Afg‘on ayollariga doyalikka o‘qish ham taqiqlandi - huquqga so‘nggi zarba berildimi?

Kollejni tark etayotgan ayollar

Surat manbasi, Handout

Surat tagso‘zi, Kollejni tark etayotgan ayollar
    • Author, Flora Druri va Turpekay Garanai
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Afg‘onistonda doyalik va hamshiralikka o‘qiyotgan ayollarning BBCga aytishicha, ularga ertalab kurslarga kelmaslik buyurilgan. Bu ularning mamlakatda ta’lim olishga bo‘lgan so‘nggi yo‘li deyarli yopilganini anglatadi.

Afg‘onistondagi bir-biridan mustaqil boshqa ta’lim muassasalari ham BBCga Tolibon ularga keyingi yo‘riq kelgunga qadar yopishni buyurganini tasdiqladi. Internetda tarqalgan videolarda talabalar yangilikdan yig‘layotgani aks etgan.

BBC hozircha Tolibon hukumati sog‘liqni saqlash vazirligidan bu qarorni rasman tasdiqlatgani yo‘q.

Shunga qaramasdan, bu yopilish Tolibonning ayollar ta’limiga bo‘lgan umumiy siyosatiga mos keladi. Guruh 2021 yil avgustdan beri o‘smir qizlar uchun o‘rta va oliy ta’limga kirishni taqiqlagan.

Tolibon bir qator muammolar, jumladan “islomiy” o‘quv dasturlari hal bo‘lishi bilan ularni maktabga qaytarishga qayta-qayta va’da berib keladi.

Hozircha bu amalga oshmadi.

Tolibon bir qator muammolar, jumladan “islomiy” o‘quv dasturlari hal bo‘lishi bilan ularni maktabga qaytarishga qayta-qayta va’da berib keladi.

Hozircha bu amalga oshmadi.

Ayollarga ta’lim olish uchun hamon ochiq bo‘lgan oz sonli yo‘llardan biri bu mamlakatdagi kollejlarda hamshiralik va akusherlikka o‘qish edi.

Doyalik va hamshiralik Tolibon hukumati tomonidan ayollarga qo‘yilgan cheklovlar doirasida ayollar egallay oladigan yagona kasblardan biri hisoblanadi. Eng muhimlaridan biri, chunki erkak shifokorlarga ayol bemorlarni erkak mahramisiz davolashga ruxsat berilmaydi.

Bundan 3 oy oldin BBCga Tolibon tomonidan yuritiladigan doyalar o‘quv markaziga kirishga ruxsat berilgandi. U yerda 20 yoshlardagi o‘ndan ortiq ayollar bolalarni dunyoga keltirishni o‘rganayotgan edi.

Ayollar o‘qishga berilgan imkoniyatdan xursand edi.

BBC
Bizga hatto hovlida turmaslikni aytishdi, chunki Tolibon istalgan zamon kelib qolishi va nimadir bo‘lishi mumkin ekan. Hamma qo‘rqib qolgandi.
Talaba qiz
Kobul (Batafsil: bbc.com/uzbek)

“Oilam mendan faxrlanadi. Bu yerga kelish uchun farzandlarimni uyda qoldirib keldim, ammo ular men yurtimga xizmat qilayotganimni bilishadi”, degandi Safiya.

Biroq o‘shanda ayrim ayollar hatto bu imkoniyatning ham bir kun taqiqlanishidan xavotir bildirishgandi.

Bu va yana ta’lim olayotgan 1700 ayollarning taqdiri nima bo‘ladi, hozircha noma’lum.

Rasmiy ma’lumot berilmadi, biroq, Sog‘liqni saqlash vazirligidagi ikki manba BBC Afg‘on xizmatiga xabarni norasmiy ravishda tasdiqlashdi.

BBCga o‘quv yurtlaridan yuborilgan videolarda yig‘layotgan o‘quvchilarning ovozlarini eshitish mumkin edi.

“Bu yerda turish va yig‘lash yordam bermaydi. Amru ma’ruf rasmiylari (Tolibon qoidalarini joriy qiluvchi idora) shu yaqin o‘rtada. Sizlarning birortangizga biror kor-hol bo‘lishini istamayman”, deydi videolarning birida talaba.

BBCga yuborilgan boshqa videolarda ayollar o‘quv markazlarini tark etayotgan paytda tinch yo‘l bilan norozilik bildirgani aks etgan — ular zallardan o‘tayotganda qo‘shiq kuylashgan.

Kobullik bir talabaning aytishicha, unga “keyingi yo‘riq tushguncha kutish” kerakligi bildirilgan.

“Semestr oxiriga kelgan bo‘lsak-da, imtihonlar o‘tkazilmadi va ularni topshirish uchun ruxsat berilmadi”, deydi u BBCga.

Yana bir talaba ularga “faqat sumkalarni olib chiqishga vaqt berilgan va sinfxonalarni tark qilish” buyurilganini aytdi.

“Bizga hatto hovlida turmaslikni aytishdi, chunki Tolibon istalgan zamon kelib qolishi va nimadir bo‘lishi mumkin ekan. Hamma qo‘rqib qolgandi. Ko‘pchiligimiz uchun darslarda qatnashish uzoq muddatli ishsizlik, depressiya va uyda qamalib qolgandan keyin kichik bir umid nuridek edi”, deydi u.

Bu ayollar sog‘lig‘iga qanday ta’sir ko‘rsatishini vaqt ko‘rsatadi. O‘tgan yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonga mamlakat ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shimcha 18 000 akusher kerakligini aytgan edi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston allaqachon onalar o‘limi bo‘yicha dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biriga ega. O‘tgan yili chiqarilgan hisobotga ko‘ra, 100 000 tug‘ish holatida 620 ayol vafot etgan.