O‘zbekiston gaz eksportidan voz kechishi kerakmi? Ukrainada yangi O‘zbek asiri yordam so‘radi, sobiq Mirzaobod hokimi jinoyatda aybdor topildi

Gaz inshooti va gazchi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

Qish mavsumi ayozlarida isitish mushkulliklariga duch keladigan O‘zbekiston 2023 yil oktyabridan Rossiyadan tabiiy gaz import qilishni boshlagan.

Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlagani uchun yevropaliklar gazidan voz kechgan Rossiya uchun ham bu manfaatli, O‘zbek rasmiylari mamlakat aholisi va ishlab chiqarishi ortib borayotgani munosabati bilan Rossiya gazi iste’moli kelayotgan yillarda ko‘payishini aytadilar.

Aloqador mavzular
Iqtibos

Surat manbasi, .

Ayni paytda O‘zbekistonga gaz importi va eksporti bilan bog‘liq ma’lumotlar shaffof emasligi mavzusi tez-tez ko‘tarilib turadi, bu o‘zbekistonliklarning o‘zlari tezak yoqib isinishga majbur bo‘layotgan vaqti o‘z gazini Xitoyga sotayotgani aholida norozilik uyg‘otmasligi maqsadida qilinadi.

Taniqli iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida yana gaz importi va eksporti masalasini ko‘tardi:

"Qishga tezak jamlashga undalayotgan o‘zbek xalqiga import gazning qanchasi yetib boradi, masalan? Issiqxonalarga qanchasi boradi? Metan zapravkalariga-chi?

Balki yiliga 3 mlrd.kubga yetayotgan gaz eksportini to‘xtatsak, importni oshirishga umuman hojat bo‘lmas?", deb yozdi blogger bakiroo.

Zuhriddin Yo‘ldoshev O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘radi

Ukraina harbiylariga asir tushgan Zuhriddin Yo‘ldoshev

Surat manbasi, Telegram/НЕХТА Live

NYeXTA Telegram kanali Ukrainaga asir tushgan yana bir o‘zbekistonlik videosini e’lon qildi.

O‘zbekistonning Buxoro viloyatida 1994 yili tug‘ilganini aytgan Zuhriddin Yo‘ldoshev Rossiyada yoniga giyohvand modda tashlab qo‘yishganini va 12-18 yilga qamash bilan tahdid qilganlarini bildiradi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchiligi bilan bog‘lanishga izn berishmagan, "yo qamalasan, yo urushga borasan" deb shart qo‘yishgan.

U bosimlar ostida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlanganini aytdi, O‘zbekistonga qaytishga yordam berishlarini so‘radi.

Yaqinda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Varshava konferentsiyasida Rossiyaning Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolarini Ukraina urushiga yollayotgani qoralandi, bu narsa respublikalar rahbariyatining passiv mavqe’i tufayli ham ro‘y berayotgani ta’kidlandi.

Ukrainadagi "Xochu Jitь" loyihasiga ko‘ra, Rossiya 2025 yili xorijliklarni urushga yollash sur’atini keskin oshirgan, "Xochu Jitь" pul yoki Rossiya pasportiga ega bo‘lish uchun urushga qo‘shilishga rozi bo‘lgan 7526 chet ellik haqidagi ma’lumotni qo‘lga kiritganini e’lon qildi.

Sobiq Mirzaobod hokimi jinoyatda aybdor topildi

Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida suv ostida qolgan uy

Surat manbasi, BBC.COM/Uzbek

Surat tagso‘zi, Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida ko‘plab odamlarning uylari vayron bo‘lgan yoki yaroqsiz ahvolga kelgan edi

Sirdaryo viloyat appellyatsiya sudi sobiq Mirzaobod tumani hokimini jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan hukmni kuchda qoldirdi.

2020 yil noyabridan 2023 yil oktyabrigacha Mirzaobod tumanining hokimi lavozimida ishlagan Jonibek Yariev mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda davlat va jamiyat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazishda aybdor deb topildi.

Appellyatsiya sudi sobiq hokimga tayinlangan 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosini o‘z kuchida qoldirdi, 28 million so‘mdan ortiq jarima belgiladi, ikki yilga mansabdor va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashini taqiqladi.

Tergovda aniqlanishicha, sobiq Mirzaobod hokimi Jonibek Yariev Sardoba suv ombori yorilishidan keyin qurilgan uy-joylarni taqsimlashda qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan.

Sud qaroriga ko‘ra, suv ombori yorilib suv bosishi oqibatida uy-joyi buzilgan yoki uyi yashashga yaroqsiz holatga kelgan fuqarolar yangi turar-joy bilan ta’minlanishi lozim edi.

Biroq sobiq hokim ayrim odamlarga ikki marta uy-joy ajratgan.

Ayrim fuqarolarga bino uy-joy taqsimlashga huquq beradigan qaror va orderlarsiz ham berilgan.

"Shu tariqa, davlat qurilishi hisobiga qurilgan, har biri 375,6 million so‘m qiymatdagi xonadonlar noqonuniy ravishda berib yuborilgan", deb yozdi gazeta.uz