Venesuela: O‘zbekiston, Markaziy Osiyo hozircha kuzatayaptimi, O‘zbeklar-chi, kim nima deyapti?

Besh Markaziy Osiyo davlati prezidentlari

Surat manbasi, rasmiy

O'qilish vaqti: 5 daq

Venesuelaning uzoq yillik ikkita yirik yadroviy qo‘llovchisi Rossiya va Xitoy barcha besh Markaziy Osiyo davlatining ham eng yaqin ittifoqchisi, savdo-iqtisodiy hamkori va strategik sheriklari bo‘lishadi.

Kim nima dediyu demadi?

Rossiya va Xitoy o‘z munosabatlarini uzoq kuttirishmadi, tezlikda AQShning Venesuelaga qarshi amallarini qoralashdi.

Rasmiy Moskva voqealarning so‘nggi rivojidan xavotir bildirdi.

Rossiya Amerikani Venesuelaga qarshi "qurolli bosqinchilik amali"da aybladi.

Kreml AQSh hukumatini "o‘z mavqeini qayta ko‘rib chiqish, suveren mamlakatning qonuniy yo‘l bilan saylangan prezidenti va uning rafiqasini ozod qilish"ga chaqirdi.

Xitoy bir suveren davlat va uning prezidentiga qarshi kuch qo‘llanganidan «qattiq shok»da ekanini aytdi.

Rasmiy Pekin buni «keskin qoralashlari»ni bayon qildi.

Xitoy tomoniga ko‘ra, Vashingtonning amallari «xalqaro huquq va Venesuela suverenitetiga daxl qiladi».

Bu «Lotin Amerikasidagi tinchlik va xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yadi.»

Venesuela ikki qudratli ittifoqchisining qoralovchi mazmundagi ayni bayonotlariga rasmiy Vashington va AQSh prezidentining munosabati hozircha imkonsiz.

Xabarlarga ko‘ra, 3 yanvar kunining o‘zida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Venesuelaning hozirda muvaqqat rahbari, mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodriges Gomes bilan qo‘ng‘iroqlashgan.

«Suhbat chog‘ida taraflar Rossiya va Venesuela o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istagini bayon etishgan».

Xuddi o‘sha kuni AQSh Venesuelaga zarba bergan, prezidenti va rafiqasini ushlab, Nyu-Yorkka keltirgan, ularga qarshi giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlarni ilgari surgan, jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Venesuela prezidentining bugun, 5 yanvar kuni mahkama qarshisida hozir bo‘lishi kutilmoqda.

Aks-sadolar qorishiq

Maduroning qo‘lga olinishi

Surat manbasi, Reuters/Adam Gray

Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari Venesueladagi voqealarning so‘nggi rivoji borasida hozircha jim, ularning bu xususda biror bir rasmiy bayonot bilan chiqqanliklari halicha kuzatilmaydi. Bu allaqachon "mintaqa mamlakatlari hozircha vaziyatni kuzatib turishibdi", degan talqinlarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.

AQShning Venesuela, uning prezidenti va birinchi xonimi bilan bog‘liq xatti-harakatlari dunyo bo‘ylab qorishiq munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Aksariyat Lotin Amerikasi davlatlari ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining bu amallarini qoralashgan.

Aksariyat Yevropa mamlakatlari yetakchilari esa, o‘zlarining munosabatlarida buning xalqaro qonun tamoyillariga qanchalik zid yoki zid emasligi masalasida anchayin ehtiyotkorlik ko‘rsatishgani ko‘rilgan.

Ularning ko‘pchiligi o‘zlarining asosiy diqqat-e’tiborlarini Venesuelada qudrat almashinuvining tinch va demokratik yo‘lda amalga oshishi lozimligiga qaratishgan.

Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari Venesueladagi voqealarning so‘nggi rivoji borasida hozircha jim, ularning bu xususda biror bir rasmiy bayonot bilan chiqqanliklari halicha kuzatilmaydi.

Bu allaqachon "mintaqa mamlakatlari hozircha vaziyatni kuzatib turishibdi", degan talqinlarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.

Mazkur holatni Venesuelaning Markaziy Osiyodan ancha olisda joylashganiga ham yo‘yganlar borligi ham ko‘rilgan.

Ayrimlar esa, bunga asosiy sabablardan biri o‘laroq tomonlar o‘rtasidagi savdo-sotiqning juda kam ekanini ham ko‘rsatishgan.

Markaziy Osiyo va Nikolas Maduro

Venesuela va Qozog‘iston prezidentlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Rasmiy xabarlarga prezident Maduro bilan muloqoti chog‘ida Qasim-Jomart Toqaev Venesuelani "muhim hamkor" sifatida ko‘rishlarini aytgan.

Qozog‘iston prezidenti Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro bilan shaxsan uchrashgan va yuzma-yuz muloqot qilgan so‘nggi mintaqa davlati prezidenti bo‘lgan.

Ikkovlon o‘rtasidagi uchrashuv shu yilning may oyida, Rossiya poytaxti Moskvada, Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi tantanalari tegrasida kechgan.

Rasmiy xabarlarga prezident Maduro bilan muloqoti chog‘ida Qasim-Jomart Toqaev Venesuelani "muhim hamkor" sifatida ko‘rishlarini aytgan.

"O‘zaro aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama etish uchun Venesuela rahbarini davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga kelishni taklif qilgan".

"Ob’ektiv sabablarga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorliklarida hali sezilarli yutuqlarga erishilmaganini e’tirof etgan".

Venesuela ega bo‘lgan darajada bo‘lmasa-da, Qozog‘iston ham dunyoning neft zaxiralariga anchayin boy davlatlari sirasiga kiradi.

AQShning eng yirik shirkatlari energetika masalasida asosiy hamkorlari hisoblanadi.

Ayrim tahlillarga ko‘ra, Venesueladagi voqealarning so‘nggi rivoji jahondagi neft narxlariga qattiq ta’sir qilmagan.

Ularning nazdlarida bu ham Markaziy Osiyo davlatlarining bugungi mavqe’larini izohlashi mumkin bo‘lgan yana bir omil bo‘lishi mumkin.

Ammo, boshqa tomondan, neytral Turkmaniston istisno qolgan Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqinini ham na-da yoqlashadi va na-da qoralashadi, urush boshlangan o‘tgan to‘rt yilcha vaqt ichida o‘zlarining "neytral" mavqe’da ekanliklarini namoyon etib kelishadi.

Bir davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalasida esa, o‘zlarining BMT Nizomlariga sodiq ekanliklarini ta’kidlashadi.

Lekin voqealarning Venesuela bilan bog‘liq so‘nggi rivoji O‘zbekiston va Qozog‘iston misolida mintaqaning yirik davlatlari Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalarini shu paytgacha misli ko‘rilmagan bir darajaga yetkazib bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

AQSh prezidenti bu ikki davlat prezidentini hatto Yirik Yigirmalik davlatlarining kelasi yil Mayyamida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan sammitiga taklif etish rejasida ekanini aytib, yaqinda dunyoning e’tiborini o‘zi qolib, Markaziy Osiyoga ham qaratgan.

Ammo Venesuelaning uzoq yillik asosiy ittifoqchilari Rossiya va Xitoy barcha besh Markaziy Osiyo davlatining ham eng yirik hamkori, strategik sherigi va ittifoqchisi sanaladi.

Ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush Markaziy Osiyoda ham geosiyosiy tanglikni kuchaytirgan.

Mintaqa davlatlari hukumatlari esa, global qudratlarning ortib borayotgan bosimi va kuchayib borayotgan e’tibori ostida o‘zlarining muvozanatli va ko‘p qutbli tashqi siyosat yuritish mavqe’lariga sodiq qolishlarini rasman va oshkora bayon etib kelishadi.

Venesueladagi voqealarning so‘nggi rivoji uning Rossiya va Xitoy bilan munosabatlariga ta’siri hamda buning mintaqa uchun nimani anglatilishi hozircha ma’lum emas.

O‘zbeklar nima deydi?

Ijtimoiy tarmoqlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Venesueladagi voqealarning so‘nggi uch kun ichida internetning o‘zbek segmenti e’tiborida turgan mavzulardan biriga aylangan, turli ko‘rinishdagi munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Ammo birgina O‘zbekiston misolida olganda ham, Venesueladagi voqealarning so‘nggi rivoji mamlakat matbuotida keng aks-sado bergan, shu kunlarda izchil ravishda yoritib borilayotgan xalqaro xabarlardan biri ekani ko‘riladi.

Bu internetning o‘zbek segmenti e’tiboriga ham tushgan, turli ko‘rinishdagi munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Birgina BBC O‘zbek xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi akauntlarida ham Venesuela bilan bog‘liq postlar eng ko‘p ko‘rilgan, yoqtirilgan, sharhlangan va ulashilganlariga aylangan.

Birgina postning o‘zi yuzlab komentlarga turtki bergani ko‘rilgan.

Komentlarning birida, "Bu ochiqcha bosqinchilik, bu shunchaki ochko‘zlik. Venesuela eng ko‘p neft zaxirasiga ega davlat bo‘lganligi uchun AQSh uni bosib olmoqchi, resurslar tugagach chiqib ketadi", deyilgan bo‘lsa, boshqasida, "100 foiz to‘g‘ri qilgan, Amerika diktaturani yo‘q qilayapti", deb yozilgan.

Yana birida aytilishicha, "Oldindan dunyoni kuchlilar boshqargan, hozir ham. Demokratiya, erkinlik bari quruq yolg‘on. Chiqariladigan barcha qonun-qoidalar xalq uchun".

Ижтимоий тармоқ
gettyimages
Oldindan dunyoni kuchlilar boshqargan, hozir ham. Demokratiya, erkinlik bari quruq yolg‘on. Chiqariladigan barcha qonun-qoidalar xalq uchun.
Internet foydalanuvchisi
Batafsil: bbc.com/uzbek da

Bir komentda, "Bular xohlagan ishini qilayapti-ku", - deya taajjub izhor etilgan bo‘lsa, boshqasida, "Xalqaro huquq? Inson huquqlari? Demokratiya?", degan so‘roq so‘ralib, qah-qah etib kulib turgan va masxaraboz qiyofasidagi imojilar ham ilova qilingan.

Yana bir folloverimiz esa, "Xalq nega jim, chunki xalqqa hech nima bermagan Maduro, Eron birlashdi-ku", degan koment qoldirgan.

Boshqa bir komentda esa, bu "Barcha diktatorlarning qo‘rqinli tushi", deb yozilgan.

Yana birida "BMT qani?", degan savol qo‘yilgan, bunga javoban qoldirilgan bir komentda, "Ularning boridan yo‘g‘i yaxshi, bir tiyinlik foydasi yo‘q..", deyilgan.

Ba’zi komentlardagi fikrlarga tayanilsa, "AQSh haqiqiy kuch qanday bo‘lishini Rossiya, Xitoy va butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ygan".

Xabarlarga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashi bugun, 5 yanvar kuni Amerikaning Venesueladagi amaliyotini muhokama etish uchun favqulodda yig‘inga yig‘iladi.

Ma’lum bo‘lishicha, favqulodda yig‘in o‘tkazishni Kolumbiya so‘ragan, uni kengashning ikki doimiy a’zosi – Rossiya va Xitoy qo‘llagan.

AQShning qilgan ishi Ukraina bilan urushayotgan Rossiya misolida bo‘ladimi yoki ayniqsa, so‘nggi paytlarda Tayvan atrofida o‘zining harbiy mashg‘ulotlarini faollashtirayotgan Xitoy, dunyoning boshqa davlatlari uchun "yaxshi namuna" bo‘lmasligiga oid xavotirlar ham bor.