BBC surishtiruvi: Xo‘rlangan, kaltaklangan va 650 kilo kunlik norma – Shinjonda uyg‘urlar qiynoq ostida tergan pomidorlar Yevropaga qanday kelib qoldi? - Video

pomidor

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 4 daq

BBC o‘tkazgan surishtiruv Yevropa supermarketlarida sotilgan tomat pastalari, aslida, Shinjonda uyg‘urlarga majburan terdirilgan pomidorlardan tayyorlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Xitoy dunyodagi eng yirik pomidor yetishtiruvchilardan bo‘lib, uyg‘urlar yashaydigan Shinjon viloyati bu o‘simlik o‘sishi uchun juda qulay joy hisoblanadi.

BBC qo‘lga kiritgan ma’lumotlarda milliondan ziyod uyg‘urlarni “qayta tarbiyalash lagerlari”da saqlashda ayblab kelinadigan Xitoy hukumati, endilikda, bu millat vakillarini pomidor terishga majburan jalb qilgan bo‘lishi ham mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, majburiy mehnat ostida yetishtirilgan va yig‘ib olingan Shinjon pomidorlaridan tayyorlangan tomat pastalari “Italiya mahsuloti” yorlig‘i ostida Buyuk Britaniya va Germaniyaning bir qancha supermarketlarida sotilgan bo‘lishi ehtimoli o‘rtaga chiqmoqda.

Pomidor va majburiy mehnat

poyezd

Surat manbasi, Alamy

Surat tagso‘zi, Xitoy pomidorining asosiy qismi Shinjon hududida yetishtiriladi.

Xitoy jahon bozoridagi pomidorlarning uchdan bir qismini yetkazib beradi.

Xitoy pomidorlarining katta qismi esa Shinjonda yetishtiriladi.

BMT va inson huquqlari tashkilotlari Xitoyni ushbu hududda yashovchi uyg‘urlarni azoblash hamda ekspluatatsiya qilishda ayblaydi.

Xitoy bunday da’volarni rad etsada, inson huquqlari tashkilotlari rasmiy Pekin 2017 yildan beri hibsxonalar tashkil etib, milliondan ziyod uyg‘urlarni ushlab turganini da’vo qiladi.

Xitoy hukumati bunday joylarni “qayta tarbiyalash lagerlari” deb ataydi.

Endilikda, shunday lagerlarda qiyin sharoitlarda saqlanayotgani aytilgan uyg‘urlar pomidor dalalarida majburiy mehnatga jalb etilgani haqida xabarlar o‘rtaga chiqmoqda.

BBC so‘zlashgan shinjonlik 14 inson o‘tgan 16 yil davomida hududdagi pomidor dalalarida ishlashga majburlangani haqida gapirdi.

Ularning aytishicha, lagerlardagi mahbuslardan pomidor terish talab qilingan va kunlik 650 kilogrammgacha bo‘lgan normani bajarmasa, ular jazolangan.

“Agar normani bajarmay qo‘ysak, bizni elektr toki bilan jazolashar edi”, o‘z boshidan o‘tgan qiyinchiliklarni tasvirlaydi Ahmad (ismi o‘zgartirilgan).

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

BBC
Qorongʻi kameraga olib kirib, zanjir bilan oyogʻimdan osib qoʻyishar edi. Nega ishni bajarmading, deb ketimga, biqinimga qattiq urishardi. Kaltak izlari tanamda hali ham bor.
Mamutjon
Shinjonlik uygʻur (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Boshqa bir jabrlanuvchi – kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Mamutjon esa normani bajara olmagani uchun qanday kaltaklanganini gapirib berdi.

“Qorong‘i kameraga olib kirib, zanjir bilan oyog‘imdan osib qo‘yishar edi. Nega ishni bajarmading, deb ketimga, biqinimga qattiq urishardi. Kaltak izlari tanamda hali ham bor”.

Bu insonlar da’volarini mustaqil ravishda tekshirish imkonsiz, ammo BMTning 2022 yilda e’lon qilingan hisobotida Shinjondagi lagerlarda qiynoq va majburiy mehnat avj olgani borasida so‘z boradi.

Xitoy esa bu ayblovlarni rad etib, barcha ishchilarning huquqlari qonun bilan himoyalanganini ta’kidlab keladi.

Pomidorlar Yevropaga qanday yetib bordi?

xarita

Surishtiruv natijalariga ko‘ra, Shinjon hududida yetishtirilgan pomidorlar tomat pastasi ko‘rinishida qayta ishlanib, Markaziy Osiyo orqali Yevropaga yetkazilgan.

Shinjondan chiqqan tovarning asosiy qismi poezdda Qozog‘iston, Ozarbayjon orqali Gruziyaga eltilgan va u yerdan kemalarda Italiyaga yetib borgan.

Keyinchalik, tomat pastasi Italiya ishlab chiqaruvchilari tomonidan qayta ishlanib, “Italiya mahsuloti” yorlig‘i ostida Yevropa bozorida sotilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Italiyadagi pomidorni qayta ishlovchi yirik bizneslardan bo‘lmish Petti kompaniyasi 2020-2023 yillar oralig‘ida Shinjondan 36 million kilogrammdan ortiq tomat pastasini qabul qilgan.

Petti pomidor mahsulotlarini o‘z nomi ostida sotadi, ammo Yevropadagi biz qancha supermarketlarni ham xomashyo bilan ta’minlaydi.

Bu supermarketlar, pirovardida, Petti yetkazgan xomashyodan foydalanib, o‘zining brend mahsulotlarini tayyorlaydi va sotadi.

BBC Petti yetkazib bergan xomashyodan tayyorlangan tomat pastalari “Italiya mahsuloti” yorlig‘i ostida Tesco, Asda va Waitrose kabi yirik supermarketlarda sotilayotganini aniqladi.

tomat
Surat tagso‘zi, Savol ostidagi turli brenddagi tomat pastalari.

BBC bu supermarketlarda turli brendlar nomi ostida sotilayotgan 64 turdagi tomat pastasining asl kelib chiqish joyini aniqlashga harakat qildi.

Bu sohada katta tajribaga ega mustaqil kompaniya yordamida o‘tkazilgan laboratoriya test-sinovi natijalaridan 17 turdagi tomat pastasida Xitoy pomidorlari ishlatilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu pastalarning 10 tasi Petti kompaniyasiga aloqador bo‘lib chiqdi.

Kompaniya avval ham Xitoy va boshqa davlatlarda yetishtirilgan pomidorlarni Italiya mahsuloti o‘laroq sotuvda gumonlangan va bunday da’volarni rad etib keladi.

Biroq yashirin kamera bilan kompaniya zavodiga kirgan BBC muxbirlari u yerda “Xinjiang Guannong Tomato Products Co Ltd” yozuvi tushirilgan bochkalarni tasvirga olishdi.

bochka
Surat tagso‘zi, Petti kompaniyasi ko‘rsatgan invoysda haqiqatan so‘nggi oldi-berdi 2020 yilda bo‘lgani ko‘rinsada, BBC yashirin tasvirga olgan bochkalar yorliqlarida ishlab chiqarish sanasi 2023 yil avgusti ekani ko‘zga tashlanadi.

Petti Shinjonda joylashgan bu kompaniya bilan 2020 yildan beri oldi-berdi qilmasligini ta’kidlasada, BBC muxbiri olgan tasvirlarda bochkalardagi yorliqlarda “20 avgust, 2023 yil” sanasi ko‘zga tashlanadi.

Supermarketlar nima demoqda?

Ushbu surishtiruvda tilga olingan yirik supermarketlar keltirilgan ma’lumotlarni rad etib, o‘zlarining ichki tekshiruvlari mahsulotlarda Xitoy pomidorlari mavjud emasligini ko‘rsatganini aytishdi.

Shuningdek, ayrim supermarketlar BBC mutaxassislari qo‘llagan laboratoriya test-sinovi metodologiyasini ham savol ostiga oldi.

Shunga qaramay, Tesco mahsulot yetkazib berishni to‘xtatdi, Germaniyadagi Rewe tarmog‘i esa savol ostiga olingan tomat pastalarini zudlikda peshtaxtalardan olib tashladi.

Faqatgina Lidl tarmog‘i Xitoy pomidorlarini o‘z ichiga olgan tomat pastalarini ta’minotdagi muammolar tufayli “qisqa vaqt davomida” sotishga majbur bo‘lganini tan oldi.

AQSh Shinjonda ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar eksportiga nisbatan qat’iy taqiqlar joriy etgan bo‘lsada, Yevropa va Buyuk Britaniya majburiy mehnat omiliga jiddiy e’tibor qaratish talabi ostida kompaniyalarga o‘zini o‘zi nazorat qilish imkonini bergan.

Shu yil bahorida Yevropa Ittifoqi a’zolari majburiy mehnatga qarshi qonunchilikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: