Ukraina Moskvaga zarba bermasligi kerak, dedi Tramp

Prezident Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Trampning Bi-bi-siga aytishicha, Putindan "hafsalasi pir bo‘lgan", lekin "hali ishini tugatgani yo‘q".
O'qilish vaqti: 8 daq

"Ukraina Moskvaga zarba bermasligi kerak".

Bir necha G‘arb nashrida AQSh Prezidenti Donald Trampning Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan suhbati tafsiloti e’lon qilinganidan keyin Tramp shunday deb aytdi.

Matbuot AQShdagi o‘z ismi oshkor etilishini istamagan manbaga tayanib xabar berishicha, telefon muloqoti chog‘i Prezident Tramp Prezident Zelenskiydan, agar AQSh Ukrainaga uzoqqa mo‘ljallangan raketa bersa, Rossiyaga hujum qila olish-olmasligi haqida so‘ragan.

Londonda nashr qilinadigan Financial Times nashri 4 iyul kuni Prezident Tramp o‘zaro suhbatda Ukrainani Rossiyaga qarshi hujumlarni kuchaytirishga rag‘batlantirgan, deb yozdi.

Biroq bu hafta Prezident Tramp AQSh "bunday niyatda emas", deb aytdi.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan suhbatida Tramp "faqat savol bergan, yanada ko‘p o‘ldirishga rag‘batlantirmagan", deb bayonot berdi Oq uy Bi-bi-siga.

"U qon to‘kilishini to‘xtatish va urushni tugatish uchun tinmay ishlayapti", — dedi Oq Uy matbuot kotibasi Kerolayn Levitt.

14 iyul kuni Prezident Tramp Ukrainaga qurol yuborishini e’lon qildi va agar Rossiya 50 kun ichida Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, Rossiyaga qarshi yangi bojlar joriy etilishini aytdi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, agar tinchlik kelishuviga erishilmasa, AQSh Rossiya savdo hamkorlariga nisbatan 100% lik ikkilamchi boj soladi.

So‘nggi kelishuv ichiga Patriot raketalari doxil "hamma narsa" kirgan, deb aytdi Prezident Tramp.

Ammo Ukrainaga so‘nggi harbiy yordam tafsiloti hali ham ma’lum emas.

Iqtibos

Surat manbasi, .

NATO bosh kotibi Mark Ryutte so‘zlariga ko‘ra, oxirgi bitim mayda-chuydalarini AQSh, Yevropa va Ukraina hamon muhokama qilayapti.

So‘nggi haftalarda Rossiya Ukrainaga qarshi dron va raketa hujumlarini kuchaytirdi, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyunida Ukrainada 230 dan ziyod tinch fuqaro halok bo‘lgan — bu 2022 yil fevralida urush boshlanganidan beri kuzatilgan bir oy mobaynidagi eng ko‘p qurbon bo‘ldi.

Financial Times xabariga ko‘ra, Tramp Zelenskiyga Moskvaga zarba berish haqidagi savolini AQSh prezidenti va Putin o‘rtasidagi "yomon" telefon suhbatidan bir kun o‘tib bergan.

"Volodimir, Moskvaga zarba bera olasizmi? Sankt-Peterburgga-chi?" — deb so‘ragan Tramp Zelenskiydan.

Bu yil Ukraina AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan berilgan raketalar bilan Rossiya ichkarisidagi bir necha ob’ektlarga zarba berdi.

Yanvarda Oq uyga qaytganidan beri Tramp Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatishga va’da bergan.

Biroq bu va’danining ustidan chiqish kutilganidan ham ko‘ra murakkabroq bo‘lib chiqdi va Tramp Rossiya rahbari bilan munosabatlaridan va urushni tugatishdagi muvaffaqiyatsizlikdan tobora hafsalasi pir bo‘layapti.

14 iyul kuni Prezident Tramp Bi-bi-siga Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan "hafsalasi pir bo‘lganini" aytdi. "Lekin men u bilan ishni tugatganim yo‘q", — dedi u.

Tramp shuningdek, Putinni Ukrainadagi qon to‘kilishni to‘xtatishga ko‘ndirish ustida ish olib borayotganini aytdi.

"Biz tuppa-tuzuk suhbat qilamiz. Men: "yaxshi, menimcha, biz buni yakunlashga yaqinmiz, deyman, buning ketidan esa u Kievdagi biror bir binoni yakson qiladi".

Shu yil boshidan buyon Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga bag‘ishlangan ikki davra muzokaralar bo‘lib o‘tdi, lekin buyog‘iga boshqa uchrashuv rejalashtirilgani yo‘q.

15 iyul kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prezident Trampning bojlarni oshirish va Ukrainaga qurol yuborish qarorini "tinchlikka emas, balki urushni davom ettirishga ishora" sifatida qabul qilishlarini aytdi.

Tramp Putin bilan munosabatlaridan hafsalasi pir: 50 kunlik "Tarif ultimatumi" (Video)

Tramp Putin bilan munosabatlaridan hafsalasi pir

Surat manbasi, Reuters

AQSh Prezidenti Donald Tramp Bi-Bi-Siga 20 daqiqalik maxsus telefon suhbatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlaridan "hafsalasi pir bo‘lganini, ammo ish hali tugamaganini" aytdi. Bu bayonot Ukrainaga katta harbiy yordam e’lon qilinganidan va Rossiyaga qarshi yangi tariflar tahdididan so‘ng yangradi.

Rossiya lideriga ishonadimi degan savolga Tramp, "Men deyarli hech kimga ishonmayman", deb javob berdi.

U Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuv "to‘rt martta deyarli "pishib" turgan joyidan qaytganidan" hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidladi. Tramp Putin bilan "tuppa-tuzuk telefon suhbatlari" dan keyin Ukraina shaharlariga halokatli havo hujumlari sodir bo‘lishidan noroziligini bildirdi va shunday dedi: "Tuppa-tuzuk suhbatlashamiz. Men: "yaxshi, menimcha, biz buni yakunlashga yaqinmiz, deyman, buning ketidan esa u Kievdagi biror bir binoni yakson qiladi".

"Men uni qotil demoqchi emasman, lekin u chayir odam. Yillar davomida isbotlandiki, u ko‘pchilikni – Klinton, Bush, Obama, Baydenni chuv tushirgan. U meni aldamadi. Lekin uch-to‘rt marta kelishuv yoqasidan qaytganidan keyin, faqat gap bilan ish bitmaydi" dedi Tramp.

Yangi kelishuvga ko‘ra, Yevropa davlatlari Kievga o‘zlarining Patriot havo mudofaa tizimlarini yuboradilar

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yangi kelishuvga ko‘ra, Yevropa davlatlari Kievga o‘zlarining Patriot havo mudofaa tizimlarini yuboradilar
O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Rossiya yaqinda Ukraina shaharlariga dron va raketa hujumlarini kuchaytirdi, bu esa tinch aholi orasida rekord darajadagi qurbonlarga olib keldi, Putin esa urushni Kiev, NATO va "kollektiv G‘arb"dan Rossiya xavfsizligiga tahdidlar natijasi deb hisoblaydi.

O‘zining avvalgi tanqidiy fikrlaridan sezilarli darajada chekinib, Prezident Tramp NATOga o‘zining roziligi va qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO "endi eskirgan emas", chunki alyans "o‘z sarflarini o‘zi qoplamoqda".

Tramp NATO yetakchilari mudofaa xarajatlarini o‘z iqtisodiy mahsulotining 5 foizigacha oshirishga kelishganini ta’kidladi; u buni "ajoyib" va "hech kim bunga ishonmagan edi" dedi. U jamoaviy mudofaa tamoyiliga bo‘lgan ishonchini yana bir bor tasdiqlab, bu kichik davlatlarga yirikroq davlatlarga qarshi o‘zlarini himoya qilish imkonini berishini tushuntirdi.

Dushanba kuni NATO rahbari Mark Rutte Tramp bilan uchrashdi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Dushanba kuni NATO rahbari Mark Rutte Tramp bilan uchrashdi

Prezident Tramp, Ukrainadagi urushga tinchlik bitimi 50 kun ichida erishilmasa, Rossiyaning qolgan savdo hamkorlariga 100 foizlik qo‘shimcha tariflar kiritilishini e’lon qildi. Ushbu siyosatga ko‘ra, agar Rossiya bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan davlatlar o‘z mahsulotlarini AQShga sotmoqchi bo‘lsa, ular 100% import solig‘iga tortiladi.

Misol tariqasida, Hindiston Rossiyadan neftь sotib olishda davom etsa, Hindiston mahsulotlarini sotib oluvchi AQSh kompaniyalariga 100% tarif qo‘llaniladi. Bu holatda Hindiston tovarlari haddan tashqari qimmatlashadi. Bu harakat Rossiyaning daromadlarini, ayniqsa neftь va gazdan keladigan mablag‘larini kamaytirishga qaratilgan, chunki ushbu sektor uning davlat daromadi va eksportining katta qismini tashkil etadi. Umumiy maqsad Rossiya iqtisodiyotiga putur yetkazish va uning urushni moliyalashtirish qobiliyatini pasaytirishdir.

Shunga qaramay, Kreml tarafdori sharhlovchilar tariflar e’lonini "soxta po‘pisa" deb atab rad etishdi. Demokratlardan senator Jan Shaheen esa bu chora-tadbirlarni "ijobiy, ammo kechiktirilgan" deya baholadi.

BBC xavfsizlik muxbiri Frenk Gardnerning fikricha, Prezident Trampning Rossiyaga qo‘ygan 50 kunlik yangi ultimatumi Kremlga manevr qilish uchun keng imkoniyatlar beradi.

Oq uyning bayonotlari Ukrainani umidlantirsa-da, o‘tmishdagi shunga o‘xshash vaziyatlar Tramp va Putinning harakatlari tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Masalan, avvalroq Yevropa yetakchilarining sulh bo‘yicha ultimatumi Putindan so‘ng hech qanday natija bermagan.

Gardnerning ta’kidlashicha, garchi Tramp Putindan ommaviy ravishda noroziligini bildirsa-da, 50 kun Rossiyaga qarshi taklif kiritish va oqibatlardan qochish uchun vaqt beradi. Shuningdek, bu muddat Rossiyaga hozirgi hujumlar tempida Ukrainaga yana 25 000 tagacha dron va raketa uchirish imkonini berishi mumkin.

Medvedev
O‘tkazib yuboring X post
X контентига рухсат бериш

Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas

Oxiri X post

Bunga javoban Rossiya tomonidan Dmitriy Medvedev o‘z X hisobida shunday xabar qoldirdi:

"Tramp Kremlga o‘ziga xos, tomoshabop ultimatum taqdim etdi.

Dunyo oqibatlarni kutib, larzaga tushdi. Urushqoq Yevropa hafsalasi pir bo‘ldi. Rossiya esa parvo qilmadi."

Tramp
Amerika, Ukraina, Rossiya: Trampning Zelenskiyga "Patriot" yordami va boshqa yangiliklar - Video

So‘nggi paytlarda Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi munosabatlar biroz murakkablashganiga qaramay, AQSh Ukrainaga "Patriot" havo mudofaa tizimlarini yuborishga rozi bo‘ldi. Avvalroq Tramp Zelenskiy va Ukrainani urushda ayblagandek tuyulgan bo‘lsa, Zelenskiy esa Tramp Rossiya tomonidan yaratilgan "dezinformatsiya makonida" yashayapti deb hisoblashini aytgan edi. Shuningdek, 28 fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan mashhur uchrashuv ham janjal va tartibsizlikka aylangan edi. Biroq, Trampning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgargani kuzatildi; u endilikda Putinni urushni cho‘zishda ayblamoqda. Bu o‘zgarishga, ehtimol, Qo‘shma Shtatlarning Ukrainaga yuboradigan qurollari uchun kompensatsiya olishi bo‘yicha kelishuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu Trampga "Avval Amerika" siyosatini saqlab qolish imkonini beradi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Aloqador mavzular:

Moskva bunga qanday munosabat bildirdi?

Dmitriy Peskov

Surat manbasi, EPA

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning Ukrainaga qo‘shimcha qurol yetkazib berishi haqidagi xabarlar yuzasidan vazminlik bilan izoh berdi. U Donald Tramp "murakkab" texnika yuborishini aytganidan so‘ng Vashingtonni bevosita tanqid qilishdan tiyildi. Peskovning ta’kidlashicha, "ko‘p gaplar qimmatligi haqida aytildi, endi bu ta’minotlar uchun Yevropa davlatlari to‘laydigan ko‘rinadi. Ammo fakt shuki, AQShdan Ukrainaga qurol, o‘q-dorilar va harbiy texnika yetkazib berishda davom etgan va davom etmoqda." Trampning vakili Keyt Kelloggning Ukrainaga safari haqida so‘ralganda, Peskov uning Rossiya-Ukraina kelishuvining bir qismi sifatida vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettirishi juda muhim ekanligini bildirdi.

Kim Chen In Rossiya-Ukraina Urushida Rossiyani qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Shimoliy Koreyaning Vonsan shahrida kutib oldi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Shimoliy Koreyaning Vonsan shahrida kutib oldi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Moskvaga Ukrainadagi urushda Rossiyani "so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashni" taklif qildi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar chog‘ida Kim Pxenyan "Ukraina inqirozining tub sababini bartaraf etish uchun Rossiya rahbariyati tomonidan ko‘rilgan barcha choralarni" qo‘llab-quvvatlashini aytdi. G‘arb rasmiylari Shimoliy Koreya o‘tgan yili Ukrainada Rossiyaga jang qilish uchun taxminan 11 ming qo‘shin yuborganiga ishonishmoqda. Kim o‘tgan yil iyunь oyida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan ikki davlat "agressiyaga" uchragani taqdirda bir-birini qo‘llab-quvvatlashga kelishib, bitim imzolagan edi. Askarlardan tashqari, Shimoliy Koreya Rossiyaning urushdan vayron bo‘lgan Kursk viloyatini qayta qurishga yordam berish uchun minglab ishchilarni yuborishga ham va’da berdi.

AQSh va Yevropa shu paytgacha Ukrainaga qancha qurol yetkazib berdi?

Zelenskiy

Surat manbasi, Getty Images

2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri, G‘arb davlatlari Ukrainaga 250 milliard dollardan ortiq harbiy, gumanitar va boshqa moliyaviy yordam ajratdi. Jumladan, Ukrainaga bir qator hujumkor harbiy texnika yetkazib berildi:

ATACMS raketalari: Ukraina taxminan 300 km masofaga ucha oladigan AQShda ishlab chiqarilgan ATACMS raketalaridan foydalanib kelmoqda. Noyabrь oyida sobiq Prezident Jo Bayden taqiqni bekor qilib, ATACMS raketalarini Rossiya hududiga otishga ruxsat bergan edi.

Storm Shadow yoki Scalp raketalari: Buyuk Britaniya va Frantsiya Ukrainaga maksimal 250 km masofaga ega bo‘lgan bu raketalarni yetkazib berdi, ularni Ukraina Rossiya hududiga otganligi xabar qilingan.

F-16 qiruvchi samolyotlari: O‘tgan yil iyul oxirida Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina harbiy-havo kuchlari G‘arbdan bir qancha F-16 qiruvchi samolyotlarini qabul qilganini aytdi. NATO davlatlari, jumladan Belgiya, Daniya, Niderlandiya va Norvegiya Ukrainaga 65 yoki undan ortiq AQShda ishlab chiqarilgan bu samolyotlarni yetkazishga va’da berishdi.

Tanklar: 2023 yil boshida G‘arb davlatlari Ukrainaga tanklar yuborishga kelishib oldilar. Buyuk Britaniya 14 ta Challenger 2 tankini taqdim etdi. Yevropa davlatlari 200 dan ortiq Germaniyaning Leopard 1 va Leopard 2 tanklarini jo‘natishgan. AQSh o‘zining 31 ta M1 Abrams tankini yubordi, ular dunyodagi eng ilg‘or deb hisoblanadi.

Shu paytda Makron nimalar demoqda?

Makron

Surat manbasi, Reuters

Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa erkinligiga Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan beri bo‘lmagan "katta tahdid" mavjudligini ta’kidlab, mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirish rejalarini e’lon qildi. U Frantsiya mudofaa byudjetini kelgusi yili 3,5 milliard yevroga, 2027 yilda esa yana 3 milliard yevroga oshirishni, shuningdek, 2027 yilga borib Frantsiya harbiy byudjetini 64 milliard yevroga oshirishga chaqirdi. Makron "imperialistik siyosat" va "qo‘shib olish kuchlari"ni qoralab, Rossiyadan kelayotgan tahdidga ishora qildi va "Bu dunyoda erkin bo‘lishingiz uchun sizdan qo‘rqishlari kerak. Qo‘rqishlari uchun siz kuchli bo‘lishingiz kerak" deb ta’kidladi. Frantsiya armiyasi rahbari Terri Burxard Rossiya Frantsiyani "Yevropadagi asosiy dushmani" deb bilishini qo‘shimcha qildi.

Oddiy odamlar qanday ahvolda?

Siyosiy sahnalarda shular sodir bo‘lar ekan, oxirgi 24 soat ichida Rossiya zarbalari natijasida Ukrainada oltidan ortiq kishi halok bo‘lgan, 28 kishi jarohat olgan.

Sumi viloyati harbiy ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Sumida uch kishi halok bo‘lgan va 10 kishi jarohat olgan.

Donetsk viloyati gubernatorining aytishicha, Donetskda tinch aholidan ikki kishi halok bo‘lgan va yetti kishi jarohat olgan. Bu Rossiya zarbasi natijasida xonadonlar va ma’muriy binolar shikastlanganidan keyin sodir bo‘lgan.

Xersonda yana bir kishi halok bo‘lgan va olti kishi jarohat olgan.

Dnipropetrovsk viloyati gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, Dnipropetrovskga berilgan Rossiya zarbalari natijasida tinch aholidan uch kishi jarohatlangan.

Xarkiv viloyati gubernatori aholi punktlariga qilingan havo hujumlaridan so‘ng tinch aholidan yana uch kishi jabrlanganini aytdi.

Zaporijjiyada esa, viloyat gubernatorining ma’lum qilishicha, Rossiya artilleriya zarbalari natijasida 77 yoshli ayol jarohat olgan.