O‘zbekiston: Gaz va svetga pul suvday ketayotganidan nolishlar ko‘paydi, oxiri nima bo‘ladi?

Tok va odam

Surat manbasi, Rasmiy

O'qilish vaqti: 7 daq

O‘zbekiston shaharlaridagi uylarda hamon markaziy isitish tizimi ishga tushmadi. Uyni elektr toki bilan isitayotgan o‘zbekistonliklar hisoblarida puli tugab qolayotganidan nolimoqda. Gaz normasi oshdi, elektrchi?

Kunlar sovushi bilan o‘zbekistonliklar har yili kuzatiladigan uyni isitishdek muammo qarshisida qoldi.

Bu safargi isitishning oldingii yillardan farqi aholi bu qishga elektr va gaz narxining keskin oshirilishi bilan kirib kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar gaz va elektr uchun kiritilgan pul o‘sha kuniyoq tugab qolayotganidan nolimoqda.

“Energetika vazirligi odamlarni …, (ahmoq) deb o‘ylaydimi yoki bular qaroqchimi? Qancha pul tashlasam ham yeb yuborayapti va svetni o‘chirib tashlayapti.

Qani to‘rttaginasi bo‘lsayam yig‘ilib, vazirlik binosiga janjal qilib kela oladimikan bu sho‘rmonda qashshoqlar deb sinab ko‘rayaptimikan yoki? Aytinglar, sinamasin, baribir hech kim bormaydi bostirib. Faqat insop qilsin, yetadi”, deydi Farukh Samarkandi.

“Menda ham shubha bor, net kabinetda kuzatib tursangiz xisobdan pulni xisoblagichdan yangi ko‘rsatgichlar kelganda yechib olishi kerak. Lekin ular har soatda oz ozdan yechyabdi. Hisoblagichdan pokazaniyalar xar ikki kunda keladi”, deydi Mustaqil Dasturchi.

Jurnalist Muhammad Shakur hozir choralari ko‘rilmasa, qishda odamlar qo‘zg‘alishi mumkinligini aytadi.

“Qishda qo‘zg‘alon bo‘ladi. Energetiklar – diversantlar maqomida hozir.

Men ham gaz-svet narxi ko‘p arzon bo‘lmasligi tarafdoriman – isrofni kamaytirish kerak, tejamkorlikni odatga aylantirish kerak.

Ammo narxlarni oshirishdan oldin tadqiqot o‘tkazilishi ZARUR, aholining qaysi qatlami qancha to‘lay oladi – bilish kerak. Keyin qaror qilish kerak.

Hali qish boshlanmasdanoq kunora 100 ming ketyapti gaz-svetga, maksimal tejagan holda ham. Qish kelgandan keyin aholining katta qismi “dod” devoradi. Hisoblagichlardan aylanib o‘tishga harakat boshlanadi. Buni hatto barcha to‘lovlarni qilib yuradigan “zakonoposlushniy” odamlar qila boshlaydi.

Chunki boshqa chora qolmaydi: jamiyatimiz noroziligini boshqa ko‘rinishlarda namoyon qilmaydi, ko‘nikmasi yo‘q, qo‘rqadi. Ha, idoralar shikoyatlarga to‘lib ketadi, ammo foyda bermaydi. Schyotchiklarni aylanib o‘tganlarni jazolash boshlanadi, jazolovchilar bilan yoqalashish, pichoqlashish avj oladi. Bir narsani tushunish kerak – jazo choralari normal vaziyatda kamsonli huquqbuzarlarni tartibga solish uchun o‘ylab topilgan, bu choralar ANORMAL holatda qiyin ahvolda qolganligi sababidan noto‘g‘ri normalarni buzganlar uchun o‘ylab topilmagan.

Natijada ur-to‘palon boshlanadi. Shonli huquqtartibot idoralarimiz “o‘z vazifamni bajaryapman” degan kayfiyatda “to‘palonchilarga” tashlanadi, go‘yo ular – zolim. Holbuki ular zolim emas – mazlum bu vaziyatda. Natijada norozilik ommaviylashib ketadi.

Qo‘zg‘alon bo‘ladi. Energetiklar bu vaziyatda – diversantlar maqomida. Diversiya qilish uchun o‘tiripti kabinetlarda. Xalq mablag‘idan yashab yurgan... diversantlar. Vaqtida o‘zgartirish kerak”, deydi Muhammad Shakur.

