Maktabdan urushga: Rossiyalik o‘smirlar nima uchun o‘zlari istab Ukraina urushiga ketishmoqda?

Surat manbasi, VK/BBC
- Author, Anastasiya Platonova, Olga Ivshina
- O'qilish vaqti: 11 daq
Bi-bi-si rus xizmati hisobiga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinda kamida 240 nafar 18 yoshli rus askari halok bo‘lgan. 2023 yil aprelida Davlat Dumasi voyaga yetgan zahoti darhol harbiy xizmat shartnomasini imzolashga ruxsat berdi. Bi-bi-si kechagina maktab o‘quvchisi bo‘lib, bugun urushga ketganlar kechmishini hikoya qiladi.
Ushbu maqoladagi qurbonlar soni Bi-bi-si, Mediazona va ko‘ngillilar jamoasi birgalikda yuritayotgan Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning nomma-nom ro‘yxati asosida keltirilgan. Bu ochiq ma’lumotlar asosida tasdiqlangan raqamlardir. Haqiqiy yo‘qotishlar soni bundan yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
"Bu shunchaki bolani topgan urush"
2025 yil 7 may kuni Chelyabinskdagi 110-maktab majlislar zalida "Ulug‘ Vatan urushi"dagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayram o‘tkazildi. Xaki rangidagi gimnastyorka va galife kiygan maktab o‘quvchilari zalga Rossiya va Sovet bayroqlarini olib kirishdi. Safni kamuflyaj kiyimli va beret kiygan yigit boshlab bordi.
Ularning ortidan yoshroq bolalar – oq paypoqli qizlar va chiroyli ko‘ylakli o‘g‘il bolalar kirib kelishdi. Ular Ukrainada jang qilgan bitiruvchilarning bir nechta suratlarini sahnaga olib chiqishdi. Ularning eng yoshi Aleksandr Petlinskiy edi. U 18 yoshga to‘lishi bilan darhol shartnoma imzolagandi.
"Hayotda hech narsani oxiriga yetkazmadim, – ayol ovozi yangrab turgan musiqa jo‘rligida eshitilardi. – Bu shunchaki urush [...] bolani topgan."
Zalda Petlinskiyning onasi va xolasi o‘tirardi. Aleksandrning xolasi Yekaterina – kelishgan, sariq sochli, shim kiygan ayol – halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqalik sukutdan so‘ng sahnaga chiqdi. Uning aytishicha, Aleksandr juda maqsadli va qiziquvchan bo‘lgan. U o‘z nutqida harbiyni "bola" deb atadi. Maktabda u jonli burchakni parvarish qilgan, shifokor bo‘lishni orzu qilgan va Chelyabinsk tibbiyot kollejiga hamshiralik bo‘yicha o‘qishga kirgan.

Surat manbasi, Ekaterina Orekhova/VK
Yekaterina aytishicha, u perinatal markazdagi amaliyotdan va u yerda ko‘rgan kesarcha kesish operatsiyasidan – "bolalar qanday tug‘ilishi"dan juda ta’sirlangan.
"Lekin Sashaning yana bir orzusi paydo bo‘ldi, – dedi Yekaterina bir oz jimlikdan so‘ng. –Maxsus harbiy operatsiya boshlanganida Sasha 15 yoshda edi. U frontga borishni orzu qilardi." Rossiya hukumati 2022 yil fevralida Ukrainada boshlagan keng ko‘lamli urushni "maxsus harbiy operatsiya" deb ataydi.
Petlinskiyning onasi Yelena – o‘rta yoshlardagi, kalta oq sochli ayol – singlisining yonida jim turardi va ko‘z yoshlarini arang tutib turardi.
"Bolalar pul ishlashni xohlayapti"
Ukrainadagi urushning dastlabki oylaridanoq juda yosh yigitlarning jangovar harakatlarda ishtirok etishi Rossiya jamiyatida savollarga sabab bo‘la boshladi.
Avvaliga e’tibor chaqiriluvchilarga qaratildi. Vladimir Putin Ukrainada muddatli harbiy xizmatchilar yo‘qligini va ularni urushga jalb qilish rejalashtirilmayotganini bir necha bor ta’kidlagan. U birinchi marta bunday bayonotni 2022 yil 5 martda bergan edi. To‘rt kundan so‘ng Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina hududiga muddatli harbiy xizmatchilar yuborilganini tan oldi.
