Qotil kitlar bir-birlarini "massaj" qilish uchun dengiz o‘tlaridan foydalanishmoqda
- Author, Viktoriya Gil
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 3 daq
Shimoliy Tinch okeanida qotil kitlar bir-birlarini "massaj" qilayotgani kuzatildi. Ular sheriklarini tanasini dengiz o‘tlari bilan ishqalagan.
Olimlar dronlar yordamida qotil kitlar dengiz o‘tlarini tanlab, tishi bilan uzib olishini va uni boshqa kitning orqasiga naycha shaklidagi qo‘yayotganini videoga oldi.
Mutaxassislar bu massajlar sog‘liq yoki gigiena uchun foyda berishi mumkin, deb hisoblashmoqda. Ammo ular bunday xulq-atvor ijtimoiy bog‘liqlikni kuchaytirish usuli bo‘lishi mumkinligiga ham ishonishadi.
Tadqiqot natijalari Current Biology jurnalida chop etildi. Olimlar bu holatni qotil kitlar tomonidan asbobdan foydalanishning namunasi sifatida baholamoqda — ya’ni qotil kitlar dengiz o‘tlarini naysimon muayyan shaklga keltirib, ma’lum maqsadda rejali ravishda ishlatmoqda.

Surat manbasi, Victoria Gill
"Buni "dengiz o‘ti massaji" deb ataylik", — deydi Ekster universiteti va Vashington shtatidagi Kitlar tadqiqoti markazidan professor Darren Kroft.
"Ular dengiz o‘tlari bilan tanalarini ishqalayotganini ko‘rdik".
2024 yil apreldan iyulgacha Vashington shtati qirg‘oq suvlari rezidentlari deb nomlanuvchi qotil kitlarning populyatsiyasi 12 kun davomida o‘rganildi. Shu vaqt ichida 30 marta dengiz o‘ti bilan massaj qilish holati qayd etilgan.
"Biz bunga kuniga bir necha marta guvoh bo‘ldik", — deydi tadqiqot rahbari doktor Maykl Vays BBC News'ga.
"Agar dronni ular ustidan uchirsak, kamida bir juft qotil kit shu harakatni bajarayotganini ko‘ramiz".
Mutaxassislar bu xulqni maymunlar olamida kuzatiladigan "allogruming" — ya’ni boshqasining tanasini tozalashga o‘xshatmoqda. Ko‘plab maymunlar bir-birini soatlab parvarishlab, yuzalarini tozalaydi va parazitlardan xalos qiladi.

Surat manbasi, Center for Whale Research, NMFS Permit 27038
Tadqiqotchilar qotil kitlarning ushbu xulqini "allokelping" deb atashdi.
Professor Kroftning ta’kidlashicha, hayvonlardagi jismoniy aloqa ijtimoiy munosabatlarni qurish va mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
"Bu qotil kitlar ajoyib darajada ijtimoiy jonzotlar", — deydi u.
Olimlar so‘nggi o‘n yil davomida dronlardan foydalanib qotil kitlarning xulq-atvorini o‘rganmoqda.
Bu havodan olingan kuzatuvlar dengizdagi xulq-atvor, jumladan orkalar kimlar bilan va qanday tarzda aloqada bo‘lishini yaxshiroq anglash imkonini berdi.
"Bu kashfiyotning ajoyib jihati shundaki, yuqori sifatli videolarda bu kabi yirik kitlar o‘rtasidagi jismoniy aloqa, aynan shunday kichik dengiz o‘tlari bo‘lagi yordamida amalga oshirilayotganini ko‘rdik", — deydi professor Kroft.
Ba’zi taxminlarga ko‘ra, "to‘kiluvchi teri"si bor qotil kitlarning aynan shu dengiz o‘tlari massajiga ko‘proq moyilligi bor.
"Bu ularning terisi qichimoqda degan fikrni uyg‘otadi. Demak, bu teri sog‘lig‘i uchun foydalidir", — deya izoh berdi olim.
Bu turdagi xulq-atvor faqat "Janubiy rezidentlar"ga xosmi yoki boshqa kit populyatsiyalarida ham uchraydimi — hozircha aniq emas.
Ammo doktor Vaysning aytishicha, qotil kitlarning shunday asbob yaratib, uni rejali va maqsadli tarzda ishlatishi — bu dengiz sutemizuvchilari orasida ilgari hech qayd etilmagan holat bo‘lib, juda hayratlanarli va hayajonli kashfiyotdir.
Vashington va Vankuver sohillari yaqinida yashovchi, xavf ostidagi ushbu qotil kitlar populyatsiyasini o‘rganish 50 yildan ortiq vaqt oldin doktor Ken Balkomb tomonidan boshlangan edi.
Avvaliga u kitlar omon qolishi uchun tahdidlarni o‘rganmoqchi edi, ayniqsa ular ovlash va va sotish uchun mo‘ljallangandi.













