Isroilning G‘azodagi urushi va mutanosiblik

Isroil G‘azo chegarasida Isroil tanki. 2025 yil 26 avgusti (copyright: REUTERS/Amir Cohen).
    • Author, Ros Atkins
    • Role, Tahliliy muharrir
  • O'qilish vaqti: 14 daq

Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyoti o‘n minglab odamning hayotiga zomin bo‘ldi, minglab binoni vayron qildi va oziq-ovqat ta’minotini jiddiy cheklab qo‘ydi.

Amaliyot 2023 yil 7 oktyabrida, Hamas Isroildagi qishloqlar, harbiy postlar va musiqa festivaliga hujum qilib, taqriban 1200 kishini o‘ldirganidan va 251 kishini asirga olganidan keyin boshlandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning inson huquqlari organi keyinchalik Hamas urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan degan xulosaga keldi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu o‘shanda "Har bir davlat kabi Isroil ham o‘zini himoya qilish uchun daxlsiz huquqqa ega", dedi. U o‘z mamlakatining G‘azodagi harbiy amaliyoti Hamasni yo‘q qilish va barcha asirlarni qaytarishni ko‘zlagan "adolatli urush" ekanligini iddao qiladi.

Aloqador mavzular

2024 yil yanvarda u "Isroilning xalqaro huquqqa sodiqligi qat’iy" deb aytgandi. Bu sodiqlik borgan sari shubha ostiga olinmoqda.

Yetakchi inson huquqlari tashkilotlari va ba’zi mamlakatlar Isroilni etnik tozalashda va genotsidda ayblaydi. Netanyahu buni rad etadi va bunday ayblovlarni keskin tanqid qiladi.

Xalqaro huquqning urushlarga nisbatan qo‘llanilishining muhim jihati mutanosiblik tamoyilidir.

Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasiga ko‘ra, bu "qo‘llanilayotgan urush vositalari va usullarining ta’siri ko‘zlangan harbiy ustunlikka nisbatan nomutanosib bo‘lmasligi kerak", degan ma’noni bildiradi.

BBC Verify xalqaro huquq bo‘yicha bir qator ekspertlar bilan suhbatlashib, ular Isroilning harakatlarini mutanosib deb hisoblaydimi-yo‘qmi, degan savolni berdi.

Ularning aksari, turli darajadagi ishonch bilan, bizga Isroil harakatlari mutanosib emasligini aytdi. Bu xulosaga kelishda ba’zilari Isroilning butun urush davomidagi tutumlariga ishora qilsa, ba’zilari so‘nggi oylardagi voqealarga e’tibor qaratdi.

"Men Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini qanday qilib mutanosib deb baholash mumkinligini tushunishga qiynalaman", – deydi Oksford universiteti Blavatnik davlat boshqaruvi maktabidan professor Janina Dill.

Londondagi Qirollik kollejidan doktor Mariya Varaki bizga "G‘azoda kuch ishlatilishining mutlaqo nomutanosibligi inkor etib bo‘lmaydigan, hatto bahsga o‘rin qoldirmaydigan holatdir", dedi.

Quddus Ibroniy universiteti professori Yuval Shaniy shunday deydi: "Harbiy kampaniyaga endi mutanosib deb qarash mumkin emas".

Tel-Aviv universiteti professori, Isroil mudofaa kuchlarining ilk axloq kodeksi bosh muallifi Asa Kasher bizga o‘ldirilgan noharbiylar soni "maqbul mutanosiblik baholashlarining natijasi sifatida qabul qilib bo‘lmaydigan darajada juda yuqori" ko‘rinishini aytdi.

Mutanosiblik qanday baholanadi?

Xalqaro huquq dunyodagi aksariyat mamlakatlar imzolagan bir qator kelishuvlardan iborat. Kelishuvlarda davlatlar nima qila olishi va nima qila olmasligi batafsil bayon etilgan. Ular BMT Nizomi va Jeneva konventsiyalarini o‘z ichiga oladi, Isroil ikkala hujjatga ham qo‘shilgan va ikkalasi ham mutanosiblik bilan bog‘liq.

Xalqaro huquq ma’lum bir joyda to‘planmagan va markaziy organ tomonidan boshqarilmaydi. Ko‘rib turganimizdek, uning ma’nosi va qo‘llanilishi katta bahs-munozaralarga ochiq.

Mutanosiblikka kelsak, xalqaro huquq uni ikkita alohida usulda ko‘rib chiqadi.

Birinchidan, davlat o‘zini himoya qilish huquqiga ega bo‘lganda, umumiy harbiy javob qarshi chiqilayotgan tahdidga mutanosib bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, harbiy amaliyot davomida u qachondir zarur va mutanosib bo‘lishdan to‘xtasa, o‘zini himoya qilish huquqi endi amal qilmaydi.

Masalan, ba’zilarning ta’kidlashicha, Isroilning Hamasni kuchsizlashtirishdagi muvaffaqiyati shunday bo‘ldiki, harbiy amaliyot endi Hamas ayni paytda keltirib chiqaradigan tahdidga mutanosib emas. Buning bahsli ekanligini ta’kidlashim kerak.

Xalqaro huquq mutanosiblikni belgilaydigan ikkinchi usul mojaro doirasidagi har bir alohida harbiy harakat, masalan, havo hujumi bilan bog‘liq.

Tinch aholiga yoki noharbiy binolarga kutilayotgan zarar o‘sha muayyan harakatdan olinishi kutilayotgan harbiy ustunlikka mutanosib bo‘lishi lozim.

Bu o‘rinda niyat muhim ahamiyatga ega. Qanday noharbiy zarar kutilmoqda? Va kutilayotgan harbiy ustunlik bunga mutanosibmi?

Bosh vazir Benyamin Netanyahu minbarda, mikrofonlar qarshisida gapirayapti

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Bosh vazir Benyamin Netanyahu, "Isroilning xalqaro huquqqa sodiqligi qat’iy", deb aytgan

Shuni ta’kidlash kerakki, tinch aholiga qasddan zarar yetkazish har doim xalqaro huquqning buzilishi hisoblanadi. Agar bu amalga oshsa, mutanosiblik e’tiborga olinmaydi.

Shuningdek, xalqaro huquq harbiy harakat davomida tinch aholi o‘ldirilishi mumkin bo‘lgan holatlarga ruxsat bersa-da, iloji bo‘lgan hamma joyda tinch aholiga zararni kamaytirish majburiyati har doim mavjud.

Qonunning har ikka sohasi ham aniq: provokatsiya yoki tahdid qanday bo‘lishidan qat’i nazar, nima qilish mumkinligi bo‘yicha qoidalar va cheklovlar mavjud – umumiy javobda ham, alohida harakatlarda ham. Ular mutanosib bo‘lishi zarur.

Keling, Isroilning umumiy amaliyotining ta’siridan boshlaylik.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Tinch fuqarolar qurbonlari

Isroil kampaniyasi davomida 64,500 dan ortiq kishi o‘ldirildi, G‘azoning Hamas boshqaradigan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ularning deyarli yarmi ayollar va bolalardir. Vazirlik raqamlarida jangchilar va tinch aholi ajratib ko‘rsatilmaydi.

Vazirlik raqamlarining aniqligiga – ham umumiy songa, ham demografik kamayishga Isroil e’tiroz bildirdi, lekin ular BMT va boshqalar tomonidan qurbonlar bo‘yicha mavjud eng ishonchli statistika manbai sifatida keltiriladi.

Yil boshida Isroil harbiylari taxminan 20 000 Hamas jangarisi o‘ldirganini aytdi, biroq dalil taqdim etilmadi va G‘azoga chet el ommaviy axborot vositalari, jumladan, BBC News ning erkin kirishiga ruxsat etilmaydi. Isroil mudofaa kuchlari (IMK) qurbon bo‘lgan tinch aholi bo‘yicha hech qanday raqam bermadi.

IMK bizga "amaliyot harakatlari davomida tinch fuqarolarga zararni kamaytirishga intilishini" hamda "hujumlarida tinch aholiga ehtimoliy zararni baholash va hisobga olish uchun katta sa’y-harakatlar" qilishini aytdi.

Isroil shuningdek Buyuk Britaniya, Isroil va boshqalar terrorchi tashkilot deb taqiqlagan Hamasni tinch aholi hududlarida faoliyat yuritish orqali qurbonlarga sabab bo‘lishda ayblaydi.

Isroil noharbiy binolar, jumladan, kasalxonalar ostidan o‘tgan Hamas tunnellari haqidaligini iddao etgan ko‘plab videolarni e’lon qildi. Isroilning aytishicha, Hamas bu yer osti tarmoqlaridan hujumlarni rejalashtirish va tashkillashtirish uchun foydalanadi. Ozod qilingan asirlarning ba’zilari ham tunnellarda ushlab turilganini aytgan.

Qora kiyimdagi askar tosh devorlar bilan o‘ralgan uzun tunnelga qo‘lidagi qurolini qaratib turipti

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil, noharbiy inshootlar, xususan, shifoxonalar ostida Hamas qurgan tunnellar, deb bir necha videolarna tarqatdi

Ronald Reygan prezidentligi davrida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi yuridik maslahatchisi bo‘lgan, Milliy mudofaa universitetining nufuzli tadqiqotchisi, professor Nikolas Rostou "Hamas kasalxonalar, maktablarni... harbiy amaliyotlar bazasi sifatida ishlatib, tinch aholini xavf ostiga qo‘ydi. Ularning niyati shu edi", deb ta’kidlaydi.

Shu bois professor Rostou "Isroil nomutanosib harakat qilgan deyishga tayyor emasman", deydi. U Isroil mudofaa kuchlari qanday harakatlanishini bilishini va "urush qonunlarini hurmat qilish uchun qo‘lidan kelgancha urinishini" aytadi.

Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham, Isroil baribir o‘n minglab odamni o‘ldirdi.

Isroilning G‘azodagi Xon Yunus shahriga uyushtirgan havo hujumi oqibatlari

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Isroilning G‘azodagi Xon Yunus shahriga uyushtirgan havo hujumi oqibatlari

"Xalqaro huquq bo‘yicha Falastin yilnomasi" bosh muharriri hamda London universiteti Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi qoshidagi Falastin tadqiqotlari markazi rahbari, doktor Nimer Sultanining fikri qat’iy. "2023 yil oktyabridan beri Isroil kampaniyasi mutanosib emas, chunki u G‘azoda tinch aholiga misli ko‘rilmagan zarar yetkazdi", dedi u bizga.

London Iqtisodiyot maktabi professori Gerri Simpson qurbonlar soni va G‘azo uchun boshqa oqibatlarga ishora qilib bizga shunday dedi: "Kampaniya urush qonunlari asosini tashkil etuvchi mutanosiblik va farqlashning umumiy tamoyillarini hisobga olgan holda o‘tkazilganini jiddiy da’vo qilish qiyin".

Oziq-ovqatga erishish

Aholining yashash sharoitiga ta’sir – Isroilning umumiy javobining mutanosibligini baholashda yana bir omil.

Isroilning G‘azoga tovarlar kirishini cheklashi yangilik emas. Bu 7 oktyabrdan oldin ham ro‘y berayotgan edi va hujumdan keyin kuchaydi.

Keyin, shu yilning mart oyi boshida Isroil G‘azoga yordam yetkazishni to‘liq blokada qilishni boshladi. Buni HAMASning yordamlarni o‘g‘irlashini va ulardan "o‘zining terror mashinasini moliyalashtirish"da foydalanishini to‘xtatish uchun qilayotganini aytdi. Hamas buni rad etadi.

BMTning yuqori martabali rahbarlari Isroilni oziq-ovqatdan "urush quroli" sifatida foydalanishda aybladi, bu esa xalqaro huquq bo‘yicha jinoyatdir. Bunday harakatlar mutanosib bo‘lishi mumkin emas.

"Siz ochlikdan dushman jangchilari nisbatan ham, tinch aholiga nisbatan ham hech qachon foydalana olmaysiz, – deydi Indianadagi Notr-Dam universiteti professori Meri Ellen O'Konnell. – Tinch aholiga insonparvarlik yordami kiritilishiga ruxsat berishingiz kerak. Bu xalqaro huquqning oddiy tamoyili. Siz ochlikdan foydalana olmaysiz. Hech qachon ishlatilmasligi kerak bo‘lgan ayrim qurollar bor". Benyamin Netanyahu Isroilning bunday qurol ishlatishini inkor etadi.

BMT shuningdek Isroilni "tinch aholiga qasddan va uyalmasdan g‘ayriinsoniy sharoitlarni keltirib chiqarishda" aybladi. Isroil buni ham inkor etadi.

BMT qo‘llab-quvvatlaydigan global ochlik monitoringiga ko‘ra, G‘azodagi chorak falastinliklar ochlikdan aziyat chekmoqda.

Qo‘llarida bo‘sh idishlari bilan ovqat yoki suv uchun navbatda turgan g‘azolik bolalar

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, BMT dastaklaydigan ochlikni kuzatish tashkiloti G‘azodagi falastinliklarning chorak qismi ocharchilikdan azob chekayapti deydi

May oyida Isroil yordamga blokadani qisman bekor qildi hamda oziq-ovqat tarqatishning G‘azo Insonparvarlik jamg‘armasi (G‘IJ) deb ataladigan, AQSh va Isroil qo‘llab-quvvatlaydigan guruh boshqaradigan yangi tizimini joriy qildi.

200 dan ortiq xayriya tashkilotlari va boshqa NTTlar Isroil kuchlari va qurolli guruhlar yordam izlayotganlarga "muntazam" o‘q uzishini aytib, G‘IJni yopishga chaqirdi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda yordam punktlari va avtokarvonlar atrofida 2000 dan ortiq kishi o‘ldirilgan. BMT avgust oyida bu o‘limlarning aksarini Isroil armiyasi sodir etganini aytdi. Isroil buni inkor etadi.

Isroilning aytishicha, G‘IJ Hamas aralashuvini chetlab o‘tgan holda ehtiyojmandlarga bevosita yordam ko‘rsatadi.

Lekin muhtojlarning ko‘pchiligi yordam olmayapti.

Global ochlik monitoringi (GOM)ning BMT qo‘llovida tayyorlangan so‘nggi baholashiga baholashiga ko‘ra, G‘azoda falastinliklarning chorak qismi ochlikdan aziyat chekmoqda.

Isroil tashqi ishlar vazirligi bu baholashni "Hamasning soxta kampaniyasiga mos qilib tayyorlangan maxsus hisobot" deb atadi.

Yordam agentliklari, BMTning yuqori martabali rahbarlari, Buyuk Britaniya hukumati va boshqalar G‘azodagi tanqislik va ochlik Isroil harakatlarining natijasi ekanligini aytadi.

Isroil yordam tizimining o‘zgartirilishini Hamasni mag‘lub etish uchun zarur harakat sifatida asoslaydi. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham – bu juda bahsli – Isroilning mavjud ishg‘olchi kuch sifatida xalqaro huquq doirasida G‘azodagi tinch aholi oldida majburiyatlari bor, jumladan oziq-ovqatga yetarli erishishni ta’minlashi zarur.

Netanyahu har qanday oziq-ovqat taqchilligiga yordam agentliklari va Hamas aybdorligini aytadi. Shuningdek, ortib borayotgan dalillarga qaramay, u ochlik borligini bir necha bor inkor etdi.

Vayronagarchiliklar

Umumiy amaliyot tufayli tinch aholiga yetkazilgan zarar binolarga shikast yetishi yoki ularning vayron bo‘lishini ham o‘z ichiga oladi.

May oyida Isroilning o‘ta o‘ngchi moliya vaziri Betsalel Smotrich "G‘azo to‘liq vayron bo‘ladi", deb aytdi. Bu tobora yaqinlashmoqda.

BMTning so‘nggi hisob-kitobiga ko‘ra, G‘azo sektorida 42 foizigacha bino vayron bo‘lgan va 37 foizi zarar ko‘rgan.

Sidney universiteti huquqshunoslik fakultetida xalqaro gumanitar huquqdan dars beruvchi professor Emili Krouford bizga "tinch aholining omon qolishi uchun zarur infratuzilma to‘liq vayron qilinishning nomutanosibligi aniq", deb aytdi.

Tahdid solayotgani narsa – vayronagarchilik. Avgust oyida Isroil mudofa vaziri Israel Kats G‘azo shahriga hujumni kutayotgandi. U ijtimoiy tarmoqlardagi posti orqali Hamasdan asirlarni ozod etishni va qurolsizlanishni talab qildi: "Agar ular rozi bo‘lmasa, Hamasning poytaxti G‘azo Rafah va Bayt Hanun bo‘lib qoladi."

Har ikki shaharni Isroil vayronaga aylantirgan.

G‘azodagi binolari yer bilan yakson qilingan ulkan hudud manzarasi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, BMTga ko‘ra, G‘azo bo‘lgasidagi qariyb 80% binolar vayron bo‘lgan yoki shikastlangan

BBC Verify tahlili shuni ko‘rsatadiki, Isroil hujumlar paytida binolarni vayron qilish va ularga zarar yetkazishdan tashqari o‘z nazorati ostidagi hududlarda binolarni tizimli ravishda vayron qilgan.

IMK "mulkni vayron qilish faqatgina majburiy harbiy zaruriyat talab qilganda amalga oshiriladi" deb aytdi.

Isroil uchun o‘z amaliyotining umumiy "harbiy zaruriyati" Hamasni jiddiy zaiflashtirish emas, balki uni to‘liq mag‘lub etishdir.

Buyuk Britaniya Oliy sudining sobiq sudyasi, lord Samption yaqinda yozgan maqolasida: maqolasida shunday deydi: "Hamasni yo‘q qilishga hoynahoy har qanday zo‘ravonlik bilan erishib bo‘lmaydi, lekin inson hayotiga o‘ta nomutanosib ta’sirsiz buni albatta amalga oshirib bo‘lmaydi."