Bi-bi-si ochiq manbalar asosida bosqinning birinchi yilida halok bo‘lgan 81 nafar muddatli xizmatchining ismini aniqladi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, yuzlab chaqiriluvchilar asirga tushgan. Rossiya hukumati 2024 yil avgustigacha muddatli harbiy xizmatchilar jangovar harakatlarda ishtirok etmayotganini ta’kidlab keldi. O‘shanda Rossiyaning Kursk viloyatiga Ukraina Qurolli kuchlari hujumi paytida aynan chegarani qo‘riqlayotgan chaqiriluvchilar zarbaga uchragan edi.
Shunga qaramay, Rossiya hukumati haqiqatan ham Ukraina hududiga muddatli harbiy xizmatchilarni boshqa yubormadi – bu ular uchun 2022 yildan beri bosib o‘tilmasligi kerak bo‘lgan "qizil chiziq" edi. Biroq frontda yoshlarga talab hanuz yuqori.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
2022 yil bahoridan beri Rossiya hukumati shartnoma asosida xizmat qiluvchilarni urushga faol jalb etishga harakat qildi – dastlab mafkuraviy targ‘ibot va imtiyozlarga urg‘u berilgan bo‘lsa, 2023 yildan boshlab shartnoma imzolaganlar uchun to‘lovlar muntazam oshirildi.
2022 yilda amalda bo‘lgan qonunchilikka ko‘ra, 18 yoshli o‘smir shartnoma tuzish uchun kamida uch oy muddatli harbiy xizmatni o‘tashi yoki texnikumda o‘qishi lozim edi. 2022 yil yozida Davlat Dumasining mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov ushbu cheklovlarni bekor qilishni taklif qilgan edi.
O‘shanda Bi-bi-si birinchi bo‘lib muhokama qilinayotgan o‘zgartirishlarga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, bu yangiliklar Dumaning Oila, ayollar va bolalar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Nina Ostaninani g‘azablantirdi: "Maktab partasidan turib, bugun shartnoma asosida pul ishlashni istagan bolalar shunchaki himoyasiz bo‘lib qoladi", deya e’tiroz bildirgan edi u. Shov-shuvdan so‘ng o‘zgartirishlar muhokamadan chiqarildi va Ostanina Volodinning va’dalariga tayanib, "yaqin kelajakda" qonun o‘zgarmasligidan mamnunligini bildirdi.
Ammo 2023 yil aprelida bu o‘zgartirishlar qabul qilindi. Endilikda harbiy shartnoma tuzish uchun o‘rta maktabni tugatish va voyaga yetgan bo‘lish kifoya.
"Munosib kelajak" va "Hozir qo‘ng‘iroq qiling"
Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Rossiya maktablarida bolalarga urush maqsadi faol tushuntirila boshlandi. 2022 yil bahorida Ta’lim vazirligi o‘qituvchilarga "maxsus harbiy operatsiya"ni maxsus soatlarda muntazam muhokama qilish majburiyatini yukladi. Vaqt o‘tishi bilan maktablarga Ukrainadagi urush faxriylari ham taklif etila boshlandi.
Maktab va hatto bog‘cha bolalari Ukrainadagi rus askarlariga xat va rasm yuborishga jalb etilmoqda. Ayrim maktablarda bolalar o‘qituvchilari rahbarligida niqoblash to‘rlarini to‘qish va xandaq shamlarini yasash ishlariga ham jalb qilinmoqda.
Voyaga yetgach shartnoma tuzishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirganidan so‘ng, Rossiya maktablarida shartnomali xizmatni targ‘ib qilish yanada kuchaydi. Bu holatga birinchi bo‘lib "Vajnыe istorii" nashri e’tibor qaratdi.
Permda o‘quvchilarga harbiy xizmatni targ‘ib qiluvchi broshyuralar tarqatildi: muqovada harbiy kiyimdagi o‘rta yoshlardagi erkak xotini va bolasi bilan quchoqlashgani tasvirlangan. Unda: "Shartnomali xizmat – munosib kelajak!" degan shior yozilgan edi.

Surat manbasi, PERM 36/6, TVK, СHP NIZHNEVARTOVSK
Xanti-Mansi avtonom okrugida shunday broshyuralar maktab axborot stendlariga ilib qo‘yildi. "Vatan uchun yelkama-elka turaylik", deb chaqirardi bir plakat. 2023 yil sentyabrь oyida "TBK" nashri Krasnoyarskdagi bir maktabda shunga o‘xshash holatni yoritdi – u yerda bir sinf doskasiga "Hozir qo‘ng‘iroq qiling" degan e’lon lavhasi osilgan edi.
2024 yil 1 sentyabrdan e’tiboran Rossiya maktablari o‘quv dasturiga yangi fan – "Xavfsizlik va Vatanni himoya qilish asoslari" kiritildi. Ushbu darsda yuqori sinf o‘quvchilari Kalashnikov avtomati va qo‘l granatalaridan foydalanishni o‘rganadilar.
Ko‘plab hududlarda maktab va kollej o‘quvchilari uchun harbiy komissarlik, mahalliy hokimiyat va harbiy qismlar vakillari ishtirokida "kasbga yo‘naltirish uchrashuvlari" muntazam o‘tkazilmoqda. Ularda bitiruvchilarga darhol harbiy shartnoma tuzish imkoniyati haqida gapiriladi.
Masalan, 2024 yil aprelida Krasnoyarsk o‘lkasining Taseevskiy tuman rahbari Konstantin Dizendorf texnologiya kolleji talabalari bilan uchrashuvda 18 yoshli Aleksandr Vinshani doska oldiga chaqirdi. Vinsha shartnoma tuzishga qaror qilgan va Dizendorf uni boshqalarga namuna sifatida ko‘rsatdi. Kollej ma’muriyati unga harbiy xizmatga ketishi uchun bitiruv imtihonlarini muddatidan ilgari topshirishga ruxsat bergan. 2024 yil noyabrь oyida Vinsha halok bo‘ldi.
Umuman olganda, Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil aprelidan 2025 yil mayigacha Ukrainadagi urushda 240 nafar 18 yoshli rus harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. Ularning barchasi shartnoma asosida xizmat qilgan. Nashrda keltirilgan nekrologlarga ko‘ra, ularning aksariyati qurolli kuchlarga o‘z xohishi bilan qo‘shilgan. 21 nafari esa muddatli xizmatda bo‘lgan vaqtida shartnoma imzolagan. Ba’zi halok bo‘lgan askarlarning qarindoshlari esa shartnoma bosim ostida imzolanganini bildirgan.
Eng ko‘p qurbon bo‘lgan 18 yoshli shartnomachilar Novosibirsk viloyati va Zabaykale o‘lkasidan (har biridan 11 nafardan), undan keyin esa Oltoy va Primore o‘lkasidan (10 nafardan) bo‘lgan.
Bu raqamlarning barchasi faqat ochiq manbalar asosida aniqlangan. Haqiqiy yo‘qotishlar bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
"Ko‘zlari yonardi"
Bi-bi-si bilan suhbatda Aleksandr Petlinskiyning do‘sti Anastasiya u nafaqat shifokor bo‘lishni orzu qilganini, balki rasm chizishni ham yaxshi ko‘rganini aytdi. U do‘stlarining iltimosiga binoan multfilm qahramonlarini, masalan, O‘rgimchak odamni chizib bergan va doimo ruhiy qiynalayotgan odamlarga dalda berishga intilgan.
Aleksandr "Birinchilar harakati" deb ataladigan, yangi pionerlik sifatida talqin etilgan yoshlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan. U o‘qigan tibbiyot kollejidagi "Birinchilar harakati" bo‘limi kutubxonalar uchun kitoblar to‘pladi, Chelyabinsk traktor zavodi hamda tibbiyot muzeyiga ekskursiyalar uyushtirdi, shuningdek, "maxsus harbiy operatsiya hududi"da ishlagan hamshira bilan uchrashuv o‘tkazdi.
"U frontga borishni orzu qilardi [...] U o‘zini tayyorladi, sport bilan shug‘ullandi, tirga bordi, to‘g‘ri otishni o‘rgandi", dedi Aleksandrning xolasi maktabdagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda.
Petlinskiy qo‘shni davlatdagi harbiylarni frontda o‘ldirish kerakligi yoki urushning tinch aholiga yetkazayotgan vayronkor oqibatlari haqida qanday o‘ylagani haqida esa hech bir qarindoshi yoki tanishi gapirmadi.

Surat manbasi, Aleksander Petlinsky/VK
2025 yil 31 yanvarda Aleksandr Petlinskiy 18 yoshga to‘ldi. Voyaga yetgach, u kollejda akademik ta’til oldi va Mudofaa vazirligi bilan harbiy shartnoma tuzmoqchi ekanligini aytdi.
