Toshkent Moskvaga yana nota yubordi - bu safar OMON qo‘lida o‘zbek o‘lgan

OMONchi va yuzini qo'li bilan yopgan ko'rinishidan rus millatiga mansub bo'lmagan kishi magazin ichida

Surat manbasi, Kirill Kukhmar/TASS

O'qilish vaqti: 2 daq
Aloqador mavzular:

Rossiyaning Xabarovsk shahrida O‘zbekiston fuqarosi OMON xodimlari qo‘lidan vafot etgani haqida ma’lumot tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, 2025 yil 12 dekabrь kuni OMON xodimlari reyd vaqtida bir necha o‘zbekistonlikni kaltaklagan, ulardan ikkitasi og‘ir holatda komaga tushgani aytilgan.

Keyinroq ulardan biri vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu holatni tasdiqlab, Rossiya tomoniga rasmiy nota yuborganini ma’lum qildi.

Vazirlikning bayonotida aytilishicha, voqea O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi nazoratida.

Konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik yordamini ko‘rsatmoqda hamda jasadni vatanga qaytarish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi, Tergov boshqarmasi va Rossiya TIVning mahalliy vakolatxonasiga nota yuborib, holatni xolis va qonuniy tartibda o‘rganishni talab qilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozircha fuqaroning o‘lim sabablari rasman aniqlanmagan. Tegishli idoralardan rasmiy ma’lumot kelib tushishi bilan jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan ikkinchi fuqaro haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan.

Avvalroq, 29 - oktyabrda Xabarovskda politsiya OMON bilan birga "Nelegal-2025" reydini o‘tkazgan. Reyd davomida 1200 xorijlik tekshirilgan va ular asosan Markaziy Osiyo va Kavkazdan kelganlar bo‘lgan.

O‘tgan yilning sentyabrь oyida ham O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi fuqarolarining kaltaklanishi yuzasidan Rossiya vakolatli idoralariga nota yuborgan edi.

Undan avvalroq, iyunь oyida esa O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotganini ta’kidlab ham nota yuborgan edi.

Ammo u tekshiruvlarning natijasi qanday bo‘lgani borasida na Rossiya, yo na O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumot tarqatdi.