Germaniyada yana bir hujum, bu safar gumondor - afg‘on

Surat manbasi, Reuters
Germaniya politsiyasiga ko‘ra, Myunxen shahrida odamlar ustiga mashinani haydab hujum qilgan erkak – 24 yoshli afg‘on. U Germaniyada siyosiy boshpana olib yashab kelgan.
Hujumchi Myunxen shahrida o‘tayotgan kasaba uyushmalarining namoyishi qatnashchilariga hujum qilib, 28 kishini yaralagan. Ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda qolyapti. Jarohat olganlar orasida bolalar ham bor.
Mahalliy hukumatga ko‘ra, gumondor o‘tmishda o‘g‘rilik va giyohvand moddalar sotish ayblari bilan politsiyaga tanish bo‘lgan.
Guvohlarga ko‘ra, mashinaning ichida ikki erkak bo‘lgan va politsiya ulardan biriga o‘q uzib voqea joyidan olib ketgan.
Politsiya hozircha ikkinchi shaxs versiyasi o‘rganilayotganini bildirdi.
Germaniya natsizmga qaytmoqdami? Yoshlar migrantlarga qarshi partiyani qo‘llamoqda - videolavxamizni tomosha qiling.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Voqea joyidan olingan suratlarda turli jihozlar sochilib yotgani va shikastlangan Mini avtomobili ko‘rinadi. Politsiya hujumchini to‘xtatish uchun mashinaga qarata o‘t ochganini ma’lum qildi.
Hodisa Myunxen Xavfsizlik anjumaniga AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vans va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy kelishlari arafasida yuz bermoqda. Ammo, politsiya anjuman va hujum orasida bog‘liqlik borligiga ishonmasligini bildirdi.
Hujum Myunxen temir yo‘l vokzalidan bir kilometrcha masofada yuz bergan.
Bi-bi-sining Germaniyadagi muxbiri Jessika Parkerning aytishicha, bu kabi hujumlar nemislarni dahshatga solishda davom etyapti.

Surat manbasi, Getty Images
2016 yilda Berlindagi Rojdestvo bozoriga tunislik erkak tomonidan haydalgan yuk mashinasi 13 kishini o‘ldirgandi. Hujumchining boshpana arizasi rad etilgan bo‘lgan va politsiya uni jihodchi xavf deb bilgan.
O‘tgan yil dekabrida ham yana bir Rojdestvo bozoriga o‘xshash hujum qilindi. Bu safar Magdeburg shahrida olti kishini o‘ldirgan va 300dan ortig‘ini yaralagan hujumni 50 yashar saudiy erkak amalga oshirgandi.
Magdeburgdagi hujum o‘tgan yil Germaniyada qochqinlar ishtirokida amalga oshirilgan qator hujumlarning eng qonlisi bo‘lgan.
Germaniyada 23 fevral kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilar ekan, shundoq ham migratsiya atrofidagi bahslar va ziddiyat keskin tus olgan. AfD kabi o‘ta o‘ng qanot partiyalar immigratsiya to‘xtatilishi va nemis bo‘lmaganlar vataniga qaytarilishiga chaqirishyapti. Ularga bo‘lgan dastak nemislar orasida har qachongidan ham yuqori.