Lord Samption bizga Isroil "Hamasni yengish uchun kerak bo‘lsa, yetkazilishi mumkin bo‘lgan vayronagarchilik va qurbonlar bo‘yicha hech qanday chegara yo‘q" degan xulosaga kelganini aytdi. "Bu mutlaqo noto‘g‘ri", deydi u.

G‘azo bo‘lgasidagi vayronagarchiliklar miqyosi
Surat tagso‘zi, G‘azo bo‘lgasidagi vayronagarchiliklar miqyosi

Boshqa ekspertlar ham Isroilning o‘zining huquqiy baholashlari hukumatga qanday harakat qilishi mumkinligi borasida katta erkinlik berishini aytadi.

Doktor Nimer Sultani Isroil "qurolli mojaro qonunlari, xususan, mutanosiblik masalasinining ham sog‘lom fikrga, ham xalqaro huquqning nufuzli normalariga to‘g‘ri kelmaydigan yovvoyi va o‘ta bebosh talqinlarini qayta-qayta ilgari surdi", deb hisoblaydi.

Isroil xalqaro huquqqa rioya qilishini va uni to‘g‘ri qo‘llashini ta’kidlaydi.

BBC Verify Isroil hukumatidan 7 oktyabr voqealariga umumiy harbiy javobning mutanosib bo‘lganligini qo‘llab-quvvatlaydigan yuridik maslahat yoki uning xulosasini so‘radi.

Biz javob olmadik.

Alohida hujumlarni baholash

Ilgari aytib o‘tilganidek, xalqaro huquqda mutanosiblik ko‘rib chiqiladigan ikkinchi usul mojarodagi alohida harakatlarga taalluqli.

Muayyan harakatdan tinch aholi va noharbiy binolarga yetishi kutilgan zarar kutilgan harbiy yutuqqa mutanosibmi?

Bu mojaroda Isroilning Hamas a’zolarini nishonga olishi va buning natijasida tinch aholining qurbon bo‘lishi alohida diqqat markazida turdi.

Masalan, shu yilning 27 iyunida iyunida G‘azo shahridagi “Falastin” stadioni yaqiniga zarba berildi. Isroilning aytishicha, zarbaning nishoni "G‘azo sektorining shimolida faoliyat yuritayotgan IMK askarlariga tahdid solgan shubhali shaxs" bo‘lgan.

Motamda yig‘layotgan uch g‘azolik ayol

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Guvohlarning aytishicha, Falastin stadioni yoqinidagi 27 iyundagi hujumda kamida 11 inson halok bo‘ldi

IMK BBC Verify ga shunday dedi: "IMK Hamas terrorchisiga zarba berdi. Zarbadan oldin tinch aholiga zarar yetishi xavfini iloji boricha kamaytirish choralari ko‘rildi".

Tibbiyot xodimlari va guvohlarning aytishicha, bu zarba tufayli kamida 11 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan.

IMK Bi-bi-siga ularda "qurolli mojaro qonunlarini qo‘llash"ni ta’minlash uchun keng qamrovli protseduralari borligini bildirdi. Aytilishicha, yuqori harbiy qo‘mondonlarga "har bir zarba bo‘yicha o‘tkaziladigan hamda kutilayotgan harbiy ustunlik va tinch aholiga ehtimoliy zararni hisobga oluvchi tahlilni osonlashtiradigan" "nishon kartochkalari" beriladi.

BMT sobiq prokurori va advokat, ser Jeffri Nays KC Isroilning nishonli zarbalari mutanosibligi haqidagi hisob-kitoblari borasida shunday deydi: “O‘ldirilgan begunoh falastinliklar sonini birgina Hamas a’zosini, u qanchalik yuqori martabali bo‘lmasin, izlash bilan oqlash juda qiyin ko‘rinadi”..

"Isroil uchun Buyuk Britaniya yuristlari" tashkiloti "Qurolli mojaro bo‘yicha xalqaro huquq va G‘azo haqida savol-javoblar"ni nashr etdi. Unda alohida harbiy zarbalar va mutanosiblik haqida "o‘sha paytda IMK qo‘mondonlariga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarsiz buni baholash mumkin emas" deyiladi.

Isroil alohida zarbalar bo‘yicha o‘z qarorlarining tafsilotlarini oshkor qilmaydi, shuning uchun bunday baholashning amalga oshishi qiyin. Biroq alohida zarbalarning ko‘rinishi Isroil hisob-kitoblarini tushunishimizga yordam berishi mumkin.

"Endi [Isroil] ular mutanosib bo‘lganini isbotlashi kerak", deydi ser Jeffri.

O‘zini himoya qilish huquqi

Isroil kampaniyasi asosida uning o‘zini himoya qilish huquqi haqidagi da’vosi yotadi. Bu BMT nizomining 51-moddasida "qurolli hujum sodir bo‘lsa, o‘zini alohida yoki birgalikda mudofaa qilishning ajralmas huquqi" sifatida belgilab qo‘yilgan.

Ilgari aytib o‘tganimizdek, o‘zini himoya qilish huquqi xalqaro huquq mutanosiblikni belgilaydigan birinchi usul bilan bog‘liq.

Savol: o‘zini himoya qilish huquqi qo‘llanganda, umumiy harbiy javob qarshi chiqilayotgan tahdidga mutanosibmi?

7 oktyabrdan keyinoq ko‘plab mamlakatlar, xususan, AQSh va Buyuk Britaniya Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi borligini ochiq-oydin bildirdi.

"Isroil uchun Buyuk Britaniya yuristlari" o‘zining "Urushda mutanosiblik bo‘yicha qisqa qayd"ida "Isroil o‘zini himoya qilish doirasida o‘sha tashkilot [Hamas]ni o‘z qattol maqsadini takrorlamasligi uchun yo‘q qilish maqsadida o‘sha hudud [G‘azo]ga kirish huquqiga ega" deb aytadi.

Londondagi Qirolicha Meri universiteti professori Neve Gordon "Isroilning ishg‘oli" kitobi muallifidir. U yaqinda Isroilning G‘azodagi urush jinoyatlarida Buyuk Britaniyaning rolini tekshirish deb tavsiflagan ikki kunlik tadbirda ishtirok etdi.

O‘zini himoya qilish huquqi haqida u shunday deydi: "Menimcha, har qanday sog‘lom fikrli insonga ko‘rinib turibdiki, Hamas 7 oktyabrda qaqshatqich hujumni amalga oshirib, yuzlab tinch aholini qirdi va menimcha, aksar davlatlar bunday hujumga javob qaytarar edi."

Lekin u buning qonuniy jihatdan murakkabligini qo‘shimcha qiladi.

Darhaqiqat, biz gaplashgan bir qator ekspertlar bu holatda Isroilning BMT nizomi bilan belgilangan o‘zini himoya qilish huquqi bahsli ekanligini ta’kidladi.

2023 yil oktyabrida Isroil kibbutsiga Hamas jangarilari hujum qilgan payti halok bo‘lgan Isroil askarining dafn marosimi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, 2023 yil oktyabrida Isroil kibbutsiga Hamas jangarilari hujum qilgan payti halok bo‘lgan Isroil askarining dafn marosimi

Francheska Albaneze – bosib olingan Falastin hududlaridagi (G‘azo va G‘arbiy sohil) inson huquqlari bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisi. U Isroil harakatlarining keskin tanqidchisi va 7 oktyabrdan keyingi “Isroil zulmlari” haqida izohlari tufayli Isroilga kirishi taqiqlangan.

Albaneze bizga Isroil "xalqaro huquqdagi farqlash tamoyillari, harbiy zarurat tamoyili, ehtiyotkorlik va mutanosiblik tamoyillarining mavjud qo‘llanilishini to‘liq ostin-ustun qilib yubordi", deb aytdi.

O‘zini himoya qilish masalasida u BMT Xalqaro sudining 2004 yildagi tavsiyaviy xulosasini keltirdi, unga ko‘ra Isroil o‘zi bosib olgan hududdagi aholiga nisbatan o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llay olmaydi.

Isroil bu dalilni rad etadi. U 2005 yilda o‘z qo‘shinlari va kelgindilarini olib chiqqani bois 7 oktyabrdan oldin G‘azoni ishg‘ol etib turmaganini iddao qiladi.

Biroq BMT baribir G‘azoni ishg‘ol qilingan hudud deb hisoblaydi, chunki Isroil G‘azoning osmoni, sohili va quruqlikdagi chegarasining katta qismi ustidan nazoratni saqlab qolgan. BMT Xalqaro sudining o‘tgan yilgi tavsiyaviy xulosasida Isroilning G‘azoni ishg‘ol qilishi 2005 yilda tugamaganini va Isroilning Falastin hududini egallab olishi noqonuniy ekanligi qayd etildi.

London universitet kolleji professori Ralf Uayldga ko‘ra, 7 oktyabrdan oldingi G‘azoning maqomi o‘zini himoya qilish huquqi amal qilishi yoki qilmasligiga bog‘liq. U o‘tgan yili BMT Xalqaro sudida Isroil va Falastin hududlari bo‘yicha ishlarda Arab ligasi davlatlariga vakillik qildi.

Professor Uayld bizga shunday dedi: "Isroilning 7 oktyabrdan keyingi kuch ishlatishi yangi kuch ishlatish emasdi. Bu ilgari mavjud bo‘lgan kuch ishlatishning davomi bo‘lib, uni eng yuqori darajaga yetkazdi. Shunday ekan, bu noqonuniy kuch ishlatishning davomi edi".

Isroil bunday dalilni rad etadi.

Ba’zilar o‘zini himoya qilish huquqi 7 oktyabrga taalluqli emas deb hisoblashining ikkinchi sababi bor. Francheska Albaneze bu huquq faqatgina boshqa davlatdan kelganda amal qiladi deb ta’kidlaydi.

Biz suhbatlashgan ayrim xalqaro huquq ekspertlari bu fikrga qo‘shilmaydi.

Lord Samption bizga bunday pozitsiya haqida "deyarli bahs qilib bo‘lmaydi", dedi.

Sidney universiteti huquqshunoslik fakulteti professori Krouford bizga "11 sentyabr hujumlaridan keyin ko‘plab davlatlar xalqaro huquq bo‘yicha o‘zini himoya qilish huquqi nodavlat sub’ektlarning davlatga qarshi kuch ishlatishiga nisbatan qo‘llanishini qabul qilishga tayyor" bo‘lganini bildirdi. Boshqacha aytganda, bu Hamasga va 7 oktyabrga tegishli.

Bu munozara Isroilning umumiy javobi mutanosib o‘zini himoya qilish akti deb hisoblanishi mumkinmi degan savolga taalluqli.

Biroq London iqtisodiyot maktabi ommaviy xalqaro huquq professori Gerri Simpson shunday qo‘shimcha qiladi: "Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega bo‘lsa ham, uni amalga oshirishi nomutanosib bo‘ldi."

Tel-Aviv universiteti professori Kasherning aytishicha, Hamas Isroil va uning aholisi uchun tahdid tug‘dirar ekan, o‘zini himoya qilish huquqi amalda bo‘lishda davom etadi. "Maqsad mudofaa bo‘lsa, o‘zini himoya qilish yaxshigina asoslangan bo‘ladi", deydi u.

Lekin maqsadning mudofaa ekanligi yoki emasligi bahsli.

Isroilning maqsadlari

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich may oyida o‘z mamlakatining maqsadi "G‘azo sektorida qolgan hamma narsasini yo‘q qilish" ekanligini aytdi. U shuningdek "G‘azoni zabt etish, tozalash va Hamas yo‘q qilinmaguncha u yerda qolish" haqida gapirdi.

Isroil OAV xabariga ko‘ra, Isroil mudofaa vaziri iyul oyida G‘azodagi barcha falastinliklarni shu hududning janubidagi lagerga ko‘chirishni taklif qilgan. BMT avvalroq ishg‘ol qilangan hududdan tinch aholini majburan ko‘chirish "etnik tozalashga teng" ekanligi haqida ogohlantirgan edi.

“Gumanitar shahar” tashkil etish taklifi Isroil vazirlar mahkamasida ko‘rib chiqildi, ammo oldinga siljish bo‘yicha hech qanday rejalar e’lon qilinmadi.

Isroilning bayonotlari, takliflari va harakatlari ba’zilarda uning maqsadlari va harakatlari o‘zini himoya qilish doirasidan tashqariga chiqadimi degan savolni tug‘dirmoqda.

"Bu – maqsadi mag‘lubiyatga uchratish bo‘lgan urush emas, – deydi Qirolicha Meri universiteti professori Neve Gordon. – Bu – maqsadi vayrongarchilik bo‘lgan urush".

London iqtisodyot maktabidan professor Gerri Simpsonning bizga aytishicha, "Isroilning javobi "o‘zini qonuniy himoya qilish"dan ko‘ra qasos olishga yoki Falastinning o‘zligini uzoq muddatli yo‘q qilishning davomiga o‘xshaydi".

Isroilning maqsadi "G‘azo bo‘lgasida qolgan hamma narsani yo‘q qilish" degandi Isroil Moliya vaziri Bezalel Smortich may oyida

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroilning maqsadi "G‘azo bo‘lgasida qolgan hamma narsani yo‘q qilish" degandi Isroil Moliya vaziri Bezalel Smortich may oyida

Professor Yanina Dill esa bizga shunday dedi: "Agar biz Isroil xavfsizlik kuchlari va Isroil siyosatchilarini tinglasak, [Hamasni ta’sirsizlantirish] Isroilning G‘azoda endilikdagi yoki asosiy maqsadi emasligini tushunishimiz kerak".

Isroil bu taxlit har qanday fikrni rad etadi.

Isroil mudofaa kuchlari BBC Verify ga shunday dedi: "G‘azo sektoridagi terrorchi tashkilotlar tizimli ravishda xalqaro huquqni buzadi va ataylab tinch aholi orasida harbiy amaliyotlar o‘tkazadi. IMK qachon va qaerda zarur bo‘lsa, G‘azo sektoridagi terrorchi tashkilotlarga qarshi amaliyotlarni davom ettiradi."

Javob berilishi kerak bo‘lgan ish?

2024 yil oxirida Xalqaro jinoyat sudi sudyalari Netanyahuni hibsga olishga order berib, uning G‘azodagi urush paytidagi urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun "jinoiy javobgarlik"ka tortilishiga asosli sabablar borligini aytdi.

Shuningdek, Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant va Hamasning o‘sha paytdagi harbiy rahbari, Isroil o‘ldirilganini aytgan Muhammad Dayfning hibsga olinishi uchun ham order berilgan.

Netanyahu qarorni antisemit deb atadi va AQSh keyinroq Xalqaro jinoyat sudining to‘rt nafar sudyasiga sanksiya qo‘llab, sudni siyosiylashganlikda aybladi. So‘ng sud rasmiylari va BMT ma’ruzachisi Francheska Albanezega ham sanksiya qo‘llandi..

Janubiy Afrika Respublikasi 2023 yilda Isroilni getsoidda ayblab Xalqaro jinoyat sudida ish qo‘zg‘atdi. Isroil bu ayblovni asossiz deb inkor etdi. Ish hamon davom etmoqda.

Xalqaro sud ko‘pincha ishlarni haftalab va oylab emas, yillab va o‘n yillab ko‘rib chiqadi. Nizo davomida yoki undan keyin sudning nima qila olishiga cheklovlar mavjud. AQShning Netanyahuni hibsga olish bo‘yicha orderga dushmanligi Isroilning dunyoning superkuchi tomonidan sezilarli qo‘llab-quvvatlashga egaligini ko‘rsatadi.

Biroq xalqaro huquqni qo‘llaydigan institutlar vaqti-vaqti bilan yakuniy xulosalar berishi mumkin va beradi ham. Bu qarorlar qonunlarning o‘zi kabi muhim. Qanchalik nomukammal bo‘lsa-da, ular aksar mamlakatlar tomonidan ma’qullagan hamda nima qila olishlari va nima qila olmasliklarini belgilab beradigan qoidalardir. Shunday ekan, ular hali ham katta ahamiyatga ega.

Biz suhbatlashgan ekspertlarning ko‘pchiligi Isroil harakatlarining barcha yoki ba’zi jihatlari, xususan, umumiy amaliyoti mutanosib bo‘lmaganiga ishonadi. Ular turli sabablarga ko‘ra va turli darajadagi aniqlik bilan shunday xulosaga kelgan.

Notr-Dam universiteti professori O'Konnell bizga shunday dedi: "Qoidalar bor va ularga rioya qilinmayapti".

Quddus Ibroniy universiteti professori Yuval Shaniyning aytishicha, Isroilning harakatlari dastlab mutanosib bo‘lganiga dalil bor edi. Lekin "Hamas shunchalik zaiflashdiki, mohiyatini, ko‘lami, miqyosi va oqibatlarini hisobga olgan holda harbiy kampaniyani davom ettirishni endi mutanosib deb hisoblab bo‘lmaydigan palla kelgan ko‘rinadi".

London iqtisodiyot maktabi professori Xovell Bi-bi-siga shunday dedi: "Xalqaro huquqdagi mutanosiblik ancha to‘mtoq vosita. Bu standartni ko‘plab zamonaviy mojarolarda qo‘llash qiyin bo‘lishi mumkin. Lekin G‘azoda, afsuski, bu kundek ravshan. Isroil kampaniyasi o‘ta nomutanosib bo‘ldi."

Mojaro hamon davom etmoqda. Ancha kuchsizlashgan Hamas hali ham jang qilmoqda, hali ham asirlarni ushlab turmoqda va hali ham Isroilning mavjud bo‘lish huquqini rad etmoqda.

Isroil bu mojaro davomida xalqaro huquqqa rioya qilganini va harakatlari mutanosibligini ta’kidlaydi. Lekin biz suhbatlashgan ekspertlarning deyarli bari bunga ishonmaydi.

Jemima Xerd tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar