Germaniya: Rossiya foydasiga josuslikda gumonlangan odamlar ustidan sud boshlandi

Surat manbasi, AFP
Rossiya va Germaniya qo‘shma fuqaroligiga ega bo‘lgan uch kishi Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, Myunxendagi sudga olib kelindi. Ayblanuvchilar Rossiya razvedka xizmatlariga ishlash, maxfiy ma’lumotlarni yig‘ish, harbiy infratizilmaga hujumlarni rejalashtirish va temir yo‘lda qo‘poruvchilik tayyorlashda ayblanmoqda.
Ularning ishi Myunxendagi viloyat Oliy sudida ko‘rilmoqda. Jarayonning boshlanishi haqida, xususan, Guardian va DW xabar qilishdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar Ukraina uchun mo‘ljallangan harbiy texnika va o‘q-dorilar harakatini kuzatgan. Bundan tashqari, ular Bavariyadagi neftni qayta ishlash zavodi va u yerdagi Amerikaning Grafenver harbiy o‘quv markazi haqida ma’lumot to‘plashgan.
Spiegel yozganidek, ukrainalik harbiy xizmatchilar ushbu bazada Abrams tanklarida mashqlardan o‘tgan.
Ayblanuvchilar Ukraina uchun mo‘ljallangan harbiy texnika va o‘q-dorilar harakatini kuzatgan, Bavariyadagi neftni qayta ishlash zavodi, Amerika bazasi haqida ma’lumot to‘plashgan.
DW xabariga ko‘ra, tergov shuningdek, rossiyaliklar Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida harbiy infratizilma va temir yo‘llarga hujum uyushtirishni rejalashtirganini ham aytmoqda.
Maxfiylik qoidalari tufayli ayblanuvchilarning to‘liq ism-shariflari oshkor etilmayapti. Ular Diter S. (guruhning taxminiy rahbari), Aleksandr J. va Aleks D deya tanishtirildi.
Diter S., shuningdek, qo‘poruvchilik harakatlari orqali Germaniyaning Ukrainaga qo‘llab-quvvatloviga putur yetkazish fitnasini muvofiqlashtirganlikda ham ayblanmoqda. Aleksandr J. va Aleks D. esa xorijiy razvedka xizmatlariga ishlash orqali uning harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganlik ayblariga yuz tutishgan.
Maxsus kuchlar Diter S. va Aleksandr J.ni 2024 yilning aprel oyida Bayroyt (Bavariya) shahrida qo‘lga olishgan. Hibsga olingan vaqtda ular mos ravishda 39 va 37 yoshda edi.
Ularning hibsga olinishi ortidan Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Sergey Nechaevni izoh berish uchun chaqirgan.

Surat manbasi, AFP

Surat manbasi, AFP
Nechaev, o‘z navbatida, Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga tashrif buyurgach, Rossiya tomoni "qamoqqa olinganlarga nisbatan qanday jiddiy ayblovlar qo‘yilgani, shuningdek, ularning Rossiya davlat tuzilmalari bilan aloqalarini isbotlovchi" izohlarni olmaganini aytdi. U Rossiyaga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb atadi.
O‘tgan yilning kuzida prokuratura Diter S.ni Germaniyada xorijiy terrorchi tashkilot deb hisoblangan Donetsk Xalq Respublikasi tashkilotiga a’zolikda ayblagan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2014—2016-yillarda Diter S. rossiyaparast qurolli guruhlar tomonida Ukraina sharqidagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan. Unga va uning sheriklariga qo‘shimcha ayblovlar, jumladan, josuslik ayblovlari keyinroq qo‘yildi.
Federal prokuraturaning da’vo qilishicha, Diter S. Rossiya razvedka xizmatlarida 2023 yilning kuzidan ish boshlagan. Aleksandr J. va Aleks D. unga 2024 yilning mart oyidan yordam berishni boshlagani taxmin qilinmoqda.
Aleksandr J. va Aleks D. o‘zlariga qo‘yilgan ba’zi jinoyatlarni tan oldilar, ammo chet davlat foydasiga josuslikka aloqalari borligini rad etishdi, dedi sud matbuot kotibi Loran Lafler AFP ga.
Lafleur, shuningdek, Diter S. o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etishini qo‘shimcha qildi.
Jarayon joriy yilning oxirigacha davom etishi kutilmoqda. Jami 40 dan ortiq sud eshittiruvlari rejalashtirilgan.












