Rossiyaliklar endi Shimoliy Koreyada dam oladimi?

Qurilish ishchilariga nisbatan og‘ir mehnat sharoiti sababli inson huquqlari faollari tanqidiga uchragan Shimoliy Koreyaning yangi sohil kurorti bu hafta ilk Rossiyalik sayyohlarni qabul qildi.
Vonsan Kalma kurorti o‘tgan oy tantanali ochildi. Uning ochilish marosimida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In shaxsan ishtirok etdi va uni "jahon darajasidagi sayyohlik va madaniy maskan" deb atadi.
Ushbu kurort qanday qurilgani haqidagi ma’lumotlar tashqi dunyo uchun deyarli yopiq bo‘lgan bu mamlakatda maxfiy saqlanadi.
BBC Verify sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qildi, ichki rejalashtirish hujjatlarini qo‘lga kiritdi, mutaxassislar va Shimoliy Koreyadan qochgan sobiq amaldorlar bilan suhbatlashdi. Ular qurilish davomida inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilganini ma’lum qilishdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Benidormdan ilhomlanib

Kim Chen In o‘smirlik yillarini asosan Vonsanda o‘tkazgan. Yangi kurort barpo etilishidan oldin bu shahar mamlakat elitasi uchun sevimli dam olish joyi hisoblangan.
"Vonsan sayyohlik hududi dastlab rejalashtirilganda maqsad bu mintaqani bir millionga yaqin sayyohni jalb qiluvchi, lekin yopiq zona sifatida saqlash edi," deydi Ri Chong Xo. U kurortning dastlabki loyihalash jarayonida ishtirok etgan yuqori lavozimli rasmiy bo‘lib, 2014 yili mamlakatdan qochgan.
"Niyat Shimoliy Koreyani biroz ochish edi."
2017 yilda, qurilish boshlanishidan bir yil avval, Kim Chen In Ispaniyaga maxsus delegatsiya yubordi. Ular Benidorm kurortini o‘rganishdi.
Ispaniyalik mezbonlardan biri, Matias Peres Suchning aytishicha, ushbu delegatsiya tarkibida yuqori lavozimli siyosatchilar va ko‘plab arxitektorlar bor edi.
Shimoliy Koreya reklamalaridagi bukletda 43 ta mehmonxona, sun’iy ko‘l bo‘yidagi mehmon uylari va kemping maydonlari ko‘rsatilgan.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida bu joylarni aniqlash mumkin, ammo ular to‘liq qurib bitkazilganini tasdiqlash imkonsiz.
Sohildan orqada, baland sariq suv gorkalari o‘rnatilgan akvapark joylashgan.

Yana shimolroqda esa madaniy hudud bor – unda teatr, dam olish va fitnes markazlari, kinoteatr kabi binolar qurilgani ko‘rsatiladi.
2018 yil boshidan boshlab olingan sun’iy yo‘ldosh suratlari 18 oy mobaynida 4 km uzunlikdagi sohil bo‘ylab o‘nlab binolar paydo bo‘lganini ko‘rsatadi.
Janubiy Koreyaning SI Analytics kompaniyasiga ko‘ra, 2018 yil oxiriga kelib kurortning taxminan 80 foizi qurib tugatilgan.
Biroq shundan keyin qurilish ishlari to‘xtab qolgan.
2024 yil iyunida Kim Chen In va Vladimir Putin uchrashuvidan keyin qurilishlar yana davom etdi. Uchrashuvda Rossiya prezidenti rossiyaliklarni Shimoliy Koreya kurortlariga sayohat qilishga rag‘batlantirishini aytgan.
Qurilishning insoniy talafotlari
Bu qurilishning tezkor sur’atda bajarilgani ob’ektda ishlayotganlarga qanday muomala qilingani borasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otdi.
BMT Shimoliy Koreyada majburiy mehnat tizimi mavjudligini ta’kidlab kelmoqda. Xususan, "zarb otryadlari" deb ataluvchi tizimda ishchilar og‘ir shart-sharoitlarda, uzoq soatlar ishlaydi va ularga yetarli haq to‘lanmaydi.
BMTning Seuldagi Inson huquqlari bo‘yicha idorasi vakili Jeyms Hinan shunday deydi: "Kurort qurilishida aynan shunday 'zarb otryadlari'dan foydalanilgani haqida xabarlar bor."
"Boshqa ma’lumotlarda esa, qurilish oxirida odamlar ob’ektni tugatish uchun 24 soatlik navbatda ishlagani aytilmoqda – bu menga haqiqiy zarb otryadini eslatadi," deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si shu kabi otryadlarda avval xizmat qilgan va keyinchalik ularni boshqargan shimoliy koreyalik sobiq a’zolardan biri bilan suhbatlashdi.
Keyinchalik mamlakatdan qochgan Cho Chung Hui Vonsan kurorti qurilishida bevosita ishtirok etmagan, ammo o‘zi boshqargan otryadlardagi sharoitlarni yaxshi eslaydi.
"Bu [otryadlar]ning asosiy qoidasi shunday: qanday bo‘lmasin, vazifani bajarish shart, hatto bu hayotingiz hisobiga bo‘lsa ham," deydi u.
"Men juda ko‘p ayollarni ko‘rganman, ular jismoniy charchoq va yetarli ovqatlanmaslik tufayli hayz ko‘rishdan to‘xtagan edi."

