Reuters
AQSh prezidenti Jo Bayden Xalqaro Jinoyat sudining Isroil Bosh vaziriga qarshi urush jinoyatlari bo‘yicha hibsga olish orderini “g‘azablantiruvchi” deb atadi. Biroq Yevropa Ittifoqi ushbu qarorni hurmat qilishini bildirdi.
Xalqaro Jinoyat sudi Benyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant va Hamas qo‘mondoni Muhammad Deyfga qarshi ham hibsga olish orderini chiqargan. Isroil uni iyul oyida o‘ldirilgan deb hisoblaydi.
Sudyalar Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush davomida uch kishining "jinoiy javobgarligi" uchun "etarli asoslar" bor deb hisoblashdi.
Yevropa va AQSh orderga nisbatan turli munosabat bildirishdi, bir necha Yevropa mamlakatlari Xalqaro Jinoyat sudi qarorlarini hurmat qilishlarini ma’lum qilishdi. Buyuk Britaniya hukumati sud mustaqilligini hurmat qilishini bildirdi.
"Xalqaro Jinoyat sudi nimani nazarda tutmasin, Isroil va Hamas o‘rtasida hech qanday tenglik mavjud emas", deyiladi Bayden bayonotida. "Biz xavfsizligiga nisbatan tahdidlar borasida har doim Isroilni qo‘llab-quvvatlaymiz".
Biroq, Yevropa Ittifoqi va butun Yevropadan rasmiylar sudni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonotlar berdilar.
YeI tashqi siyosat rahbari Jozep Borrel "sud qarori hurmat qilinishi va amalga oshirilishi kerak" dedi. Gollandiya tashqi ishlar vaziri "biz hibsga olish orderlari bo‘yicha harakat qilamiz", dedi, Italiya esa sudni qo‘llab-quvvatlashini va u "huquqiy rol o‘ynashi kerak, siyosiy emas", deb qo‘shimcha qildi.
Germaniya kantsleri matbuot kotibi Berlinning Isroil bilan "noyob munosabatlari" borligini ta’kidlab, keyingi choralar faqat Netanьyahu va Gallantning tashrifi "kutilayotganda" ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
YeIdagi Isroilning ikki yaqin ittifoqchisi sud qaroriga qarshi chiqdi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Netanyahuni taklif qilishini va "u kelsa, Xalqaro Jinoyat sudi qarori Vengriyada amal qilmasligiga kafolat berishini" bildirdi.
Chexiya bosh vaziri Petr Fiala sudni "demokratik davlatning saylangan vakillarini islomiy terroristik tashkilot yetakchilari bilan tenglashtirishda" ayblab, uning qarori "muvaffaqiyatsiz qaror" ekanligini aytdi.
Isroilga qarshi Xalqaro sudga genotsid bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan Janubiy Afrika Respublikasi, qarorni qo‘llab-quvvatladi va "barcha davlat tomonlarni Rim statuti bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq harakat qilishga" chaqirdi.
Xalqaro Jinoyat sudi Netanyahu, Gallant va Hamas qo‘mondonini hibsga olishga order berdi
Xalqaro Jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar uchun hibsga olishga order berdi.
Ular kamida 2023 yil 8 oktyabridan 2024 yil 20 mayigacha, ya’ni, ayblov tomoni hibs orderi so‘rab ariza bilan murojaat qilgan kungacha yuqorida aytilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqdalar.
Xalqaro Jinoyat sudi Hamas qo‘mondoni Muhammad Deyfni ham hibsga olish orderini chiqardi.
Biroq Isroil harbiylari Muhammad Deyf shu yil iyulida G‘azoga uyushtirilgan avia zarbada o‘ldirildi, deb xabar tarqatganlar.
"Xalqaro Jinoyat sudining dastlabki tergov palatasi 2024 yil 21 noyabr kuni Rim Statusining 18- va 19-bandlariga muvofiq Isroil shikoyatini rad etuvchi ikki qaror qabul qildi", deyiladi XJS bayonotida.
Xabar qilinishicha, o‘zining birinchi shikoyatida Isroil Xalqaro Jinoyat sudining yurisdiktsiyasi Falastin hududlari va Isroil fuqarolariga tatbiq etilishini savol ostiga olgan.
Ikkinchi shikoyatida Xalqaro Jinoyat sudi Rim Statusining 18-moddasiga binoan Isroil hukumatiga tergov boshlanayotgani haqida yangi xabar jo‘natishni talab qilgan.
Shuningdek, Isroil suddan hamma ishlarni, xususan, Xalqaro Jinoyat sudi prokurorlariga taqdim etgan Bosh vazir Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallantni hisbga olishga order chiqarish haqidagi arizalarni to‘xtatishni talab qilgan.
Xalqaro Sud, "ikki ayblanuvchi ataydan va ongli ravishda G‘azo tinch fuqarolarini tirik qolish uchun zarur narsalar, jumladan, oziq-ovqat, sud, dori-darmon va tibbiy vositalar, shuningdek, yoыil-i va elektrdan mahrum qilganlar", deb topdi.
"Ushbu xulosa Netanyahu va Gallantning xalqaro insonparvarlik huquqlarni poymol etib insonparvarlik ko‘maklarini yetkazishga xalaqit qilish va o‘z ixtiyorlarida bo‘lgan barcha imkonli vositalar bilan yordam berishga noqobillikdagi rollariga asoslangan", deyiladi xalqaro sud bayonotida.
Xalqaro Jinoyat mahkamasiga ko‘ra, G‘azoga insonparvarlik yordamlarini yetkazish qarshisiga qator shartlar qo‘yilgan, aslida bu shartlarga ehtiyoj bo‘lmagan.
"Insonparvarlik ko‘maklarini yetkazish operatsiyalarini cheklashga aniq harbiy ehtiyoj yoki xalqaro insonparvarlik huquqlariga mos keladigan boshqa oqlov topilmadi", dedi XJS.
XJS bayonotida ayblanuvchilarning G‘azoga dori-darmon va tibbiy buyumlar, shu jumladan, og‘riq qoldiruvchi vositalarni yetkazishga to‘siq qo‘yish va atayin kechiktirish bilan davolashga muhtoj odamlar boshidan kechirayotgan azob-uqubatlari uchun mas’ul ekanliklari alohida uqtirilgan.
Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotini boshlaganidan buyon Yoav Gallant uning asosiy rahbarlaridan biri edi.
Biroq shu yil 5 noyabrida Bosh vazir Benyamin Netanyahu o‘ng qanot hukumatida mo‘’tadil ovoz sifatida ko‘rib kelingan mudofaa vaziri Yoav Gallantni iste’foga chiqardi.
Buning sababini Isroil bosh vaziri ma’muriyati ikki rahbar o‘rtasida "ishonch inqirozi" yuzaga kelgani bilan izohladi.
G‘azo urushidan olti oy oldin, 2023 yil martida Bosh vazir Netanyahu o‘rtadagi siyosiy qarama-qarshiliklar sabaь Yoav Gallantni lavozimidan bo‘shatgan edi.
Biroq Gallant iste’fosi Isroilda shunchalar katta noroziliklarga sabab bo‘ldiki, oqibatda Netanyahu qarorini bekor qilishga majbur bo‘lgandi.
Telegram kanalimiz:












