Trampning "Tinchlik kengashi" nega bu qadar bahsli?

Suratda AQSh prezidenti Donald Tramp (markazda) qora kostyum, oq ko‘ylak va ko‘k galstukda; Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler (chapda) qora kostyum va yoqasi ochiq oq ko‘ylakda; AQSh davlat kotibi Marko Rubio (o‘ngda) esa qora kostyum, oq ko‘ylak va ko‘k galstukda aks etgan.
Surat tagso‘zi, AQSh prezidenti Donald Tramp (markazda) Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri ser Toni Blerni (chapda) va AQSh davlat kotibi Marko Rubioni (o‘ngda) o‘zining "Tinchlik kengashi" ta’sischi Ijroiya kengashiga a’zo qilib tayinladi.
    • Author, Muallif: Paula Adamo Idoeta
    • Role, BBC News World Service
  • O'qilish vaqti: 7 daq

BMT dastlab Donald Trampning G‘azo tinchlik rejasi doirasida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Ammo AQSh prezidenti taklif qilayotgan "yangi xalqaro o‘tish organi" haqida qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan xavotirlar ham ortib bormoqda.

Ijroiya kengashi a’zolari orasida 2003 yilda Iroqqa bosqinni qo‘llab-quvvatlagan Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler bor, biroq ular orasida birorta ham falastinlik yo‘q. Shuningdek, doimiy a’zolik uchun 1 milliard dollarlik badal hamda BMTning bu tuzilmada qanday rol o‘ynashi masalasi ham jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.

Biz asosiy savollarga javob beramiz.

Trampning "Tinchlik kengashi"ga kimlar taklif qilingan?

Xabarlarga ko‘ra, o‘nlab jahon yetakchilariga Trampning Tinchlik kengashiga qo‘shilish uchun takliflar yuborilgan, jumladan:

• Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaniz

• Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva

• Kipr Prezidenti Nikos Xristodulides

• Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi

• Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen

• Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis

• Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi

• Iordaniya Bosh vaziri Ja’far Hasan

• Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy

• Polsha Prezidenti Karol Navrotski

• Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

• Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an

• Buyuk Britaniya Bosh vaziri ser Keyr Starmer

Yangi Zelandiya bosh vaziri Kristofer Lyukson ham kengashga qo‘shilishga taklif qilingan va bu taklifni "jiddiy o‘ylab ko‘radi".

Tailand Tashqi ishlar vazirligi ham tafsilotlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Rasmda AQSh davlat kotibi Marko Rubio matbuot anjumanida savollarga javob bermoqda. U prezidentlik ramzi tushirilgan minbar oldida turib so‘zlamoqda, orqa fonda esa AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘rinadi. Ikkalasi ham to‘q ko‘k kostyum va ko‘k naqshli galstuk taqqan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Oq uy ma’lum qilishicha, AQSh davlat kotibi Marko Rubio G‘azoning keyingi qayta tiklash bosqichini boshqarishi kerak bo‘lgan yetti kishilik ilk ijroiya kengashi tarkibiga kiradi.

Trampning "Tinchlik kengashi"ga kimlar qo‘shilishga rozi bo‘ldi?

Taklifni ommaviy ravishda qabul qilganlar orasida qator davlat rahbarlari bor. Ular qatorida:

• Albaniya Bosh vaziri Edi Rama

• Argentina Prezidenti Xaver Miley

• Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban

• Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokaev

• Paragvay Prezidenti Santyago Penya

• O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Xabarlarga ko‘ra, Vetnam Kommunistik partiyasi bosh kotibi To Lam ham taklifni qabul qilgan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa, "ishtirok etishga tayyor" ekanligini aytgan.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni ham a’zolikni qabul qilgan, biroq a’zo bo‘lish uchun pul to‘lamaydi.

Trampning "Tinchlik kengashi"ga qo‘shilish uchun nima talab qilinadi?

AQSh rasmiysi CBS News telekanaliga kengashga qo‘shilish uchun hech qanday majburiy talab yo‘qligini aytdi. Biroq doimiy a’zo bo‘lishni istaganlar, uch yillik cheklangan a’zolik o‘rniga, 1 milliard dollar to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Rasmiylar ta’kidlashicha, ushbu mablag‘ G‘azoni qayta tiklash ishlariga yo‘naltiriladi.

Reuters axborot agentligi ko‘rgan xat nusxasi va nizom loyihasiga ko‘ra, Donald Tramp kengashga umrbod raislik qiladi - u hatto AQSh prezidenti bo‘lmagan taqdirda ham - keyinchalik boshqa mojarolarni hal etish uchun kengaytiriladi.

Qora ko‘k kostyum, oq ko‘ylak va qizil galstukdagi AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida so‘zga chiqmoqda. U yashil sahnada, BMT ramzi tushirilgan minbar orqasida nutq so‘zlamoqda, zalda esa delegatlar o‘z joylarida o‘tiribdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2026 yil 7 yanvarь kuni AQSh prezidenti Donald Tramp AQShni BMT tarkibidagi 31 ta tuzilmadan chiqarishni nazarda tutuvchi memorandumni imzoladi.

Trampning "Tinchlik kengashi" BMT nufuziga putur yetkazishi mumkinmi?

Maktubda Tramp Kengash "global mojarolarni hal qilishda yangicha, dadil yondashuvni boshlaydi" deb ta’kidlagan. Bu esa hozirda tinchlik o‘rnatish, tinchlikni saqlash va xalqaro sanksiyalar uchun mas’ul bo‘lgan BMT Xavfsizlik Kengashi roliga putur yetkazishi mumkin degan xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Isroilning Haaretz gazetasi xabar qilishicha, Kengash nizomi "yanada chaqqon va samarali xalqaro tinchlik organi" zaruriyatini ta’kidlash bilan boshlanadi hamda mustahkam tinchlik uchun "ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchragan institutlardan voz kechish jasorati" kerakligi qayd etilgan.

Oq uy esa Tinchlik kengashi haqidagi bayonotida: "Bu bosqich Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2803-rezolyutsiyasiga to‘liq mos keladi", deb bildirdi.

Biroq Frantsiya prezidenti Emmanuel Makronga yaqin manba AFP agentligiga aytishicha, nizom "G‘azo masalasi doirasidan tashqariga chiqadi" va "BMTning hech bir holatda shubha ostiga olish mumkin bo‘lmagan tamoyillari hamda tuzilishiga hurmat masalasida jiddiy savollar tug‘diradi".

Shu bilan birga, Kuinsi mas’uliyatli davlatchilik instituti xodimi Xolid Elgindiy Reuters agentligiga aytishicha, ma’muriyat Tinchlik kengashining ta’sir doirasini kengaytirishni istamoqda va hatto amaldagi BMT tizimini almashtirish haqida ham gapirayotgandek tuyulmoqda.

"Shu ma’noda, G‘azo shunchaki boshlanish bo‘lishi mumkin, ammo Tramp ma’muriyati uchun bu Kengashning oxiri emas", dedi u.

Tramp ma’muriyati allaqachon AQShning BMTga ajratadigan mablag‘larini qisqartirgan. AQSh vetosi Xavfsizlik kengashining G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha chora ko‘rishiga to‘sqinlik qildi. 2026 yil 7 yanvarda esa Tramp AQShni "milliy manfaatlarga zid faoliyat yurituvchi" 31 ta BMT tuzilmasidan chiqarishni nazarda tutuvchi memorandumni imzoladi. Ular orasida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konventsiyasi va BMT Demokratiya jamg‘armasi ham bor.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri ser Toni Bler (chapda) Donald Tramp bilan qo‘l berib ko‘rishmoqda. Ikkalasi ham to‘q ko‘k kostyum, oq ko‘ylak va qizil naqshli galstuk taqqan. Prezident esa kostyumi yoqasida AQSh bayrog‘i nishonini taqib olgan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh prezidenti Donald Trampning Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri ser Toni Blerni o‘zining "Tinchlik kengashi"dagi ilk Ijroiya kengashi a’zoligiga tayinlashi bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Trampning Tinchlik kengashi qanday ishlaydi?

Tinchlik kengashi bilan bir qatorda, ikkita qo‘shimcha yuqori darajadagi kengashlar e’lon qilindi:

• Investitsiyalar va diplomatiyaga yuqori darajada e’tibor qaratadigan "Ta’sis ijroiya kengashi"

• G‘azo ma’muriyati Milliy qo‘mitasining joylardagi barcha ishlarini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan "G‘azo ijroiya kengashi". Bu G‘azoni vaqtinchalik boshqarish va qayta qurish vazifasi yuklatilgan texnokratlar qo‘mitasidir.

Oq uyning ta’kidlashicha, ushbu kengashlarga saylanganlar "G‘azo aholisi uchun tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlaydigan eng yaxshi xizmatlar va samarali boshqaruvni amalga oshirish" uchun ishlaydi.

Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp G‘azoning keyingi qayta qurish bosqichiga yo‘nalish beradigan yetti a’zolik "Ta’sis ijroiya kengashi"ga raislik qiladi. A’zolar orasida quyidagilar bor:

• Davlat kotibi Marko Rubio

• Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchi Stiv Vitkoff

• Trampning kuyovi Jared Kushner

Shuningdek, bu kengash tarkibida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri ser Toni Bler ham bor. Uning ishtiroki bahsli, chunki u 2003 yilda Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjudligi haqida keyinchalik asossiz ekani aytilgan da’volar ortidan Buyuk Britaniyaning Iroq urushiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Oq uyning aytishicha, har bir a’zoning "G‘azoni barqarorlashtirish uchun muhim" bo‘lgan o‘z vazifalari bo‘ladi.

Trampning "Tinchlik kengashi"da falastinliklar va isroilliklar bormi?

Ijroiya kengashlarining hech birida falastinlik yo‘q. G‘azo ijroiya kengashida bitta isroillik bor – Isroilda tug‘ilgan, ammo hozir Kiprda yashaydigan ko‘chmas mulk milliarderi Yakir Gabay. Biroq kengash tarkibiga Isroilning G‘azo sektoridagi urushini tanqid qilgan Qatar va Turkiya kabi davlatlarning yuqori lavozimli siyosatchilari ham kiradi.

Siyosatchi Mustafo Barg‘utiy Bi-bi-si Jahon xizmatining "Weekend" dasturiga bergan intervyusida falastinliklar "ancha kengroq vakillik"ni kutganini aytdi.

"Bu shunchaki ba’zi xalqaro elementlari bor Amerika kengashiga o‘xshaydi," dedi u.

Barg‘utiyning aytishicha, Qohiradagi tinchlik muzokaralari paytida ma’qullangan Falastin ma’muriy guruhining roli "aniq emasligi" muammoli bo‘ladi.

U Isroilning G‘azoni qayta tiklashni osonlashtirish uchun Rafah o‘tish punktini ochishiga shubha bildirdi.

O‘z navbatida, Isroil ham bu kengashlar tarkibi haqidagi muzokaralardan chetlatilganini ma’lum qildi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu idorasi "Bu Isroil bilan kelishilmagan va uning siyosatiga zid", deya qo‘shimcha qildi.

Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid bu e’lonni "Isroil uchun diplomatik muvaffaqiyatsizlik" deb atadi. Uning o‘ta o‘ng qanotdagi milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa X'da shunday deb yozdi: "G‘azo sektoriga uning "reabilitatsiyasi"ni nazorat qilish uchun qandaydir "ma’muriy qo‘mita"ga hojat yo‘q – uni Hamas terrorchilaridan tozalash kerak, tamom."

Kulrang kofta va qora shim kiygan yosh qiz G‘azoda vayron bo‘lgan uy-joylar va do‘konlar qoldiqlari orasida yoshil shlangdan suv ichmoqda. Orqa fonda yuk mashinasi va piyodalar ko‘rinib turibdi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, BMT ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi binolarning qariyb 80 foizi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Natijada taxminan 60 million tonna qurilish chiqindilari paydo bo‘lgan.

Trampning Tinchlik kengashi G‘azoni qura oladimi?

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azodagi binolarning qariyb 80 foizi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, natijada 60 million tonna qurilish chiqindisi hosil bo‘lgan. Ko‘chirilgan oilalar qishki sovuq ob-havo, boshpana yetishmasligi va oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Yordam tashkilotlari vaziyat yaxshilanganini aytmoqda, ammo Isroil ularning faoliyatiga cheklovlar qo‘yishda davom etmoqda.

Isroil ta’kidlashicha, u gumanitar yordamni osonlashtirmoqda va mavjud cheklovlar Hamasning yordam ko‘rsatish ishlariga aralashishini va ulardan foydalanishini to‘xtatishga qaratilgan. U BMTni G‘azoga allaqachon yetkazib berilgan ta’minotni taqsimlay olmagani uchun ayblamoqda.

Ehtimol, eng katta qiyinchilik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlab qolishdir.

Hamas faqat Falastin davlatini tashkil etish bo‘yicha kengroq kelishuv sharti bilan qurolsizlanishini aytdi. Quruqlikdagi qo‘shinlari hali ham G‘azo sektorining katta qismini nazorat qilayotgan Isroil esa Hamas qurolsizlansagina o‘z kuchlarini olib chiqishini bildirdi.

Trampning Tinchlik kengashi o‘zgarishlarni qanchalik tez amalga oshira olishi va eng muhimi, barqaror tinchlik uchun ne chog‘li aniq qadamlar qo‘ya olishi hali noma’lum.