Dayjest: O‘zbekistonga qarshi arbitraj, liberalizatsiya davrining oshgan maoshlari

Surat manbasi, Telegram/Humans.uz
Biznes yangiliklariga ixtisoslashgan qator ommaviy axborot vositalari xabar tarqatishicha, Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Humans Mobile Ltd shirkati rasman O‘zbekiston Respublikasiga qarshi arbitraj mahkamasini qo‘zg‘atgan.
Humans Mobile Ltd Humans Group xalqaro xolding kompaniyasining tarkibida bo‘lib, O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan Humans biznesining sohibi hisoblanadi.
Da’vo arizasi Jahon Bankining Sarmoyaviy bahslarni hal qilish xalqaro markazi tomonidan ro‘yxatga olingan.
Xabar qilinishicha, shikoyat qilinishiga O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasida 2003 yil 15 iyulida imzolangan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va muhofaza qilish haqidagi o‘zaro bitimda ko‘zda tutilgan bandlar buzilgani sabab bo‘lgan.
Humans Mobile Ltd adolatni qaror toptirish va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida qator davlat rasmiylari amallari oqibatida yetkazilgan zarar qoplanishini istayapti, deyiladi xabarda.
"Biz doim O‘zbekiston va fuqarolariga ishonganmiz va ishonishda davom etamiz. Biz Respublika Prezidentining iqtisodni modernizatsiyalash, raqamlashtirish va ishbilarmonlik erkinliklarini kengaytirish yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlari bilan samimiy faxrlanamiz", deyiladi Humans Group asoschisi va ijrochi direktori Vladimir Dobrinin tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Surat manbasi, .
"Biz transformatsiya yo‘lida erkin bozorni bunyod etish, ochiqlikni kengaytirish va o‘sishni tezlashtirish harakatlarini zoe etadigan muxoliflarga duch keldik. Biz O‘zbekistonning qonun ustuvorligiga erishilgan va o‘zboshimcha byurokratiyadan xalos bo‘lgan mamlakatga aylanishi tarafdorimiz", deyiladi shirkatning nega bahsni arbitraj muhokamasiga olib chiqilgani munosabati bilan tarqatilgan bayonotda.
"Arbitraj mezbon davlatlarning adolatsiz munosabatidan sarmoyadorlarning manfaatlarini muhofaza qilishga imkon beradigan umumiy vosita. Bizning mavqe’imiz shuki, yetkazilgan zarar qoplanishi lozim va muhokama adolatni, oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan boshqaruvni yanada mustahkamlaydigan, ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlaydigan yana bir qadam bo‘lishi kerak. Biz O‘zbekiston kuchli investitsiya muhitini dastaklashiga, o‘zining ulkan iqtisodiy potentsialini ro‘yobga chiqara olishiga ishonamiz", deyiladi Humans Group rahbari Vladimir Dobrinin bayonotida.
Humans Group ofislari AQSh, O‘zbekiston, Polsha, Singapur va Germaniyada joylashgan raqamli xizmatlar xalqaro ekotizimi hisoblanadi.
Xalqaro xolding tarkibiga Humans.uz ham kiradi, Humans.uz quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
Humans Pay - fintex xizmatlari integratsiyalashgan applikatsiya,
Humans Mobile - mobil telefon kommunikatsiyasi,
Humans Yaxshi - bozorlardan oziq-ovqat yetkazib berish
va Humans Market - bozor makoni.
AQShda Humans.net deb nomlangan platforma ham bor, u yerda ish beruvchilar xodim izlaydilar.
O‘tgan yili oktyabrida O‘zbekiston Markaziy Banki Humans guruhiga tegishli bo‘lgan UPay to‘lov xizmati faoliyatini olti oyga to‘xtatib qo‘yishga qaror qilgan, biroq Humans regulyatorning xatti-harakatlarini qonun hujjatlari me’yorlarini buzgan holda amalga oshirilgan, shuningdek, "bozorni adolatli tartibga solish tamoyillariga zid va biznes yuritish uchun jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda" deb hisoblagan edi.
Liberalizatsiya davri maoshlari

O‘zbekistonda 1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 avgustdan maosh va stipendiyalar 10 foiz oshiriladigan bo‘ldi.
1 iyuldan yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, 71 AQSh dollarini tashkil etadi.
1 avgustdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10 foizga oshiriladi, ya’ni, O‘zbekistondagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘m yoki 99 AQSh dollari bo‘ladi(3 iyun kuni 1 AQSh dollari = 12835 so‘m)
Bu galgi maosh va pensiyalar hukumat energoresurslar narxlarini erkinlashtirishni boshlagani manzarasida ko‘tarilayapti.
Bu nimani anglatadi?
Shu vaqtgacha "xalqqa qiyin bo‘lmasin" deb davlat byudjetidan moliyalanib kelgan sohalarda narxlar asta-sekin "qo‘yib yuboriladi", oxir-oqibat bozor realligiga yetib boradi.
Ana o‘shanda davlat yelkasidagi "yuk" yengillashadi, byudjet mablag‘larini boshqa muhimroq sohalarga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ungacha esa kuzatiladigan "qimmatchilik" ko‘tarilgan maosh va pensiyalar oshganini "sezdirmay qo‘yadi".
Ammo yaqin Xalqaro Valyutasi jamg‘armasi ta’kidlaganidek, O‘zbekiston hukumati uchun bugun strukturaviy islohotlar va davlat boshqaruvi islohotini ikkilanmasdan davom ettirish va nihoyasiga yetkazish o‘ta muhim.
30 may. O‘zbek tanki jahon matbuoti e’tiboriga tushdi, Talimarjon IESi egasi o‘zgardi, qariyb 2 trillion so‘mlik kiberjinoyat

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq
Toshkentda MSITF - 2025 mudofaa sohasidagi innovatsion texnologiyalar festivali boshlandi, bu tadbirda namoyish etilgan T-64 tankining o‘zgartirilgan yangi shakli butun dunyoda qurol-yarog‘ ekspertlarini qiziqtirib qo‘ydi, festivalda tasvirga olingan tankning foto va videolari ijtimoiy tarmoqlarda, veb-sahifalarda e’lon qilinayapti.
T-64 SSSRning ikkinchi avlod tankiga mansub bo‘lib, unda ilk bor 125 millimetrlik to‘p o‘rnatilgan.
Sovet armiyasi safiga 1967 yili kiritilgan.

Surat manbasi, .
Bugunda kunda turli modifikatsiyadagi T-64 tanklari Rossiya, Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Dnestrbo‘yi respublikasida qolgan.
Toshkentda namoyish etilgan tank ishlab chiqaruvchisi hozircha noma’lum, deb yozdi Militarniy.com veb sahifasi.
Bu Semey Engineering shirkati va Chirchiq shahridagi zirhli texnikani ta’mirlash zavodi mahsuloti bo‘lishi mumkin, deb yozdi harbiy sohaga bag‘ishlangan veb-sayt.
"Mashina dizayni sirli va zamonaviy", deb yozdi "Tanki. Istoriya i sovremennostь" Telegram kanali.
Ukraina urushi zirhli texnikani dron zarbalaridan muhofaza qilishni dolzarb masalaga aylantirdi, "Toshkent tanki"ning minorasi va korpusi to‘liq zirh bilan qoplab chiqilgani mashinaning jang maydonidagi "tirik qoluvchan"ligini oshiradi, deb ko‘rilmoqda.
Tankning motor va uzatish qismi ham o‘zgartirilgan, tutun chiqarish quvuriga yana bitta qo‘shilgan.
Tankning eskirgan 5TDF dvigateli o‘rniga Janubiy Koreyaning DP222LC 950 ot kuchiga ega dizelli motori o‘rnatilgan.
Mudofaa sohasidagi innovatsion texnologiyalarga bag‘ishlangan festival Toshkentdagi G‘alaba parkida o‘tgan yil ham tashkil qilingan edi.
Talimarjon IESi yangi egalari Mubadala va TAQA

Surat manbasi, Official
Birlashgan Arab Amirliklaridagi Mubadala va Abu Dabi Milliy Energiya kompaniyasi (TAQA) O‘zbekistondagi Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasini xarid qilish jarayonini yakuniga yetkazdi, deya xabar berdi Reuters axborot agentligi.
Gulf Business nashriga ko‘ra, endi yangi Talimarjan Power Plant 1 kompaniyasi tashkil etiladi.
Kompaniya aktsiyalarining 40 foizi Mubadala shirkatiga, 40 foizi TAQAga, 20 foizi esa "Talimarjan Issiqlik Elektr Stansiyasi" hissadorlik jamiyatiga tegishli bo‘ladi.
Abu Dabilik sarmoyadorlar O‘zbekiston aholisi hamda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortib borayotganini urg‘ulaydilar, bu borada O‘zbekistonga toza energiya manbalari bilan yordam berishga tayyor ekanini aytdilar.
"Mubadala butun dunyo bo‘ylab mamlakatlarni o‘zlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini uglerod chiqindilarini kamaytirish evaziga qondirish harakatlarida qo‘llab-quvvatlashga bel bog‘lagan. TPP1 dek samarali tabiiy gaz elektrstantsiyalari energiyaning toza manbalariga o‘tishda muhim rol o‘ynaydi", dedi Mubadalaning Osiyo Tinch okeani bo‘limi rahbari Hammad Rahmon.
Hozir Qashqadaryo viloyatidagi Talimarjon stantsiyasining kuchi 875 megavatt ekani, u yiliga 7,2 milliard kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega ekani aytiladi.
Inshootda qariyb 1 milliard dollarlik yangi gaz va bug‘ qurilmalarini barpo etishga kirishilgan, qurilish yakunlanganidan keyin Talimarjon issiqlik stantsiyasi nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki viloyatdagi suv nasoslari, Saamarqand va Surxondaryo viloyatlarini elektr bilan ta’minlashi ko‘zlanayotgani xabar qilingan.
Qariyb 2 trillion so‘m yoki 150 million dollarlik kiberjinoyat
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlar bo‘yicha markazi xaabaar qilishicha, mamlakatda 2021 yil bilan 2024 yil orasida sodir etilgan kiberjinoyatlar oqibatida banklar va fuqarolarning 1,9 trln so‘mdan ortiq mablag‘i talon-toroj qilingan, ularning asosiy qismi, ya’ni 98 foizini bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil qiladi.
Butun dunyoda kuzatilayotgani singari O‘zbekistonda ham kiberjinoyatlarning ham turi, ham soni ko‘payib borayapti.
"2019 yili axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2024 yilda 62 turdagi 58 ming 800 ta jinoyat qayd etilgan", - dedi Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlrga qarshi kurash markazi rahbari Bekzod Mamajonov.
Mamajonov aytishicha, 2023 yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 44,4 foizga yetib, O‘zbekiston hududida sodir etilgan deyarli har ikki jinoyatning biri axborot texnologiyalariga to‘g‘ri kelgan.
Bu jinoyatlarning asosiy qismini (98 foizi) bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlar (kibero‘g‘rilik va kiberfiribgarlik) tashkil qilayapti.
O‘zbekiston hududidagi kiberjinoyatlar asosan quyidagi usullarda kuzatilayapti:
60 foizi zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qo‘lga kiritish yo‘li bilan;
16 foizi turli aldovlar bilan bank kartasi hamda mobil ilovalardagi akkauntlar boshqaruvini tasdiqlovchi SMS kodni qo‘lga kiritish yo‘li bilan;
4 foizi shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali;
11 foizi onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar orqali;
9 foizi turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablag‘larini jalb qilish tarzida.
2025 yil yanvarida O‘zbekiston aholisining soni 37,5 million kishidan oshdi.
"O‘zkomnazorat" tashkilotiga ko‘ra, mobil telefon foydalanuvchilarining jami soni 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 36,3 millionga yetgan.
Onlayn savdo do‘konlari soni, oldi-sotdi ham tobora ko‘payib, insonlarga tobora ko‘p qulayliklar paydo bo‘layotgan vaqtda kibero‘g‘rilik va kiberfiribgarlik holatlari ham ko‘paymoqda.
Ayni vaqtda kiberjinoyatlarga qarshi kurashga jalb etilgan bilimli, tajribali mutaxassislar taqchilligi kuzatilayotganini aytishadi sohani yaqindan biladigan o‘zbekistonliklar.












