AQSh Eron mina joylashtiruvchi kemalarini yo‘q qilganini aytmoqda

Oq qora rasmda kema

Surat manbasi, US Central Command

Surat tagso‘zi, AQSh markaziy qo‘mondonligi videolarni tarqatdi
O'qilish vaqti: 3 daq

AQSh harbiy qo‘mondonligi Ho‘rmuz bo‘g‘oziga mina o‘rnatayotgani aytilgan Eronning 16 harbiy kemasini yo‘q qilgani haqida xabar tarqatdi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi Centcom o‘zining X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida kemalarga snaryad tegib portlayotgani aks etgan videoni e’lon qildi.

Centcomga ko‘ra, 10 mart kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida 16 ta mina joylashtiruvchi kemani "yo‘q qilgan".

Bundan oldin AQSh Prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashga harakat qiladigan har qanday Eron kemasi yo‘q qilinadi deb tahdid qilgan edi.

Amerika harbiylariga ko‘ra, Eron harbiy dengiz flotini vayron etish ushbu harbiy amaliyotda Pentagon oldiga qo‘yilgan uch asosiy maqsaddan biri hisoblanadi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Yaqin Sharqdagi eng muhim xalqaro yuk tashish yo‘li hisoblanadi.

Eron ham, Yaqin Sharqdagi neft va gazdan daromad qiladigan aksar mamlakatlar ham Ho‘rmuzdan foydalanadilar.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin dengizdagi tor yo‘lak bo‘shab qoldi.

Eron hujumiga uchrashdan qo‘rqqan neft va suyultirilgan gaz ortilgan kemalar bo‘g‘oz atrofida "qamalib qoldilar".

Bu narsa jahon bozorida neft narxining har barreli uchun 120 dollargacha sakrab ketishiga olib keldi.

AQSh matbuotining razvedka manbalariga tayanib xabar qilishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi "yopilgangani"ga qaramasdan, Eron neftini Xitoyga yetkazish to‘xtamagan.

11 mart tongida Britaniya dengiz savdo kemalari harakatlanishini nazorat qiladigan UKMTO yuk ortilgan kemaga "noma’lum snaryad" urilgani haqida xabar tarqatdi.

Hodisa Ho‘rmuz bo‘g‘ozining O‘mon shimoliy sohilidan 11dengiz mili uzoqligida ro‘y bergan.

Yuk kemasida yong‘in kelib chiqqan.

Bundan sal oldin ham konteyner ortilgan kemaga "noma’lum snaryad" kelib tekkanini xabar berdi UKMTO.

Mujtaba Xomanaiy yaralanmagan

Mujtaba Xomanaiy

Surat manbasi, Reuters

11 mart kuni AQShda nashr etiladigan "Nyu-York Tayms" gazetasi uchta ismi oshkor etilmagan eronlik rasmiyga tayanib, Eronning yangi oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Mujtaba Xomanaiy "oyoqlari shikastlangani, ammo hushyor ekani, aloqa imkoniyati cheklangan, yuqori xavfsizlikdagi joyda panoh topgani" haqida xabar tarqatdi.

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning o‘g‘li Yusuf Pezeshkiyon Mujtaba Xomanaiy sog‘-salomat ekanligini xabar qildi.

"Men janob Mujtaba Xomanaiy yaralangani haqida xabar eshitdim. Aloqalari bor ba’zi do‘stlarimdan so‘radim. Ular menga shukr, u omon va sog‘ ekanini aytdilar", — deb yozdi o‘zi hozir hukumat maslahatchisi ham bo‘lgan Yusuf Pezeshkiyon o‘zining Telegram-kanalida.

Eron davlat televideniesi Mujtaba Xomanaiyni "Ramazon urushining yarador faxriysi" deb atadi, ammo uning jarohati tabiati haqida ma’lumot bergani yo‘q.

Yangi oliy rahbar — Islom Respublikasining uzoq muddat hukmronlik qilgan rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li va vorisi hisoblanadi.

Ali Xomanaiy 28 fevral kuni Eronga qilingan AQSh–Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘ldi.

Bu esa butun Yaqin Sharq bo‘ylab urushlarga yetakladi.

56 yoshli Mujtaba Xomanaiy jamoat oldida juda kam ko‘ringan va rasmiy tadbirlarda deyarli nutq so‘zlamagan shaxs sifatida tanilgan.

Yakshanba kuni uni oliy rahbar deb e’lon qilishganidan beri u hali xalqqa murojaat qilgani yoki yozma bayonot bergani yo‘q.