Surat manbasi, Getty Images
2023 yilda Janubiy Koreyaga qochgan Kan Gyuri esa Vonsanda ishlagan. Uning aytishicha, uning amakivachchasi Pxenьyanda yashash huquqini olish umidida qurilishda ixtiyoriy ishtirok etgan. Bu huquq faqat tuzumga ishonchli deb topilgan fuqarolarga beriladi.
"U deyarli uxlamagan. Ular [hukumat] unga yetarli ovqat ham bermagan," deydi u.
"Sharoit og‘ir edi. Ba’zilar ish paytida o‘lardi, lekin agar kimdir qulab o‘lib qolsa, [hukumat] hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmas edi."
Kan xonimning aytishicha, kurort loyihasi kengaygan sari Vonsandagi mahalliy aholi ko‘pincha tovonsiz holda o‘z uylaridan chiqarib yuborilgan.
BBC Verify sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali kurortga olib boruvchi asosiy yo‘l yaqinidagi binolar buzib tashlanganini aniqladi. Ular o‘rnida yangi ko‘p qavatli uylar qad ko‘targan.
"Agar joy mos kelsa, ular shunchaki hammasini buzib, yangi inshoot qurishadi," deydi Kan xonim.
"Muammo shundaki, odam qanday adolatsizlikni his qilmasin, bu haqda ochiq gapira olmaydi, norozilik bildira olmaydi."
Bi-bi-si bu ma’lumotlar yuzasidan izoh so‘rab Shimoliy Koreya rasmiylariga murojaat qildi.
Xorijiy sayyohlar qaerda?
So‘nggi yillarda Shimoliy Koreya xorijiy mehmonlar uchun deyarli to‘liq yopiq holda bo‘lib kelmoqda – faqat qat’iy nazorat ostidagi bir necha turgina amalga oshirilgan.
Vonsan Kalma kurorti nafaqat xalqaro sanksiyalar ta’siridagi mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash uchun, balki Ukrainadagi urushda Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatgandan so‘ng Rossiya bilan yaqinlashuvni kuchaytirish yo‘li sifatida ham ko‘rilayotgani aytilmoqda.

Surat manbasi, AFP
BBC Verify tasarrufidagi dastlabki reja hujjatlariga ko‘ra, loyihaning bosh maqsadi bir milliondan ortiq sayyohni jalb etish bo‘lgan. Ular asosan Xitoy va Rossiyadan kelishi kutilgan.
Biz Xitoy va Rossiyadagi tur agentliklari saytlarini ko‘rib chiqib, yangi kurortga borishni taklif qiluvchi safarlar bor-yo‘qligini aniqladik.
Xitoydagi biror bir agentlik Vonsanga turlar reklama qilmagan. Ammo Rossiyada bunday safarlarni taklif qilayotgan uchta agentlik aniqlandi – ular tarkibida Vonsan Kalma kurorti ham bor edi.

Surat manbasi, Vostok Intur
Biz 7 iyulga belgilangan ilk safardan bir hafta oldin, iyul boshlarida rossiyalik sayyohlar uchun bunday safarni taklif qilayotgan agentliklardan biriga mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qildik. Ularga ko‘ra, ushbu safarga Rossiyadan 12 nafar kishi ro‘yxatdan o‘tgan.
Shimoliy Koreyaga bir haftalik safar – shu jumladan, Vonsan kurortida o‘tadigan uch kun – 1800 dollar turadi. Bu Rossiyadagi o‘rtacha oylik ish haqidan taxminan 60 foiz ko‘p.
Tur operator ma’lum qilishicha, avgust oyiga yana ikkita safar rejalashtirilgan.
Shunday turlarni taklif qilayotgan yana ikki agentlik bilan ham bog‘landik, ammo ular safarga necha kishi ro‘yxatdan o‘tganini aytmadi.
Seuldagi Kukmin universitetida Rossiya-Shimoliy Koreya munosabatlari bo‘yicha mutaxassis Andrey Lankovning ta’kidlashicha, Vonsan Kalmaning Rossiyaliklar orasida keng ommalashishi "ehtimoldan juda yiroq".
"Rossiyalik sayyohlar osongina Turkiya, Misr, Tailand yoki Vьetnam kabi joylarga borishlari mumkin – bu hududlar Shimoliy Koreya yaratishi mumkin bo‘lgan har qanday infratuzilmadan ancha ustun," deydi u.
"U yerlarda xizmat ko‘rsatish darajasi yuqori, qolaversa, doimiy nazorat ostida ham bo‘lmaysiz."
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:












