O‘zbekiston - Turkiya: Nima uchun o‘nlab o‘zbekistonliklar deportatsiya qilinmoqda?

Turkiya Suriya chegarasidan o‘tish uchun navbatda turgan migrantlar

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Turkiya chegarasidagi migrantlar. Illyustrativ tasvir
O'qilish vaqti: 6 daq

O‘tgan dekabrning oxirgi kunlarida o‘zbekistonlik taniqli imom Fazliddin Parpievning Istanbuldagi uyiga yana qurollangan Turkiya maxsus xizmatlari xodimlari bostirib kirgani xabar qilindi.

Qurolli niqoblilar 2025 yilning apreli tunida ham eshikni buzib kirishgan, kuch ishlatib, imomning qo‘liga kishan solib olib ketishgani aytildi.

Bu gal Turkiya maxsus xizmatlari Yangi yil kechasida go‘yoki hujumlar rejalangani haqida xabar topganlari, bu hujumlar oldini olish maqsadida Turkiyaning bir necha shaharlarida bir vaqtning o‘zida reydlar tashkil etganlari xabar qilindi, terrorga aloqador jinoiy bandlar bilan xorijliklar doxil bir necha shaxs hibsga olindi.

"Ulardan biri O‘zbek ulamosi Musa Solih (Fazliddin Parpiev) edi", deyiladi Turkiyadagi nufuzli "Mazlumlar" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti e’lon qilgan bayonotda.

"2025 yil aprelida unga qarshi xuddi shunday ayblovlar bilan tergov boshlangan edi. Ammo o‘tkazilgan chuqur tergov biror bir isbot-dalil mavjud emasligini va ayblovlar asossizligini tasdiqladi. Natijada Istanbul Bosh prokuraturasi noyabr oyida ta’qib etmaslik, jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risida qaror chiqardi. Oqlov vazniga ega ushbu qarorga qaramasdan, Musa Solihga nisbatan ma’muriy hibsga olish jarayoni davom ettirildi va u Anqara Akyurt ko‘chirish markaziga o‘tkazildi".

Dekabr oyidan buyon Turkiyaning turli joylarida istiqomat qilib kelayotgan O‘zbeklarni hibsga olish va Migrantlarni boshqarish markaz(Geri Gönderme Merkezi)lariga tashlash boshlangan.

Fazliddin Parpiev

Surat manbasi, YouTube/Karimberdi To'ramurod

Bugun deportatsiya markazlarida ushlab turilgan insonlar qarindoshlarining Bi-bi-siga aytishlaricha, hibslar shu kecha-kunduzda ham davom etayapti, butun boshli oila – eri, xotini, bolalari deportatsiya markaziga tashlangani xabarlari kelayapti.

Oqibatda non topuvchi erkagidan ayrilib qolgan oilalar moddiy qiyinchiliklarga duch kelganlar.

Hammaning ham advokat yollashga yetarli mablag‘i yo‘q.

Bi-bi-si Istanbul va Izmit shaharlaridagi Migrantlarni boshqarish markazlarida hibsda saqlanib turgan O‘zbeklarning huquqlarini himoya qilishga jalb etilgan uch advokat bilan suhbatlashdi.

Nomlari matbuotda e’lon etilishini istamagan turkiyalik advokatlarning bizga aytishlaricha, bugun "shubhali" deb hibs etilgan va tutqunlikda ushlab turilgan o‘zbekistonlik erkaklarning soni 150-170 kishini tashkil etishi mumkin.

Bir necha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, har bir ish ichida kamida o‘n shaxsning tergovi davom etayapti.

Himoyachilar hibsdagi insonlarning huquqlari ta’minlanayotgani, bundan oldin kuzatilgan holatlarda prokuratura migrant markazida saqlangan xorijliklarning jinoyat sodir etmaganliklarini isbotlab ozodlikka chiqishiga erishganini aytadilar.

Ammo inson huquqlari faollari Turkiya rasmiy idoralarini migrantlardan "olabo‘ji yasab, mablag‘ topayotganlik"da ayblaydilar.

Burhon Qovunchi posti
Surat tagso‘zi, Burhon Qovunchi Turkiya Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchini noqonuniy hibslarga chek qo‘yishga chaqirdi.

Turkiya noqonuniy migrantlarni Yevropa Ittifoqi hududiga "o‘tkazmagani" uchun salmoqli moliyaviy dastak olib keladi: 2011 yildan shu kungacha YeI Turkiyaga ajratgan summa 12 yarim milliard Yevrodan oshgan.

Bugungi kunda Turkiya Suriyadan 3 millioncha, boshqa mamlakatlardan bir necha yuz ming qochqinga boshpana bergan, dunyoning eng ko‘p qochqiniga mezbonlik qilayotgan mamlakat hisoblanadi.

Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, bir insonni tergov hibsi ostida bir yildan ortiq muddat saqlash mumkin emas.

Faollar bundan oldin ko‘plab o‘zbekistonliklar bir yil mobaynida Göç hibsxonasida saqlangani, qo‘yib yuborilganidan ikki-uch oy o‘tganidan so‘ng yana politsiyachilar tomonidan qo‘lga olinganlarini eslatadilar.

Bu inson ism-sharifi Turkiyaning Yevropa Ittifoqi, BMTning Qochqinlar komissarligiga muntazam yo‘llab turadigan noqonuniy migrantlar ro‘yxatini to‘ldirib boradi.

O‘zbekistonlik muhojirlarga nisbatan Turkiyada munosabat o‘zgarishiga bir necha marta ro‘y bergan o‘zbekistonlik, Markaziy osiyoliklar ishtirokidagi terrorchilik hujumlari ham sabab bo‘ldi.

Iqtibos

Islom Karimov boshqaruvi yillarida namozxonligi uchun O‘zbekistonda ta’qiblardan qochib Turkiyaga borgan o‘zbekistonliklar ana shunday kunlarga tushganlar, bugun Göç hibsxonalarida ushlab turilgan insonlar og‘ir ahvolda ekanini aytadilar.

Chunki Göç hibsxonasi qamoq uchun maxsus mo‘ljallab qurilgan bino emas, ba’zan bir joyda erkak ham, ayol ham, bolalar ham birga saqlab turilgan vaqtlari bo‘ladi.

"Mazlumder" Istanbul bo‘limi rahbari Ali O‘nar

Surat manbasi, YouTube

Surat tagso‘zi, "Mazlumder" Istanbul bo‘limi rahbari Ali O‘nar: "Insonlarni hibsda tutib turish bilan gunohga botayapsiz", deb rahbarlarning yuziga aytdim.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari xalqaro terrorchilikka qarshi kurash vaji bilan Turkiya qonunlariga kiritilgan o‘zgartirishlarni tanqid qiladilar.

Ularning da’vo etishlaricha, o‘zgarishlar natijasida kuchishlatar tizimlariga hatto keksalar va bolalarga ham "terrorchi" deb qarash va muomala qilish huquqi berilgan, ustidan jinoyat ishi ochilmagan shaxslarni ham mamlakatdan chiqarib yuborish amaliyoti osonlashtirilgan.

"Mazlumlar" jamiyati chet ellik shaxslarga nisbatan Turkiyada "tahdid kodlari" qo‘yishda qonunbuzarliklar ro‘y berayotganini tanqid qiladi.

"Chet elliklarga qo‘yiladigan ba’zi «tahdid kodlari» ularning mamlakatga kirishi, qolishi va ayrim maqomlarga ega bo‘lishini belgilaydi. Oxirgi bir yilda ko‘plab yangi kodlar paydo bo‘ldi. Eng keng tarqalgani — G-87 kodi. U shaxsning jamoat tartibi va mamlakat xavfsizligi uchun tahdid ekanini bildiradi", deya tushuntiradi inson haqlari tashkiloti.

"G-87 kodi qo‘yilganlar "chegaralararo terrorchi" deb atalayapti va ularga boshqacha munosabat qilinmoqda, cheklovlar qo‘llanmoqda va deportatsiya markazlarida alohida saqlanayaptilar".

"Kod qo‘yish vakolati Göç idorasida bo‘lsa-da, ma’lumotlar ko‘p hollarda xorij istixborotidan keladi. Bu ma’lumotlar tekshirilgan-tekshirilmaganini bilmaymiz, ammo Göç idorasi shu sabab bilan odamlarga kod qo‘ymoqda. Hatto Turkiya fuqaroligiga o‘tgan shaxslar ham bundan mustasno emas. Hatto 1–2 yoshli bolalarga ham kod qo‘yilgan holatlar qayd etilgan", deyiladi "Mazlumlar" jamiyatining hisobotida.

Inson haqlari faollariga ko‘ra, Göç idorasi yillar davomida Turkiyada qonuniy yashab kelayotgan, har bir holatda idoraga borib ariza bergan odamlarga biror bir tekshiruvsiz, hatto faylini ochmasdan kod qo‘ymoqda, ularning hayotini vayron qilmoqda.

Shaxsga kod nima uchun qo‘yilgani haqida mutlaqo ma’lumot berilmaydi.

Prezident Mirziyoyev va Prezident Erdo‘g‘an. 2026 yil 29 yanvar.

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Bugungi O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari qalin

Fazliddin Parpievga qarshi hozir qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tafsilotini uning advokati Gulden So‘nmez ham bilmasligini aytadi.

Jinoyat ishi bo‘yicha maxfiylik qarori berilgan, shuning uchun ham advokat qanday ayblovlar ilgari surilayotganini shu vaqtgacha ko‘rolmagan.

Parpiev Turkiya vatandoshligi olib tashlangani, unga G-87 kodi qo‘yilgani, tunda o‘zi eshigini ochganiga qaramasdan, eshigi buzib kirilgani ustidan alohida-alohida sudga arizalar kiritildi.

Sudlar Fazliddin Parpiev arizalarini rad etdilar.

Mazlumlar" jamiyati faoli Ali O‘nerning Bi-bi-siga aytishicha, Turkiya mansabdorlarining xorijiy muhojirlarning huquqlariga doir Turkiya qonunlarini buzayotganlarini rasmiy mulozimlarning o‘zlariga muntazam yetkazayaptilar, Fazliddin Parpiev huquqlari poymol etilayotgani Turkiya parlamentida ham ko‘tarildi.

Turkiyalik faol Burhon Qovunchi fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yillari o‘zbekistonlik musulmonlarga berilgan erkinliklar yana siqilayapti, o‘zbekistonlik dindorlarning huquqlarini ham O‘zbekiston hukumati, ham Turkiya hukumati poymol etayaptilar.

Turkiyadagi faollar aytishicha, Turkiyada boshpana topgan o‘zbekistonliklarga kod qo‘yish talabi O‘zbek maxsus xizmatlaridan keladi, shu yo‘l bilan ular O‘zbekiston hukumati uchun nomaqbul insonlarni jazolashni istaydilar.

Ammo bu borada O‘zbekiston tomoni ochiq munosabat bildirgan emas.

Sobiq imom Fazliddin Parpiev Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatiga nisbatan tanqidiy video e’lon qilganidan u ikkinchi marta hibs etilgani aytiladi.

Yaqinlariga ko‘ra, bunga uning "Xitoyga sotilgan O‘zbekiston" deb nomlangan videosi sabab bo‘lishi mumkin.

2025 yil mayida o‘zbekistonlik taniqli ulamo Mubashshir Ahmad Turkiyadan O‘zbekistonga yashirincha ekstraditsiya qilindi, oktyabr oyida Toshkentdagi sud uni etnik va diniy adovat qo‘zg‘ash, diniy materiallarni noqonuniy ishlab chiqarish va tarqatish bandlarida aybdor topib, ikki yil yarim yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Islom Karimov boshqaruvi yillarida chet elda qo‘lga olingan o‘zbekistonlikni O‘zbekistonga topshirmaslikka chaqiriqlar yangrar, bu inson O‘zbekistonda qiynoqlarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirilar edi.

Prezident Mirziyoyev davridan qiynoqlar haqida ilk bor ochiq gapirila boshlandi, ayrim holatlarda mas’ullar javobgarlikka tortildi.

Ammo "Mazlumlar" jamiyati tomonidan Turkiyada hibs etilgan o‘zbekistonliklar O‘zbekiston kuchishlatar tizimlari qo‘liga topshirilsa, qiynoqlarga uchrashi chaqirig‘i yangramoqda.

Faollarga ko‘ra, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida rivojlanayotgan yaxshi munosabatlar o‘zbek muhojirlariga nisbatan noqonuniy amaliyotlar ko‘payishiga olib kelmoqda.

Ularning aytishicha, siyosiy va iqtisodiy manfaatlar qonunni chetga surib qo‘yish uchun bahona bo‘lolmaydi.

"Musa Solihga nisbatan qonuniy asossiz qo‘llanilgan ma’muriy qamoq chorasini darhol bekor qilib, uni ozod etilishi va qonuniy bo‘lmagan deportatsiya amaliyotlarini to‘xtatishga va xalqaro majburiyatlarga rioya qilishga chaqirib qolamiz", deyiladi inson huquqlari tashkiloti tarqatgan bayonotda.