Jo‘lon tepaliklari qaerda va u nega muhim? - Video

Surat manbasi, EPA
Isroil kuchlari Jo‘lon tepaliklaridagi demilitarizatsiyalashtirilgan bufer zona hamda Suriya hududidagi boshqa mavqe’lar ustidan nazoratni qo‘liga olgan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil Mudofaa kuchlariga bufer hududiga va "yaqin-atrofdagi qo‘mondonlik mavqe’lari"ga kirishga buyruq berganini aytdi.
Netanyahu so‘zlariga ko‘ra, bu Bashar al-Asad rejimi qulagani ortidan Suriyadagi isyonchi kuchlar Isroilga hujum qilishi oldini olish maqsadidagi vaqtinchalik harakatdir.
Ushbu amalni bir necha Arab mamlakatlari qoraladilar.
Jo‘lon tepaliklari qaerda va u yerni kim nazorat qiladi?

Surat manbasi, Getty Images
Jo‘lon tepaliklari Suriya janubi-sharqida joylashgan toshli plato, u Isroil shimoli-sharqigacha cho‘zilgan. Hozir tepalik Isroil harbiy okkupatsiyasi ostida.
1967 yildagi Olti kunlik urushda Suriya tepalikdan turib Isroilga hujum qildi, biroq hujumlarni qaytargan Isroil 1200 kvadrat kilometr hududni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Suriya 1973 yildagi Yaqin Sharq(Yom Kippur) urushida Jo‘lon tepaliklarini o‘z nazorati ostiga olishga urindi, ammo buning uddasidan chiqolmadi.

Surat manbasi, Getty Images
1974 yili Isroil bilan Suriya sulh bitimini imzoladi, bu bitim ikki tomondan ham qo‘shinlarini 80 kilometr uzunlikdagi "Bo‘linish hududi" deb bilingan joydan olib chiqishni talab qilgan, u yerga BMTning Ajratilishni kuzatish kuchlari deb nom berilgan qo‘shini shartnoma bajarilishini kuzatish uchun joylashtirilgan.
1981 yili Isroil Jo‘lon tepaliklarini anneksiya qilib o‘z nazoratiga oldi, u yerda yahudiy kelgindilar uylar qurishni boshladilar.
Isroilning hudud ustidan suvereniteti xalqaro miqyosda e’tirof etilmagan, ammo 2019 yili AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati AQShning bir necha o‘n yillik siyosatini buzdi.
Suriya Isroil Jo‘lon tepaliklaridan chiqib ketmagunicha tinchlik bitimini imzolmasligini aytgan.
2024 yil noyabrida Isroil "Bo‘linish hududi" bo‘ylab ba’zi joylarida bufer zona ichkarisida xandaqlar qurishni boshlagani uchun Suriya va BMTdan shikoyatlar qabul qildi.
Jo‘lon tepaliklari nega muhim?
Suriyadagi isyonchi guruhlar ichki masalalar bilan juda band, Isroil bilan yangi mojaroni o‘ylashga vaqti ham yo‘q. Isroil ko'rayotgan ish aksil natija berishi mumkin.
Jo‘lon tepaliklari o‘zining nazoratida bo‘lgan 1948 yildan 1967 yilgacha bo‘lgan davrda Suriya shimoliy Isroilni muntazam artilleriya bombardimonlariga tutib keldi.
Jo‘lon cho‘qqisidan 60 kilometr uzoqlikdagi Suriya poytaxti Damashq aniq-tiniq ko‘rinib turadi. Jo‘lon tepaliklari ustidan nazorat Isroilga Suriya tarafidagi har qanday harbiy harakatlanishni yaqqol ko‘rish imkoniyatini beradi.
Tepalik Isroil uchun Suriya tarafidan (xuddi 1973 yilda yuz berganidek) har qanday harbiy hujum uchun tabiiy bufer rolini o‘ynaydi.
Jo‘lon tepaliklari qurg‘oqchil joy hisoblanadigan mintaqaning asosiy suv manbasi hamdir.
Yomg‘ir suvlari tepalikdan Iordan daryosiga tushadi, daryo atrofidagi hududlarni uzumzor va bog‘lar, chorvachilik o‘tloqlari uchun unumdor yerlarga aylantiradi.
O‘tmishda Suriya bilan Isroil o‘rtasidagi sulhga asosiy to‘siqlardan biri Suriyaning "Isroil 1967 yildan oldingi chegaraga chiqib ketsin" degan talabi bo‘lgan.
Bu narsa Suriyaga Arab nomi "Buhayra Tabariya", yahudiylar "Kinneret ko‘li", dunyo xaritasida esa Galileya dengizi deb ataladigan ko‘lning sharqiy sohillarini nazorat ostiga olishni, Isroilni esa toza ichimlik suvi manbasidan mahrum etishi mumkin. Isroil chegara sohildan ancha sharqdan o‘tishi kerak deydi.
Isroil omma fikri Jo‘lon tepaliklari "bizniki bo‘lishi kerak, qaytarib berish uchun strategik jihatdan o‘ta muhim" deb hisoblaydi.
Jo‘lon tepaliklarida kim yashaydi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Hozir Jo‘lon tepaliklarida isroillik kelgindilarning 30 tacha yashash maskani bor, u joylarda 20000 cha odam yashaydi. Isroil u yerda yashash joylarini 1967 yilgi urushdan keyin darhol boshlab yuborgan.
Xalqaro qonunchilikka ko‘ra kelgindilar yashash joylari noqonuniy hisoblanadi, ammo Isroil bu narsani savol ostiga oladi.
Yahudiy kelgindilar 20000 cha suriyalik bilan yonma-yon yashaydilar, bu suriyaliklarning aksari "Muvahiddun" yoki "Darziy" yo "Durziy" deb ataladigan sekta a’zolaridir. Jo‘lon tepaliklari bosib olinganida Durziylar uch yerdan chiqib ketmaganlar.
Suriya "er doim bizniki bo‘lib kelgan va bizga qaytarilishi kerak" deydi. Isroil esa tepalik "mudofaamiz uchun o‘ta muhim va doim bizning qo‘limizda qoladi" deydi.
Shu yaqin orada Isroil Jo‘lon tepaliklarida nima qildi?
Suriyada isyonchi qo‘shinlar ildamlashib kelayotganidan xabar topgan Suriya armiyasi harbiylari Jo‘lon tepaliklaridagi postlarini tashlab ketdilar, buning ortidan Isroil Mudofaa kuchlari(IMK) u yerdagi demilitarizatsiyalashtirilgan bufer zona ustidan nazoratni qo‘liga oldi.
IMK qo‘mondonlari o‘z qo‘shinlari Jo‘lon tepaliklaridagi bufer zonadan ham ichkarida amal qilayotganlarini tasdiqladilar.
Netanyahu so‘zlariga ko‘ra, "o‘z kuchlari ma’qul yechimga kelingunicha vaqtinchalik mudofaa pozitsiyasini" barpo etayaptilar.
"Agar Suriyada yuzaga kelayotgan yangi kuchlar bilan qo‘shnilarcha va tinch aloqalarni yo‘lga qo‘ya olsak, bu bizning istagimiz. Agar qilolmasak, biz Isroil davlatini va Isroil chegaralarini mudofaa qilish uchun nimaiki zarur bo‘lsa, hammasini qilamiz", dedi Netanyahu.
Suriyadan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, isroilliklar poytaxt Damashqqa 25 kilometrcha yaqinlashib borganlar, ammo Isroil harbiy manbalari bunchalik uzoqqa kirilganini rad etadilar.
Isroilning ushbu ichkari kirishini bir necha Arab mamlakatlari qoralab bayonot berdilar.
Misr Tashqi ishlar vazirligi buni "Suriya hududini bosib olish va 1974 yildagi Bo‘linish Shartnomasini ochiqchasiga buzish" deb ta’rifladi.
Netanyahu aytishicha, Suriyani isyonchi kuchlar egallab olgani va 1974 yildagi kelishuv "barbod bo‘lgani" uchun Isroil chegaralari xavfsizligini ta’minlash uchun ushbu choraga qo‘l urgan.
"Isroil Suriya tarafidan xuddi 7 oktyabrdagi Hamasnikidek hujumlar oldini olishni istashini aytadi. Bu yanayam ilgari kirish va boshqa kuchlarning bosib olingan huhudlar chegarasiga yaqinlashishini to‘xtatish imkoniyatidir", deydi Londondagi SOAS Universiteti professori Gilbert Achkar.
Ko‘plab tahlilchilar Isroilning o‘z harakatlari oqloviga shubha bilan qaraydilar.
"Suriya kelishuvga amal qilmaymiz deb aytgani yo‘q", deydi Londondagi Chatam Haus tadqiqot markazidan professor Yossi Mekelberg.
"Bu o‘zining xavfsizligini ta’minlash maqsadidagi Isroilning ehtiyot qadami, lekin buning uchun hech qanday casus belli [harbiy harakatlar uchun oqlov] yo‘q".
Londondagi Rusi tadqiqot markazidan doktor HA Hellyer aytishicha, yaqin orada Suriyadagi isyonchi guruhlarning Jo‘lon tepaliklarini qaytib bosib olishga harakat qilish ehtimoli yo‘q edi.
"Ular ichki masalalar bilan juda bandlar, Isroil bilan yangi mojaro paydo qilishni o‘ylashga vaqtlari ham yo‘q", deydi u.
Professor Mekelberg aytishicha, Isroilning Suriya hududiga bostirib kirishi yangi Suriya hukumati bilan munosabatlar yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
"Isroil eng yomon stsenariy oldini olish yo‘lida ish ko‘rayapti, lekin bu aksil natija berishi mumkin. Bu yangi rejim bilan do‘stlashishga yetaklaydigan yo‘l emas".












