"Dahshatdamiz": AQShdan deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklar va boshqa muhojirlarni nima kutmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Sesiliya Barriya, Santyago Vanegas va Angel Bermudes
- Role, BBC Mundo
- O'qilish vaqti: 5 daq
"Iltimos, bizga yordam bering!"
Panama shahridagi hashamatli "Dekapolis" mehmonxonasi derazasidan ikki qiz ushlab turgan qog‘oz parchasida shunday yozilgan.
Bu mehmonxona mijozlariga dengiz ko‘rinib turadigan xonalarni, ikkita eksklyuziv restoranni, basseyn, spa va shaxsiy transportni taklif etadi.
Ammo mehmonxona hozir AQShdan deportatsiya qilingan 299 nafar muhojirni "vaqtinchalik saqlash" markaziga aylangan, deb ma’lum qildi Panama hukumati 18 fevral kuni.
Ba’zi muhojirlar ozodlikdan mahrum etilganliklarini ko‘rsatish uchun qo‘llarini ko‘tarib, bilaklarini kesishtirib turishibdi.
Boshqalari esa: "Biz o‘z mamlakatimizda xavfsiz emasmiz," deb yozilgan kichik taxtachalarni osib qo‘yishgan.
Tramp ma’muriyatining AQShdan hujjatsiz odamlarni deportatsiya qilish siyosati doirasida chiqarib yuborilgan bu muhojirlar o‘tgan hafta uchta reysda Panamaga olib kelinganlar.
Prezident Xose Raul Mulino Panamaning AQShdan chiqarib yuborilganlar uchun "ko‘prik" mamlakatga aylanishiga rozi bo‘lgan.

Surat manbasi, Getty Images
Biroq, O‘zbekiston, Hindiston, Xitoy, Eron, Vetnam, Turkiya, Nepal, Pokiston, Afg‘oniston va Shri-Lankadan kelgan 299 nafar muhojirdan faqat 171 nafari o‘z mamlakatlariga qaytishga rozi bo‘lganlar.
Qolganlari esa endi yanada mavhum kelajakka duch kelmoqdalar.
Panama hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, bu guruh AQShga yo‘l olgan va junglini kesib o‘tayotgan muhojirlar vaqtincha joylashtirilgan Daren viloyatidagi lagerga ko‘chiriladi.
Odatiy kunlarda sayyohlar mehmonxonaga bemalol kirib-chiqishlari mumkin, ammo hozir Panama milliy havo-dengiz xizmatining og‘ir qurollangan a’zolari bino ichida va tashqarisida qat’iy xavfsizlik choralarini ko‘rayaptilar.
Ko‘chadan derazada osilib turgan kirlarni ko‘rish mumkin. Ulardan biri afsonaviy basketbolchi Kobi Brayant kiygan "Leykers"ning 24 raqamli sariq formasidir.
Yana bir derazada bir guruh kattalar va uch bola bosh barmoqlarini kaftlariga qo‘yib, qo‘llarini ko‘tarmoqda - bu yordamga muhtojlarning xalqaro belgisi. Oynada qizil harflar bilan "Bizga yordam bering" deb yozilgan.
Yuzlarini yopib olgan ikki voyaga yetmagan bola oynaga "Afg‘on qizlarini qutqaring" degan yozuvli qog‘ozni tutib turibdi.
"Biz dahshatdamiz"

Surat manbasi, Getty Images
Bir necha yildan beri Panamada yashayotgan eronlik ayol Bi-bi-si bilan suhbatda mehmonxona ichidagi muhojirlardan biri bilan gaplashganini va ular Eronga qaytarilishi mumkinligidan "dahshatga tushganini" aytdi.
U mehmonxonaga fors tili tarjimoni sifatida yordam taklif qilish uchun borgan, ammo ularda allaqachon tarjimon borligini aytishgan.
Biroq mehmonxona ichidagilar aytishlaricha, aslida bunday emas.

Yashirin mobil telefondan foydalanib (chunki Dekapolis mehmonxonasidan tashqaridagilar bilan aloqa qilish taqiqlangan), eronlik ayolning aytishicha, muhojir unga mehmonxonada "bir necha voyaga yetmaganlar qamalib qolgani", ularga advokat berilmagani va hatto ovqatlanish uchun ham xonalaridan chiqishga ruxsat berilmaganini aytgan.
Deportatsiya qilinganlar haqidagi xabar seshanba kuni ommaviy axborot vositalarida birinchi marta e’lon qilinganidan so‘ng, xavfsizlik choralari kuchaytirildi va muhojirlarning internetga ulanishi to‘xtatildi, dedi eronlik ayol.
Bi-bi-si Dekapolis mehmonxonasi va Panama hukumati bilan bog‘lanib, muhojirlar qanday sharoitda saqlanayotgani haqida so‘radi, ammo hech qanday javob olmadi.
Biroq, Panama jamoat xavfsizligi vaziri Frank Abrego muhojirlarga mehmonxonani tark etishga ruxsat berilmasligi haqidagi da’volarga javoban, hukumat panamaliklar xavfsizligi va tinchligini kafolatlashi kerakligini aytdi.
Dam olish kunlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda muhojirlardan biri AQShga chegarani kesib o‘tganidan so‘ng ushlanganini, Texasga olib ketishlarini aytishganini, ammo Panamaga kelib qolganini fors tilida hikoya qilgan.
Videodagi ayol hukumatning ehtimoliy jazo choralari tufayli Eronga qaytsa, hayoti xavf ostida qolishini ta’kidlagan.
Uning maqsadi – siyosiy boshpana so‘rash, deydi u.
Tahlilchilar aytishicha, buni advokatga murojaat qilmasdan olish qiyin – ayniqsa Panama hukumati deportatsiya qilinganlarga bunday imkoniyat berilmasligini ochiq aytmoqda.
"Vaqtincha boshpana"

Surat manbasi, Reuters
Abrego seshanba kuni muhojirlar Panamada mamlakat hokimiyati organlari nazorati ostida vaqtincha qolishini ma’lum qildi.
"AQSh hukumati bilan kelishilganidek, ular bu yerda qoladi va ularni himoya qilish maqsadida vaqtinchalik nazoratimizda bo‘ladi," dedi u.
Shuningdek, u o‘z vataniga qaytishni istamaydigan muhojirlar uchinchi bir mamlakatni tanlashga majbur bo‘lishi haqida gapirdi.
Bunday holda, uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro Migratsiya tashkiloti (XMT) va BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi ularning repatriatsiyasi uchun javobgar bo‘ladi.
Abrego, shuningdek, muhojirlar Dekapolis mehmonxonasiga joylashtirilganini, chunki shu mehmonxona ularni qabul qilish imkoniyatiga ega ekanligini aytdi.

Surat manbasi, .
Yana bir yuqori martabali amaldor "ko‘proq muhojirlar kelishi kutilmayapti", chunki bu turdagi qo‘shimcha parvozlar kelishilmaganini ma’lum qildi.
Panama AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning mamlakatga tashrifi va Trampning Panama kanali ustidan suverenitetni "qaytarib olish" tahdidlari tufayli yuzaga kelgan keskinlik sharoitida deportatsiyalar uchun "ko‘prik" mamlakat bo‘lishga rozilik berdi.
XMT vakilining Bi-bi-siga aytishicha, tashkilot AQShdan deportatsiya qilingan odamlarga "zaruriy yordam ko‘rsatish" vazifasini o‘z zimmasiga olgan.

Surat manbasi, EPA
"Biz jabrlanganlarga yordam berish uchun mahalliy rasmiylar bilan hamkorlik qilmoqdamiz, ixtiyoriy ravishda qaytishni so‘raganlarni qo‘llab-quvvatlamoqdamiz va boshqalar uchun xavfsiz muqobil variantlarni aniqlayapmiz," dedi u.
"Garchi biz ularni ushlab turish yoki harakatlanishini cheklashda bevosita ishtirok etmasak-da, barcha migrantlarga nisbatan munosib munosabatda bo‘linishini va xalqaro standartlarga rioya qilinishini ta’minlashga intilamiz," deya tushuntirdi u.
AQShdagi Migratsiya siyosati instituti katta tadqiqotchisi Muzaffar Chishtiyning aytishicha, deportatsiya qilinganlarning ko‘pchiligi AQShdan chiqarib yuborilgan fuqarolarini qabul qilishga tayyor bo‘lmagan davlatlardan kelgan.
"Bu o‘sha hukumatlar bilan doimiy diplomatik muzokaralar olib borishni taqozo etadi," dedi u Bi-bi-si bilan suhbatda.
"Ularni Panamaga yuborish orqali AQSh o‘zini chetga oladi," deya qo‘shimcha qildi u. "Panama uchun bu muzokaralarni o‘z zimmasiga olish va bu mamlakatlarni ularni qayta qabul qilishga ko‘ndirish katta muammo hisoblanadi."
Shu hafta AQShdan deportatsiya qilinganlarni olib ketayotgan samolyotning Vashington bilan hujjatsiz muhojirlar yo‘lida "ko‘prik" bo‘lishiga kelishib olgan Markaziy Amerikaning yana bir davlati – Kosta-Rikaga yetib kelishi kutilayapti.
Bi-bi-si Fors xizmatidan Shaydo Xushmandi axborotidan ham foydalanilgan