"Akademik ta’til uchun ariza yozayotganida undan: «Onangiz bunga qanday qaraydi?» deb so‘radim. U esa: «Onammi? Men tanlovimni qildim», deb javob berdi. Ko‘zlari yonib turardi," deya eslaydi Petlinskiyning arizasini qabul qilgan tibbiyot kolleji kotibi.
2025 yil 18 fevral kuni Aleksandr shartnoma imzoladi va o‘quv qismiga yuborildi. U ketishidan oldingi so‘nggi uchrashuvda Anastasiya bilan skameykada uzoq suhbatlashib, rasmlar haqida gaplashdi. Xayrlashayotib, Aleksandr uning bilagiga olovli mash’ala rasmi chizib berdi.
"Men u yerga ketaman va hammasi yaxshi bo‘ladi"
Irkutsk viloyatidan bo‘lgan 18 yoshli Vitaliy Ivanov esa Aleksandr Petlinskiyning butunlay aksi edi. U Irkutskdan ikki soatlik yo‘lda joylashgan, atigi 5 ming aholiga ega Tayturka nomli kichik ishchilar qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan.
O‘rta maktabdayoq do‘sti Misha bilan qozonxonada ishlagan, tomorqalarda kartoshka qazigan, yozda esa qo‘shni qishloqlarda batut olib yurib, chiptalar sotgan va tartibga qaragan.
Ana shu yozgi ish paytida u qo‘shni qishloqda Alina (ismi o‘zgartirilgan) bilan tanishgan. Ular uchrasha boshlashdi, Vitaliy qiznikiga borib turardi, tomorqada yordam berar, uyning mayda-chuyda ishlarini bajarardi.

Surat manbasi, Vitaly Ivanov/VK
To‘qqizinchi sinfdan keyin Vitaliy qo‘shni shahardagi kollejga mexaniklikka o‘qishga kirdi, biroq tez orada o‘qishni tashlab ketdi. Voyaga yetgach, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, do‘sti bilan Qozonda yo‘l qurilishida ishlashni rejalashtirgandi, deya hikoya qiladi Misha Bi-bi-siga.
2024 yil noyabrь oyida Tayturkadagi maishiy kimyoviy mahsulotlar do‘koniga o‘g‘ri tushdi. Mixail va Alinaning aytishicha, politsiyachilar kuzatuv kameralarini ko‘rib chiqqach, gumondorlardan birining tashqi qiyofasi Vitaliyni eslatishini aytgan.
Bu vaqtga kelib u allaqachon mahalliy politsiya ro‘yxatida edi: voyaga yetmasidan avval mushtlashuvda qatnashgani uchun hibsga olingan. Onasi Anna aytishicha, o‘g‘li giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchi kishi bilan mushtlashgan. Shundan so‘ng u hibsga olingan, jinoyat ishi ochilgan va sud tomonidan majburiy mehnat jazosiga hukm qilingan.
Kameradagi yozuvlar bo‘yicha Vitaliy politsiyaga chaqirildi va u yerda bir necha soat ushlab turildi. Bo‘limdan chiqqach, u Alinaga Telegram orqali video yubordi (Bi-bi-sida bu yozishma bor):
"Bu **** [to‘la dahshat]. [Meni] IIBga olib ketishdi. Kishan taqishdi. Boshlanganda... iblislar *** [dahshatli], men umuman *** [shokdaman] – ular meni batamom ezib tashlashdi."
Vitaliy Alina va onasiga politsiya bo‘limida kaltaklanib, o‘g‘irlikni bo‘yniga olishga majburlanganini aytgan. Yaqinlari esa Vitaliy aynan politsiya bosimi ostida Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga rozi bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi. "Tushunarli, bola qo‘rqib ketgan. Yana 18 yosh. Uni kishanlab, ikki soat davomida tepkilashgan," deydi onasi Anna.
Bo‘limdan chiqqach, Vitaliy do‘sti Mixailga shartnoma tuzishga qat’iy qaror qilganini aytgan.
"Buning senga nima keragi bor? – deb ajablangandi do‘sti. – Yaxshisi, men bilan navbatchilikka bor."
Ikkinchi do‘stlari ham uni fikridan qaytarishga harakat qilishdi, lekin Vitaliy ular bilan barcha yozishmalarini o‘chirib tashladi. "Shundan keyin bizga boshqa hech narsa demadi," deya eslaydi Mixail.

Surat manbasi, Vitaly Ivanov/VK
Uydan ketishidan bir kun oldin Vitaliy kechqurun navbatchilikka ketgan onasiga qo‘ng‘iroq qilgan:
– Oyi, men tez orada ketaman.
– Vaxtagami? Mayli, boraver.
– Yo‘q, oyi, siz tushunmadingiz. Maxsus harbiy operatsiyaga.
Anna aytishicha, keyingi kecha yig‘lab chiqqan. "U shunday bola ediki, hamma narsani ichiga yutar, hech narsani bildirmasdi, hech qachon shikoyat qilmasdi. Hammasini mendan yashirincha qilgan", deya tushuntiradi u.
Alinaning aytishicha, Vitaliy bilan so‘nggi uchrashuvda u xotirjam ko‘rinar, tashvish alomatlari sezilmasdi. U qiz bilan sokin xayrlashib, "yig‘lama", degan va uyga kirib, narsalarini olib vokzalga jo‘nab ketgan. Do‘stining maslahatiga ko‘ra u shartnomani Irkutskda emas, balki Samarada imzolashga qaror qilgan.
Aynan Samara viloyatida 2024 yil kuzida Rossiyada harbiy xizmatga shartnoma tuzganlar uchun eng katta bonus to‘lovi joriy etilgan edi – mintaqaviy va federal to‘lovlar jamlanmasi 4 million rublga teng bo‘lgan. 2025 yilda bu summa biroz kamaytirilgan.
«Onajon, bu ishlarning hazil emasligini tushundim»
18 yoshli Vitaliy va Aleksandr taxminan bir vaqtda – 2025 yil fevralida frontga jo‘nab ketishdi.
Alinaning aytishicha, Vitaliy o‘quv markazida bo‘lgan paytda ular muntazam aloqada bo‘lishgan. "U pushaymonligini, uxlay olmayotganini yozardi," deydi u.
"Onajon, bu ishlarning hazil emasligini tushundim," deya eslaydi Anna o‘g‘li bilan bo‘lgan suhbatlarini. Uning aytishicha, Vitaliy ikki haftalik tayyorgarlik davomida harbiy razvedka mutaxassisligi bo‘yicha tayinlangan.
– O‘g‘lim, o‘quv markazida nimadir o‘rgandingmi?
– Oyi, razvedkachi bo‘lish uchun uch yil o‘qish kerak! Ammo men hech bo‘lmaganda oz-moz o‘rganib oldim.

Surat manbasi, Anna Gromova/OK
Vitaliy oxirgi marta 5 fevral kuni aloqaga chiqqan va jangovar topshiriqqa jo‘natilayotganini yozgan. "Bu uning birinchi va oxirgi jangovar topshirig‘i bo‘ldi," deydi onasi Anna.
4 mart kuni harbiy komissariatdan Annaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li 2025 yil 11 fevral kuni urushda halok bo‘lganini xabar qilishdi.
Ko‘p o‘tmay, Vitaliyning jasadi Tayturkaga olib kelindi. Vidolashuv marosimiga bir necha odam yig‘ildi. Atigi bir hafta jang qilgan 18 yoshli shartnomali askarning tobuti uyi oldiga qo‘yildi, so‘ngra qabristonga olib borildi.
Vidolashuvda shahar ma’muriyatidan amaldorlar nutq so‘zladilar. "Vatanimiz yo‘lida jonini fido qildi, qo‘rqmadi, borishni tanladi", deyishdi ular. Mixailning eslashicha, rasmiylar bunday so‘zlar bilan chiqish qilgan bo‘lsa-da, Vitaliyning yaqinlari boshqa savollarni muhokama qilgan:
"Hammamiz urushga bekorga borganini aytardik. Nega? Juda yosh edi-ku. Avvaliga hech kim ishonmadi. Men ham ishonmagan edim," deydi Mixail.
Vitaliyning qarindoshlari va do‘stlari uning urushdagi ishtiroki Ukraina harbiylari yoki tinch aholi o‘limiga olib kelishi mumkinligi haqida hech narsa demadi.
"Zal shovqin edi"
Aleksandr Petlinskiy esa Vitaliy vafotidan bir oy o‘tib – 9 mart kuni halok bo‘ldi. Uning xolasi Yekaterinaning maktabdagi bayramdagi chiqishiga ko‘ra, Aleksandr "sanitar-o‘qchi" bo‘lgan va "minomyot snaryadidan halok bo‘lgan."
Petlinskiyning tibbiyot kollejidagi "Birinchilar harakati" bo‘limi o‘zining xayrlashuv postida shunday yozdi:
"Chelyabinsk tibbiyot kolleji talabasi Maxsus harbiy operatsiya davomida harbiy burchini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi."
Izohlarda esa ko‘pchilik hayratini yashira olmasdi:
"Agar u o‘limidan bir oy oldin 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, qanday qilib u yerga borishga ulgurdi???"
Aleksandr bilan vidolashuv Chelyabinskdagi kasalxonaning motam zalida bo‘lib o‘tdi. "Hamma juda ko‘p yig‘ladi. Zal shovqin edi," deydi xolasi maktab bayramida.
Amaldorlar rasmiy nutqlar bilan chiqishdi. Lekin, do‘sti Anastasiyaning aytishicha, Aleksandrning tengdoshlari jim qolishni afzal ko‘rishdi. U buni shunday izohlaydi: "Ular o‘zlarini noqulay his qilishdi. Chunki Aleksandr balog‘atga yetganidan so‘ng ikki oy ham yashamadi. Urushda atigi ikki haftacha vaqt o‘tkazib, halok bo‘ldi."
Aleksandrning onasi Yelena Bi-bi-si bilan suhbatda shunday deydi:
"Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sifatida o‘g‘lim bilan faxrlanaman. Ammo ona sifatida bu yo‘qotishni ko‘tara olmayman." Shundan so‘ng u boshqa hech qanday izoh bermadi.

Surat manbasi, Chelyabinsk medical college
Bi-bi-si muxbiri Vitaliyning onasi Anna bilan faqat ikkinchi yoki uchinchi urinishda gaplasha oldi. Dastlabki suhbatlarda u yig‘lab yubordi va so‘z topolmadi. "O‘g‘lim bilan xayrlashuv onlari kechagidek ko‘z oldimda turibdi," deydi u.
Aleksandrning do‘sti Anastasiya Bi-bi-si bilan suhbatda shunday deydi:
"18 yoshli shartnomachilar – bu endi men uchun og‘riqli mavzu. Yigitlar yosh, nodon, ko‘p narsani tushunmaydi. Ular o‘z harakatlari oqibatlarini anglab yetmaydi."
Vitaliyning do‘sti Mixail ham shunga yaqin fikrda. U hozir Qozonda pullik yo‘l qurilishida ishlaydi. Navbatchilikdan keyin Bi-bi-si muxbiriga qo‘ng‘iroq qilib, shunday dedi:
– Shartnoma tuzishni rejalashtirmayapsizmi?
– Hatto o‘ylashni ham istamayman, – deb javob beradi Mixail.
"Hech kimga qiziq ham, kerak ham emas"
Halok bo‘lgan eng yosh shartnomachilardan biri – Smolensk viloyatidan Daniil Chistyakov 18 yosh, 1 oy va 27 kunligida vafot etgan. U ham Aleksandr va Vitaliy kabi frontda atigi bir necha kun bo‘lgan, xolos. Daniilning oilasi uning urushga borishga qaror qilganidan faqatgina shartnoma imzolangan kuni xabar topgan.
Yigitning o‘limidan so‘ng, oilasi boshqa maktab bitiruvchilari endi frontga ketmasligi uchun qo‘ldan kelganicha harakat qila boshladi.
"Men turli idoralarga murojaat qildim, 18 yoshli yigitlarga shartnoma tuzishga ruxsat beruvchi qonunni bekor qilish uchun hech bo‘lmasa kim bilandir bog‘lanishga urinib ko‘rdim. Ammo bu hech kimga kerak ham, qiziq ham emas edi," deya Bi-bi-si bilan suhbatda izoh berdi Chistyakovning qarindoshi.
Vitaliy Ivanov urushga ketishidan oldin, onasining aytishicha, uni bo‘limda kaltaklagan politsiyachilar ustidan ariza yozgan. 25 fevral kuni, ya’ni u halok bo‘lganidan keyin, Usol tumani Tergov qo‘mitasi tergovchisi unga jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgani haqida rasmiy javob yubordi.
27 mart kuni Anna yana o‘sha politsiyachilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish talabi bilan, Tergov qo‘mitasiga yana murojaat qildi. Ammo qo‘mita bu safar ham ish qo‘zg‘atishga asos yo‘qligini bildirdi.
"Adolatga erishish" uchun Anna mashhur "Erkaklar va ayollar" ko‘rsatuviga katta maktub yozdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rsatuv xodimlari xatni pochtadan olib ketishmagan.












