MDH sammiti: Alievsiz uchrashuv, Toqaevning Moskvaga ishorasi va Qobiljon o‘limiga Putin munosabati

Surat manbasi, president.uz
Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi Ozarbayjon prezidentining ishtirokisiz bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston prezidenti Putin bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvorligini ta’kidladi. Putin Rossiyada o‘ldirilgan tojikistonlik maktab o‘quvchisi Qobiljon hodisasini terrorizmga tenglashtirdi.
Aliev nega kelmadi?
Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va mezbon Rossiya davlatlarining rahbarlari qatnashdi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning sammitga borishdan bosh tortgani muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Prezident ma’muriyati Ilhom Alievning bormasligini, uning tig‘iz ish jadvali bilan izohladi.
Kreml Alievning ishtirok etmasligiga tushunish bilan yondashuvini ma’lum qildi.
"Biz mutlaqo to‘g‘ri tushunamiz: haqiqatdan ham, hamma davlat rahbarlarining jadvali juda tig‘iz, boz ustiga dekabr, yangi yil arafasi. Biz hamkorlik munosabatlarimizni, Ozarbayjon bilan konstruktiv hamkorligimizni rivojlantirishda davom etamiz. Ozarbayjon, shuningdek, hamkorlikning barcha formatlarida ishtirok etishda davom etadi", degan Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Qozog‘iston prezidenti Rossiya bilan strategik hamkorlikni yuqori baholadi

Surat manbasi, www.akorda.kz
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Toqaev rasmiy sayti xabar berdi.
Qosim-Jomart Toqaev Rossiyaga MDH davlat rahbarlarining navbatdagi norasmiy sammiti hamda Yevroosiyo iqtisodiy oliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan.
Prezident Toqaevning aytishicha, joriy yil Qozog‘iston—Rossiya ikki tomonlama munosabatlari uchun muvaffaqiyatli kechgan.
"Bu yil ikki tomonlama hamkorlik shubhasiz samarali bo‘ldi. Munosabatlar izchil ravishda rivojlanib bormoqda. 12 noyabr kuni Rossiyaga qilgan davlat tashrifim to‘liq muvaffaqiyatli o‘tdi. Qozog‘iston uchun strategik sheriklik va ittifoq doirasidagi hamkorlik mutlaq ustuvor ahamiyatga ega", — dedi Toqaev.
Vladimir Putin esa Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida hech qanday bahsli masala yo‘qligini ta’kidladi.
"Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik deyarli barcha yo‘nalishlarda ijobiy rivojlanmoqda. Bizda birorta ham murakkab yoki bahsli masala mavjud emas", — dedi Rossiya prezidenti.
Tojikiston va Rossiya rahbarlari tojik bolaning o‘limi masalasini muhokama qildi

Surat manbasi, president.tj
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22 dekabrь kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining norasmiy sammiti doirasida uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish zarurligi aytilgan.
Tojikiston prezidenti sayti xabar berishcha, prezidentlar Rossiyada 10 yoshli Tojikiston fuqarosi Qobiljon Alievning o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqeani ham muhokama qilgan. Davlat rahbarlari jinoyatni keskin qoralab, xolis tergov o‘tkazish va aybdorlarni javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidlashgan.
Putin Qobiljonning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyatdan "shok"da ekanini aytdi. Rossiya rahbari bu ish yuzasidan tergov oxirigacha yetkazilishi, nechta bo‘lmasin, uni sodir etganlar mutlaq jazolanishini va’da qildi. Tojikiston prezidentidan marhum bolakayning oilasiga "samimiy" hamdardligini yetkazishini so‘radi.
Putin ayniqsa, bolalarga nisbatan bu kabi terroristik harakatlar haddidan oshish ekanligini ta’kidlagan.
Taraflar tegishli idoralarga bunday zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish va zudlik bilan choralar ko‘rish yuzasidan topshiriq berishga kelishib olgan.
Qobiljon Aliev 16 dekabrь kuni Moskva viloyatidagi maktabda 15 yoshli o‘quvchi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan edi. Bu voqea Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida keng jamoatchilik e’tiborini tortgan.
Qobiljon Alievning onasiga uy sovg‘a qilindi
Tojikiston hukumati Qobiljon Alievning onasi Nilufar Safarovaga uy-joy ajratdi. Bu haqda marhum bolaning qarindoshlari "Aziya-Plyus" nashriga ma’lum qilgan.
Qobiljon Alievning qarindoshlari uy ajratilishiga oid tafsilotlarni oshkor etmagan, ayni paytda ular hech qanday yordamga muhtoj emasliklarini bildirishgan.
"Biz yordam ko‘rsatgan va ko‘rsatmoqchi bo‘lgan barchaga minnatdormiz. Shu bilan birga jamoatchilikka shuni ma’lum qilmoqchimizki, hozirda biz yordamga muhtoj emasmiz. Qobiljonning onasi nomiga ochilgan bank hisobi yopilgan. Shu sababli hech qanday bank hisob raqamlariga pul o‘tkazmaslikni so‘raymiz", — deyiladi xabarda.
Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda va Tojikistondagi ayrim saytlarda poytaxt Dushanbe meri Rustam Emomali marhum Qobiljon Alievning onasiga Dushanbedan ikki xonali uy va maoshi 1000 dollarlik doimiy ish bilan ta’minlagani haqida xabarlar chiqqandi.
Dushanbe shahri hokimligi veb saytida bu haqda hech narsa deyilmagan.
Hujum tafsilotlari
Hodisa 16 dekabr kuni taxminan soat 09:00 larda Moskva viloyati Odintsovo tumanidagi Gorki-2 aholi maskanida joylashgan Uspenskaya maktabida sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshli rossiyalik o‘quvchi maktab qo‘riqchisiga va o‘quvchilardan biriga hujum qilgan. 10 yoshli Qobiljon Aliev olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Rossiyaning Mash telegram-kanali e’lon qilgan videolarda hujumchi o‘quvchilar guruhi oldiga kelib, «Qaysi millatdansan?» deya so‘ragani aks etgan. Qo‘riqchi uni to‘xtatishga uringan, ammo gumonlanuvchi gaz ballonchasini ishlatib, uni pichoq bilan yaralagan. Keyin u bolalarga qayta hujum qilib, o‘quvchilardan biriga pichoq bilan zarba bergan.
"112" kanali ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan bolaning onasi o‘sha maktabda farrosh bo‘lib ishlagan.
Hujumdan so‘ng gumonlanuvchi maktab sinflaridan birida berkinib olgan va huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.