O‘zbekiston shaharlaridagi uylarda hamon markaziy isitish tizimi ishga tushmagani ham norozilik keltirib chiqarmoqda.

Hozircha “otoplenie” faqat Surxondaryoda ishga tushgani aytilmoqda.

““Otoplenie”ni yoqmayotganlar markaziy isitish tizimiga ulanmagan. Ularning bolalari sovuq qotmaydi. Ular farzandlari uchun elektr pechka yoqmaydi. Elektrga falon pul to‘lamaydi. Ular oldin ham yaxshi yashagan, hoziram yaxshi yashayapti”, deydi Muhammad Temur A'zam.

Toshkent hokimligidagi kun.uz manbasi Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov markaziy tizimga ulangan uyda yashamasligini bildirgan.

“Shavkat Umrzoqovning muammodan xabari bor, hokimning o‘z yaqinlari ham ko‘p qavatli uyda turadi”, degan Toshkent shahar hokimiyatidagi kun.uz manbasi.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda otoplenie yoqilguncha Shavkat Umrzoqovning uyiga borib yashab turish so‘rovlari paydo bo‘la boshladi.

“Shavkat Umrzaqov, qaroringiz chiqqunicha men va bolalarim uyingizga borib yashab tursak bo‘ladimi”, deydi Alex Shnayder.

Rasmiy
Qishda qo‘zg‘alon bo‘ladi. Energetiklar – diversantlar maqomida hozir. Vaqtida o‘zgartirish kerak.
Muhammad Shakur
Jurnalist (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Gaz ijtimoiy normasi oshdi, elektr energiyasichi?

O‘zbekiston qishki mavsum boshlanishi munosabati bilan 1 noyabrdan tabiiy gazning ijtimoiy norma miqdori 5 barobar oshirildi. Rasmiylar yanvardan boshlab gazlashtirilmagan joylarda yashaydigan aholining elektr energiyasi chegirma bilan sotilishi va’da bergan.

O‘zbekistonda 1 noyabrdan boshlab tabiiy gazning ijtimoiy norma miqdori 100 metr kubdan 500 metr kubgacha oshirildi.

Endi iste’molchilar qish mavsumida 500 m3 gacha har bir m3 gaz uchun 650 so‘mdan to‘laydi. Oldin ushbu miqdor 100 m3 gacha edi.

Oldinroq O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda gaz ta’minotiga ulanmagan hovlili uy-joylar uchun ham elektr energiyasi tarifiga 50 foizlik chegirma berilishi rejalashtirilayotganini aytgandi.

Vazir bu o‘zgarishni 1 yanvardan joriy etishga harakat qilinayotganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston: Toshkentdagi uylar sovuqdan zaxlab ketdimi, isitish tizimi qachon yoqiladi?

2023 yil qishida kuzatilgan anomal sovuq poytaxt Toshkentni ham qiyin ahvolga solib qo‘ygandi
Surat tagso‘zi, 2023 yil qishida kuzatilgan anomal sovuq poytaxt Toshkentni ham qiyin ahvolga solib qo‘ygandi

Kuzning sovuq kunlari boshlanishi bilan O‘zbekistonda har yili kuzatiladigan muammolar yana bo‘y ko‘rsata boshlagan. Is gazi va gaz portlashlari natijasida odamlar o‘lmoqda. Markaziy isitish tizimiga moslashgan poytaxtliklar esa hech bo‘lmasa bir kunga issiqlik berishni so‘ramoqda.

So‘nggi 5 kun ichida O‘zbekistonda havo harorati kechalari 6-7 darajagacha tushib ketdi. Poytaxt Toshkentda esa markaziy isitish tizimi hali yoqilmadi. Bu noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda.

“Yotoqxonada turamiz, tokli pechka qo‘shdirgani qo‘yishmaydi. Kun sovuq. Otopleniya qo‘shilgani yo‘q, deydi Toshkentdagi talabalardan biri.

“Otoplenieni bir ikki kunga yoqvoringlar. Iltimos. Uy juda zaxlab ketdi”, deb yozadi @Jamolbobo1.

Markaziy istitish tizimining hali yoqilmaganligi uchun ko‘pchilik uyni elektr toki yordamida isitishga to‘g‘ri kelayotgani va bu elektrni me’yoridan ko‘p ishlashiga olib kelayotganidan nolishgan.

“Bizda xam shu 1-2 kunni ichida xarajat potolok bo‘lib ketdi”, deydi Islombek Ahmad.

Toshkent shahar issiqlik ta’minoti operatori Veolia Energy Tashkent qonun bo‘yicha isitish mavsumi hali boshlanmaganini eslatdi.

gazeta.uz
Yotoqxonada turamiz, tokli pechka qo‘shdirgani qo‘yishmaydi. Kun sovuq. Otopleniya qo‘shilgani yo‘q.
Toshkentlik talaba
Batafsil: bbc.com/uzbek

“Eslatib o‘tamiz, isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati ketma-ket 5 kunlik davrda 8 darajadan past bo‘lgan paytdan boshlanadi. Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotlariga asosan Toshkent shahar hokimining tegishli qarori chiqishi bilan isitish ta’minoti yoqiladi”, deydi operator.

Ammo ushbu eslatma bilan sovuq muammosi bartaraf bo‘lib qolmayapti.

“Toshkentda isitish tizimi hali yoqilmagani uchun sovuqqotayotganlar, yana 5 kun chidab turamiz... Havo isib ketarkan :). “Otoplenie” yoqilsin, deb buyruq chiqaradiganlar hovlida yashaydi, isitish tizimi ichida, shunga ular sovuqni tanasida his qilmayapti, to‘g‘ri tushuninglar😁”, deb yozadi Telegramdagi @masofatalim kanali.

Kuzatuvchilar markaziy tizimdan issiqlik oladigan toshkentliklar xonadonlarida, tug‘ruqxona, maktab va bog‘chalarda qaltirab o‘tirishgani, bolalar kasal bo‘lishayotgani, va qariyalar ozor chekishayotganini aytishmoqda.

“Bu kinoya emas, bugungi kunimizning realliklari. Agarda hokim Umrzakov, aytaylik, hech qursa Almati, Bishkek, Dushanbe, bor ana shundoq biqinimizdagi Chimkent hokimlari singari poytaxtliklar oldida mas’ul va hisobdor bo‘lganida, isitish tizimini ishga tushirtirgan bo‘lardi”, deydi Otabek Bakirov.

Xavfsiz uylar

Qo‘shrabotda gaz portlashi bir oilaning umriga zomin bo‘lgan

Surat manbasi, Kun.uz

Surat tagso‘zi, Qo‘shrabotda gaz portlashi bir oilaning umriga zomin bo‘lgan

Kunlar sovib boshlashi bilan viloyatlardan turli sabablar bilan o‘z uyida yoppasiga halok bo‘lgayotgan oilalar haqida xabarlar chiqa boshladi.

22 oktyabr kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida xonadonda gaz portlashi oqibatida er-xotin hamda ularning o‘g‘li va qizi nobud bo‘ldi

Kun.uzning yozishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlashga xonadonda gaz to‘planib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab bo‘lgan.

Gazeta.uz Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida er-xotin va ularning uyiga mehmonga kelgan yigit qozonxona mo‘risidan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berdi.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, voqea 18 oktyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.

Kuzatuvchilar bu kabi o‘limlarga asosiy sabab sifatida gazning bir me’yorda uzatilmasdan, bir o‘chib, bir yonishini keltirishadi.

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgach O‘zbekistonning ko‘p joylarida barham topgan gaz va elektr energiya muammosi so‘nggi yillarda poytaxt Toshkent dohil boshqa joylarda ham yana bo‘y ko‘rsatayotgani aytiladi.

Hukumat O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi bozor narxlarida kimmatligi va narxlar oshsa uzilishlardagi muammolar bartaraf bo‘lishini aytdi.

2024 yil bahorida energiya narxlari oshirildi.

Ammo odamlarning uzluksiz energiyaga erishish niyatlari orzuligicha qolib ketdi.

Rasmiylar so‘nggi yillarda aholining turmush tarzi yaxshilanishi ortidan O‘zbekistonda energiya iste’mol ko‘lami so‘nggi yillarda ortganini aytishadi.

Yillar davomida bu sohaga yetarli mablag‘ ajratilmaganligi natijasida elektr va gaz yetkazish infratuzilmasi yangilanmagan. Yangi konlar o‘zlashtirilmagan va yetarli stantsiyalar qurilmagan.

Boz ustiga O‘zbekiston gazining tagi ko‘rinib qolgani aytiladi.

Biroq tanqidchilarga ko‘ra, bular energiya inqiroziga bahona bo‘lolmaydi. Energiya tizimi boqimandalikdan chiqib ketolmayapti.

