Hukumatga xabarlarga vaqtida munosabat bildirish va g‘alayonni tarqatishda xorij tajribasini qo‘llash tavsiya qilindi

Surat manbasi, makan.uz
Qorqalpog‘iston voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya hisobot berdi. Undan ma’lum bo‘lishicha, tartibsizliklar uchun 2 639 nafar fuqaroga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan. Hodisalar natijasida 6,8 mlrd so‘m moddiy zarar yetgan. Ichki ishlar organlari xodimlarining 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Komissiya hukumatga dezinformatsiya holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimini yo‘lga qo‘yishni tavsiya qilgan.
Shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish ham tavsiya qilingan.
O‘zbekiston senati axborot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, Oliy Majlis palatalari kengashlarining 2022 yil 15 iyuldagi qo‘shma qarori bilan Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida 14 nafar deputatlar, senatorlar, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiyaning axboroti Parlament palatalari kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Komissiya, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning kelib chiqish sabablari, xronologiyasi va oqibatlari, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda davlat idoralari va huquq-tartibot organlarining harakatlariga baho bergan.
Voqealar ishtirokchilariga nisbatan sud majlislarini kuzatgan.
"30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga ko‘ra sud zalidan ozod etildi, sudlanuvchilar saqlanayotgan tergov hibsxonalariga monitoring tashriflarini amalga oshirdi, shuningdek voqealardan keyin Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni kuzatib bordi", deyiladi xabarda.
Ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda inson huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini buzgan ichki ishlar organlari xodimlarining 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi.
Komissiya faoliyati davomida fuqarolardan kelib tushgan jami 600 dan ortiq murojaat ijobiy hal etildi. 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarga tashrifi davomida 590 nafar xodim, 334 nafar qamoq jazosini o‘tab chiqqan shaxslar bilan suhbatlashdi.
Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) Komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarildi.
Komissiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan.
Komissiya hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan, 6 135 nafariga ma’muriy jarima, 2 639 nafariga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.
"Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan (shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari)".
Senat xabarida aytilishicha, tergov va sud jarayonida ishtirok etgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘liq ta’minlangan, sud qarorlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyati berilgan.
Davlat organlariga komissiya quyidagi tavsiyalarni bildirgan:
– kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga to‘laqonli tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
– barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, chalg‘ituvchi va noxolis ma’lumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
– fuqarolarga o‘z ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida o‘zga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligini izchil tushuntirib borish;
– aholi ko‘p to‘planadigan va ko‘ngilochar joylarda bo‘luvchi fuqarolarning jamoat xavsizligiga tahdid soluvchi salbiy xatti-harakatlarini yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik va tushuntirish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarini amalga oshirib borish;
– ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish.
Komissiyaning axborotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining tegishli qarori qabul qilindi, deyiladi xabarda.
Mamlakatni zir titratgan kun
Bundan ikki yarim yil avval - 1 iyul kuni minglab inson Nukus ko‘chalarini to‘ldirgan edi.
Taklif etilgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga qarshi boshlangan norozilik namoyishi 3 iyul kuni erta tongga boribgina tinchigan.
Rasmiy raqamlarda 21 inson halok bo‘lgani aytilgan g‘alayonlar O‘zbekistonda Andijon voqealardan keyingi eng qonli voqeaga aylangan.
Qator xalqaro tashkilotlar o‘zbek hukumatini norozilik namoyishini bostirish va odamlarni tinchlantirishda ortiqcha kuch ishlatishda ayblab chiqqan, ba’zilar esa holatga "Mirziyoyev Andijoni" deya nom bergan.
O‘tgan yil aprelida o‘tgan umumxalq referendumi ortidan Qoraqalpog‘iston - ko‘chalarda noroziligini bildirgan qoraqalpog‘istonliklar istagandek - O‘zbekiston tarkibidagi "suveren respublika"ligicha qolgan.
Odamlar talabi inobatga olinganiga qaramay, ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha adolat hanuz qaror topmagani, o‘nlab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan vaziyatni yuzaga keltirishda biror yuqori lavozimli rasmiy javobgarlikka tortilmaganini ta’kidlab keladi.
Eng e’tiborlisi - O‘zbekistonning ikkinchi hukumati davrida kuzatilgan o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy bu voqea hozirda mamlakatda tilga olinmaydigan mavzuga aylangan.












