Teng tengi bilanmi yo nega o‘qimishli ayollar er tanlaganda bir pog‘ona pastga qarashmoqda?

Surat manbasi, kkshepel/Getty Images
- Author, Selin Girit
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 5 daq
An’anaga ko‘ra, ertaklarda malikalar baxtli bo‘lishi uchun oq otli shahzoda kelishi va ularga uylanishi kerak. Ammo ayollar o‘qimishli va iqtisodiy mustaqil bo‘lishi manzarasida bir pog‘ona baland shahzodaga ehtiyojlar qolmayotgan ko‘rinadi…
Sindrella va Malikzoda kabi klassik ertaklardan tortib, Jeyn Ostinning "Mag‘rurlik va xurofot" asaridagi Elizabet Bennet va janob Darsi kabi mashhur adabiy juftliklargacha, ayollarning "mavqei yuqori odamga turmushga chiqish" istagi uzoq vaqtdan beri madaniy me’yorlarni shakllantirib kelgan. Ammo ko‘proq ayollar oliy ma’lumot va moliyaviy mustaqillikka erishgani sayin, bu an’anaviy munosabatlar o‘zgarmoqda.
"Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida nomutanosiblik kuchayib bormoqda, oliy ma’lumotli ayollar erkaklarga qaraganda ancha ko‘p," deydi Avstriyadagi Vena universiteti sotsiologi Nadiya Shtayber.
Natijada, ko‘plab ayollar o‘zlariga teng ma’lumotli yoki ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega juft izlashsa-da, ular ko‘pincha ikkinchi eng yaxshi variantga rozi bo‘lishadi. Bu holat "pastroqqa" juftlik deb ta’riflanadi, deydi u.
Ijtimoiy fanda bu hodisa "gipogamiyaning ortishi" deb ataladi.
Gipogamiya nima?
Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida nomutanosiblik kuchayib bormoqda, oliy ma’lumotli ayollar erkaklarga qaraganda ancha ko‘p.
Gipogamiya – ijtimoiy, iqtisodiy yoki ma’lumot jihatidan o‘zidan pastroq mavqeli kishi bilan turmush qurish yoki ishqiy munosabatda bo‘lishni anglatadi.
An’anaga ko‘ra, buning aksi – gipergamiya (yuqoriga juftlik) ayollarda ko‘proq uchraydi va jamiyat tomonidan qabul qilinadi. Madaniy me’yorlar bois uzoq vaqtdan beri ayollar moliyaviy jihatdan barqarorroq, yoshi kattaroq yoki yaxshiroq ma’lumotli juftlarni izlab kelgan.

Surat manbasi, Historical Picture Archive
Londondagi "Civitas" tahlil markazi professori, britaniyalik sotsiolog Ketrin Hakim shunday deydi: "Tarixan, ishlashi kerak bo‘lgan o‘g‘il bolalarga, uy ishlarini onasidan o‘rgangan qizlarga qaraganda ko‘proq ta’lim berilgan."
"Er-xotinlarning yoshi va ma’lumoti o‘rtasidagi katta farq patriarxatning gullab-yashnashiga imkon berdi. Erkaklar va ayollar uchun ta’lim tengligi zamonaviy, farovon jamiyatlar xususiyatidir," deydi u.
Raqamlar o‘zgarishi
So‘nggi ma’lumotlar bu o‘zgarayotgan manzarani aks ettiradi. 2023 yilda Pew tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, AQShdagi geteroseksual nikohlardagi ayollarning 24 foizi erlariga qaraganda yuqoriroq ma’lumotga ega bo‘lgan, bu 1972 yildagi 19 foizdan ko‘proq.
Xuddi shu tadqiqot ko‘rsatishicha, oilalarning 29 foizida er-xotinning ikkalasi ham taxminan bir xil miqdorda pul topgan. An’anaviy model hali ham ustun bo‘lib, erlarning yarmidan ko‘pi asosiy yoki yagona boquvchi bo‘lsa-da, oilalarning 16 foizida ayollar bu rolni bajarmoqda.
E’tiborga loyiq tomoni shundaki, so‘nggi ellik yil ichida eriga teng yoki undan ko‘p daromad oladigan ayollar ulushi deyarli uch baravar oshdi.

Surat manbasi, Mark Lawrence/TV Times
Bu o‘zgarishlar uzoq yillik gender me’yorlariga ta’sir ko‘rsatmoqda va juftlik atrofidagi kutilmalarni qayta shakllantirmoqda, ko‘pincha rivojlanayotgan voqelik va saqlanib qolayotgan ijtimoiy tanlovlar o‘rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.
"Ba’zi ayollar yuqori ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega juftlarni izlashda davom etayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik endi an’anaviy maqom belgilaridan ko‘ra hissiy moslik, mushtarak qadriyatlar va o‘zaro hurmatni ustun qo‘ymoqda," deydi Ignite Dating kompaniyasidan Mishel Beji.
"Bu o‘zgarish ierarxik tuzilmalarga emas, balki sheriklik va shaxsiy qoniqishga urg‘u beradigan tenglik munosabatlariga kengroq o‘tishni aks ettiradi," deya qo‘shimcha qiladi u.
Ketrin Hakimning aytishicha, ta’lim tengligi hozirda Yevropa va Shimoliy Amerikada eng keng tarqalgan.
"Er-xotinlarning yarmi, ba’zan to‘rtdan uch qismi ta’limlari tengligi haqida gapiradi, – deb tushuntiradi u. – Xotinlarning taxminan uchdan bir qismi yuqori mavqeliga turmushga chiqadi, erlarning taxminan beshdan bir qismi shunday qiladi. Ta’lim tengligi – me’yorga aylangan."
Global me’yorlar
G‘arb jamiyatlarida gipogamiyaning kuchayishi tobora ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, dunyoning ko‘p joylarida gipergamiya hali ham ustun.
"Hindu muqaddas kitoblarida kasta ichidagi nikohga e’tibor qaratiladi, biroq "anuloma» nikohi, ya’ni erkakning quyi kasta vakili bo‘lgan ayolga uylanishiga ruxsat beriladi, «pratiloma» g‘ erkakning yuqori kasta vakili bo‘lgan ayolga uylanishi esa taqiqlanadi," deydi AQShning Merilend universiteti sotsiologi Sonalde Desai.

Surat manbasi, MarcoVDM/Getty Images
Uning ta’kidlashicha, Hindistonda kelishilgan nikohlar ham ustun, ularning deyarli 95 foizi bir kasta ichida bo‘ladi. Gazetalardagi nikoh haqidagi e’lonlarda aks etgan an’anaviy me’yorlar odatda kuyovning yoshi kattaroq, bo‘yi balandroq va hech bo‘lmaganda kelinchalik ma’lumotli bo‘lishini talab qiladi.
"Biroq, empirik tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ayollarning ma’lumoti pastroq erkaklarga turmushga chiqish holati kuchayib bormoqda," deya qo‘shimcha qiladi u.
Eron yana bir yorqin misol, bu mamlakat Yaqin Sharqdagi oliy o‘quv yurtlarini bitirgan ayollar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega. Shunday bo‘lsa-da, patriarxal me’yorlar saqlanib qolmoqda, chunki ko‘plab oilalar hali ham erkaklar asosiy ta’minotchi bo‘lishini kutadi. Bu esa "maqbul" juft topishga qiynalgan yolg‘iz, o‘qimishli ayollar soni ko‘payishiga olib kelmoqda, deydi muxbirlar.

Surat manbasi, Grigorev_Vladimir/Getty Images
Ammo ayollarning yangi avlodi bu an’anaviy kutilmalarga qarshi chiqmoqda. Ularning ko‘pchiligi shaxsiy mustaqillik, karьera va zamonaviy Eron jamiyatida juftlik tushunchasini o‘zgartirishga harakat qilmoqda.
Xitoyda "sheng nu" ("o‘tirib qolgan ayollar") degan haqoratli atama 20 yoshlar oxiri yoki 30 yoshlarda turmushga chiqmagan, yuqori ma’lumotli ayollarga nisbatan ishlatiladi. Yaponiyada esa ayollar iqtisodiy mustaqillik va an’anaviy gender rollarining og‘irligi tufayli turmush qurishni tobora kechiktirmoqda yoki butunlay voz kechmoqda.
Norvegiya va Shvetsiya kabi mamlakatlar esa buning aksini ko‘rsatadi. Kuchli gender tengligi siyosati, ota-onalik ta’tillari va ayollar banligi yuqoriligi tufayli, dunyoning bu qismida teng huquqli juftlik keng tarqalgan.
"Me’yoriy bosimlar turli jamiyatlarda turlicha ahamiyatga ega," deydi Shtayber xonim.
"[G‘arbda] oliy ma’lumotli ayollar – garchi erlaridan ko‘proq daromad qilmasalar ham – munosabatlarda yaxshi ijtimoiy mavqega ega. Ular birgalikda qaror qabul qilishadi. Boshqa madaniyatlarda esa bu yanada cheklangan bo‘lishi mumkin," deydi u.
Ijtimoiy tarmoqlar ta’siri
Amalda kamayishiga qaramay, gipergamiya ijtimoiy tarmoqlarda odatiy so‘z bo‘lib qolmoqda. U ko‘pincha munosabatlar bo‘yicha maslahatlar, boy yoki yuqori mavqeli juftni qanday topish bo‘yicha ko‘rsatmalar bilan birga trendga aylanmoqda.
"Pasport og‘alar" – an’anaviy gender rollarini qabul qiladigan juftlarni chet elda izlaydigan g‘arblik erkaklar va "an’anaviy xotin" harakati kuchayishi kabi trendlarda inflyuenserlar uy bekaliligini targ‘ib qiladi, ayollarni yuqori daromadli erlarni izlashga undaydi.

Surat manbasi, sturti/Getty Images
"Bu harakatlar ko‘pincha an’anaviy munosabatlarga intilishni aks ettiradi, ba’zan gipergamik tuzilmalarni ideallashtiradi," deydi Begi xonim.
"Ular zamonaviy tanishuv jarayoni murakkabliklarini ko‘rsatadi. Bunda odamlar shaxsiy mustaqillik va jamiyat kutilmalarini muvozanatlashga intiladi. Bu esa odamlarning munosabatlarda qoniqish izlashining turli usullarini ochib beradi," deya qo‘shimcha qiladi u.
Biroq Shtayber xonim 1950-yillardagi gender rollari tiklanishiga shubha bilan qaraydi. Bu ko‘pincha gipergamiyani nafaqat maqbul, balki orzu qilinadigan holat sifatida ko‘rsatmoqda.
"Bu ijtimoiy tarmoqlardagi oz sonli inflyuenserlar ishi bo‘lishi mumkin, lekin bu demografik tendentsiyani ko‘rsatayotgan yo‘nalish emas," deydi u.
"Yuqori maoshli xotinlar: nodir holat"
Shuningdek, Shtayber xonimning ta’kidlashicha, ayollar "o‘zidan pastroq mavqedagi juft tanlasa", bu ko‘pincha erkaklar uchun ko‘proq taranglikni keltirib chiqaradi, chunki bu "an’anaviy erkaklik g‘oyalariga qarshi bo‘lishi" mumkin.
"Masala ayollarning kamroq narsani qabul qilishida emas, balki ko‘proq erkaklar o‘zidan ma’lumotliroq yoki muvaffaqiyatliroq bo‘lgan juft bilan kurasha olish-olmasligida," deb tushuntiradi u.

Surat manbasi, PeopleImages
Ba’zi sotsiologlar ta’kidlashicha, ayollarning ta’lim darajasi oshgani sari, jamiyat tuzilmalari an’anaviy gender rollarini saqlab qolish uchun nozik tarzda ishlaydi. Bu ish haqi tengsizligi, to‘liq bo‘lmagan ish kunini rag‘batlantirish yoki karьera va onalikni muvozanatlash qiyin bo‘lgan ish joyi me’yorlari kabi mexanizmlar orqali amalga oshiriladi va shu tariqa erkaklarning iqtisodiy ustunligini mustahkamlaydi.
"Hamma joyda erkaklar odatda ayollar yoki o‘z xotinlariga qaraganda ko‘proq maosh oladilar, chunki xotinlar va onalar odatda uzlukli ish bilan band bo‘lishadi yoki to‘liq bo‘lmagan ish kunida ishlashadi," deydi Ketrin Hakim.
"Hatto "teng huquqli" Skandinaviyada ham erlar o‘rtacha uy xo‘jaligi daromadining to‘rtdan uch qismini olishda davom etmoqda. Yuqori daromad qiluvchi ayollar yoki xotinlar istisno, kamdan-kam uchraydigan holat bo‘lib qolmoqda," deydi u.