Kelgusi yil davlat byudjeti qonun loyihasida davlatdan subsidiya oladigan tashkilotlar qatorida Energetika vazirligining ham borligi e’tirozga sabab bo‘ldi.

“Tabiiyki, savol tug‘iladi. Tariflar karrasiga oshgan ekan, yana oshar ekan, nima uchun energetika subsidiyalanishi kerak? Subsidiyalash to‘xtamay, davom etar ekan, tariflar nima uchun oshirildi? Ham cho‘ntagimizdan, ham solig‘imizdan tovon to‘lashga asoslangan, raqobat va tanlov yo‘q, tannarxni to‘xtamay shishirishga, monopolistlar va oligarxlar manfaatlariga ishlaydigan yopiqlikni maqsad qilganmidi energetika islohoti?” deya savol tashlaydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

O‘zbekiston gaz tanqisligiga yuz tutmoqdami?

Ozarbayjonning News.az saytiga bergan intervyusida rossiyalik tahlilchi O‘zbekiston gaz tanqisligiga yuz tutayotgani va endi Qozog‘istonni ham shunday qismat kutayotganini aytgan.

Iyun oyi boshida Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan Xalqaro iqtisodiy forumda Rossiyaning "Gazprom" shirkati O‘zbekiston va Qirg‘izistonga gaz tranzitni amalga oshirish bo‘yicha Qozog‘iston bilan shartnomani imzoladi.

Yana bir shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistonga yuboriladigan Rossiya gazi hajmini oshirish uchun Qozog‘istondagi SATs quvuri tayyorgarlikka keltiriladi.

News.az bilan suhbatda Rossiya hukumatiga tegishli Moliya universitetining eksperti, Milliy energiya va xavfsizlik jamg‘armasining yetakchi tahlilchisi Igor Yushkov O‘zbekistondagi gaz tanqisligiga alohida to‘xtalgan.

"Avval gaz sotuvchisi bo‘lgan O‘zbekiston endi gaz xaridoriga aylandi. Bir yil oldin shartnoma imzolandi, chunki 2022-2023 yillar isitish mavsumida O‘zbekistondagi mahalliy tizim quladi va hatto Xitoyga gaz ekportlari to‘xtatilganidan keyin ham gaz yetishmadi. Gaz kamligi tufayli bug‘ qozonlaridagi suv yetarlicha isimadi va Toshkentdagi xonadonlarda sovuq bo‘ldi. Odamlar gulxan yoqib isindilar. 2023 yil iyunida O‘zbekiston Gazprom bilan shartnoma imzoladi va oktyabrda Rossiya gazi Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga oqa boshladi. Bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi", - deb aytgan tahlilchi.

Yushkovning aytishicha, o‘tgan dekabrda Gazpromning ijrochi direktori Aleksey Miller Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga hisobot bera turib, o‘zbek sheriklar iltimosiga binoan O‘zbekistonga gaz kelishilgan kundalik 9 million kub metrdan oshirilganini alohida ta’kidlagan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Gazprom yangi shartnomaga imzo chekdi. Shartnomaga binoan, O‘zbekistonga avval kelishilgan yillik 2,8 milliard kub metr 3 milliard kub metrdan oshiq hajmga o‘zgartirilgan. Umumiyla, kontrakt 11 milliard kub metr gazni nazarda tutadi.

Yushkovga ko‘ra, Qozog‘iston hozircha Rossiya gazini faqat o‘z hududidan o‘tqazib beryapti, lekin yaqin orada u ham Rossiya gazga muhtoj bo‘ladi.

"Qozog‘iston ham ichki gaz iste’moli o‘sishiga yuz tutyapti. U hali ham Xitoyga gaz sotayotgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tgan sari vaziyat murakkablashib borayotgani ayon. 2023 yilda Qozog‘iston gaz ishlab chiqarishni barqarorlashtirishga erishdi, lekin kelajakda tanqislik yuz berishi mumkin. Shu sababdan, Qozog‘iston energiya muvozanatidagi o‘z gaz ehtiyojini va ko‘mir o‘rnini ko‘rib chiqishi kerak. U nafaqat O‘zbekistonga tranzit, balki o‘zidagi ehtiyojni hisobga olib gaz naqliyotini tizimini zamonaviylashtirishi lozim. Bu shartnoma, shunchaki - birinchi qadam. Kelajakda Qozog‘iston ham Gazpromdan gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzishi va o‘z ehtiyoji uchun gaz naqliyoti tizimini kengaytirishi mumkin", - deydi rossiyalik ekspert.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002